O‘zbekiston iqlim o‘zgarishida kurashni boy bermoqdami? Video

Surat manbasi, Nurphoto via Getty Images
So‘nggi vaqtlarda aholi orasida zaharlangan havo, chang bo‘ronlari, anomal issiq, qurg‘oqchilik va ularning oqibatidan kelib chiqayotgan turli kasalliklar va nafas olishdagi muammolardan shikoyatlar ko‘paymoqda. Hukumat butun dunyoda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi talafotlarini bartaraf qilishga kech qolmayaptimi?
Diqqat, BBC dasturimizda ana shu mavzuni ko‘tardik.
Mintaqa, xususan, O‘zbekiston xalqi iqlim o‘zgarishi asoratlarini o‘z tanalari va yashab turgan muhitda yildan yilga tobora chuqurroq his qilishmoqda.
Xalqaro sammit va’dalar va sammitlarga qaramay, issiqxona gazlari yanada oshmoqda, qazilma yoqilg‘ilar iste’moli o‘sib boryapti va dunyo bo‘ylab harorat Yer sayyorasiga fojiali shikast yetkazadigan bosqichga chiqish arafasida.
Ekstremal havo hodisalari hamma yerda tobora tez-tez yuz bermoqda, undan na badavlat yo na kambag‘al davlatlar himoyalangan.
Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda ham iqlim o‘zgarishi inson hayotining har bir qatlamiga daxl qila boshlagan.
"Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun eng katta oqibat havoda ifloslanish, changning ko‘payib ketishi va buning orqasidan cho‘llanish, tuproq degradatsiyasi. Kelajakda biz juda katta iqlim muhojirlari paydo bo‘lishi bilan to‘qnashamiz", deydi iqlimshunos olim Erkin Abdulahatov.
Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida suv zaxiralari allaqachon 20–30 foizga kamaygan. Zaxiralarning yanada kamayishi qurg‘oqchilik kuchayib borishini anglatadi.
Mutaxassislar mintaqada cho‘llanish juda ham kuchli, daraxtzorlarning kamayib borayotgani, sug‘oriladigan yer maydonlarining ishdan chiqishi natijasida qurg‘oqchilik ko‘proq bo‘lishidan bong urishmoqda.
So‘nggi o‘n yilliklarda havo harorati oshishi bilan birga, yog‘ingarchilik me’yorlari ham o‘zgargan.
Uzoq muddatli yog‘insiz kunlar ketidan birdaniga nam havo oqimlarining kirib kelishi ortidan ko‘p miqdorda yomg‘ir yog‘ishi prognoz qilinmoqda.
Iqlim muammolari faqat qishloq joylarda emas, balki shaharlarda ham aniq ko‘rinadi.
Toshkent havosidagi zararli zarrachalar miqdori Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilagan me’yordan 6 barobar yuqori, deb aytildi.
Texnogen fojia Orol dengizining qurishi butun iqlim fojiasining yorqin misoli. Bugun u yerda suv o‘rnini chang va tuz egallagan. Mazkur holat nafaqat tabiat, balki inson salomatligi uchun ham katta xavfga aylanib bo‘lgan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Pomir tog‘laridagi tilsim

Surat manbasi, AFP
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi suvning aksar qismi Tojikistondan keladi. U yerdagi muzliklarda bo‘layotgan g‘ayrioddiy holat olimlarning e’tiboriga tushgan.
Dunyo bo‘ylab muzliklar eriyotgan bir paytda Sirdaryo hamda Amudaryoni suv bilan ta’minlovchi Pomir va Tyanshan tog‘laridagi ayrim muzliklar erimagan. Aksincha, ular kattarib borayotgani olimlarning nazariga tushdi. Ammo holat o‘zgara boshladimi?
Ushbu savollarga javob topish uchun bir guruh olimlar Tojikiston sharqidagi "Kon Chuqurboshi" muzligiga chiqishdi.
Ularga ko‘ra, Tojikiston sharqidagi ayrim muzliklar so‘nggi 25 yilda deyarli kichraymagan. Ayrimlari aksincha, kattargan. Erimay kelgan muzliklarning aniq soni ochiq manbalarda yo‘q. Olimlar "Qoraqurum anomaliyasi" deb atalmish bu hodisani jiddiy o‘rgana boshladi.
