Tojikiston ijtimoiy tarmoqlardagi "layk"lar uchun jazo siyosatini qayta ko‘rib chiqdi. O‘zbekistonda ahvol qanday?
May boshida Tojikiston internetda bosilgan "layk"lar va bo‘lishishlar uchun belgilangan jazo choralarini yengillatdi. Unda ba’zi turdagi onlayn materiallarga "layk" bosish hamda ularni tarmoqlarda bo‘lishish endi jinoyat hisoblanmasligi haqida gap boradi.
Ayni mavzu O‘zbekiston uchun ham begona emas. Mamlakatda onlayn "layk"lar, postlar va izohlar uchun javobgarlikka tortish hanuz davom etmoqda. Xalqaro tashkilotlar esa O‘zbekistonning bu siyosatini yillardirki bosim o‘laroq tavsiflab keladi.
Tojikistondagi ayni o‘zgarish O‘zbekiston qonunchiligida ham yangilik yasay oladimi?

Surat manbasi, Дин ишлари бўйича қўмита
14 may kuni Tojikiston Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga "layk" bosish, ko‘rish yoki ulashish jinoyat hisoblanmaydi. Reuters manbasiga ko‘ra, ushbu siyosat onlayn postlarning barcha turini, xususan, terorizm va ektremizmga aloqadorlarini ham qamrab olib, endi ayni mazmundagi onlayn materiallarni ko‘rish javobgarlikka sabab bo‘lmaydi.
2018 yildan boshlab, Tojikistonda taqiqlangan kontent bilan har qanday aloqadorlik jinoyat deb hisoblangan. Shu vaqtga qadar 1500 dan ortiq tojikistonliklarning qamalishiga sabab bo‘lgani aytiladi. Bu esa xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan muttasil tanqidlarga uchrab kelgan.
Tojikistonda amalga oshirilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanyotgan ayni o‘zgarish o‘zbek jamoatchiligi orasida qizg‘in muhokamalarni boshlab bergan. Sababi, internetdagi faoliyat uchun javobgarlikka tortish holatlari O‘zbekistonda tez-tez uchrab turadi.
Avvallari bu asosan ekstremizm va terrorizmga oid materiallarni nazarda tutgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda, aniqrog‘i, 2021 yildagi qonuniy o‘zgarishlardan keyin, ijtimoiy tarmoqlarda hukumat yoki prezidentni obro‘sizlantirish ham jinoyat sifatida qaralishni boshlagan.
Ba’zi faollar O‘zbekistonda ushbu yondashuv qat’iy tugatilishi kerakligini ta’kidlaydi.
Jumladan, faol Rasul Kusherbaev o‘z Telegram kanalida quyidagilarni yozib qoldirgan: "Bizda ham bu masala dolzarb. Fuqarolarning mulkini noqonuniy buzib tashlayotgan amaldorlarni jazolashga "dux"i yetmayotgan huquqni muhofaza qilish idoralari "layk" uchun fuqarolarni javobgarlikka tortishdan uyalishmayapti."
Ayrim kuzatuvchilar esa O‘zbekistondagi ushbu qonun loyihasi Tojikistondagisi bilan taqqoslaganda, anchayin tartibga solingani haqida gapiradi.
Xususan, Tojikistonda taqiqlangan kontent uchun javobgarlik belgilanib kelgan bo‘lsa-da, aynan qaysi onlayn materiallar taqiqda ekanligi jamoatchilikka ochiqlanmagan. O‘zbekistonda esa ushbu ro‘yxat so‘nggi yillarda doimiy ravishda yangilanib hamda ommaga e’lon qilib kelinadi.
244.1 modda: Taqiqlangan ro‘yxat
Taqiqlangan axborotlar bilan bog‘liq qaror loyihalari O‘zbekiston qonunchiligida 90 yillardanoq uchraydi. Jumladan, Lex.uz saytida 1999 yil martida imzolangan axborot siyosatiga doir hujjatlarda taqiqdagi axborotlar haqida gap ketadi.
Open Democracy tashkiloti buni "tartibga solish" niqobi ostida bosqichma-bosqich amalga oshirilgan so‘z erkinliginining bo‘g‘ilishi deya baholagan.
