Yangi halokat yoki ekologik toza texnologiya asli afsonami?

A treated image of a wide shot of Salar de Atacama, Chile
Yangi halokat yoki ekologik toza texnologiya asli afsonami?
    • Author, Ione Uells
    • Role, Tashqi muxbir, Chili
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Rakel Selina Rodriges Chilining Atakama tuz tekisliklarida joylashgan Vega-de-Tiloposo hududidan yurib o‘tadi.

Bu hudud ilgari yer osti buloqlari bilan to‘yingan botqoq yerlar edi. Ammo hozir u qurib, qatqaloq bo‘lib ketgan.

Rodriges ko‘rsatayotgan chuqurlar esa bir paytlar mavjud bo‘lgan suv havzalarining o‘rni.

Aloqador mavzular

"Ilgari, Vega yam-yashil edi, – deydi u. – O‘tlar qalinligidan hayvonlarni ko‘rmas edik. Hozir hammasi qurib bitdi, – deb yaqinida o‘tlab yurgan lamalarga ishora qiladi.

Uning oilasi bu hududda necha avloddan beri qo‘y boqib keladi.

Ammo iqlim o‘zgarishi va yomg‘ir kamayishi sababli o‘t o‘sishi tobora qiyinlashgan.

Bundan tashqari, Rodriges ta’kidlashicha, litiy kompaniyalari suvni olib keta boshlaganlaridan beri vaziyat yanada battarlashgan.

Atakama cho‘lidagi sho‘r yerlar ostida dunyodagi eng yirik litiy zaxiralari joylashgan.

Bu yumshoq, kumushsimon metall – elektromobillar, noutbuklar va quyosh energiyasini saqlovchi akkumulyatorlar uchun muhim xomashyo hisoblanadi.

Rakel Selina Rodriges reportyor Ione Uelssga ahvolni tushuntirib berayapti

Surat manbasi, Ben Derico/BBC

Surat tagso‘zi, Rakelning ota-bobolari uzoq vaqtdan beri Chilining Atakama tuz tekisliklarida qo‘y boqib kelganlar. Hozirga kelib hamma narsa qurib qoldi, deydi u

Dunyo barqaror energiya manbalariga o‘tish jarayonida ekan, litiyga bo‘lgan talab keskin oshib borayapti.

Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda jahonda 95 000 tonna litiy ishlatilgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 205 000 tonnaga yetgan.

2040 yilda esa talab 900 000 tonnagacha ortishi kutilmoqda.

Bu o‘sish, asosan, elektr transport vositalari uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarishga bo‘lgan talab bilan bog‘liq.

Biroq mahalliy aholi aytishicha, bu rivojlanish ular uchun ekologik to‘lovlar bilan kelmoqda.

Shu bois, savol tug‘iladi: dunyo uglerod chiqindilarini kamaytirishga urinayotgan bir paytda, yangi ekologik muammolarga yo‘l ochmayapmizmi?

Qurib borayotgan tabiat: o‘simliklar, flamingolar va lagunalar

Chili – dunyodagi ikkinchi yirik litiy ishlab chiqaruvchi mamlakat (Avstraliyadan keyin).

2023 yilda hukumat "Milliy litiy strategiyasi"ni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, sanoat qisman davlat tasarrufiga o‘tkazilib, xususiy investitsiyalar jalb etilayapti.

Moliya vaziri ma’lum qilishicha, ishlab chiqarish 2030 yilgacha 70% gacha oshirilishi mumkin.

Joriy yilda esa bu yo‘nalishda muhim qadam qo‘yildi: SQM va davlat kompaniyasi Codelco hamkorligidagi qo‘shma loyiha kamida yiliga 2,5 million tonna litiy metall ekvivalenti olish uchun ruxsatnoma oldi.

Unda ishlab chiqarishni 2060 yilgacha davom ettirish ko‘zlangan.

Hukumat bu rejalarni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va davlat byudjeti uchun daromad manbai sifatida ko‘rsatmoqda.

Chilining suvsiz qaqrab qolgan tekisligi

Surat manbasi, Ben Derico/BBC

Surat tagso‘zi, Litiy olish juda ko‘p suv sarflashni talab qiladi. Hudud esa allaqachon qurg‘oqchilikdan aziyat chekayapti

Biroq mutaxassislar aytishicha, litiy ishlab chiqarish jarayoni katta miqdorda suv talab qiladi – ayniqsa qurg‘oqchilikka moyil Atakama mintaqasida.

