Qirg‘izistonda maktab o‘quvchisining zo‘rlanib, o‘ldirilgani bilan bog‘liq jinoyat butun jamiyatni larzaga soldi. Mamlakat prezidenti esa bu kabi jinoyatlar uchun o‘lim jazosini joriy etishni taklif qildi

Surat manbasi, Contributor/Getty Images
- Author, Aysыmbat Tokoeva
- Role, Bi-bi-si rus xizmati
- O'qilish vaqti: 4 daq
Qirg‘izistonda 17 yoshli maktab o‘quvchisi Aysuluuning zo‘rlanib, vahshiylarcha o‘ldirilgani butun mamlakatda keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Bu mudhish jinoyatdan so‘ng, 1 oktabr kuni prezident Sadir Japarov bolalarni zo‘rlaganlik va ayollarni zo‘rlab o‘ldirganlik uchun o‘lim jazosini joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqishni buyurdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Askat Alagozov ma’lum qildi.
Alagozovning so‘zlariga ko‘ra, prezident ayniqsa bolalar va ayollarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar jazosiz qolmasligi kerak, deb hisoblaydi. O‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirilgani Aysuluuning tergov ishi prezidentning shaxsiy nazorati ostida olib borilmoqda.
Qirg‘izistonda o‘lim jazosi bo‘yicha moratoriy ilk bor 1998 yilda sobiq prezident Askar Akaev tomonidan joriy etilgan. U bir necha bor uzaytirilib, 2007 yilda butunlay bekor qilingan.
Moratoriydan oldin o‘lim jazosiga hukm qilinganlar otib o‘ldirilgan.
Jinoyat tafsilotlari
27 sentabr kuni kunduzi, Issiqko‘l viloyatining Barskoon qishlog‘ida yashovchi 17 yoshli maktab o‘quvchisi Aysuluu yo‘ldan o‘tayotgan mashinaga o‘tirgan. Uning yaqinlarining aytishicha, u qo‘shni shahar — Karakolga dugonasini ko‘rgani ketayotgan edi.
Barskoon qishlog‘idagi yonilg‘i quyish shoxobchasidagi videokameralar soat 12:45 da Aysuluuning Honda Stream rusumli avtomobilga o‘tirganini qayd etgan.
Tergovchilarning aniqlashicha, avtomobil haydovchisi — 41 yoshli erkak — qizni qo‘shni qishloqqa olib borib, mashinaga o‘tirganidan 15 daqiqa o‘tib zo‘rlagan. Keyin u qizni yana 60 km masofaga olib borgan va bir hovuz yaqinida uni bo‘g‘ib o‘ldirgan.
Militsiya ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi maktab o‘quvchisining jasadini Bishkek tomon yo‘lda, poytaxtdan taxminan 120 km uzoqlikda tashlab ketgan. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, u jinoyat izlarini yashirishga uringan — mashinasini yuvgan, uni tashlab ketgan, telefon va SIM-kartadan qutulgan.

Surat manbasi, Қирғизистон Республикаси Ички ишлар вазирлиги
Huquq-tartibot idoralari gumonlanuvchini Bishkekda qo‘lga olishga muvaffaq bo‘ldi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, u 41 yoshda va ilgari sudlangan. Uning to‘liq ismi oshkor etilmagan, faqat bosh harflari — "A.K." ko‘rsatilgan. Militsiya uning ilgari qaysi moddalar bo‘yicha sudlangani haqida ma’lumot bermagan.
Kecha Aysuluuning tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida dafn marosimi bo‘lib o‘tdi, unda yuzga yaqin odam yig‘ildi.
Jasadni tuproqqa topshirishdan oldin marhumning yaqinlari mamlakat rahbariyatiga videomurojaat yo‘llab, bolalarni o‘ldirganlar va zo‘ravonlarga nisbatan jazoni kuchaytirishni talab qildilar.
"Qotillikda gumonlanayotgan shaxsni faqat qamab qo‘yishmasin, uni yo‘q qilishsin. Toshbo‘ron qilishsin. Aysuluuning tanasiga nima qilganini ko‘ring! Unga ham shunday shafqatsizlik bilan munosabatda bo‘lishsin," — dedi dod solib yig‘lab, qizining onasi.
Jamoatchilikning munosabati
Qirg‘izistonda 17 yoshli maktab o‘quvchisining zo‘rlanib, vahshiylarcha o‘ldirilgani haqidagi xabar jamiyatda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Ko‘plab fuqarolar bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirishni talab qilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu fojiali voqea haqida e’lon qilingan xabarlardan so‘ng, ko‘plab izohlarda pedofillar, zo‘ravonlar va qotillar uchun o‘lim jazosini qayta joriy etish talablari yangramoqda.
"Yovuzlar yosh qizlarni zo‘rlab, keyin ularni o‘ldiradi, jasadlarini tahqirlab, xohlagan joyiga tashlab yoki ko‘mib yuboradi. Biz bu kabi jinoyatlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rilishini so‘raymiz," — dedi maktab o‘quvchisining dafn marosimida uning qarindoshlaridan biri.
Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Feliks Kulovning fikricha, mamlakatning hozirgi rivojlanish bosqichida bolalar va ayollarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik hamda qotillik jinoyatlari uchun o‘lim jazosini joriy etish — o‘zini oqlagan choradir.
"Bu qaror faqat jazolash vositasi emas, balki davlat eng zaif qatlamlarni himoya qilishga qat’iy bel bog‘laganini ko‘rsatuvchi ramz bo‘lishi kerak. Bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslar afvga umid qilmasligi lozim," — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.

Surat manbasi, Turmush.kg
Biroq jamiyatda boshqa fikrlar ham mavjud.
Huquq himoyachisi Nazgul Turdubekova fikricha, tergov va sud jarayonlarida xatolarga yo‘l qo‘yilish xavfi katta. "Qirg‘izistonda DNK ekspertizalari o‘tkazilmaydi. Natijada, aybsiz insonlarga nisbatan noto‘g‘ri hukm chiqarilishi mumkin. Bunday holatda inson hayotini tiklashning imkoni yo‘q," - deydi u.
Turdubekova, shuningdek, o‘lim jazosi iqtisodiy jihatdan ko‘proq xarajat talab qilishini ta’kidlaydi. "Bunday jazo bilan bog‘liq jinoyat ishlarini yuritish va keyingi apellyatsiya jarayonlari davlatga umrbod qamoq jazosi bilan solishtirganda ancha qimmatga tushadi," deya fikr bildiradi u.
Qirg‘izistonda femitsid muammosi
Women, Peace and Security Index reytingiga ko‘ra, Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda ayollar uchun eng xavfli davlat sifatida baholangan. Mamlakat ikki yil ketma-ket bu indeksda birinchi o‘rinni egallagan.
Tadqiqotlarga ko‘ra, har yili Qirg‘izistonda 30 ga yaqin femitsid — ya’ni ayolni gender zo‘ravonligi yoki nafrat asosida o‘ldirish — holati qayd etiladi. Bu jinoyatlarning aksariyati ayolning yaqin erkaklari tomonidan sodir etiladi. Shunga qaramay, hukumat femitsidni qonunchilik darajasida tan olmaydi.
Masalan, bu yil 38 yoshli, besh farzandning onasi Ayzirek Eralieva eri tomonidan o‘ldirildi. U maktab bitiruvining 20 yilligidan qaytgach, eri uni xiyonatda gumon qilib, ov miltig‘i bilan otib tashlagan.