Garchi taqiqlangan axborotlar ro‘yxati hamda u bilan aloqadorlik uchun belgilangan javobgarlik xususida avvaldan gapirilgan bo‘lsa-da, ushbu ro‘yxatda nimalar kiritilgani O‘zbekistonda ham yillar davomida ochiq manbalarda e’lon qilinmagan.
Ro‘yxatni ommaga e’lon qilish bo‘yicha qonun loyihasi hozirgi prezident Shavkat Mirziyoyev (o‘sha vaqtdagi bosh vazir) tomonidan 2014 yilga kelibgina imzolangan. Unga qadar ko‘rib chiqilgan ishlarda nima asos qilib olingani yoki ayblanuvchilarning ehtimoliy shikoyatlari qanday ko‘rib chiqilgani xususida ma’lumotlar deyarli uchramaydi.

Surat manbasi, Жаҳонгир Улуғмуродов
O‘zbekistonda taqiqlangan ijtimoiy tarmoq akkauntlari va saytlarining ro‘yxati so‘nggi marotaba 2025 yil yanvarida yangilangan.
Unga ko‘ra, jami 1400ga yaqin onlayn sahifalar bilan aloqadorlik jinoyat sifatida qaraladi. Ro‘yxatda Telegram'dagi 713 kanal, Facebook'dagi 203 sahifa, YouTube'dagi 135 kanal, TikTok'dagi 44 akkaunt va boshqalarni ko‘rish mumkin.
Ayni ro‘yxat ochiq holda e’lon qilingan bo‘lsa-da, uning tushunarli va aniq ekanligi borasida jamoatchilik orasida qator savollar tug‘ilib keladi. Kuzatuvchilarning fikricha, ushbu ro‘yxat bilan oddiy diniy va siyosiy fikrlar ham "taqiqlangan" deb topilishi mumkin.
Jumladan, ro‘yxatning kengligi istalgan odamga noqulaylik tug‘dirish bilan birga ularning barchasini eslab qolishni ham qariyb imkonsiz qilishini ta’kidlaydi faollar.
Tojikiston amalga oshirgan yangi o‘zgarishda ayni holat "bilmagan holda" ma’lum bir faoliyatga aloqador bo‘lib qolish jinoyat bo‘la olmasligi ta’kidlanadi. O‘zbekistonda esa bu borada qat’iy o‘zgarish hali amalga oshirilmagan. Jinoyat Kodeksida ayni tushuncha yoki unga ma’no jihatdan yaqin bo‘lgan jumla uchramaydi.
Jinoyat kodeksining 244.1 moddasiga ko‘ra, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etganlik uchun BHMning ikki yuz baravari miqdorida jarimadan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Xususan, 2023 yil Telegram'da taqiqlangan nashida tarqatgani uchun jazoga hukm qilingan Jahongir Ulug‘murodov ishida uning ayni nashidani "taqiqlangan" ro‘yxatda borligini bilmagani to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi jazoning bekor qilinishiga sabab bo‘lmagan.
Aksincha, jamoatchilik muhokamalari va qator appellyatsiya shikoyatlaridan keyin hukmga o‘zgatirish kiritilib, uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi uch yil ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirilgan edi.
Avvaliga tarmoqlarda keskin bahslarga sabab bo‘lgan bu holat keyinchalik aksar faollarning savolli murojaatlarini boshlab berdi. Ularning ko‘pchiligi "aslida, tushunishga qiyin bo‘lgan" bu ro‘yxatning keskin jinoiy javobgarlikka asos qilib olinishi amaliyotini qoralashgan edi.
Xususan, ayni holat yuzasidan munosabat bildirgan tadbirkor Zafar Hoshimov o‘z Facebook sahifasida o‘z fikrlarini quyidagicha yozib qoldirgan edi:
"Grant asosida "narxoz"da o‘qib kelayotgan 21 yoshli talaba bir yil avval YouTube'dan (ochiq manba) olib, bilar bilmas, sinfdoshlariga yo‘llagan bir nashida uchun uch yil qamoq jazosi olibdi. Bilar-bilmas, deganim, bu nashidani butun boshli bir diniy qo‘mita o‘rganib, tahlil qilibgina, uning asl mohiyati zararli, deb topibdi. Yosh yigit YouTube'da qo‘shiq eshitib, uning bu jihatlarini tushunmagan bo‘lishi mumkin-ku axir."
