O‘zbekiston, Markaziy Osiyo bu yil yangi xavf qarshisida qoladimi? Video

O‘zbekiston uchun suv beradigan muzliklar mart oyida jadal erigan. Olimlar bahorning boshida 10 daraja farq bilan issiq bo‘lishini aql bovar qilmaydigan holat sifatida baholashmoqda. Ushbu anomal isish qishloq xo‘jaligi va odamlarning sog‘ligiga qanday ta’sir qiladi?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2

Mart oyida Markaziy Osiyoni kutilmagan issiqlik to‘lqini qopladi. Shu kunlarda e’lon qilingan yangi tadqiqotga ko‘ra, bu – hududda allaqachon iqlim o‘zgarishidan jiddiy jabr ko‘rayotgan qishloq xo‘jaligi va suv ta’minotini xavf ostiga qo‘yadi.
Iqlim o‘zgarishi va ekstremal ob-havo hodisalarini o‘rganuvchi olimlar ittifoqi World Weather Attribution tadqiqotiga ko‘ra, mart oyi davomida havo harorati sanoat davrigacha bo‘lgan o‘rtacha ko‘rsatkichdan 10 daraja yuqori bo‘lgan.
Guruhning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi issiqlik to‘lqinini taxminan 4 darajaga oshirgan, ammo bu raqam "pasaytirilgan bo‘lishi mumkin", deb ogohlantirgan.
Qizil Yarim Oy Jamg‘armasi iqlim markazi texnik maslahatchisi Maya Valbergning aytishicha, bu to‘lqin bahorda va odatda qattiq issiqlik kuzatilmaydigan hududda sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, jahon OAVning sarlavhalariga chiqmadi.
Tadqiqot Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni qamrab oldi.
Aql bovar qilmas faktmi?

Olimlar havo isishi bo‘yicha tadqiqotlarda odatda 2-4 daraja farq bo‘lishini, 10 daraja farq aql bovar qilmas ekanligini ta’kidlashmoqda.
Mintaqada kuzatilgan mart oyidagi yuqori haroratlar qishloq xo‘jaligi hosildorligi, suv ta’minoti va aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aytilmoqda.
Tojikiston va O‘zbekistonda odamlarning taxminan yarmi qishloq xo‘jaligida band. Bu soha butun Markaziy Osiyo iqtisodiyotining beshdan bir qismini tashkil qiladi.
Bu oyda havo harorati eng issiq nuqtalarda 30 darajaga yetdi – bu mart oyi uchun juda g‘ayrioddiy.
"Bu issiqlik to‘lqini mart oyida, odatda o‘tish davri hisoblangan va keskin ob-havo kuzatilmaydigan bir vaqtda sodir bo‘ldi. Ammo bu yil issiqlik erta va shiddat bilan keldi — aynan Qozog‘istonda bug‘doy ekilayotgan, O‘zbekiston va Tojikistonda esa gilos va o‘rik kabi mevali daraxtlar gullayotgan paytda ro‘y berdi. Bu holatning ehtimoliy oqibatlari faqat hosil bilan cheklanmaydi. Ular ham qamrov jihatidan, ham vaqt jihatidan keng. Hatto bir haftagina davom etgan bunday issiqlik to‘lqini ham muzliklarning erishini tezlashtirishi mumkin. Bu esa ko‘plab odamlarning suyanchig‘i bo‘lgan mavsumiy muvozanatni izdan chiqaradi", deydi Maya Valberg.
Mintaqadagi minglab muzliklarning erib borishi ham katta xavf tug‘dirmoqda. Markaziy Osiyo allaqachon suv tanqisligi muammosiga duch kelgan.
Yevroosiyo Taraqqiyot banki hisobotiga ko‘ra, so‘nggi 60 yil ichida Tyanь-Shanь va Pomir tog‘ tizmalaridagi muzliklarning 14–30 foizi erigan.
Olimlar bu hodisani bir martalik emas, balki tendentsiya, deb baholashmoqda.
Markaziy Osiyo mintaqasi

