Qozog'istonda jinsiy zo'ravonlik haqida gapirish osonmi?

Сурат манбаси, SAINA RAISOVA
- Author, Abdujalil Abdurasulov
- Role, BBC
An'anador Qozog'istonda ko'plab ayollar jinsiy zo'rlash va tajovuz haqida ochiq gapirishdan iymanadilar. Biroq #MeToo (#MenHam)va Time'sUp (Vaqt keldi) kabi harakatlardan ilhomlangan mahalliy kampaniya ayollarni jim o'tirmaslikka chaqirmoqda.
Saina Raisova o'tgan yili ikki erkak tomonidan zo'rlanganini qachon yodga olsa, ruhiyati parchalanadi.
O'shanda 26 yashar bu qiz zo'ravonlardan qutilish uchun uchinchi qavatdan sakragan. Oqibatda tos va tovon suyagini sindirib olgan.
U pastga qulagandan so'ng omon qoldi, lekin uni faqat og'riq qiynamas edi: "Zo'rlanganimdan so'ng birinchi hayolimga kelgan fikr - jonimga qasd qilish bo'ldi. Bunday azob bilan yashashning uddasidan chiqmayman, deb o'yladim".
Hozir orttirgan jarohatlari tufayli Saina doimiy og'riq ichida yashashga majbur. Biroq adolatni qaror toptirish yo'lidagi kurashi bundanda azobliroq bo'ldi.
Saina BBCga Qozog'istonning aksariyat aholisi jinsiy zo'rlash haqida og'iz ochishni uyat hisoblashi va uni o'zi bilan bo'lgan voqea yuzasidan sukut saqlashga majburlaganlari to'g'risida aytib berdi.
"Men nafaqat huquqni muhofaza qilish xizmatlari, balki o'zimning ichimdagi andisha va qarindoshlarimga ham qarshi kurashishimga to'g'ri keldi. Ular sodir bo'lgan voqeadan hayratda edilar. Meni tushunishmadi."
"Nega bu voqeani ovoza qilmoqchisan?" so'radilar mendan. "Hammasini Allohga sol. O'zi jazosini beradi."
"Ota-onam bo'lgan ishlarni eldan butunlay yashirishni istadi. Bu ular uchun og'ir isnod edi."

Сурат манбаси, NEMOLCHI.KZ
O'tgan yili tergov jarayoni sekin ketayotganini ko'rgan Saina unga zulm qilganlar jazodan qutilib qolmasligi uchun bor gapni ommaga aytishga qaror qildi.
Joriy yilning yanvar oyida sud jinoyatchilardan birini 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Uning sherigi, deya gumonlangan ikkinchi shaxs esa hamon qidiruvda.
"Ko'pchilik bunday hollarda aybni qurbonlarga yuklaydi. Odamlar menga "bormasliging kerak edi, ko'rishmasliging kerak edi, mana o'zing istagan narsani olding", deb ko'p aytadilar."
Saina "jim o'tirma" harakatiga qo'shilgan ko'plab ayollardan biri - bu guruh jinsiy zo'ravonlikka yuz tutgan ayollarga so'z berishni maqsad qilgan.
2016-yilda tashkil qilingandan beri #НеМолчиKZ harakati jinsiy tajovuzga uchragan 19 ayolga sud ishlarida yordam berdi va bir yil ichida bu heshteg ijtimoiy tarmoqlarda 100,000 marta qo'llandi.
Bolalar musiqali shoulari sobiq prodyuseri Dina Smailova harakat asoschilaridan biri. U Facebook'da 20 yoshida zo'rlanganini ochiqlaganidan so'ng ushbu harakat boshlangan.
U Facebook'da yozib qoldirgan post tez orada omma e'tiborini o'ziga tortdi. Boshqalar ham o'z boshidan o'tganlarni ulashib, unga yordam taklif qila boshladi.
Dinaning aytishicha, harakatning asosiy maqsadi mavzuga nisbatan an'anaviy munosabatlarni o'zgartirishdir.
"Bizning jamiyat bu mavzuni tilga olishni doimo uyat hisoblab kelgan. Qurbonning yuzi doimo qora, zo'ravonning emas", deydi Dina.
"Biz zo'rlanish emas, zo'ravon bo'lish uyat, deymiz. Shu sababli biz ochiq yuz bilan ommaga boshimizdan o'tgan voqealardan uyalmasligimizni aytamiz. Zo'ravonlar uyalishi zarur."
Huquqiy Statistikalar Qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2017-yil davomida Qozog'istonda 2,250 ta jinsiy zo'ravonlik holati ro'yxatga olingan. Biroq faollar qurbonlarning aksariyati bo'lgan voqeani yashirishi tufayli bu raqam asliyatni anglatmaydi, deydi.
Harakat mavzu yuzasidan talabalar va huquqni muhofaza qilish tashkilotlari o'rtasida ogohlikni oshirish maqsadida seminarlar tashkil qiladi, zo'ravonlikka uchragan ayollarga o'z dardini ochiqlash uchun minbar beradi.
Shunday tadbirlardan birida 19 yoshli Yelena Ivanova o'zining zo'rlangani haqida ilk bora odamlar oldida ochiq gapirdi.
O'tgan yili u mikrofonni qo'liga olib, unga yuzlanib turgan odamlarga boshidan o'tganlari haqida tutilib-tutilib hikoya qilib berdi.

Сурат манбаси, NEMOLCHI.KZ
"Meni… tahqirlashdi, zo'rlashdi," uning ovozi zo'rg'a chiqar, sukunatda ham eshitish qiyin edi.
O'tirganlardan ba'zilar uning hikoyasini ko'zda yosh bilan tingladilar.
Odamlar bu mavzu haqida gapirishni uyat hisoblashiga qaramay Yelena ommaga yuzlanishdan boshqa yo'li qolmaganini ta'kidlaydi.
"Agar sukut saqlab turmasangiz, odamlar, jamiyat haqiqat uchun kurashayotganingizni ko'radi."
"Boshqa odamlar ham sizga qo'shilgandan so'ng o'zingizni birmuncha bexavotir his qilasiz, bu kurashda yolg'iz emasligingizni anglaysiz", deydi u BBC bilan suhbatda.
"Jim o'tirma" harakati jinsiy zo'ravonlik qurbonlarini yaxshiroq himoya qiladigan qonun loyihalarini ishlab chiqilishi uchun ham intilmoqda.
Mavjud qonunchilikka ko'ra, agar ikki tomon til topisha olsa, bo'lib o'tgan voqea "og'irlashtirilgan hujum" deb hisoblanmaydi, uzoq vaqt davomida zo'rlash yoki guruh bilan zo'rlash kabi holatlar istisno qilinadi.
Tanqidchilar ta'kidlashicha, qurbonlar bosim ostida zo'ravondan moddiy tovon olib, arizasini qaytib olishga majbur bo'ladi. Qurbon va ayblanuvchining yaqinlari, huquqni muhofaza qilish tashkilotlari va hattoki advokatlar ham ishni bosdi-bosdi qilishga urinadilar.
Natijada ko'plab erkaklar jazo muqarrar emasligi sababli jinsiy zo'ravonlikdan tiyilishga intilmaydilar.
"Jamiyatning mavzuga nisbatan munosabatini o'zgartirish muhim, lekin biz, avval, qonunga o'zgartirish kiritishimiz lozim", deydi Dina. "Jazo muqarrar bo'lishi va zo'ravonlar qilgan ishi uchun har qanday holatda ham javob berishga majburligini anglashi shart."
BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek












