Yangiliklar: Qoracha bo‘lgani uchun xotinini tiriklayin yoqqan erkak o‘limga hukm qilindi

Surat manbasi, gettyimages/illyustariv
- Author, Gita Pandi
- Role, BBC News, Dehli
- O'qilish vaqti: 3 daq
Hali yigirmaga ham kirmagan yoshgina juvon kasalxonada jon bergan.
Maqolada ko‘ngilni xira qiluvchi tafsilotlar bor.
O‘lim hukmi
Hindiston mahkamasi terisining rangi uchun xotiniga tiriklayin o‘t qo‘ygan erkakka o‘lim jazosini berdi.
Lakshmi o‘limidan avval "qorachaligi uchun eri Kishandas o‘zini doimo tahqirlab kelganligi"ni aytib bergan.
Shimoliy Udaypur shahridagi okrug sudьyasi Rahul Choudxari erkakning nega oliy jazoga hukm etilgani sababiga alohida to‘xtalib o‘tgan.
Hakam bu qotillikning "kamdan-kam uchraydiganlari" toifasiga kirishi va u "insoniyatga qarshi jinoyat" ekanini aytgan.
Kishandasning himoyachisi BBC ga mijozining aybsizligini da’vo qilgan, sud hukmi ustidan shikoyat bilan chiqishlarini bildirgan.
Qotillik
Bu yuraklarni pora qiluvchi shafqatsiz jinoyat nafaqat Lakshmi, balki insoniyatga qarshi jinoyat desam, mubolag‘a bo‘lmaydi...
8 yil avval amalga oshirilgan qotillik yuzasidan sud hukmi shu dam olish kunlarida e’lon qilingan.
Hukm odamlarning teri rangiga qanchalik katta ahamiyat berishlari yaxshi hujjatlashtirilgan mamlakatda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan, sarlavhalarga chiqqan.
BBC tanishishga muvaffaq bo‘lgan sud hukmidan ma’lum bo‘lishicha, qotillik 2017 yilning 24 iyunida sodir etilgan.
Unda Lakshmining o‘limidan oldin politsiya, shifokorlar va ijroiya sudьyasiga aytgan gaplaridan iqtiboslar ham keltirilgan.
Lakshmiga ko‘ra, eri uni odatda "kali" yoki "qoracha", deb chaqirgan, 2016 yilda turmush qurishgan bo‘lsa, o‘shandan buyon tanasi rangining ustidan kulib kelgan.
U vafot etgan kechasi eri plastik idishga solingan qo‘ng‘ir rangli suyuqlik olib kelgan va o‘ziga buning terini oqartiruvchi dori ekanini aytgan.
Lakshmining gaplariga ko‘ra, keyin eri suyuqlikni uning tanasiga surtgan, kislota hidi kelayotganidan shikoyat qilganida esa, tutantiriqni olib, o‘zini yoqib yuborgan.
Tanasi yona boshlaganida, idishda qolgan suyuqlikni ham uning ustidan quygan va qochib ketgan.
Kishandasning ota-onasi va singlisi Lakshmini kasalxonaga olib borishgan va u o‘sha yerda hayotdan ko‘z yumgan.
"Insoniyatga qarshi jinoyat"
"Bu yuraklarni pora qiluvchi shafqatsiz jinoyat nafaqat Lakshmi, balki insoniyatga qarshi jinoyat desam, mubolag‘a bo‘lmaydi", - deb aytgan o‘z hukmida sudьya Choudxari.
Hakamning davom etishicha, eri xotinining "ishonchini chilparchin" qilgan va yonayotgan paytda "qolgan suyuqlikni ham ustidan qo‘yib, haddan ziyod shafqatsizlik ko‘rsatgan".
"Bu insoniyat vijdonini larzaga soluvchi jinoyatdir, uni sog‘lom va sivilizatsiyalashgan jamiyatda tasavvur qilib bo‘lmaydi", - deya ta’kidlangan hukmda.
Davlat prokurori Dinesh Palival sud hukmini "tarixiy", deb atagan va BBC bilan suhbatida bu "jamiyatdagi boshqalar uchun saboq bo‘lishi"ga umid bildirgan.
"Yigirma yoshlardagi yoshgina juvon vahshiylarcha o‘ldirildi. U kimningdir singlisi, birovning qizi edi, uni sevadiganlar bor edi. Qizlarimizni qutqarmasak, kim qutqaradi," - degan u.
Palival o‘lim hukmini tasdiqlash uchun Oliy sudga yuborganini bildirgan, shuning barobarida, uning ustidan shikoyat qilish uchun sudlanuvchi ixtiyorida bir oy muhlat borligini ham eslatgan.
Kishandasning advokati Surendra Kumar Menariyaning BBC ga aytishicha, Lakshmining o‘limi baxtsiz tasodifdir, soxta ayblangan mijoziga qarshi hech qanday dalil bo‘lmagan.
Teri rangi
Udaypur sudining hukmi yana bir Hindistondagi yorqinroq teriga bo‘lgan nosog‘lom munosabatga e’tiborni tortgan.
Terisining rangi to‘q bo‘lgan qizlar tahqiromuz munosabatlar, kamsitishlarga duchor bo‘lishadi, turli nomlarda atalishadi, terini oqartiruvchi mahsulotlar milliardlab dollar foyda keltiradigan yirik biznesga ham aylangan.
Nikoh agentliklari e’lonlarida terining rangi deyarli har doim ta’kidlanadi, oqishdan kelgan kelinlarga esa talab hamisha katta bo‘ladi.
BBC bundan avval "terisi rangining to‘qligi" tufayli erlari tomonidan tahqirlangan ayollarning o‘z jonlariga qasd qilishgacha borganliklari haqida ham xabar bergan.
So‘nggi yillarda targ‘ibotchilar jamiyatdagi terining rangi qancha yorqin bo‘lsa, shuncha yaxshi, degan keng tarqalgan tushunchani o‘zgartirishga urinib ko‘rishdi, ammo ular ham chuqur ildiz otgan bu kabi yanglish qarashlarga qarshi turish oson emasligini aytishadi.
Biror bir o‘zgarish bo‘lmasa esa, bunday kamsituvchi qarashlar hayotlarni barbod qilishda davom etaveradi.












