Nobel mukofoti Venesuela muxolifati rahbariga berildi — Tramp uni olishni juda xohlagan edi

Surat manbasi, Reuters
2025 yildagi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Venesuela muxolifati rahbari Mariya Korina Machadoga berildi.
AQSh prezidenti Donald Tramp bir necha bor bu mukofotga loyiq ekanini aytib kelayotgandi. Tramp Oq uydagi yangi muddati boshlangach, bir necha urushlarni to‘xtata olgani ta’kidlagan.
Nobel qo‘mitasi bayonotida aytilganidek, Machado "Venesuela xalqi uchun demokratik huquqlarni ilgari surish borasidagi tinmay olg‘a intilishi va diktaturadan demokratiyaga adolatli hamda tinch yo‘l bilan o‘tish uchun kurashi" tufayli mukofotga loyiq deb topilgan.
Mariya Korina Machado 2024 yildagi Venesuela prezidentlik saylovlarida muxolifatning yagona nomzodi sifatida ko‘rsatilgan edi, ammo hukumat uning nomzodini bloklagan.
U muxolifat praymerizlarida 90 foizdan ortiq ovoz to‘pladi va atrofida o‘zaro raqobatda bo‘lgan turli muxolifat partiyalarini birlashtira olgan.
Ammo praymerizlardan oldinroq Venesuela hukumati uni mamlakatga qarshi qo‘llangan sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, 15 yil davomida saylovlarda ishtirok etishni taqiqlagan.
Machado bu qaror ustidan shikoyat qildi, ammo Maduro tarafdorlaridan iborat Oliy sud uning shikoyatini rad etdi.
Nima uchun Tramp mukofotni olmadi?
"Ular menga hech qachon Nobel tinchlik mukofotini berishmaydi. Men unga arziyman, lekin baribir berishmaydi", — degan edi Tramp 2025 yil fevral oyida.
30 sentyabr kuni amerikalik generallar oldida chiqish qilganda u bu mavzuda yana to‘xtalib, "agar mukofot boshqa birovga berilsa, bu bizning mamlakat uchun katta haqorat bo‘ladi", deb aytdi.
Nobel qo‘mitasi vakili bu haqdagi savolga javob berar ekan, tashkilot o‘z qarorlarini "faqat Alfred Nobel ishlariga asoslaydi", deb ta’kidladi.
Trampning eng so‘nggi va ehtimol eng muhim diplomatik yutug‘i — Isroil va Hamas o‘rtasidagi otashkesimga erishish va garovdagi isroilliklarni qaytarish haqidagi kelishuv bo‘ldi. Bu hujjat chorshanba kuni imzolangan.
Biroq mutaxassislarga ko‘ra, Nobel qo‘mitasining oxirgi yig‘ilishi dushanba, ya’ni mazkur kelishuv e’lon qilinishidan oldin bo‘lib o‘tgan.
Reuters agentligi yozishicha, qo‘mita a’zolaridan biri, Nobel qo‘mitasi kotibi Kristian Berg Xarpviken "Tinchlik mukofoti "so‘nggi haftalar yoki oylarda qilingan ishlar uchun emas, balki 2024 yil va undan oldingi davrdagi faoliyat uchun beriladi", deb ta’kidlagan.
"Bu mukofot asosan 2024 yilda va undan oldin qilingan ishlarni qamrab oladi. So‘nggi haftalardagi yoki oylardagi ishlar uchun beriladigan mukofot emas", — degan Xarpviken norvegiyalik jamoat nashri NRKga.
Ayrim ekspertlar va nufuzli tashkilotlarning ta’kidlashicha, Trampning barcha siyosiy harakatlari Alfred Nobelning vasiyatida belgilangan tamoyillarga mos emas.
Oslodagi Tinchlik tadqiqotlari instituti direktori Nina Gregerning aytishicha, Trampning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqish, Parij iqlim kelishuvini tark etish va turli davlatlar bilan boj urushlarini boshlash haqidagi qarorlari Nobel vasiyatiga zid.
"Alfred Nobel vasiyatida uch asosiy yo‘nalish ta’kidlangan:
birinchisi — tinchlik sohasidagi xizmatlar, ya’ni tinchlik kelishuvlariga ko‘mak berish;
ikkinchisi — qurolsizlanishni ilgari surish;
uchinchisi — xalqaro hamkorlikni rivojlantirish", — deydi u Reuters nashriga.
O‘tmishda Nobel olganlar
Ilgari Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini to‘rt nafar AQSh prezidenti olgan:
Barak Obama (2009 yil), Jimmi Karter (2002 yil), Vudro Vilson (1919 yil) va Teodor Ruzvelt (1906 yil).
Karterdan tashqari, ularning barchasi mukofot olish paytida prezidentlik lavozimida bo‘lgan.
Obama mukofotni inauguratsiyasidan sakkiz oy o‘tib olgan — ya’ni u ayni paytda Tramp bo‘lgan holatda bo‘lgan.

Surat manbasi, Getty Images
So‘nggi yillarda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi bo‘lganlar:
2024: Yadroviy qurolsizlanish uchun harakat qilayotgan Nihon Hidankyo tashkiloti (Yaponiya)
2023: Nargis Muhammadiy (Eron)
2022: Ales Belyatskiy (Belarus), huquqni himoya qilish markazi "Memorial" (Rossiya), hamda Fuqarolik erkinliklari markazi (Ukraina)
2021: Dmitriy Muratov (Rossiya) va Mariya Ressa (Filippin)
2020: BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi
2019: Abiy Axmed Ali (Efiopiya)
2018: Denis Mukvege (Kongo Demokratik Respublikasi) va Nadya Murad (Iroq)
2017: Yadroviy qurolni yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro shirkat
2016: Xuan Manuel Santos (Kolumbiya)
2015: Tunis milliy yarashuv muzokaralari bo‘yicha vositachilar to‘rtligi
2014: Kaylash Satyarthi (Hindiston) va Malala Yusufzay (Pokiston)
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti nima?
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini Shvetsiya emas, balki Norvegiya Nobel qo‘mitasi topshiradigan yagona mukofot. Mukofot haqidagi qarorni besh nafar a’zodan iborat qo‘mita qabul qiladi.
Norvegiya qo‘mitasi qoidalariga ko‘ra, bu mukofotga har qanday inson nomzod qilib ko‘rsatilishi mumkin, ammo nomzodlarni ilgari surish huquqi faqat cheklangan toifadagi shaxslarga beriladi.
Nobel vasiyatida qayd etilgan uch asosiy mezonga ko‘ra nomzodlar baholanadi:
Qurolli kuchlar sonini qisqartirishga qo‘shgan hissasi,
Tinchlik muzokaralariga ko‘mak berishi,
Xalqlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlashi.
Qo‘mita ta’kidlashicha, so‘nggi 120 yil davomida Nobel belgilagan tushunchalar kengayib, zamonaviy ifodalar bilan boyitilgan. Ular orasida — xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, alohida shaxslar bilan birga tashkilotlarning ham tinchlikka qo‘shgan hissasini e’tirof etish, hamda inson huquqlarini himoya qilish kabi yo‘nalishlar ham bor.












