Toshkent: G‘ayrat Do‘stov sud zalidan ozod qilindi

Surat manbasi, BBC.com/uzbek
Toshkent shahar sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instantsiyasi o‘zining qarorini chiqardi.
Metan zapravkasida gaz yo‘qligidan shikoyat qilib, mas’ullarni tanqid qilgan G‘ayrat Do‘stovga tayinlangan birinchi instantsiya qarorini qisman bekor qildi.
G‘ayrat Do‘stovga belgilangan 15 sutka hibs jazosi 8 sutkaga qisqartirdi, tayinlangan jazo o‘talgan, deb hisoblansin, degan qarorga keldi va 26 dekabrda qamalgan haydovchi sud appelyatsiya shikoyatidan keyin sud zalidan ozod qilindi.
Apellyatsiya shikoyatlari qisman qanoatlantirildi.
Qarordan norozi taraflar olti oy ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat berish yoki protest keltirish huquqiga ega ekanliklari ham eslatildi.
Ma’lum bo‘lishicha, G‘ayrat Do‘stovga suddan keyin shifoxonada tibbiy yordam ham ko‘rsatiladi.
Bundan sal avval G‘ayrat Do‘stovning hushidan ketishi sabab qisqa tanaffus e’lon qilingan Toshkentdagi sud jarayoni qayta boshlangandi.
Dastlab G‘ayrat Do‘stov va uning himoyachilari tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish bugun, 3 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 10:00 belgilangani xabar berilgan.
Buning ortidan, jarayonning tushdan keyinga, soat 15:00 ga ko‘chirilgani aytilgan.
Jarayonni yaqindan kuzatayotgan Toshkentdagi muxbirimiz Firdavs Zavqievning xabar berishicha, sud shunda ham kechikib, mahalliy vaqt bilan kechki 17:00 ga yaqin boshlangan.
Unga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida bo‘lib o‘tayotgan jarayonga faqat sanoqli - kun.uz, qalampir.uz, daryo.uz va gazeta.uz kabi mahalliy nashrlar muxbirlari kiritilgan.
Qolgan faollar va media saytlariga ruxsat berilmagan, ammo nega ekani sababi ochiqlanmagan.
Ayrim mahalliy nashrlar G‘ayrat Do‘stovning ochiq apellyatsiya sudiga uning qarindoshlari ham kiritilmayotgani haqida xabar berishgan.
Xuddi shu manzarada ayrim nashrlar Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov G‘ayrat Do‘stovning ochiq sudiga barcha jurnalistlar kiritilishini aytib o‘tgani haqida yozishgan.
Muxbirimizning aytishicha, G‘ayrat Do‘stov hushini sud vaqtida yo‘qotgan. "Tez yordam" oradan yarim soat o‘tib yetib kelgan.
Ma’lum bo‘lishicha, uning sog‘ligi hibsda yomonlashgan.
Hozircha G‘ayrat Do‘stovning nega hushini yo‘qotgani sababi va ahvoli ma’lum emas, muxbirimiz ham sud zaliga kirishga imkonli bo‘lmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, G‘ayrat Do‘stov o‘ziga hech qanday jismoniy zarar berilmaganini aytgan.
Ammo daryo.uz nashrining xabar berishicha, u sud majlisida yaqinlari va advokatlarining savollariga javob berar ekan, boshiga qop kiydirishgani va yerto‘lada saqlashganini aytgan.
Uning bu so‘zlariga mas’ullarning munosabati hozircha ma’lum emas.
Agar xuddi shu nashr keltirgan iqtibosga tayanilsa, G‘ayrat Do‘stov, "Vatanga xiyonat qilmadim, xiyonatchi emasman", degan so‘zlarni takrorlagan.
Muxbirimizning aytishicha, G‘ayrat Do‘stov tobi qochishi ortidan ham sud zalida qolgan, jarayonda hozir bo‘lgan.

