Hindistonlik musulmon: "Bangladeshga majburan chiqarib yuborishdi"

Shona Banu Bangladeshga chiqarib yuborilgan

Surat manbasi, Pritam Roy/BBC

Surat tagso‘zi, Shona Banu Bangladeshga chiqarib yuborilgan
    • Author, Arunoday Mukarji
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Hindistonning Assam shtatidagi Barpeta tumanida yashovchi 58 yoshli Shona Banu aytishicha, 25 may kuni uni mahalliy politsiyaga chaqirishgan. Keyin uni qo‘shni Bangladesh chegarasigacha olib borishgan. U yerda, taxminan 13 nafar boshqa odam bilan birga, majburan Bangladeshga o‘tkazib yuborishgan.

Nega bunday bo‘lganini unga hech kim tushuntirmagan. Ana shu uning eng katta qo‘rquvi edi – Banu xonim butun umri Assamda o‘tganini aytadi, ammo so‘nggi yillarda u o‘zini Hindiston fuqarosi ekanini isbotlash uchun rosa ovora bo‘lgan – uni "noqonuniy bangladeshlik muhojir" deb gumon qilishayotgandi.

"Ular menga qurol bilan tahdid qilishdi. Ikki kun ovqatsiz, suvsiz, tizzagacha suvda, chivin va zuluklar orasida qoldim," deydi Banu xonim ko‘z yoshlarini artib.

Uning aytishicha, ikki kun "hech kimniki bo‘lmagan yer"da – Hindiston va Bangladesh orasidagi neytral hududda qolganidan keyin, uni Bangladesh tomonda joylashgan eski qamoqxonaga o‘xshash joyga olib ketishgan.

Aloqador mavzular:

U yerda ham ikki kun qolganidan so‘ng, Bangladesh rasmiysi uni va yana bir necha kishini Hindiston chegarasiga qaytarib olib borgan. U yerda hind rasmiysi kutib olib, ularni uyiga jo‘natgan.

Banu nega chiqarib yuborilib, keyin yana qaytarilganini o‘zi ham tushunmaydi. Ammo u bilan birga yana bir necha odamga shunday muomala qilingan. So‘nggi paytlarda Assamda ilgari chet ellik deb topilgan odamlarga qarshi qattiq nazorat boshlangan – ularni "noqonuniy bangladeshlik" deb, chegaraga olib borib, shunchaki o‘tkazib yuborishmoqda.

Bi-bi-si kamida olti oilaning yaqinlari shunday holatda olib ketilganini aniqladi – ularning barchasi musulmonlar. Ba’zilari hali ham Bangladeshda qolayotgan bo‘lishi mumkin.

odamlar

Surat manbasi, Alahi Shahriar Nazim/BBC

Hindiston rasmiylari bu borada hech qanday izoh bermadi.

Hindiston va Bangladesh o‘rtasida 4,000 km dan ortiq chegara bor, va u joylarda nazorat kuchli bo‘lsa-da, ayrim qismlari orqali o‘tish nisbatan oson. Shuning uchun bu yo‘nalishda noqonuniy o‘tishlar bo‘lib turadi. Lekin hech qanday sud yoki rasmiy jarayonsiz odamlarni uyidan olib chiqib, boshqa davlatga majburan chiqarib yuborish juda kam uchraydigan holat.

Rasmiylar bu safar nechta odam chiqarilganini aytmagan. Lekin Bangladeshdagi manbalarga ko‘ra, may oyining o‘zida 1,200 dan ortiq odam Hindiston tomonidan noqonuniy ravishda o‘tkazilgan. Ularning 100 nafari aslida Hindiston fuqarosi ekan, shuning uchun Bangladesh ularni qaytarib yuborgan.

Bangladesh esa bu holatlar oldini olish uchun chegaradagi nazoratni kuchaytirganini bildirgan. Hindiston esa bu haqda hanuz sukut saqlamoqda.

