You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Qozog‘istonda ta’qibchisi tomonidan o‘ldirilgan qiz ishi bo‘yicha politsiya xodimlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Qozog‘iston IIV Chimkent shahrida yashagan 21 yoshli Nuray Serikbayning o‘limi ortidan bir qator politsiya xodimlariga nisbatan jinoiy ish ochdi. Qizni o‘ldirishda uni uzoq vaqt davomida ta’qib qilgan, uni o‘g‘irlab, majburiy nikohga tortishga uringan erkak gumonlanmoqda. Nurayning oilasi unga nisbatan amalga oshirilgan avvalgi o‘g‘irlash urinishi haqida politsiya va prokuraturaga murojaat qilgan, ammo hech qanday yordam olmagan.
Jinoyat ishi politsiya xodimlariga nisbatan beparvolik moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan. Sababi - ular o‘tgan yil oktyabr oyida Nuray Serikbayni 28 yoshli tanishi tomonidan o‘g‘irlash va nikohga majburlash holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atishdan bosh tortishgan.
Bu haqda Qozog‘iston parlamenti norasmiy suhbatida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Sanjar Adilov jurnalistlarga ma’lum qildi. Gap mamlakatning aholi soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadigan shahri Chimken politsiya departamenti xodimlari haqida bormoqda.
Politsiya xodimlari ustidan olib borilayotgan tergovni IIVning xavfsizlik departamenti amalga oshirmoqda. Adilovning ta’kidlashicha, Chimkent politsiyasi rahbariyati "qattiq javobgarlikka" tortilgan.
20 yanvar kuni o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra, Chimkent politsiya boshlig‘i, uning o‘rinbosari va bir nechta bo‘lim rahbarlari lavozimlaridan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi.
Nuray Serikbayning ta’qibchisi tomonidan o‘ldirilishi Qozog‘istonda katta jamoatchilik rezonansiga sabab bo‘ldi. Mamlakat prezidenti Qasim-Jomart Tokaev bu ish bo‘yicha Bosh prokuratura "atroflicha" tekshiruv o‘tkazishini va’da qildi.
Majburiy nikohga urinish va o‘ldirish
Shimkent shahrida istiqomat qilgan 21 yoshli Nuray Serikbayning o‘ldirilgani haqida xabar 11 yanvar kuni tarqaldi. Qiz pichoqdan olgan og‘ir jarohatlar tufayli halok bo‘lgan. Oradan ikki kun o‘tgach, politsiya 28 yoshli gumonlanuvchi - Nurayning tanishini qo‘lga oldi. Sud uni ikki oyga qamoqqa hukm qilib, "odam o‘ldirish" bilan aybladi.
Nurayning akasi Sulton Serikbay Jas Alash yutub-kanaliga intervyuda shunday deydi: erkak Nurayni ko‘p vaqt davomida ta’qib qilgan va o‘tgan yil oktyabr oyida uni Olmatadan kuch bilan mashinaga o‘tqazib, Chimkentga olib kelgan. Maqsad qizni majburiy nikohga rozi qilish bo‘lgan.
Sulton voqeadan xabardor bo‘lib, singlisini o‘g‘irlovchining uyidan olib chiqqan. Nuray o‘sha paytda o‘z xohishiga qarshi olib ketilgani uchun politsiyaga ariza bermoqchi bo‘lgan. Biroq Sultonning aytishicha, mahalliy politsiya bo‘limida qizga bosim o‘tkazib, ariza yozmaslikka majbur qilishgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra tergovchi va o‘g‘irlovchining otasi Nurayni "ariza yozsan, u bir necha yil qamaladi, sen qanday yashaysan?" degan gaplar bilan qo‘rqitishgan. Oxir-oqibat uni "hech qanday da’vosi yo‘qligi" haqida yozishga ko‘ndirishgan. Erkak esa Nurayni endi bezovta qilmaslikka va’da bergan.
O‘zlari kutgan himoyani ololmaganidan keyin oila prokuraturaga murojaat qilgan. Ammo prokuratura: "Tekshiruv o‘tkazish va jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun asoslar yetarli emas", degan javob qaytargan.