Surat manbasi, BBC.com/uzbek
Sud jarayoni qisqa vaqtning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarda turli aks-sadolarga ham sabab bo‘lib ulgurgan.
Sobiq deputat Rasul Kusherbaev o‘zining Telegram kanalida uni "sharmandali" sud jarayoni, deb atagan.
Xabarlarga ko‘ra, sud jarayoni dastlab G‘ayrat Do‘stovning ishtirokisiz boshlangan.
Uning faqat advokatlarining talabidan keyingina sudga olib kelingani aytilmoqda.
Ammo nega bunday bo‘lgani sababi hozircha ma’lum emas.
Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov ham bugun o‘zining Telegram kanalida G‘ayrat Do‘stov haqida o‘zining fikrlarini bildirgan.
"Metan bolaga tushunmadim, baraka topgur o‘zingni qadrla, g‘ayratingni bayramdan keyin qil, vazifasi surishtirish bo‘lgan idoralar surishtirishga majbur, bayramni bolalaring oldida emas, surishtiruv izolyatorida o‘tkazishing aniq edi-ku?
E’tirozni to‘g‘ri-noto‘g‘riligi haqida keyinroq va kengroq, lekin bir oilada bolalar otasining tadbirsizligidan yangi yilni nafaqat kayfiyatsiz, otasiz ham kutishga majbur bo‘ldilar…", - deb yozgan.
Daryo.uz nashrining xabar berishicha, advokati "tanqidni mayda bezorlik deb atash xato ekani"ni aytarkan, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishni harakatdan to‘xtatishni iltimos qilib so‘ragan.
Toshkentdagi sud jarayonini kuzatayotgan muxbirimiz Firdavs Zavqievning aytishicha, G‘ayrat Do‘stov o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmagan.
Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov sudgacha G‘ayrat Do‘stovning Toshkent shahar IIBB binosida ushlab turilgani haqida xabar bergandi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
1 yanvar - #dustovgaozodlik va "miyovlaganni ham qama": Metan zapravkada norozilik qilgan erkakning qamalishi qanday aks-sado bermoqda?

Surat manbasi, Screenshot/Social media
Metan zapravkada gaz yo‘qligidan shikoyat qilgan G‘ayrat Do‘stovning 15 sutkaga qamalgani haqidagi xabar tarmoqni junbishga keltirgan: unga atab she’rlar bitilmoqda, uning ozodligi talab etilmoqda.
Metan zapravkada gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, yirtiq oyoq kiyimini ko‘rsatgani tasviri tarmoqni portlatgan G‘ayrat Do‘stovning qamalgani 31 dekabrь kuni ayon bo‘lgan.
Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Do‘stov ishi 26 dekabrь kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.
Sud qarorida Do‘stov 23 dekabrь kuni Bektemir tumanidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida shoxobcha xodimlarini "turli so‘zlar bilan haqoratlab, jamoat tartibini buzib, mayda bezorilik qilgan"i ta’kidlanadi.
Tirikchilik dardida kechasi bilan zapravkada navbat kutib yotganidan yozg‘irib, rasmiylardan nazorat talab qilgan fuqaroning qamalishi esa ijtimoiy tarmoqni tom ma’noda junbishga keltirgan.
Ko‘plab fikr bildiruvchilar shikoyatida "aniq bir shaxsni haqorat qilmagan" Do‘stovning mayda bezorilikda ayblanganini savol ostiga olgan, boshqalar uning himoyasi va oilasini dastaklash uchun xayriya tashkil etgan, yana kimdir esa unga atab she’r bitgan.
1 yanvarь kuni inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov sud qarori bilan belgilangan jazoni o‘tayotgan G‘ayrat Do‘stov noma’lum sabablarga ko‘ra Toshkent shahar IIBBga olib ketilgani haqida yozgan.
Huquqbon kamida uch nafar advokat Do‘stovni ko‘ngilli ravishda himoya qilishga bel bog‘laganini ham xabar qilgan.