Bu yerda kompaniyalar sho‘r yerlar ostidagi mineral tuzlarni yer yuziga chiqarib, quyoshda bug‘latib litiy oladilar.

Faviola Gonsales – biolog.

Surat manbasi, Ben Derico/BBC

Surat tagso‘zi, Faviola Gonsales – biolog. U muhitdagi o‘zgarishlarni kuzatib boradi.

Faviola Gonsales – tub joy aholi vakili, biolog.

U Atakama cho‘li markazidagi Los-Flamenkos milliy qo‘riqxonasida ishlaydi.

Bu hududda keng sho‘rxok yerlar, botqoqlar va ko‘llar bor, 185 turdagi qushlarga vatan.

U muhitdagi o‘zgarishlarni kuzatib boradi.

"Bu yerdagi ko‘llar hozir kichraygan, – deydi u. – Flamingolarning ko‘payish ko‘rsatkichi pasaygan».

Uning aytishicha, litiy konchiligi bu suvlarda yashovchi mikroorganizmlarga ta’sir ko‘rsatmoqda, butun ozuqa zanjirini zararlamoqda.

U 14 yil deganda ilk bor flamingo jo‘jalari ochib chiqqan nuqtani ko‘rsatadi.

Buni u 2021 yilda suv olish darajasi biroz kamaygani bilan bog‘laydi, ammo «bu faqat kichik bir yutuq», deydi.

«Ilgari juda ko‘p edi. Hozir juda kam».

Chili Atakama cho‘li ustida uchib borayotgan flamingolar

Surat manbasi, Lucas Aguayo Araos/Anadolu Agency via Getty Images

Surat tagso‘zi, Ko‘llar kichrayib borayapti, flamingolar tug‘ilishi ham kamaymoqda

And tog‘laridan kelayotgan mineralga boy yer osti suvlari «juda qadimiy» va o‘rni juda sekin to‘ladi.

«Agar biz juda ko‘p suvni olayotgan bo‘lsak va suv kam kelayotgan bo‘lsa, demak, Salar de Atakamani tiklash imkoni kamaymoqda», deb tushuntiradi u.

Ayrim hududlarda o‘simliklarga zarar yetgani ham qayd etilgan. AQShda joylashgan Tabiiy resurslarni himoya qilish kengashi (NRDC) 2022 yilda e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Chilining SQM kompaniyasi faoliyat olib boradigan sho‘rxok hududda mahalliy "algarrobo" (yoki karob) daraxtlarining qariyb uchdan bir qismi 2013 yilga kelib konchilik ta’sirida quriy boshlagan.

Ammo bunday holatlar faqat Chilida emas. 2022 yilda NRDC uchun tayyorlagan hisobotida Kaliforniya shtat politexnika universiteti dotsenti Jeyms J. A. Bler litiy qazib olish «ekologik charchoq» holatlariga sabab bo‘layotganini va bu «o‘simliklar, hayvonlar va insonlar uchun toza ichimlik suvi imkoniyatlarini kamaytirishi mumkin»ligini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, u bu kabi ta’sirlarni tasdiqlaydigan aniq dalillarni topish oson emasligini ham tan olgan.

Zararni kamaytirish

Albatta, konchilikning atrof-muhitga ta’siri muqarrar. Germaniyada faoliyat yurituvchi siyosatshunos professor Karen Smit Shtegen shunday deydi: «Salbiy ta’sirsiz konchilikni tasavvur etib bo‘lmaydi».

Muammo konchilar bu zararni kamaytiradimi yoki yo‘q, ana shunda.

«Kon kompaniyalari avvaldan mahalliy jamoalarni jarayonga jalb etishi kerak edi», deydi u.

Masalan, litiy qazib olishdan avval, ijtimoiy ta’sir tahlillari o‘tkazilishi lozim edi – bu tekshiruvlarda suv, tabiat va mahalliy aholiga bo‘ladigan ta’sir baholanadi.

Litiy koni maydoni

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Litiyni yer ustiga chiqarish yer ostiga juda ko‘p haydashni talab qiladi

Kompaniyalar bugun «jamoalarni eshitish»ini aytmoqda. Chilida SQM yetakchi kompaniyalardan biri sanaladi.

