Hukumatlar sirlari, yirik kuchlar rejalari: Dunyodagi eng kuchli kompyuter saqlanadigan maxfiy joyda

BBC’ning iqtisod tahririyati muharriri Faysal Islom Google’ning Santa-Barbaradagi inshootlaridan biri bilan tanishtirilmoqda.
Surat tagso‘zi, Faysal Islomga Google'ning Santa-Barbaradagi inshootlaridan biri ko‘rsatildi.
    • Author, Faysal Islom
    • Role, BBC’ning Iqtisodiy masalalar bo‘yicha muharriri
  • O'qilish vaqti: 6 daq

U oltin qandilga o‘xshaydi va uning ichida bizga ma’lum koinotdagi eng sovuq joy bor.

Men nafaqat dunyodagi eng kuchli kompyuterni, balki moliyaviy xavfsizlik, bitkoyn, davlat sirlari, jahon iqtisodiyoti va boshqa muhim sohalarda hal qiluvchi ahamiyatli texnologiyani ko‘rib turardim.

Kvant hisoblash XXI asrning qolgan qismida qaysi kompaniyalar va mamlakatlar g‘olib yoki mag‘lub bo‘lishini belgilab beradi.

Kaliforniyaning Santa-Barbara shahridagi Google'ga qarashli ob’ektdaman. Mening qarshimda havoda bir metr balandlikda "Willow" osilib turibdi. Ochig‘i, u men kutganimdan boshqacha ekan.

Unda hech qanday ekran yoki klaviatura yo‘q, golografik kameralar yoki miyani o‘qiydigan chiplar haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

"Willow" – yuzlab qora boshqaruv simlari bilan bog‘langan, neftь bochkasi o‘lchamidagi dumaloq disklar seriyasidir. Simlar suyuq geliy hammomi sovutgichiga tushgan. Bu sovutgich kvant mikrosxemasini mutlaq nol haroratdan (-273.15 °C) darajaning mingdan biri haroratida saqlab turadi.

U saksoninchi yillarni eslatadi, shunday tuyuladi, lekin agar kvantning salohiyati ro‘yobga chiqsa, qarshimdagi metall va simli meduzasimon tuzilma dunyoni ko‘p jihatdan o‘zgartiradi.

"Kvant sun’iy intellekti laboratoriyamizga xush kelibsiz", deydi Google'ning kvant sun’iy intellekti bo‘limi rahbari Hartmut Neven, biz yuqori darajada qo‘riqlanadigan eshikdan o‘tayotganimizda.

Neven afsonaviy shaxsga o‘xshaydi, qisman texnologik daho, qisman texno musiqa ishqibozi, u xuddi "Yonayotgan odam" musiqa festivalidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri snoubordda uchib kelgandek kiyingandi. U mazkur festival uchun san’at asarlari yaratadi. Ehtimol, parallel koinotda shunday qilgandir – bu haqda keyinroq.

Uning vazifasi nazariy fizikani "boshqachasiga hal qilib bo‘lmaydigan muammolarni yechish uchun" amalda ishlaydigan kvant kompyuterlariga aylantirishdir. U bu "qandillar" dunyodagi eng yaxshi ishlaydigani ekanini ta’kidlaydi.

Yuksak ilm-fanning maxfiy ma’badi

Suhbatimizning ko‘p qismi bu laboratoriyada tasvirga olinishi taqiqlangan narsalar haqida bo‘ldi. Ushbu muhim texnologiya maxfiylik, tijoriy va iqtisodiy ustunlik uchun poyga markazida turadi. Yangi tarkibiy qismlarning shaklidan tortib global ta’minot zanjiridagi kompaniyalargacha bo‘lgan har qanday kichik ustunlik potentsial foyda manbai hisoblanadi.

Bu yuksak ilm-fan ma’badida, uning dizayni va rangida Kaliforniya shukuhi bor. Har bir kvant kompyuteriga Yakushima yoki Mendosino kabi nomlar berilgan, ularning har biri zamonaviy san’at asariga chulg‘angan, yorqin qish quyoshi yoritgan devorlarga turli rasmlar ishlangan.

Neven Google'ning ikkita muhim bosqichdan o‘tgan eng so‘nggi kvant chipi "Willow"ni ko‘rsatadi. Uning aytishicha, bu kvant kompyuterlar klassik kompyuterlar bajara olmaydigan vazifalarni bajara olishi borasidagi bahslarga "bir martada va butkul" nuqta qo‘ydi.

"Willow" dunyodagi eng yaxshi kompyuterga 10 septillion yil, ya’ni trillionta trilliondan ko‘proq yil yoki oxirida 25 ta nol bo‘lgan, koinotning yoshidan ham ko‘proq vaqt talab qiladigan masalani bir necha daqiqada yechdi.