Internetda taqiqlangan materiallar bilan aloqadorlik yoki taqiqlangan harakatlarni amalga oshirganlik uchun qancha o‘zbekistonlik jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida aniq raqamlar mavjud emas.
Aksar kuzatuvchilarning fikricha, bu borada statistik ma’lumotlarning oshkor etilmasligi aholi orasida xavotirni kuchaytirishi mumkin.
Xalqaro Inson huquqlari tashkilotlari, jumladan, Human Rights Watch va Amnesty International O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlar ustidan kuchli nazoratni so‘z erkinligiga tahdid deb baholaydi.
Biroq, O‘zbekiston rasmiylari bunga onlayn faoliyatni tartibga solish va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash deya izoh beradi.
Jamoatchilik fikri
Ayni qonun loyihalari xalqaro inso huquqlari tashkilotlarining doimiy tanqidi ostida bo‘lib ketadi. Xususan, CPJ (Jurnalistlarni himoya qilish komiteti) internet orqali "prezidentni obro‘sizlantirish" jinoyat deb e’lon qilinishi yuzasidan 2021 yildayoq keskin qarshilik bilan chiqqan edi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan internet erkinligiga tahdid deb qaraluvchi 244.1 modda esa hanuz keng bahs-munozaralarga uchrab keladi.
Shu bilan birga, mahalliy faollar orasida ham ayni qaror loyihalariga nisbatan qat’iy noroziliklar kuzatiladi.
Biroq, jamoatchilik qarashlarida biri boshqasidan farq qiluvchi qutblanishni kuzatish mumkin. Ularning ba’zilari hukumatni ushbu moddalarni butkul bekor qilishga chaqirsa, aksar qismi fuqarolarni iloji boricha ehtiyorkor bo‘lishga undab, hukumatning ayni axborot siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.
Jumladan, faol Xushnudbek Xudoyberdiev O‘zbekiston dunyoviy davlat ekanligini ta’kidlay turib, axborot oqimini tartibga solish, xususan, ma’lum materiallarni taqiqlash bilan bog‘liq xato yo‘qligi haqida gapirgan. U, aksincha, odamlar o‘zlari qabul qilayotgan kontentni nazorat qilishlari kerakligini ta’kidlagan.
"Bu ishlarning noqonuniyligi bo‘yicha bahsga hech qanday o‘rin ham yo‘q, sababi O‘zbekiston dunyoviy davlat sifatida qonunlarda aniq nima mumkin yoki nima mumkin emasligi belgilab qo‘ygan. Jaydari tilda aytganda, taqiqlangan diniy materiallarni tarqatgan o‘sha yigitlar "ular aybsizku, nohaq ayblandi", deb himoya qilinmayapti, jazoni qayta ko‘rib chiqaylik, deyilyapti. Bu ikkalasining farqi juda katta", - deb yozib qoldirgan u o‘z Telegram sahifasida.
Bu ishlarning noqonuniyligi bo‘yicha bahsga hech qanday o‘rin ham yo‘q. O‘zbekiston dunyoviy davlat sifatida qonunlarda aniq nima mumkin yoki nima mumkin emasligi belgilab qo‘ygan.
Ammo yana bir guruh kuzatuvchilar hukumat "tartibga solish" uchun deya izohlaydigan bu siyosat aslida aholi orasida o‘rinsiz qo‘rquvni keltirib chiqarishidan xavotir bildirishadi. Faol Komil Jalilov bu qonun loyihalari O‘zbekiston davlatchiligining tub mohiyati deb qaraluvchi demokratik tamoyillarga zidligi haqida gapiradi.
"Umuman, demokratik davlatda so‘z erkinligiga fundamental huquq va jamiyatning rivojlanishi uchun zaruriy shart sifatida qaraladi. Bunday davlatda shunchaki so‘z uchun, qandaydir qo‘shiq (yoki uning havolasi) uchun (u hatto diniy mazmunda bo‘lsa ham), qandaydir materiallarga "layk" yoki "klass" bosib qo‘ygani uchun odamlar sud qilinmaydi, javobgarlikka tortilmaydi."
