You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
"Millionlab insonlar uchun oqibatlar dahshatli bo‘ladi" – YeI yetakchisi Trampning tariflariga Samarqanddan turib javob berdi. Video
2 aprel kuni AQSh prezident Donald Tramp jahondagi barcha davlatlar, jumladan, O‘zbekistonga yangi import tariflari joriy qildi. Yevropa Ittifoqi yetakchisi Ursula fon der Lyayen esa Trampning "savdo urushi"ga nisbatan Samarqandda turib munosabat bergan.
Donald Trampning "javob" deb ataluvchi import tariflarini joriy etish to‘g‘risidagi qarori butun dunyoda tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Vashington e’lon qilgan "savdo urushi"ning salbiy oqibatlari va qarshi chora ko‘rishga tayyorlik haqida butun dunyoda gapirilmoqda.
Ba’zi bir AQSh ittifoqchilari uchun ushbu yangi bojlar kutilmagan bo‘lgan.
Trampning farmoniga muvofiq yangi tariflar butun dunyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonga ham nisbatan qo‘llaniladi.
AQShga olib kiriladigan tovarlarga asosiy, ya’ni minimal darajadagi boj stavkasi 10 foizni tashkil etadi.
Ayrim davlatlar uchun yuqoriroq tariflar belgilangan: masalan, Xitoyga qarshi 34 foiz, Yevroittifoqqa qarshi 20 foiz, Yaponiyaga qarshi 24 foiz, Hindistonga qarshi esa 26 foiz tarif joriy etilgan.
Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen xonim Donald Tramp tariflarni e’lon qilayotgan paytda Samarqandda bo‘lgan.
U AQSh prezidentining bu qarori "jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba" ekanidan ogohlantirgan.
"Bu butun dunyo bo‘ylab millionlab insonlar uchun dahshatli oqibatlarga olib keladi", degan fon der Lyayen 3 aprelda Samarqandda boshlangan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo birinchi sammitida so‘zga chiqqan paytda.
Yevrokomissiya rahbari, agar AQSh muzokaralarga tayyor bo‘lmasa, Yevropa javob choralarini ko‘rishidan ogohlantirgan.
"Biz, allaqachon, po‘latga joriy etilgan bojga nisbatan birinchi qarshi chora paketini tayyorlashni yakunladik. Hozir esa o‘z manfaatlarimiz va biznesimizni himoya qilish uchun, agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, qo‘shimcha choralarga hozirlanmoqdamiz".
Tramp o‘zi nega tariflar joriy etdi?
Tramp butun dunyoga savdo urushi e’lon qildi, O‘zbekiston ham bor - videomizda tomosha qiling.
Kecha Oq uyda o‘tkazilgan tantanali marosimda Tramp 2 aprelni Amerikaning "Ozodlik kuni" deb e’lon qilgan va XX asr boshidan beri kuzatilmagan darajada keng qamrovli import bojlarini joriy qilishini ma’lum etgan.
AQSh dunyodagi eng yirik iqtisodiyot bo‘lib, hamma u bilan savdo qilishni xohlaydi.
Trampning fikricha, savdo hamkorlari Amerikadan "ustunlik bilan foyda" olishmoqda, sababi ular Amerikaga sotadigan tovarlarning hajmi bu davlatdan import qilinadigandan ko‘ra ko‘proq, ustiga-ustak davlatlar kiritgan tariflar ham Amerikanikidan balandroq.
Bugungi javob tariflari o‘yinni tenglashtirishga qaratilgan, degan Tramp.
Trampning fikricha, savdo to‘siqlari "do‘stlarni ham, dushmanlarni ham moliyaviy hamda hududiy yon bosishlarga rozi bo‘lishga majbur qiladi".
"Bugun – Ozodlik kuni. Bu Amerika tarixidagi eng muhim kunlardan biri, Amerika iqtisodiy mustaqilligining o‘ziga xos deklaratsiyasi", ma’lum qilgan Tramp Toshkent vaqti bilan 3 aprel kuni soat 1:00 da boshlangan chiqishida.
"Biz Amerikani yana buyuk va boy qilamiz. Mamlakatimizni 50 yildan ortiq vaqt davomida talashdi. Bunga endi barham beriladi".
Iqtisodchilar esa, bu tariflardan endi hamma, jumladan, amerikaliklarning o‘zi ham aziyat chekishini aytmoqda.
Tariflar jahon iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Tramp birinchi prezidentlik muddatida ham, ikkinchi muddati boshida ham turli davlatlar va tovarlarga import bojlari joriy qilgan edi.
Ammo bular 2 aprel kuni e’lon qilingan choralar oldida arzimas ko‘rinadi.
O‘zining birinchi muddatida Tramp asosan Xitoy bilan savdo urushi olib borgan edi.
Endilikda, dunyodagi barcha davlat, hatto, eng yaqin ittifoqchilar ham AQShga eksport qiladigan tovarlarga boj solinmoqda – bundan hech kim qochib qutula olmaydi.
Bundan tashqari, bojlar – import tovarlarini iste’mol qilishga solinadigan soliq.
Uni amerikaliklarning o‘zi to‘laydi va natijada narxlar oshadi, iqtisodiyot sekinlashadi hamda tirikchilik qiyinlashadi.
Biroq bularning barchasi ertaga o‘zgarib ketishi ham mumkin, chunki Tramp avvalgi tarif qarorlarini ham bir necha bor o‘zgartirgan.
U, agar kimga yangi bojlar yoqmayotgan bo‘lsa, muzokaralarga tayyorligini ham bildirmoqda.
"Avval o‘zingizning bojlaringizni bekor qiling, keyin ko‘ramiz", degan u.
Savdo urushlarida zarba, odatda, oddiy iste’molchilarga tushadi
Darshini Devid
Iqtisodiy masalalar bo‘yicha muharrir o‘rinbosari, BBC
Prezident Trampning tariflari har bir davlat bilan bo‘lgan savdo kamomadiga barham berish, AQShda ish o‘rinlarini ko‘paytirish va ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda soliq tushumlarini oshirish maqsadini ko‘zda tutadi.
Ammo Tramp bir paytning o‘zida bu maqsadlarning barchasiga erishishga qodir emas.
Tariflardan byudjetga muntazam tushum tushib turishi uchun amerikalik iste’molchilar, narxlarning oshganiga qaramay, aytaylik, Bangladeshda ishlab chiqarilgan kiyimlarni yoki Janubiy Koreyadan keltiriladigan gadjetlarni xuddi hozirgi hajmda xarid qilishda davom etishi kerak bo‘ladi.
Lekin bunday holatda Amerikadagi mahalliy ishlab chiqarish sanoati rivojlanmaydi.
Mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlash uchun amerikaliklar o‘z vatanida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ko‘proq sotib olishlari lozim bo‘ladi – bu esa tariflardan kutilgan miqdorda byudjetga tushum qilishga erishilmasligini anglatadi.
Nafaqat tarif darajalarining o‘zi, balki jahon savdosining qanday kengayib borayotgani inobatga olsak, biz savdoda ilgari kuzatilmagan darajadagi notinchlikka guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Tarix shuni ko‘rsatadiki, bunday urushlar ko‘pincha yaxshi tugamaydi: asosiy jabrdiydalar – iste’molchilar (tanlovning kamayishi va narxlarning oshishi tufayli) hamda eksport qiluvchilar.
O‘sish, ish o‘rinlari va narxlar barqarorligi esa "qurbon"ga aylanadi.