Ushbu nazariy natija yaqinda oddiy kompyuterlar uchun imkonsiz bo‘lgan "Kvant aks-sadolari" algoritmiga qo‘llandi, bu esa MRT mashinalarida qo‘llanadigan texnologiyadan molekulalar tuzilishini o‘rganishga yordam beradi.

Google’ning Willow kvant kompyuteri laboratoriya ichida yerdan taxminan bir metr balandlikda osilib turgan bronza barabanga tushib boradigan yuzlab qora boshqaruv simlari bilan bog‘langan, neftь bochkasi hajmidagi dumaloq disklar to‘plamidan iborat.

Neven ushbu "Willow" kvant chipidan "insoniyat hozirda duch kelayotgan ko‘plab muammolarni hal qilish" uchun foydalanilishiga ishonadi.

"Bu bizga dori-darmonlarni yanada samaraliroq kashf etish imkonini beradi, – deydi u. – U bizga oziq-ovqat ishlab chiqarishni yanada samaraliroq qilishga, energiya chiqarish, tashish va saqlashga... iqlim o‘zgarishi va inson ochligini hal qilishga yordam beradi."

"U bizga tabiatni yaxshiroq tushunish imkonini beradi, keyin esa barchamiz uchun hayotni yanada yoqimli qiladigan texnologiyalarni yaratish sirini ochadi", deydi u menga.

Ba’zi tadqiqotchilar haqiqiy Sun’iy intellektni faqat kvant yordamida yaratish mumkin deb hisoblaydi.

Bu yerdagi jamoa a’zolari yaqinda shu yerda ishlatiladigan "supero‘tkazuvchan kubitlar" bo‘yicha tadqiqotlari uchun Nobel mukofotini oldi.

"Willow" chipida 105 kubit bor. Microsoft'ning kvant kuchi 8 kubitga teng, ammo u boshqacha yondashuvdan foydalanadi. Butun dunyo bo‘ylab bosh maqsad kvant kimyosi va dori-darmon dizaynini xatosiz amalga oshiradigan "sanoat miqyosidagi mashina" uchun 1 million kubitga erishishdir. Texnologiya hali mo‘rt.

Bu yerda sodir bo‘layotgan voqealarni butun dunyo diqqat bilan kuzatmoqda. Milliy kvant texnologiyalari dasturlari strategiyasi bo‘yicha maslahat kengashi raisi, professor ser Piter Naytning aytishicha, "Willow" yangi poydevor yaratdi.

"Barcha mashinalar haqiqatan ham o‘yinchoq modellar bosqichida turibdi, ular xatolarga yo‘l qo‘yadi. Ular o‘z xatolarini tuzata olishi kerak. "Willow" birinchi bo‘lib xatolarni tuzatish mumkinligini ko‘rsatdi, bu esa tuzatishning takroriy bosqichlari orqali yaxshilanadi," deydi u.

Bu texnologiyani ilgari taxmin qilinganidek yigirma yil emas, balki yetti yoki sakkiz yil ichida trillion operatsiyani aniq bajara oladigan darajaga olib chiqadi.

Agar joriy asr birinchi choragi internetning, keyin esa Sun’iy intellektning yuksalishi bilan belgilangan bo‘lsa, keyingi 25 yil, shubhasiz, kvant davri boshlanishi bo‘ladi.

U qanday ishlaydi?

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Minglab yopiq tortmalardan birida yashirilgan tennis to‘pini topishni tasavvur qiling. Oddiy kompyuter ularni birin-ketin ochib chiqadi. Kvant kompyuteri esa barcha tortmalarni bir vaqtda ochadi. Boshqacha aytganda, odatdagi hisoblashda yuzta eshikni ochish uchun yuzta kalit kerak bo‘lsa, kvant texnologiyasi bitta kalit bilan yuzta eshikni bir zumda ochish imkonini beradi.

Bu mashinalar hammaga ham kerak bo‘lavermaydi. Ular telefonlarga, SI ko‘zoynaklarga yoki noutbuklarga aylanmaydi. Ammo bu kompyuterlarning quvvati eksponentsial tarzda o‘sib bormoqda va bu sohaga hamma qiziqish bildirmoqda.

Men Nvidia rahbari Jensen Huangdan bu o‘zgarishlar uning sun’iy intellekt uchun taklif qilayotgan maxsus chiplari bozoriga xavf tug‘diradimi, deb so‘radim. "Yo‘q, kelajakda kompyuterlarga kvant protsessori qo‘shiladi", deb javob berdi u.

Ushbu sohaning Buyuk Britaniyadagi yetakchilaridan biri kelajakda davlat sirlaridan tortib bitkoynlargacha bo‘lgan deyarli hamma narsani shifrdan yechish imkoniyati paydo bo‘lishini ta’kidladi.

Ser Piter shunday deydi: "Kvant hisoblash imkoniyati paydo bo‘lar ekan, barcha kriptovalyutalar ham qayta ko‘rib chiqilishi kerak bo‘ladi."

