Rossiyalik "urush qahramoni" dezertirga aylandi: "O‘zimni va askarlarimni yaralab, bizni Ukrainadan chiqarib olish uchun harakat qildim"

Yevgeniy Korobovning Rossiya armiyasidagi harbiy faoliyatining turli qismlarini o‘z ichiga olgan kompozit tasviri.
Surat tagso‘zi, Yevgeniy Korobov va uning Rossiya armiyasidagi harbiy faoliyatidan lavhalar
    • Author, Ameliya Zatari
    • Role, Bi-bi-si Rus xizmati
    • Reporting from, Astana, Qozog‘iston
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Rossiya armiyasining sobiq zobiti Yevgeniy Korobov xona o‘rtasida turibdi, egnida qora ko‘ylak va och rangli shim. Yoshi 30 da, qariyb uch yildan beri Qozog‘iston poytaxti Astanada yashaydi.

U shu vaqt mobaynida uning kvartirasida yana yetti-sakkizta dezertir – qochoq yashaganini aytadi.

"Men o‘zimga o‘xshaganlarga yordam berishga iloji boricha harakat qilaman. Pul to‘lashlari shart emas, shu yerda yashayverishadi, – deydi u. – Ularga boshqa kim yordam beradi? Axir bizni bog‘lab turgan nimadir bor – hammamiz qochoqmiz. Hammamiz."

To‘rt yil oldin Korobov 2022 yilning fevralidan mayigacha Ukrainada jang qilgan edi.

Jangovar kiyimda qo‘llarini birlashtirib turgan yosh yigit harbiy samolyot oldida turib, kameraga tabassum qilyapti.

Surat manbasi, Евгений Коробов шахсий архиви

Surat tagso‘zi, Korobov harbiy maktabni "g‘ayratli yosh ofitser" sifatida tugatganini aytdi

"Urush boshlandi"

Ota-onasi pochtachi bo‘lgan Korobov hamisha harbiy bo‘lishni orzu qilardi. U Rossiya armiyasiga "xizmat qilishga ishtiyoqmand yosh zobit" o‘laroq qo‘shilishidan oldin o‘z vatani Krasnoyarskdagi harbiy kollejda o‘qigan. Uning shartnomasi 2023 yilgacha davom etishi kerak edi.

Biroq tez orada g‘ayrati so‘ndi.

"Armiyada adolatsizlik va telbaliklarga duch kelasiz, hamma narsadan, Rossiyadagi ahvoldan butunlay ko‘nglingiz soviy boshlaydi", deydi u.

2022 yil boshida Korobov Ukraina chegarasi yaqinidagi Kursk viloyatiga harbiy mashg‘ulotlarga yuborildi. "Urush bo‘lishiga ishonmasdim, lekin xavotir bilan bordik", deb eslaydi u.

U Ukraina chegarasini kesib o‘tganidan keyin ko‘rganlarini shunday tasvirlaydi: "Biz aholi punktlari orqali o‘tdik. Odamlar odatiy hayotlarini kechirayotgandi. Kimdir mashinasiga yoqilg‘i quymoqda, kimdir qahva ichmoqda, yana kimdir chekmoqda. Biz esa haydab o‘tib ketyapmiz. Urush boshlandi."

Uning brigadasi poytaxt Kiev tomon yo‘l oldi va shahar sharqidagi Brovari tumanida to‘xtadi.

To‘liq qurollangan askar, tank ustida o‘tirib, barglari to‘kilgan daraxtli yo‘l bo‘ylab harakatlyapti.

Surat manbasi, Евгений Коробов шахсий архиви

Surat tagso‘zi, Korobov 2022 yil fevral-may oylarida Ukrainada jang qilgan

Aynan shu hududda Ukraina prokuraturasi rossiyalik harbiylar urush jinoyatlarini sodir etganini aytmoqda. "Meduza" va "Ozodlik" radiosi nashrlari ta’kidlashicha, Korobov xizmat qilgan 15-brigada askarlari Kiev viloyatidagi pochta bo‘limida qiynoqxona tashkil qilgan. Jurnalistlar xuddi shu brigada kamida besh nafar tinch aholini qatl etgani haqida xabar berdi.

Korobovning ta’kidlashicha, u urush jinoyatlarini shaxsan ko‘rmagan, ular haqida boshqalardan eshitgan. Uning aytishicha, uning vazifasi urush paytida orqa kolonnalarni kuzatib borish, navigatsiya va yo‘l razvedkasi bo‘lgan, shu bois u doimo harakatda bo‘lgan.

