You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
400 million kishilik diniy bayram – Hindistonda millionlab inson bir joyda cho‘milishni boshladi
Hindistonda dushanba kundan dunyoda insonlar bir joyda yig‘iladigan eng yirik tadbir — Kumbh Mela (yoki Mahakumbh deb ham ataladi) hindular diniy festivali boshlandi. 12 yilda bir marta o‘tkaziladigan bu festivalda o‘n millionlab odamlar muqaddas daryolarda tengdan cho‘miladilar.
Hindiston shimolidagi Prayagraj shahrida boshlangan va yana olti hafta davom etadigan festivalda dindorlar Hindistonning eng muqaddas hisoblanmish Gang, Yamuna va afsonaviy Sarasvati daryolari tutashgan joy — Sangamda cho‘miladilar.
Hindular muqaddas daryoda cho‘milish ularni gunohlardan poklashi, ruhlarini tozalashi hamda ularni hayot va o‘lim siklidan ozod etishiga ishonadilar.
45 kunlik mazkur festival davomida taxminan 400 million ziyoratchi ishtirok etadi. Bu qadar ulkan miqyosdagi tadbirni kosmosdan ham ko‘rish mumkin.
Ma’lum qilinishicha, dushanba – 13 yanvarь tushgacha 10 million kishi allaqachon muqaddas cho‘milish marosimini bajargan.
Seshanba kuni bu ko‘rsatkich 20 milliondan oshishi kutilmoqda.
Prayagraj shahri ma’muriyati buncha odamni qabul qilish uchun bor imkoniyatni zo‘r berib ishga solmoqda.
Ziyoratchilar va sayyohlar uchun daryoning qirg‘og‘ida 4,000 gektar maydonni qamrab oluvchi ulkan chodir shaharchasi qurilgan.
Ammo yakshanba kuni – marosimlar boshlanishidan bir necha soat oldin – Prayagrajdagi ko‘plab maydonlar hali ham qurilish jarayonida ekanligi ma’lum bo‘lgan: minglab hojatxonalar hali o‘rnatilmagan, o‘rnatilganlari esa suv ta’minoti yo‘qligi sababli ishlamagan.
Kumbh Mela qanday festival o‘zi?
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
YuNESKO tomonidan "Insoniyatning nomoddiy merosi" sifatida tan olingan festivalning kelib chiqishi o‘ziga xos afsonaga borib taqaladi.
Afsonaga ko‘ra, dunyo paydo bo‘lishi chog‘ida xudolar va jinlar o‘rtasida Kumbh (idish) ichida paydo bo‘lgan eliksir ustida jang yuzaga keladi.
Xudolar va jinlar abadiy hayot va’da qiluvchi ushbu eliksirni qo‘lga kiritish uchun kurashayotganida, uning bir necha tomchisi to‘rt shahar – Prayagraj, Haridvar, Ujjayn va Nasik ustiga to‘kilib ketadi.
Bu kurash 12 samoviy yil davom etgan – har biri Yerdagi 12 yilga teng.
Shu sababli, Kumbh Mela festivali ushbu to‘rt shaharda har 12 yilda bir marta o‘tkaziladi.
Festival barcha to‘rt shaharda o‘tkaziladi, ammo eng katta festival Prayagrajda bo‘lib o‘tadi.
Har safar ziyoratchilar va sayyohlar soni bo‘yicha rekordlar yangilanadi.
Festival qancha katta?
Munajjimlar sayyoralar va yulduzlarning joylashuvi asosida 26 fevralga qadar davom etuvchi festivaldagi maxsus kunlarni belgilaydilar.
Bu safar cho‘milish uchun oltita muhim kun mavjud.
Eng katta tadbir 29 yanvarda bo‘lib o‘tadi – shu kunda 50-60 million ibodat qiluvchi birga cho‘milishi kutilmoqda.
Diniy festival ko‘lamini quyidagi raqamlarga nazar tashlab ham anglash mumkin:
- Maydon: 4,000 gektar
- 160,000 chodir
- 40,000 politsiya va xavfsizlik xodimlari
- 15,000 sanitariya xodimlari
- Yarim milliondan ortiq avtomobil uchun 99 avtoturargoh
- Daryo bo‘ylab 30 ta suzuvchi ponton ko‘prik
- 67,000 ko‘cha chiroqlari
- 150,000 hojatxona; 25,000 chiqindi qutilari
- 200 suv bankomatlari va 85 quduq
Hindiston hukumati festival uchun 70 milliard rupiy ($812 million) sarf qilayotganini ma’lum qilgan.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, festivaldan mahalliy byudjetga 250 milliard rupiy ($2.9 milliard) daromad tushishi kutilmoqda.