Antofagastadagi zavodda SQMning Litiy bo‘limi barqaror rivojlanish bo‘yicha rahbar o‘rinbosari Valentin Barrera kompaniya jamoalar bilan hamkorlikda ishlayotgani, ularning xavotirlarini tinglayotgani va ekologik tahlillar o‘tkazilayotganini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, Chili va dunyo miqyosida «energetik o‘zgarishlar» uchun yanada ko‘proq litiy kerak.

Kompaniya bugun yangi texnologiyalarni sinab ko‘rmoqda – bu usullar sho‘r suvni parlatish havzalarisiz qayta ishlash va bug‘langan suvni qaytarib yerga singdirishdan iborat.

«Maqsad ishlab chiqarishni oshirish bilan birga sho‘r suv sarfini kamida 50%ga kamaytirish», deydi Barrera. Uning ta’kidlashicha, faqat Antofagastada «1 million kub metrdan ortiq suv qayta tiklangan». Bu texnologiya 2031 yildan keng joriy etilishi rejalashtirilgan.

Valentin Barrera Chilining SQM shirkatining xodimi

Surat manbasi, Ben Derico/BBC

Surat tagso‘zi, Valentin Barrera Chilining SQM shirkatida ishlaydi. U, mahalliy yashovchilarning xavotirini yaxshi tushunamiz va shirkatimiz mahalliy aholi vakillari bilan ishlayapti, deydi

Biroq mahalliy aholi ishonmaydi. «Atakama havzasi tajriba maydoniga aylantirilmoqda», deydi Faviola.

Uning fikricha, yangi texnologiyalar sho‘r yerlarga qanday ta’sir qilishi noma’lum. «Biz shunchaki laboratoriya bo‘lib qolayapmiz», deya qo‘shimcha qiladi u.

Rakel bilan bir jamoada yashovchi, chorvador Sara Plaza esa ancha tashvishda. U suv sathining 2005 yillardan pasayishini eslaydi. «Lekin kompaniyalar suv olishni hech to‘xtatmadi», deydi u.

Landscape in the Vega with grass and some animals grazing in the distance

Surat manbasi, Ben Derico/BBC

Surat tagso‘zi, Kompaniyalar bizga oz pul beradi, lekin men puldan ko‘ra tabiat bag‘rida suv bilan yashashni afzal bilaman", deydi Sara.

Sara ko‘zida yosh bilan gapiradi:

"Bir kun kelib litiy tugaydi. Konlar yopiladi. Lekin suvsiz, dehqonchiliksiz odamlar qanday yashaydi?

Men ko‘rmasman, lekin bolalarimiz, nabiralarimiz ko‘radi.

Kompaniyalar bizga oz pul beradi, lekin men puldan ko‘ra tabiat bag‘rida suv bilan yashashni afzal bilaman".

Suv tanqisligi oqibati

«Suv yetishmovchiligi tufayli ichimlik suvi, elektr ta’minoti va tozalash tizimlarimizni tubdan o‘zgartirishga majbur bo‘ldik», deydi Sara va Rakel yashayotgan Peyne jamoasi yetakchisi Serxio Kubilos.

Uning aytishicha, 1980-yillardan beri kompaniyalar har soniyada yuzlab litr suv va sho‘r suvni so‘rib olmoqda.

"Barcha qarorlar Santyagoda, juda uzoqda qabul qilinadi", deydi u.

Agar prezident iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashmoqchi bo‘lsa, u holda «ming yillardan beri bu zaminda yashab kelayotgan mahalliy aholini eshitishi» kerak.

Serxio litiy yangicha energiya uchun muhimligini tan oladi.

Biroq uning jamoasi zarariga emas.

Chilining Atakama cho‘lidagi litiy koni

Surat manbasi, Lucas Aguayo Araos/Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Chili Avstraliyadan keyin jahonning ikkinchi yirik litiy ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi

U texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi, ammo:

«Bu Santyagoda emas, aynan bu yerda – joyida amalga oshirilishi kerak», deydi.

Chili hukumati esa mahalliy jamoalar bilan muloqot «davom etib kelayotganini» va Codelco-SQM shartnomalarida suv, texnologiya va jamoa manfaatlarini himoya qilish ko‘zda tutilganini bildirgan.

Serxio Kubillos Ione Uells bilan suhbatlashayapti

Surat manbasi, Ben Derico/BBC

Surat tagso‘zi, "Bu Santyagoda emas, aynan bu yerda – joyida amalga oshirilishi kerak", deydi Serxio

Ular litiyning energetikadagi roli tufayli iqtisodiy imkoniyatlar ochilishini aytishgan.