"Alip qashu"
"Alip qashu" ("Olib qochish") - Qozog‘istonda va ayrim qo‘shni mamlakatlarda hali ham uchrab turadigan odatlardan biridir. Bunda qiz yoki ayol majburiy nikoh qurish maqsadida o‘g‘irlab ketiladi. Jabrlanuvchilar ko‘p hollarda oilaviy bosim, jamiyatning muhokamasi, obro‘-e’tiborni yo‘qotishdan qo‘rqish kabi sabablar tufayli o‘sha uyda qolishga va nikohga rozilik berishga majbur bo‘lishadi.
Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, bu udum qat’iyan taqiqlangan va Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jazolanadi. 2025 yil sentyabridan boshlab ushbu jinoyat bo‘yicha quyidagi o‘zgarishlar kuchga kirdi:
u og‘ir jinoyat sifatida qayta tasniflandi;
jarima miqdori 8 million tengagacha oshirildi;
ozodlikdan mahrum qilish muddati uzaytirildi.
Endilikda majburiy nikohga majburlash yoki o‘g‘irlash uchun 7 yilgacha, og‘irlashtiruvchi holatlarda esa 10 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.
Shuningdek, ilgari mavjud bo‘lgan "agar aybdor jabrlanuvchini ixtiyoriy ravishda qo‘yib yuborsa, javobgarlikdan ozod etiladi" degan norma ham bekor qilingan.
"Kelin" o‘g‘irlash ishlari bo‘yicha tergov muammolari
«NeMolchiKZ» huquqni himoya qilish fondi rahbari Dinara Smailovaning aytishicha, Qozog‘iston politsiyasi qizlarni o‘g‘irlash va oilaviy zo‘ravonlik holatlarini tergov qilishda ko‘p hollarda qat’iyatsizlik qiladi. Uning Bi-bi-siga bildirishicha, politsiyaga borib ariza berish, jinoyatga to‘g‘ri baho berish va aybdorni jazolatish juda qiyin, chunki politsiya xodimlari jinoyat malakasini yengillashtirishga harakat qiladi.
Agar gumonlanuvchi qizning tanishi, do‘sti yoki qarindoshi bo‘lsa, ularni javobgarlikdan qutqarish uchun alohida urinish bo‘ladi.
Smailova qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan yili Chimkentdan majburiy nikohga olish maqsadida o‘g‘irlash bo‘yicha to‘rtta murojaat tushgan. U holatlardan birida politsiya qizni ariza yozmaslikka ko‘ndirgan - chunki o‘g‘irlashda ishtirok etganlarga qamoq jazosi tahdid qilgan.
Uning fikricha, Nuray Serikbay ishida politsiya xodimlari "Mansabga soviqqonlik bilan qarash" moddasi bilan javobgarlikka tortilmoqda, lekin bu o‘rinda "Inson o‘limiga sabab bo‘lgan xizmat burchini bajarmaslik" moddasi qo‘llanilishi kerak edi.
Hozirgi modda bo‘yicha politsiya xodimlariga faqat jarima yoki ishdan bo‘shatish tahdidi bor, bu esa yana ularni javobgarlikdan soqit qiladi. Uning ta’kidlashicha, politsiya xodimlariga nisbatan qattiq choralar ko‘rilmagani uchun vaziyat o‘zgarmayapti.
Qozog‘iston Krizis markazlari ittifoqi rahbari Zulfiya Bayzakova Bi-bi-siga aytganiga ko‘ra, qonunchilikda qiz o‘g‘irlovchilarni jazolash va bunday jinoyatlarning oldini olish normalari aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, amalda bu normalar ishlamaydi.
Uning fikricha, politsiya jinoyat ishini qo‘zg‘atib, barcha materiallarni to‘plab, gumonlanuvchini qamoqqa olishi kerak edi. 2025 yil 30 dekabrda prezident huquqbuzarliklarning oldini olish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan bo‘lsa-da, amaliyotda hali ham o‘zgarish sezilmayapti.
Qozog‘istonda majburiy nikoh uchun o‘g‘irlash bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha rasmiy statistika e’lon qilinmaydi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yildan 2023 yilgacha mamlakatda majburiy nikoh uchun o‘g‘irlash bilan bog‘liq 214 ta jinoiy ishi qo‘zg‘atilgan. Ammo faol Nazim Jangazinovaning ORDA.kzga aytishicha, real holat ancha jiddiy - bu kabi jinoyatlarning katta qismi politsiyagacha yetib bormaydi. Shu bois, asl raqamlarni aniqlashning iloji yo‘q.