Markaziy Osiyo shundoq ham kambag‘allik, ishsizlik va korruptsiya anchayin dolzarb muammoligicha qolayotgan, kuzatuvchilar nazdlarida, ijtimoiy portlash xavfi nisbatan yuqori mintaqa bo‘ladi.
Aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi asosan qishloq xo‘jaligiga asoslangan, aholisining aksariyati chetda mehnat muhojirligida band, tirikchiligi asosan shuning orqasidan o‘tadi.
Markaziy Osiyo aholisining umumiy soni 80 milliondan ortadi, hududi kattaligi jihatdan Yevropa Ittifoqinikiga yaqin, yaqin-yaqingacha urushlar ichida bo‘lgan va uch yildirki, muvaqqat hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmayotgan Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga chegaradosh.
Ammo hosildor yerlari va suvi kam, suv ustidan urush kelib chiqishidan xavotirlar oshkora bildirilgan, havosining ifloslanishi, qurg‘oqchilik va sahrolashish tobora kuchayishi ehtimoli allaqachon jiddiy tashvishlarni uyg‘otib bo‘lgan, millionlab aholisi ekologik migrantlarga aylanishiga oid bashoratlar yangrab bo‘lgan mintaqa.
Deyarli qurib bitishi insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik fojega qiyos berilgan Orol dengizi ham Markaziy Osiyo - O‘zbekiston va Qozog‘iston hududida joylashgan.
Aksariyat davlatlari tabiiy energiya zaxiralari - neftь va gazga boy.
O‘zbekiston prezidenti ham so‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi muammosiga alohida e’tibor qaratib keladi.
Xavotirlar
Mintaqada havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. So‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni ikki marta ortgan...
Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konventsiyasi Tomonlarining so‘nggi ikki anjumanida barchaning diqqatini mintaqaga tortgan.
O‘zbekiston prezidenti 2023 yil Dubayda bo‘lib o‘tganida iqlim muammolari barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurganini aytgan.
U bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatayotganligini ta’kidlagan.
Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari Orol fojeasi tufayli Markaziy Osiyoda ayniqsa sezilayotganini qayd etgan.
O‘zbekiston prezidenti o‘shanda tilga olib o‘tgan faktlarga tayanilsa:
- Mintaqada havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. So‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni ikki marta ortgan, muzliklar maydonining uchdan bir qismi erib yo‘qolgan.
- Mintaqa hududida tuproq yemirilishi jarayonlari 30 milliondan ziyod aholi turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kuchli chang va qum bo‘ronlari odatiy holga aylanib bormoqda.
- Ichimlik suvi taqchilligi, havo ifloslanishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi, qishloq xo‘jaligida hosildorlikning keskin pasayishi kabi muammolar tobora avj olmoqda.
Shavkat Mirziyoyev shunday derkan, global xavflar keng mintaqada xatarli nuqtaga yetib kelayotgani bilan ham ogohlantirgandi.
Bokudagi so‘nggi anjumanda O‘zbekiston prezidenti global iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini birgalikda yengib o‘tish maqsadida qator tashabbuslar bilan chiqqan.
Jumladan, iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markaz ta’sis etish taklifi va BMT shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash sohasida majburiyatlar to‘g‘risidagi Deklaratsiyani ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston rahbari atrof-muhit ifloslanishi bilan bog‘liq xatarlarni qisqartirish va transchegaraviy suv resurslari masalalarida yagona yondashuvlar ishlab chiqish zarurligini ham qayd etgan.
Shavkat Mirziyoyev bugun Samarqandda poyoniga yetib borayotgan Yevropa-Ittifoqi-Markaziy Osiyo sammitida ham mintaqa mamlakatlari yuqori darajadagi suv taqchilligiga duch kelishlari bilan ogohlantirgan.
Sammitda muzliklar holatini uzluksiz sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatish va mintaqaning tog‘ ekotizimlari uchun xavflarni erta aniqlash bo‘yicha "Kopernik" dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi bilan yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdorlik bildirilgan.
Markaziy Osiyo liderlari birdammi?

Surat manbasi, rasmiy
O‘tgan yil noyabr oyida Bokuda bo‘lib o‘tgan anjumanda aksariyat Markaziy Osiyo liderlari ham global iqlim o‘zgarishiga qarshi birgalikda kurashishga chaqirishgan.
Qozog‘iston prezidenti o‘shanda Markaziy Osiyo global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ko‘plab xavf-xatarlarga duch kelayotganligini aytgan.
Qasim Jomart Toqaev iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar samaradorligini oshirish uchun ilg‘or texnologiyalardan faol foydalanishlari lozimligini ta’kidlagan.
Ular sifatida esa, sun’iy intellekt, sun’iy yo‘ldosh kuzatuvi, oldindan ogohlantirish, suv va yer resurslarini samaraliroq boshqarishni ta’minlaydigan boshqa raqamli vositalarni tilga olgan.
Anjumanda so‘zga chiqqan Tojikiston prezidenti sur’ati va tabiatini nazarda tutarkan, iqlim muammolari va tahdidlarining o‘zlari ko‘rayotgan choralardan ko‘ra jadal va kuchliroqligi aniq ekanini e’tirof etgan.
Emomali Rahmon iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni, ayniqsa, maxsus loyihalarni moliyalashtirish va suv resurslarini muhofaza qilish orqali kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.
Qirg‘iziston prezidenti ham Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Parij shartnomasida qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun "muvofiqlashtirilgan va yaxshi moliyalashtirilgan sa’y-harakatlar"ga chaqirgan.
Sadir Japarovning aytishicha, iqlim o‘zgarishi bugungi kunda, ayniqsa, muzliklari, suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va umuman, odamlarining turmush tarziga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatib bo‘lgan.
Tojikiston va Qirg‘izistonning muzliklari shundoq ham suv taqchil mintaqaning suv ta’minotida beqiyos o‘rin tutadi.