Biroq Serxio bu hududlar «tajriba maydoni» bo‘layotganini ta’kidlashdan to‘xtamaydi.

Agar yangi texnologiyalar salbiy ta’sir ko‘rsatsa, «Peyne unutilib ketmasligi uchun, biz bor kuchimizni bu ishlarni to‘xtatishga safarbar qilamiz», deydi u.

Global dilemmaning bir qismi

Iqtibos

Surat manbasi, .

Atakama sho‘rhok dashti – butun insoniyat yuzma-yuz kelayotgan global muammoning yorqin namunasi. Iqlim o‘zgarishi qurg‘oqchilik va ob-havo sharoitlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Ammo bu muammoni hal qilish uchun qo‘llanayotgan yechimlardan biri – mahalliy aholi fikriga ko‘ra – aynan shu muammoni yanada avj oldirmoqda.

Litiy qazib olishni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘p hollarda bir xil da’voni ilgari suradi: tabiatga zarar yetkazsa ham, u ish o‘rinlari yaratadi va iqtisodiy daromad orqali katta foyda keltiradi.

Atakama cho‘lining bugungi ko‘rinishi

Surat manbasi, Lucas Aguayo Araos/Anadolu Agency via Getty Images

Surat tagso‘zi, Atakama cho‘lida bugun yuz berayotgan holat global dilemma va bahsning muhokama mavzusidir

Santyagodagi iLiMarkets litiy konsalting kompaniyasidan Daniel Ximenes bu fikrni yanada kuchliroq ifodalaydi.

Uning da’vosicha, mahalliy jamoalar muammoni bo‘rttirmoqda va shu orqali to‘lov talab qilishmoqchi.

«Barchasi pul masalasi, – deya ta’kidlaydi u. – Kompaniyalar yo‘llar, maktablar qurilishi va ta’miri uchun katta mablag‘ sarflagan, ammo jamoalarning shikoyatlari tagi pulga borib taqaladi».

Uzoqdagi panorama manzarada ko‘rinib turgan qushlar

Surat manbasi, Ben Derico/BBC

Surat tagso‘zi, 'Bizning muqaddas qushlarimiz yo‘qolib borayapti', deydi Faviola

Biroq professor Shtegen bu fikrni ishonchli deb hisoblamaydi. «Kon kompaniyalari doimo: "Ko‘proq ish o‘rinlari bo‘ladi, ko‘proq daromad olasizlar", deb va’da beradi», deydi u.

«Ammo bu ko‘plab mahalliy xalqlar uchun asosiy masala emas. Aksincha, bu kabi o‘zgarishlar ularning an’anaviy iqtisodiy turmush tarzini buzishi, uy-joy narxlarini oshirishi va ijtimoiy muvozanatni izdan chiqarishi mumkin. Ish o‘rinlari – ular uchun hamma narsa emas».

Chilida men suhbatlashgan mahalliy odamlar ko‘proq pul talab qilishlarini aytmadi. Ular iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar ko‘rilishiga qarshi emas. Ular faqat bir savolni o‘rtaga tashlamoqda: nega buning bahosini aynan biz to‘lashimiz kerak?

«Menimcha, shaharlar uchun litiy manfaatli bo‘lishi mumkin, – deydi Rakel. – Lekin u bizga ham zarar keltirmoqda. Biz bu yerda avvalgi hayot tarzimizni yo‘qotdik».

Faviola esa shunchaki elektrlashtirishni iqlim muammosining yagona yechimi deb hisoblamaydi.

«Emissiyani kamaytirishimiz kerak, – deydi u. – Qo‘shma Shtatlar va Yevropada odamlar biz – Janubiy Amerikadagi mahalliy xalqlar bilan solishtirganda ancha ko‘p energiya sarflaydi».

«Elektromobillar kim uchun? Yevropaliklar va amerikaliklar uchun. Biz uchun emas. Bizning uglerod emissiyamiz ancha kichik».

«Lekin suvimiz olib qo‘yilmoqda. Muqaddas deb bilgan qushlarimiz yo‘qolib bormoqda».

Maqoladagi dastlabki surat mualliflik huquqi Getty Images ga tegishli. Maqolani tayyorlashda Jorj Vrayt ko‘maklashgan