"Teshik poyabzalli erkak qamalibdi"
Metan zapravkada uzoq vaqt navbat kutishga majbur bo‘lishi ortidan mamlakatdagi energota’minot bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan rahbarlarni savolga tutgan kirachi erkak qamalgani haqidagi ilk xabarlar 31 dekabrь tongida chiqa boshlagan.
Kun davomida esa jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudi uning ishi bo‘yicha chiqargan qarori nusxasi tarmoqda yashin tezligida tarqalgan.
Fikr bildiruvchilar tomonidan o‘rtaga tashlangan ilk savollar "tanqidiy fikr bildirish qachondan beri mayda bezorilik deb malakalanmoqda" qabilida bo‘lgan.
"Agar qaysidir amaldor kimnidir haqorat qilsa, yoki noqonuniy ishni talab qilsa birgina uzr (hattoki shunga ham yaramaydi) bilan qutilib qoladi. Lekin oddiy odamlarning chiqib gapirgani uchun jazo tayinlanadi. Videoni ko‘rdim. O‘n besh sutkaga arzirli ish yo‘q edi", deya yozgan Umidjon Alijon O‘g‘li nomli Facebook foydalanuvchisi.
"O‘z fikrini bildirgani uchun, bu bolaga nisbatan adolatsizlik qilinibdi.
Bunday harakatga o‘z noroziligimni bildiraman!", o‘xshash qarashni ilgari surgan Otabek Nuritdinov.
Umuman olganda, tarmoqda qoldirilgan ko‘plab fikrlarda "xalq dardini baralla aytgan"i ta’kidlangan Do‘stovga nisbatan adolatsizlik qilingani haqida so‘z boradi.

Surat manbasi, Screenshot/Facebook
"Uning aybi faqat bitta edi — ertayu kech ishlasada uyidagi nogironi, onasi va yeyman yashayman ichaman degan go‘daklariga oddiy birlamchi ehtiyojlarini non, suv, tuz va issiq uyni ta’minlab bera olmayotganiga chiday olmay nola qilgani edi, balkim rostdan yomon odamdir kimlardir shunaqa deb ham yozishganini aytishdi, mayli yomon bo‘lsa ham bayram kuni bolalari oldida bo‘lsin.... Mobodo bu gaplar yolg‘on bo‘lsa nola uchun 15 sutka jazolasak, bu nolasi Allohga yetib borgan bo‘lsa Alloh bizni qanday jazolar ekan", deya rasmiylardan Do‘stovni ozod etishni so‘ragan tarmoq faoli Barnogul Sanaqulova.
"Teshik poyabzalli erkakning qamalgan"idan bayramning ertasiga xabar topganini bildirgan jurnalist Hulkar Murtazaeva "shunday bo‘lishini avvaldan bilgan"i haqida yozgan.
"Mamlakatda energetik inqirozni keltirib chiqarganlar, gazi uchta O‘zbekistonni boqishga yetadigan mamlakatda xalqni gazsiz yashashga mahkum qilayotganlar, buning ustiga yoqilg‘isiz qoldirib tirikchiligini o‘ldirayotganlar qolib, bu haqida gapirganlar qamaladi. Bizda muammolar hech qachon hal qilinmaydi, u bosdi-bosdi qilinadi. Ammo bu uzoq davom etolmaydi. Odamlarning tappilari tugayapti, sabrlari ham. Panelniyda esa joylar soni unchalik ko‘p emas".
Ayrim faollar esa Do‘stovning himoyasi va oilasini moddiy qo‘llab-quvvatlash yo‘lida xayriya ham tashkil etgan.
Shunday xayriya boshida turgan faollardan biri Abduvoxid Atametov Do‘stovning oilasiga yordam berish uchun inson huquqlari faoli, "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov vakil qilinganini ma’lum etgan.