Uning fikricha, qonun loyihalarida so‘z o‘yinlari qilish yoki mavhum jumlalardan foydalanish bilan qonun ijrosini vaziyatga moslab, turlicha talqin etish ehtimoli yo‘q emas. Bu esa so‘z erkinligini cheklash va axborot oqimini tartibga solish o‘rtasida aniqlash qariyb imkonsiz bo‘lgan chegarani hukumat xohish irodasiga ko‘ra talqin qilish imkonini beradi.
"Qonunda ta’rifi keltirilmagan tushunchalar (masalan, "aqidaparastlik") uchun javobgarlikka tortish haqida-ku, demokratik (yoki o‘zini "demokratik" deb ataydigan) davlatda gap bo‘lishi mumkin emas," – deya mulohaza qilgan u o‘z Telegram sahifasida.
Qonunda ta’rifi keltirilmagan tushunchalar (masalan, "aqidaparastlik") uchun javobgarlikka tortish haqida-ku, demokratik davlatda gap bo‘lishi mumkin emas.
Jumladan, dindor qatlam orasida mashhur bloger Mubashshir Ahmad diniy materiallarga qo‘yilgan taqiq va internetda "layk" qo‘yganlikni jinoyat deb atovchi qonun loyihalari bo‘yicha o‘z qarashlarini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilib qilgan. U o‘z postlarida hukumatning ayni siyosatini dindor guruhlarga nisabatn bosim o‘laroq baholagan.
Biroq, 2023 yilda Turkiyaga ketgan va bir necha kun avval O‘zbekistonga qaytarilgan Mubashshir Ahmadning o‘ziga ham 244.1 modda bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.
Qator kuzatuvchilarning fikricha, ushbu holat hukumat "tartibga solish" niqobi ostida ayni qonun loyihasidan mustaqil faollarga bosim qilish uchun foydalanyotganini yaqqol ko‘rasatadi.

Surat manbasi, Мубашшир Аҳмад (Facebook)
Boshqa davlatlarda qonunchilik qanday?
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham O‘zbekistondagi kabi internet erkinligi cheklangani aytiladi. Ammo yondashuvlar va jazolash darajasi turlicha.
Qozog‘istonda rasmiy ravishda ekstremistik materiallar va taqiqlangan diniy kontent ro‘yxati yuritiladi. Hukumat saytlarni filtrlaydi. Ayrim diniy adabiyotlar tarqatilishi va hatto yuklab olinishi uchun jinoiy javobgarlik mavjud. Biroq, "layk" uchun bevosita jazolash amaliyoti mavjud emas.
Qirg‘izistonda vaziyat nisbatan erkinroq ekanligi aytiladi. Biroq, "Yolg‘on axborotga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonun kuchga kirgach, bir nechta mustaqil OAV va blogerlar javobgarlikka tortilgan.
Qirg‘izistonda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan kontent yoki bildirilgan fikrlar uchun qonun doirasida jazo belgilangan. Ammo "layk" qo‘yganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jazoga tortish amaliyoti mavjud emas.
Turkmanistonda esa eng yopiq internet siyosati mavjud. Mamlakat hududida faqat hukumat tomonidan ruxsat etilgan saytlar ishlaydi. VPN xizmati taqiqlangan.
Diniy va siyosiy kontent markaziy nazorat ostida bo‘lib, taqiqlangan axborotni tarqatganlar og‘ir jazo oladi. Biroq, taqiqlangan materiallar ro‘yxati ommaga ochiq emas. Shuningdek, amalda bu ro‘yxat deyarli cheksiz ekanligi aytiladi.
Jahon miqyosida bu borada ikki qarama-qarshi yondashuv mavjud: Rossiya, Xitoy va Eron kabi avtoritar deb qaraluvchi davlatlarda internet keskin nazorat qilinadi; demokratik davlatlarda, jumladan, Germaniyada erkinlik muhim ko‘riladi.
Masalan, Xitoyda keng ko‘lamli internet filtrlash tizimi mavjud bo‘lib, barcha kontent hukumat nazoratidan o‘tadi.
Rossiyada esa "nojo‘ya kontent" tarqatgan shaxslar jinoyat kodeksi asosida jazolanadi.
Germaniyada esa faqatgina zo‘ravonlik yoki yolg‘on axborot uchun ma’muriy chora ko‘rilishi belgilangan.