Pomir muzliklardan olingan namunalar laboratoriyalarda tahlil qilinib, ularning yoshi va xususiyati o‘rganiladi.
Biroq so‘nggi yillarda ushbu tilsimli muzliklarda ham erishlar kuzatila boshlagan.
"Ayni damda bu muzliklar ham dunyodagi boshqa muzliklar singari o‘z hajmini yo‘qota boshladi. Bu anomaliyaga yakun yasayaptimi, degan savolni paydo qiladi. Dunyoning qolgan nuqtalari kabi ular ham eriy boshlaydimi? Yoki ular yana tiklanishi va anomaliya uzoqroq davom etishi mumkinmi? Biz buni anglashni xohlaymiz", deydi muzshunos olim Evan Maylz.
Pomir va Tyanshandagi ayrim muzliklar erimayotgan bo‘lsa-da, umumiy manzarada bu mintaqada ham muzliklar eriy boshlagan.
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon mamlakatdagi 14 ming muzlikning qariyb 10 foizi butkul erib yo‘q bo‘lib ketganidan bong urgan.
Uning aytishicha, Tojikistondagi muzliklar Markaziy Osiyodagi 60 foiz suv zaxiralarining manbasi hisoblanadi.
Ularning yo‘q bo‘lishi mintaqa sug‘orish tizimiga jiddiy ta’sir qiladi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida ishlatadigan 70-80 foiz suvlar aynan Tyanshan va Pomir tog‘laridan boshlanadi. Qishloq xo‘jaligi bu muzliklarga bog‘liq.
Kasallik va holsizlik ko‘paygan…
O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi global ko‘rsatkichlardan ikki baravar tez yuz beryapti. Ta’bir joiz bo‘lsa, u front chizig‘ida. O‘zbekistonning dengizdan yiroq bo‘lgani ham, albatta, salbiy iqlimiy ahamiyatga ega. Mamlakatdagi o‘rtacha harorat oshishda davom etyapti va yana oshib borishi bashorat qilingan.
Iqlim o‘zgarishi quruq mavsumning uzayishiga, qor kam to‘planishiga va muzliklar ozayishiga, bug‘lanish oshishiga, qurg‘oqchilik tez-tez yuz berishiga yetaklagan.
Anomal issiqlik va qurg‘oqchilikning shiddati yog‘ingarchilikdagi o‘zgarishlar bilan qo‘shilib, yanada keskin hodisalarga sabab bo‘ladi, ya’ni jala yomg‘irlar, toshqinlar va yer ko‘chishlari ko‘payadi, deydi olimlar.
Bularni odamlar kundalik hayotda qanday his qilmoqda?
O‘zim Olmaliqda yashayman. Ekologiya juda ham yomon. Ba’zan gazlarni chiqarib yuboradi. Umuman chidab bo‘lmaydi. Onkologik kasalliklar ko‘payib ketyapti.
"O‘zim Olmaliqda yashayman. Ekologiya juda ham yomon. Ba’zan gazlarni chiqarib yuboradi. Umuman chidab bo‘lmaydi. Onkologik kasalliklar ko‘payib ketyapti. Bolalar va kattalarda allergik kasalliklar ko‘payyapti", deydi olmaliqlik ayol.
"Oldin bir tuman markazida 1, 2 ta dorixona bo‘lardi. Qishloqlarda bitta aptekacha bo‘lardi. Aptekachi zerikkanidan pashsha qo‘rib o‘tirardi. Hozir bolalardan boshlab to kattalargacha faqat dori ichishadi. O‘zim ham yonimda dori ko‘tarib yuraman, qand kasalligiga qarshi. Demak, tabiatda o‘zgarish katta bo‘lgan", deydi o‘rta yoshlardagi erkak.
BBC O‘zbek xizmatiga Toshkent markazida gapirgan boshqa odamlar ham iqlim o‘zgarishini o‘z va yaqinlari tanasida his qilishyotganini aytishdi.
Iqlim o‘zgarishini sekinlatishdagi eng katta mas’uliyat kimda?