"Nega Tashanov? G‘ayratni yaqinlari yo‘qmi? G‘ayratni yaqinlari qattiq qo‘rqib qolishibdi. Bizni ham qamab qo‘ysa-chi?- deyishmoqda. Shu sabab oramizdan ishonchli vakil deb Abduraxmon akani tanladik", bu tanlov sababini tushuntirgan Atametov.

Surat manbasi, Screenshot/Facebook
O‘zbekiston Inson huquqlari "Huquqiy tayanch" jamoat birlashmasi bayonot bilan chiqib, mas’ullardan G‘ayratov ishi bo‘yicha tushuntirish berishni so‘ragan.
Biz "G‘ayrat DO‘STOV nima uchun hibslandi?" degan sayoz savolni qo‘yishdan mutlaqo yiroqmiz. Aksincha, G‘ayrat DO‘STOVning hibslanishi O‘zbekiston sha’ni uchun, Davlat siyosati nufuzi uchun nafaqat ichki, balki Xalqaro miqyosda ham metan tanqisligidan-da ko‘proq salbiy munosabatlarni yuzaga keltirishiga shubha yo‘q! G‘ayrat DO‘STOVning aynan bayram dam olish kunlari hibslanishi esa, reja asosida o‘ylab qilingan harakat ekani ehtimolga juda yaqin. Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Inson huquqlari "Huquqiy tayanch" jamoat birlashmasi keskin noroztlk bildirgan holda Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi tegishli mas’ullaridan aniq va batafsil tushuntirish berilishini kutib qoladi", deyiladi birlashma bayonotida.
Yaponiyadagi hayotni ko‘rsatib kelishi bilan tanilgan tarmoq faoli Bahodir Iskandarov esa G‘ayrat Do‘stovning qamalganiga nisbatan munosabatini she’r orqali izhor etgan.
She’r shunday misralar ila boshlanadi:
"O‘tirganni qama,
turganni qama,
Hatto miyovlagan,
Hurganni qama.
Kampir ham qolmasin,
Chol ham qolmasin,
Hassada munkayib,
yurganni qama".
Do‘stov qaerda?
Tarmoqdagi g‘azab to‘lqini yanada olovlanib borayotgan bir paytda, G‘ayrat Do‘stov o‘ziga berilgan ma’muriy qamoq jazosini sud qarorida ko‘rsatilgan muassasada o‘tamayotgani haqidagi xabar paydo bo‘lgan.
Kirachi erkakka yordam berayotgan ko‘ngillilardan biri bo‘lmish Abdurahmon Tashanov G‘ayratovni xalq tilida "Panelnыy" nomi bilan mashhur Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qamoqxonasida topolmagani haqida yozgan.
"Bektemir sudi tomonidan 15 sutkaga qamalgan G‘ayrat Do‘stov so‘roq uchun 27 dekabrь kuni Toshkent shahar IIBBga olib ketilgan. Bugun uning advokati Adham aka bilan Panelniydagi saqlov izolyatoriga bordik. Navbatchining aytishicha, u Toshkent shahar IIBBda saqlanmoqda. Ayni paytda Toshkent shahar IIBBning navbatchilik qismi dam olish kuni bo‘lgani bois u bilan uchrashuvimizga ruxsat berishmadi. Sud tomonidan belgilangan jazoni o‘tayotgan shaxsni nega so‘roqqa olib ketishgani va u yerda ushlab turishgani sababini tushuntirishmadi. Hozircha 3 nafar ko‘ngilli advokatda uni himoya qilishga order bor. Ko‘ngillilar soni ortmoqda", ma’lum qilgan huquq faoli.
Mamlakat rasmiylari G‘ayrat Do‘stov ishi ortidan yuzaga kelgan tanqidlarga javob qaytargani yoki uning joriy ahvoli yuzasidan biror izoh bergani hozircha ko‘zga tashlanmagan.