So‘nggi reydlarda faqat Assamdagilar emas, balki boshqa shtatlarda yashayotgan rohinja musulmonlari ham nishonga olingan. Ammo eng keskin holatlar aynan Assamda bo‘lmoqda. Bu yerda fuqarolik va milliylik masalalari doim siyosat markazida bo‘lgan.

Alahi Shahriar Nazim/BBC
Ular menga qurol bilan tahdid qilishdi. Ikki kun ovqatsiz, suvsiz, tizzagacha suvda, chivin va zuluklar orasida qoldim.
58 yoshli Shona Banu
Hindistonlik musulmon (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Assamning Bangladeshdan kelgan muhojirlar bilan tarixi uzun. Kimdir urushdan, kimdir ish qidirib kelgan. Ammo bu migratsiya jarayonlari mahalliy aholida xavotir uyg‘otgan – aholi soni ortib, ish o‘rinlari kamayib ketadi degan qo‘rquv bor.

Hozir hokimiyatda bo‘lgan Bharatiya Janata partiyasi (BJP) esa bu masalani butunlay hal qilishni va’da qilib keladi. Shuning uchun ular Milliy Fuqarolar Ro‘yxatini (NRC) asosiy siyosiy ustuvorlikka aylantirishgan.

Ushbu ro‘yxatga 1971 yil 24 martgacha – Bangladesh o‘zini Hindistondan mustaqil deb e’lon qilgunga qadar Assamga kelganini isbotlay olganlar kiritiladi. 2019 yilda ro‘yxatning yakuniy shakli e’lon qilindi va deyarli 2 million odam undan tushib qolgan. Ularning ba’zilari qamoq lagerlariga tushdi, boshqalari sudlarga murojaat qilishdi.

67 yoshli ayol Malika Xotun Assamning Barpeta tumanidan bo‘lgan, hozir Bangladeshda

Surat manbasi, Alahi Shahriar Nazim/BBC

Surat tagso‘zi, 67 yoshli Malika Xotun Assamning Barpeta tumanidan bo‘lgan, hozir Bangladeshda

Banu xonim ham shundaylar safida. Uning aytishicha, ishi hali Oliy sudda ko‘rib chiqilmoqda, lekin shunga qaramay, uni chiqib ketishga majbur qilishgan.

Bi-bi-siga shunga o‘xshagan yana kamida olti kishining hikoyasini aytib berishdi – barchasi musulmon, barchasining oilalari Hindistonda avlodlar davomida yashab kelgan, kerakli hujjatlari bo‘lgan. Ammo baribir ular ham olib ketilgan. Ulardan to‘rttasi hozir uyiga qaytgan, ammo nima uchun bunday bo‘lgani hali hanuz tushunarsiz.

32 millionlik Assam aholisining uchdan bir qismini musulmonlar tashkil qiladi. Ularning ko‘pchiligi esa Britaniya mustamlakasi davrida bu yerlarga ko‘chib kelganlarning avlodlaridir.

67 yoshli ayol Malika Xotun Assamning Barpeta tumanidan bo‘lgan, hozir Bangladeshda, mahalliy bir oila vaqtinchalik boshpana beribdi.

"Bu yerda men yolg‘izman," deydi u ko‘zlari yoshga to‘lib. Oilasi u bilan aloqa o‘rnatgan, lekin uni qachon va qanday qilib uyga qaytarish mumkinligini hali bilishmaydi. U xorijlik deb topilganlar sudida (Foreigners Tribunal) va shtatning oliy sudida yutqazgan, Hindiston Oliy sudiga esa shikoyat qilmagan.

Bu voqealar boshlangandan bir necha kun o‘tib, Assam bosh vaziri Himanta Bisva Sharma fevral oyida Oliy sud chiqargan qarorni tilga oldi – unda hukumat xorijlik deb topilgan, qamoqda saqlanayotgan odamlarga nisbatan deportatsiyani boshlashi kerakligi aytilgan edi.