BBC
Bugun rus dezertiri urushning boshqa ko‘plab raqiblari yoki siyosiy dissidentlarga qaraganda ko‘proq xavf ostida, chunki Rossiya hukumati bu sobiq askarlarni xoin deb biladi.
Artur Alxastov
Qozog‘iston Inson huquqlari byurosi advokati (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o'qing)

Uning brigadasi mart oyi oxirigacha Kiev yaqinida turgan, so‘ng Rossiya qo‘shinlari Ukraina poytaxtini qurshab olishga muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin chekinganida hududni tark etgan. Chekinayotganda Korobov vayron bo‘lgan Ukraina shaharlarini ko‘rdi. Uning aytishicha, bu unda "dahshat va umidsiz" uyg‘otgan.

Korobovning aytishicha, kolonnalar bir necha bor ukrain kuchlarining pistirmasiga tushgan.

"Biz javob o‘ti ochishga majbur bo‘ldik, – deb eslaydi u. – Boshqa nima ham qila olardik? O‘laylikmi? O‘lib ketsam, yaxshi odam bo‘lamanmi? Men ham yashashni istardim va barcha askarlarim qaytib kelishini xohlardim. Biz nima uchun kurashdik? Hayotimiz uchun. Ukrainaliklarning dushmani biz edik. Bizning esa ikkita dushmanimiz bor edi – ukrainlar va o‘z qo‘mondonlarimiz."

"Urush qahramoni"

2022 yil oxirida, u Rossiyadan Qozog‘istonga jo‘nab ketishi arafasida Korobovga Moskvadagi qo‘mondoni Rossiya televideniesida ko‘rinish berishni buyurgan.

Rossiyadan ketish arafasida Korobovni jangda yaralangan urush qahramoni sifatida olqishlashgan.

"Katta leytenant Yevgeniy Korobov o‘z guruhi bilan birga orqa kolonnani kuzatib borayotgan edi, – dedi Birinchi kanaldagi mashhur kechki tok-shou boshlovchisi. – Ular pistirmaga duch kelishdi. Ular dushmanning ustun kuchlari bilan jang qilishdi. Ular kamida 15 nafar dushman jangchisi va texnikasini yo‘q qildi. O‘zlari esa hech qanday yo‘qotishsiz omon qoldi."

Korobov Rossiya mudofaa vazirligi xabar bergan bu voqeani uydirma deb ataydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning bo‘linmasi 2022 yil mart oyi boshida Chernigov viloyatida rostdan ham pistirmaga tushgan, ammo voqeaning ko‘lami juda bo‘rttirib ko‘rsatilgan.

30 yoshlardagi harbiy kiyimdagi erkak televidenie dasturida gapiryapti, stol ustida ining oldida bir dasta qizil gullar joylangan.

Surat manbasi, smotrim.ru

Surat tagso‘zi, Korobov Rossiya televideniesida Moskvadagi qo‘mondonining buyrug‘i bilan ko‘rinish berdi.

"Pistirmaga tushdik, bu to‘g‘ri. «Puxta tayyorgarlik ko‘rilgan» deyish esa mubolag‘a. Dushmanning soni ko‘p edimi, yo‘qmi, bilmayman, qancha odam bor edi, kimlar o‘t ochayotganini ham bilmayman", deya e’tiroz bildiradi Korobov.

Ommaviy axborot vositalarida ko‘ringanidan so‘ng, u jasorati uchun medal oldi, ammo Korobovga buning farqi yo‘q. "O‘ylab topilgan jasorat uchunmi? Men qatnashishni istamagan urush uchunmi? Shundoq ham armiyada xizmat qilishni mutlaqo istamasdim – men faqat shartnomam tugaguncha chidab turardim."

Korobovning e’tiroz bildirmaydigan jihati shundaki, u Ukrainada haqiqatan ham jarohat olgan. Teleintervyu davomida u sezilarli darajada oqsoqlanib yurardi.

"Ortga yo‘l yo‘q"

Korobov 2022 yil may oyida Donetskda oyog‘idan yaralangan, shundan so‘ng u evakuatsiya qilingan va Rossiyaga qaytarilgan.

O‘shanda Liman yaqinidagi Ozerne qishlog‘iga hujum qilish haqida buyruq berilgan edi. "Faqat bir marta unga yaqinlashishga muvaffaq bo‘ldik. Bizni hamma narsa bilan o‘qqa tutishdi va keyingi barcha hujumlar paytida biz hatto yaqinlasha ham olmadik", deydi Korobov.

"O‘sha paytda uyga qayta olmasligimni tushunib yetdim. U yerdan faqat o‘lik yoki yarador holda chiqib ketish mumkin edi."

Bir kuni ularning bo‘linmasi tasodifan dronni Ukraina pozitsiyalariga qo‘ndirdi. Korobovning aytishicha, uning to‘rt kishidan iborat bo‘linmasi dronni olib kelish uchun yuborilgan va qo‘mondoni unga dronsiz qaytmaslikni buyurgan. Bu topshiriqni u bajarib bo‘lmas vazifa edi deb ta’riflaydi.

