O‘zbekiston: Toshkentda perekis vodorod moddasi ochiq havoga tarqab ketdi - so‘nggi tafsilotlar. Video

Surat manbasi, ijtimoiy tarmoq
Bugun, 21 iyul kuni tongda poytaxtning Olmazor tumanidagi omborxonalardan birida perekis vodorod moddasi ochiq havoga sizib chiqqan. U qancha joyga yetib borgani yoki qamrab olgani, hodisa oqibatida zararlanganlar yoki jarohatlanganlar bor-yo‘qligi yuzasidan halicha aniq ma’lumot yo‘q.
Biroq, tarmoqlarda tarqalgan va ayni hodisa yuz bergan hududda joylashganligi iddao etilayotgan ko‘chalarda qator "Tez yordam" mashinalarining harakatini ko‘rish mumkin.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
21 iyul kuni erta tongda Toshkent shahar FVBga tumanning Uzumbog‘ ko‘chasida havodan oltingugurt hidi kelayotgani haqida xabar kelib tushgan.
"Bugun, Toshkent shahar FVBga Olmazor tumani, Uzumbog‘ ko‘chasida havodan oltin gugurt hidi kelayotganligi haqida xabar kelib tushdi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda ham bu xabarlar keng tarqaldi. Xabarga asosan, zudlik bilan Toshkent shahar FVBning Radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik himoya bo‘limlari aytilgan manzilga yetib bordi," – deyiladi vazirlik axborot xizmatining Telegram sahifasida.
Rasmiylarga ko‘ra, havoga tarqalgan zaharli modda 04:00 da to‘xtatilgan.
Ammo bu vaqtda Toshkentda havo ifloslanishining "zararli" va "juda zararli" darajasi qayd etilgan.
Perekis vodorod moddasi havoga sizib chiqqan hududda joylashgani aytilayotgan ko‘chalarda bir nechta tez yordam mashinalarining harakatlanayotganini ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda atrofni tumanga o‘xshash quyuq tutun qoplagani aks etgan videolar tarqaldi. Perekis vodorod moddasi havoga sizib chiqqan hududda joylashgani aytilayotgan ko‘chalarda bir nechta tez yordam mashinalarining harakatlanayotganini ko‘rish mumkin.
Biroq, vazirlik hodisa oqibatida zararlanganlar yoki jarohatlanganlarning bor-yo‘qligiga halicha oydinlik kiritmadi.
BBC O‘zbek xizmati ayni masalada, vazirlik axborot xizmati bilan bog‘landi. Ammo maqola nashrga tayyorlanayotgan muddatda hodisaga aloqador savollar yuzasidan javob olishga muvaffaq bo‘lmadi.
Tashkilotning rasmiy Telegram sahifasida holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani va qo‘shimcha ma’lumotlar ayni izlanishlar yakunlangach taqdim etilishi aytiladi.

Surat manbasi, Air Monitoring Tashkent
Vodorod peroksid yoki perekis vodorod nimasi bilan xavfli?
Kimyoviy formulasi H₂O₂ ning turli nomlari bor: perekis vodorod, vodorod peroksid, pergidrol, gidroperoksid, dioksid vodorod.
U noorganik kimyoviy modda.
Vodorod peroksidining bug‘lari nafas yo‘llarini qitiqlaydi, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘ini keltirib chiqarishi mumkin.
Ko‘z va teri bilan kontakt qilganda tirnash, hatto kuyishga o‘xshash alomatlar kuzatiladi.
Ammo yuz bergan voqea sabab, tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan fuqarolar borligi yoki yo‘qligi haqida hozircha rasmiy ma’lumotlar ko‘zga tashlanmaydi.
Perekis vodorod sizib chiqqani aytilayotgan omborxonaning qay bir tashkilotga tegishli ekani, u yerda aynan nimalar saqlanishi, sig‘imi, aholi turar-joy mavze’siga qanchalik yaqin joylashgani va hodisa sababi borasida ham maqola chop etilayotgan soatlarda ishonchli xabarlar imkonsiz.
BBC omborxona bilan bog‘liq xabar tafsilotlarini o‘rganish va kuzatishda davom etmoqda.
Bundan bir necha kun oldin, 19 iyul kuni tongda esa Navoiy shahri hududini changsimon tutun qoplagan edi.
Xuddi shunday holat 13 iyulda ham kuzatilgandi. Aholi orasida bu vaziyat "Navoiyazot" AJ faoliyati bilan bog‘liq degan xabarlar tarqalgan.
Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi ham havoning ifloslanishida ushbu korxonani aybdor deb topgan.
Biroq, korxona hududga kirib kelgan tutun oqimi boshqa yo‘nalishdan ekanligini aks ettiruvchi video tasvirlarni ommaga e’lon qilib, ayni ayblovni rad etgan edi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida ham aholiga suyultirilgan gaz ballonlari tarqatish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan edi. Rasmiylarga ko‘ra, mazkur portlash 4 kishining umriga zomin bo‘lgan.
Biroq, mahalliy matbuot nashrlarining iddao qilishicha, rasmiylar o‘limlar sonini ochiqlashda jamoatchilikni chalg‘itmoqda.
O‘tgan yili Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi gaz konida zaharli vodorod sulfid gazi sizib chiqishi insonlarning umrlariga zomin bo‘lgani rasmiylar o‘zlari tomonidan ham tasdiqlangan.