O‘tgan yili Nvidia'ning eng yirik hamkori bitkoynning hali bir necha yilga yetishini, ammo o‘n yillikning oxiriga borib texnologiya yanada kuchliroq blokcheynga o‘tishi kerakligini aytgan edi.

Texnologiya sanoati vakillari davlat idoralari dunyodagi barcha shifrlangan ma’lumotlarni kelajak avlodlar foydalanishi uchun saqlayotganini nazarda tutib, "hozir yig‘ing, keyinroq shifrdan chiqaring" iborasini ishlatadi.

Global poyga

So‘ng butun dunyo bo‘ylab poyga boshlanadi. Xitoyning yondashuvi AQSh va G‘arbdagi tijoriy poygadan tubdan farq qiladi.

Ser Piterning ta’kidlashicha, Xitoyda kvant texnologiyalariga ajratilgan 15 milliard dollar umumiy mablag‘ taxminan dunyodagi boshqa barcha davlat dasturlari darajasida bo‘lishi mumkin.

2022 yildan beri Xitoy boshqa mamlakatlarga qaraganda kvant bo‘yicha ko‘proq ilmiy maqolalar chop etdi. Bu harakatlarga Pan Jianvey ismli novator fizik rahbarlik qildi. Bu Pekinning 14-Besh yillik rejasining muhim qismi hisoblanadi.

Xitoy o‘zining Baidu va Alibaba kabi texnologiya kompaniyalarini kvant tadqiqotlarini rivojlantirishdan to‘xtatib, mutaxassislar va infratuzilmani davlat korxonasiga birlashtirishga qaror qilgan. Xitoy kvant kommunikatsiya va sun’iy yo‘ldoshlar bo‘yicha ustunlikka erishishga intilmoqda.

O‘tgan yili Pan xuddi shunday texnologiyadan foydalanib, biroq "Willow"nikidan farqli yondashuvda, Zuchongzi 3.0 kvant kompyuterini ishlab chiqdi va sinovdan o‘tkazdi, o‘xshash natijalarni e’lon qildi. Kuzda u tijoriy maqsadlarda foydalanishga topshirildi. Bular Ikkinchi jahon urushi davridagi dastlabki yadro qurolini yaratish bo‘yicha Manxetten loyihasi yoki XXI asrning kosmik poygasiga o‘xshab ketadi.

Buyuk Britaniya kvant tadqiqotlari uchun ilmiy markazlardan biri hisoblanadi. Supero‘tkazuvchan kubitlar bo‘yicha dastlabki tadqiqotlarni aynan britaniyalik olim olib borgan. Bu yerda o‘nlab kompaniyalar va ilg‘or tadqiqotlar mavjud. Yaqin haftalarda hukumat bu sohaga katta sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu iqtisodiyot, harbiy sanoat va geosiyosat uchun juda muhim. Buyuk Britaniyaning bu sohada uchinchi kuchga aylanishiga umid bor.

Parallel olamlar

"Willow" laboratoriyasida esa, ehtimol, yanada chuqurroq falsafiy savollar ko‘tarilmoqda. O‘tgan yili Neven "Willow"ning misli ko‘rilmagan tezligi ko‘p olamlar mavjudligi haqidagi ba’zi g‘oyalarni tasdiqlashi ehtimoli borligini aytdi. Uning bu qadar tezligini "Willow" o‘z hisoblash quvvati uchun parallel olamlarga murojaat qilgani bilan izohlash mumkin. Hamma olimlar ham bu fikrga qo‘shilmaydi.

"Hali ham qizg‘in munozaralar davom etmoqda, – deydi u menga. – Laboratoriyaga borganingizda ko‘rganingizdek, kvant kompyuterlarining bunchalik qudratli bo‘lishi sababi shundaki, bir soatlik sikl ichida u bir vaqtning o‘zida 2 ning 105-darajasiga teng kombinatsiyani bajarishi mumkin. Bu turli kombinatsiyalar qaerda bo‘lyapti, degan savolni tug‘diradi... Kvant mexanikasining bir versiyasi – ko‘p dunyolar haqida, parallel olamlar yoki parallel voqelik haqida o‘ylash kerak."

Neven ehtiyotkorlik bilan, "Willow" parallel dunyolar mavjudligini tasdiqlamaganini, ammo "bu g‘oyani jiddiy qabul qilishimiz kerakligiga ishora qilganini" ta’kidlaydi.

Bu texnologiya va taraqqiyotning hozircha eng yuqori nuqtasi bo‘lib, Britaniya hukumati tez orada "Willow" va xitoyliklarga yetib olish uchun yuz millionlab mablag‘ sarflaydi. Bu ilmiy fantastikaga o‘xshaydi. Biroq u iqtisodiy voqelikka tez aylanib bormoqda.