"Sudga murojaat qilmagan, lekin xorijlik deb topilganlarni biz chiqarib yuboryapmiz," dedi Sharma. U, shuningdek, sudi hali davom etayotganlarga tegilmayotganini ham iddao qildi.

Ammo ko‘plab fuqarolik ishlari bo‘yicha ishlayotgan advokat Abdur Razzoq Bhuiyan fikricha, so‘nggi holatlarda sudning belgilangan tartib-qoidalari, ayniqsa, Hindiston va Bangladesh o‘rtasida muvofiqlashtirilishi kerakligi umuman inobatga olinmagan.

"Bu bo‘layotgan narsa – atay sud qarorini noto‘g‘ri talqin qilish," deydi u.

Bhuiyan yaqinda bir talabalar tashkiloti nomidan Oliy sudga ariza topshirdi. Ular bu holatni "odamlarni zo‘ravonlik bilan, noqonuniy chiqarib yuborish siyosati" deb atashdi. Ammo sud arizani avval Assam oliy sudida ko‘rib chiqishni buyurdi.

Sanjima Begum hujjatlar bilan

Surat manbasi, Aamir Peerzada/BBC

Surat tagso‘zi, Sanjima Begum hujjatlar bilan

Morigaon tumanida, Barpetadan 167 km uzoqlikda, Rita Xonum stol yonida o‘tiribdi. Stol ustida hujjatlar yotibdi.

Uning eri, 51 yoshli maktab o‘qituvchisi Xayrul Islom, aynan Shona Banu bilan birga olib ketilgan guruhda bo‘lgan. 2016 yilda tribunal uni xorijlik deb topgan va u ikki yilgacha qamoq markazida saqlangan. Keyinroq qo‘yib yuborilgan. Uning ishi ham hozirda Oliy sudda ko‘rib chiqilmoqda.

"Mana har bir hujjat – erim hind fuqarosi ekani isboti," deydi Rita Xonum, erining maktab bitiruv guvohnomasi va yer hujjatlarini ko‘rsatib. "Lekin bu ham hukumatga yetarli bo‘lmadi."

Uning aytishicha, erining otasi ham, bobosi ham Hindistonda tug‘ilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Lekin 23 may kuni politsiya ularning uyiga kelib, hech qanday tushuntirishsiz Xayrul Islomni olib ketgan. Faqat bir necha kundan so‘ng, bir bangladeshlik jurnalist uni "hech kimniki bo‘lmagan hudud"da intervyu qilgan video internetda tarqagach, oila uni qaerda ekanini bilgan.

Xuddi Shona Banu singari, Xayrul Islom ham Hindistonga qaytarilgan.

Oilasi uning qaytganini tasdiqladi, lekin politsiya esa Bi-bi-siga "uning kelgani haqida bizda hech qanday ma’lumot yo‘q" dedi.

Sanjima Begum ishonch bilan aytishicha, otasi Abdul Latif xorijlik deb boshqa odam bilan adashtirib chiqarilgan – u ham aynan o‘sha kuni, Xayrul Islom bilan birga olib ketilgan.

"Mening otamning ismi Abdul Latif, bobomning ismi esa Abdul Subhon. Lekin tribunaldan chiqqan bildirishnomada «Abdul Latif Shukur Ali o‘g‘li» deb yozilgan. Bu bizning bobomiz emas, men bu odamni umuman tanimayman," deydi Sanjima Begum. U otasining fuqaroligini isbotlovchi barcha kerakli hujjatlari borligini aytadi.

Ularning aytishicha, Abdul Latif hozirda Assamga qaytgan, lekin hali uyga yetib kelmagan.

Ba’zilari uyiga qaytgan bo‘lsa-da, yana istalgan vaqtda olib ketilishidan qo‘rqishyapti.

"Biz o‘yinchoq emasmiz, – deydi Sanjima Begum. – Bu odamlar tirik jonlar – ularni xohlaganingday uloqtirib bo‘lmaydi."