O‘ttiz yoshlardagi erkak kishi derazasiz xonada pastga qarab o‘tiribdi. U qora futbolka kiygan, orqasida mototsikl turibdi.
Surat tagso‘zi, Korobov Qozog‘istonga o‘zi kabi sobiq Rossiya askarlariga yordam beradigan "Go by the Forest" loyihasi yordamida qochib ketgan.

"Shunda tushundimki, ortga yo‘l yo‘q, – deydi u. – Men o‘z askarlarimga qarata o‘t ochdim. Yerga qarata o‘q uzdim. Hamrohlarimni yarador qildim. Keyin o‘zimni yarador qildim, o‘zimni otdim. Birinchi yordam ko‘rsatdim va emaklab evakuatsiya tomon yo‘l oldik."

Bu shuni anglatadiki, "Pustь govoryat" teleko‘rsatuvida xabar qilingan va nishonlangan jarohat aslida Korobovning o‘ziga o‘zi yetkazgan jarohat bo‘lgan.

U yaralangan oyog‘ining fotosuratlarini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Bi-bi-si Korobovning hikoyasini mustaqil ravishda tekshira olmaydi.

Korobov va uning bo‘linmasining qolgan qismi front chizig‘idan evakuatsiya qilindi. U bir yarim oy kasalxonada davolandi, keyin reabilitatsiyadan o‘tdi.

Korobov shartnomasini 2023 yilgacha Rossiyada, Ukrainaga qaytmasdan o‘tkazmoqchi edi. Biroq, 2022 yil sentyabrь oyida keyingi safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng, barcha shartnomalar muddatsiz bo‘lib qoldi. O‘sha yil oxirida unga Ukrainaga yuborilishi haqida xabar berishdi.

Boshpana izlash

Korobovning aytishicha, u Rossiyani tark etishdan oldin Ukrainadagi urushga qaytishdan qo‘rqadigan sobiq rossiyalik askarlarga yordam beradigan "Idite lesom" loyihasi bilan bog‘langan. Faollar uning Qozog‘istonga qochib o‘tishi uchun yo‘nalish belgilab bergan.

Ko‘p o‘tmay u xaltasini yig‘ishtirib, Rossiyadan chiqib ketdi.

Korobovga nisbatan dezertirlik bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan va u 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Shu sababli, u Astanadagi hayotining dastlabki oylarida uydan deyarli chiqmagan.

Keyinchalik u barga ishga joylashdi – noqonuniy ravishda, chunki boshpana izlovchi sifatida unga ishlashga ruxsat berilmagan edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

"Qozog‘iston hali birorta Rossiya fuqarosiga boshpana bergani yo‘q va o‘ylashimcha, bermaydi ham", deydi Korobov.

"Biz Yevropa davlatlaridan, ayniqsa, Frantsiyadan qaror kutmoqdamiz, chunki hozirda u rossiyalik dezertirlarni qabul qilgan yagona davlat", deydi u.

Korobov G‘arb davlatlarining rossiyalik dezertirlarni qabul qilishni istamasligini tushunadi, ammo bu "mojaroni hal qilishning samarali usullaridan biri: nafaqat qurol yetkazib berish va sanksiyalar, balki rossiyaliklarga qurol ko‘tarishdan, jang qilishdan bosh tortish imkoniyatini berish" deb hisoblaydi.

Rasmda qora kostyumli, qora va kulrang sochli o‘rta yoshdagi erkak, uning orqasida televizor ekranning oq va binafsha rangli logotip ko‘rinmoqda.
Surat tagso‘zi, Inson huquqlari faoli Artur Alxastov Qozog‘istondagi Rossiya qochqinlariga yordam bermoqda

Bi-bi-si so‘nggi uch yil davomida mamlakatga qochib kelgan rossiyalik dezertirlarga yordam berib kelayotgan Qozog‘iston Inson huquqlari byurosi advokati Artur Alxastov bilan suhbatlashdi. Rossiya xavfsizlik xizmati agentlari guruhga qo‘shilib olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun sobiq askarlarni tekshirishadi.

Uning aytishicha, Korobovning hikoyasini tekshirish qiyin bo‘lgan va ko‘p vaqt talab qilgan.

Uning fikricha, bugun rus dezertiri urushning boshqa ko‘plab raqiblari yoki siyosiy dissidentlarga qaraganda ko‘proq xavf ostida, chunki Rossiya hukumati bu sobiq askarlarni xoin deb biladi.

Bu Qozog‘iston va Armanistondagi rossiyalik dezertirlarni zaif ahvolga solib qo‘yadi, chunki ikkala davlatda ham Rossiya harbiy bazalari joylashgan.

Korobov va boshqa dezertirlar hozirda Rossiyaga ekstraditsiya qilinishdan himoyalanishi mumkin, chunki ular boshpana izlovchi maqomiga ega, ammo bu ularni o‘g‘irlab ketilishdan himoya qilmaydi, deb tushuntiradi Alxastov.