O‘zbekiston ekologiya, atrof muhit va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2023 yil chiqargan hisobotida O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi natijasida jiddiy ta’sir ko‘rayotgan davlat sifatida tan olingan.
Bu bilan hukumat iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini rasman tan olgan.
Hisobotda aytilishicha, vaziyatni og‘irlashtirayotgan narsa inson omili. Odamlar atrof-muhitni ifloslantirib, iqlim o‘zgarishini yanada kuchaytirmoqda.
Shuningdek, unda keltirilishicha, O‘zbekistonda oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklardan o‘lish darajasi boshqa yerlarga qaraganda yuqori – 27 foiz.
Ya’ni insonlar issiq havodan nafas olmasa, issiq sharoitlarda ko‘p qolmasa yoki zararlangan mahsulotlarni iste’mol qilmasa sog‘lom qolishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligida ahvol qanday?

Surat manbasi, VYACHESLAV OSELEDKO via Getty Images
O‘zbekistonda issiqxona gazlarining eng katta manbai – energetika. Ikkinchi o‘rinda esa qishloq xo‘jaligi turadi, chunki qishloq xo‘jaligining mamlakat iqtisodida tutgan o‘rni katta.
Ammo, dasturxondagi nozi-ne’matlarni yetishtirish endi qiyinlashgan - suv tanqisligi, yer sifatining yomonlashishi, sho‘rlanish bunga ta’sir qilyapti.
"Qishloq xo‘jaligida suv zaxiralarining cheklanayotgani ayrim ekin turlarida kasalliklar avj ola boshlagani – qator sohalarda, ayniqsa, chorvachilikda ham ko‘rindi. Hali aniq raqam, aniq tadqiqot natijalari yo‘q, chunki O‘zbekistondagi ko‘lamini aniq, fundamental, ilmiy tadqiqi borasida tadqiqot olib borilayotganini men bilmayman", deydi Toshkentdan biolog olim Baxtiyor Rasulov.
Mutaxassisning aytishicha, ayrim joylardagi fermerlar suv kamayib ketganini o‘z tajribalarida seza boshlashgan. Oldin suv serob vaqtida paxta 4-5 marta sug‘orilgan bo‘lsa, yog‘ingarchilik va suvning kamayishi hisobiga g‘o‘zani sug‘orish ayrim hududlarda, aksariyat hollarda 1-2 martaga tushgan.
Natijada oziqlantirish kamayib, paxta navlarining hosili tushib ketmoqda, o‘simlik kasalliklari ko‘paymoqda.
"Men 2-3 ta tadqiqotda xulosa o‘qidim. Agar biz biologik dehqonchilik va organik dehqonchilikka o‘tadigan bo‘lsak havo haroratini mo‘’tadil tarzda saqlash imkoniyati mavjud ekan. Bizda organik dehqonchilikning dastlabki qadamlari, ilmi qilindi. Bu ham O‘zbekiston uchun yangi bir yechim hisoblanadi", deydi Baxtiyor Rasulov.
Olimning ta’kidlashicha, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi bilan kurashni hali boy bergani yo‘q.
"Xitoy deymizmi, Amerika deymizmi yoki boshqa mamlakatlar deymizmi, bu jarayonga hali hech kim 100 foiz yechim topgani yo‘q. Biz kech qoldik, deb aytolmayman. Agar yuqoridagi rahbarlar davra qilib, olimlarni chaqirib, nima ishlaringiz bor, qanday yechimlar qilingan, desa. Hamma institutlar yechim topgan-da. Hatto nano texnologiyaning bugungi yutuqlarini ham qishloq xo‘jaligiga tatbiq qilyapmiz. Masalan, yangi avlod nanobio stimulyatorlari bor, o‘simliklar uchun qo‘llanilyapti. Hasharotlarga qarshi kurashuvchi nano dorilar bor. Mikroorganizmlarga qarshi nanotexnologiyalar bor. Faqat bizda nima borligini bilishimiz kerak. Lekin yutqazdik deb aytolmayman, hali kurashish, yumshatish imkoniyati bor", deydi Baxtiyor Rasulov.












