Afg‘oniston: Voz kechilgan va unutilgan ayollar

- Author, Mahjo‘ba Navro‘ziy
- Role, BBC Afg‘on xizmati, Kobul
- O'qilish vaqti: 5 daq
Afg‘oniston poytaxti Kobulning g‘arbiy qismidagi baland tepalikda, ustiga tikanli sim tortilgan temir darvoza ortida, mahalliy aholi kamdan-kam tilga oladigan va undan ham oz odam keladigan bir maskan bor.
Afg‘oniston Qizil Yarimoy jamiyatiga (AQYaJ) qarashli ruhiy salomatlik markazining ayollar bo‘limi mamlakatda ayollarning ruhiy kasalliklariga yordam ko‘rsatuvchi sanoqli muassasalardan eng kattasi sanaladi.
Mahalliy aholi bu joyni "Qal’a" deb ataydi.
Bi-bi-si ushbu bemorga to‘la markazga eksklyuziv kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu yerda xodimlar devorlar ichida yashayotgan 104 nafar ayolga qarashga qiynalmoqda.
Ular orasida o‘zini oilaviy zo‘ravonlik qurboni deb atagan Maryam* ham bor.
Yoshi taxminan 25 da, shu yerda to‘qqiz yildan beri yashaydi. Aytishicha, avval oilasi uni kaltaklagan va e’tiborsiz qoldirgan, keyin ko‘chada qolgan.
"Akalarim qo‘shnining uyiga borsam ham, meni urardi", deydi u. Uning aytishicha, oilasi uni uydan yolg‘iz chiqarishni istamasdi, chunki ularning e’tiqodiga ko‘ra, qizlar nazoratsiz ko‘chaga chiqmasligi kerak edi.
Akalarim qo‘shnining uyiga borsam ham, meni urardi. Ota-onamning oldiga qaytaman deb o‘ylamayman. Kobulda kimgadir turmushga chiqishni istayman.
Natijada, akalari uni uydan haydadi, bolaligidan ko‘chada yashashga majbur bo‘ldi. Shu yerda bir ayol uni topib, ruhiy holatidan xavotirga tushib, markazga olib kelgan.
Kechmishi og‘ir bo‘lsa-da, Maryamning tabassumi doim yorqin. U qo‘shiq aytadi, binoda ko‘ngilli ravishda tozalash ishlariga yordam berishga ruxsat etilgan kam sonli bemorlardan biri.
U bu yerdan ketishga tayyor, istaydi ham.
Ammo keta olmaydi – borar joyi yo‘q.

"Ota-onamning oldiga qaytaman deb o‘ylamayman. Kobulda kimgadir turmushga chiqishni istayman. Chunki uyga qaytsam ham, ular meni yana tashlab qo‘yadi", deydi Maryam.
Oilasiga qayta olmagani uchun u muassasada qamalib qolgan.
Afg‘onistonda qat’iy Tolibon qoidalari va chuqur o‘rnashgan patriarxal an’analar xotin-qizlarning mustaqil yashashini deyarli imkonsiz qiladi. Ayollar sayohat qilish, ishga joylashish yoki ko‘p xizmatlardan foydalanish uchun ham qonuniy va ijtimoiy jihatdan erkak qo‘riqchiga muhtoj. Ko‘p iqtisodiy imkoniyatlar ular uchun yopiq.
Avlodlar davomidagi gender tengsizligi, cheklangan ta’lim va ish imkoniyatlari ko‘p ayollarni iqtisodiy jihatdan erkak boquvchilarga qaram qilib qo‘ygan va natijada ularning tirikchiligi ko‘pincha erkak qarindoshlariga suyanish bilan cheklangan.
Yotoqxonalardan birida 28 yoshli Habiba kravatida o‘tirardi.
Aytishicha, eri ikkinchi marta uylanganidan so‘ng uni uyidan haydab, markazga olib kelgan.
Maryam kabi, uning ham hozir borar joyi yo‘q. U ham chiqishga tayyor, ammo eri qaytarib olmaydi, beva onasi esa uni boqolmaydi.
Uning uch o‘g‘li hozir amakisi bilan yashaydi. Ular avval oldiga kelib turishgan, lekin bu yil Habiba ularni ko‘rmadi; telefondan foydalana olmagani uchun hatto bog‘lanish ham ilojsiz.
"Men farzandlarim bilan qayta ko‘rishgim keladi", deydi u.

Bunday hikoyalar markazda noyob emas. Biz bilan bo‘lgan suhbatlar ham, bemorlar bilan muloqotlar ham Tolibon rasmiylari nazorati ostida o‘tdi.
Ba’zi bemorlar bu yerda 35–40 yildan beri yashaydi, deydi markaz psixoterapevti Salima Xalib.
"Oralarida oilasi butunlay tashlab qo‘yganlar ham bor. Hech kim ularni ko‘rmaydi, ular shu yerda yashab, shu yerda vafot etadi."
Yillar davom etgan urush ko‘p afg‘onlarning, ayniqsa, ayollarning ruhiy sog‘ligida chuqur iz qoldirgan. Bu masala ko‘pincha noto‘g‘ri tushuniladi va isnod sifatida qabul qilinadi.
Afg‘onistonda xotin-qizlar huquqlari yomonlashib borayotgani haqidagi so‘nggi BMT hisobotiga javoban, Tolibon hukumatining matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulla Fitrat Bi-bi-siga hukumat ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymasligini va "Afg‘onistonda xotin-qizlar huquqini ta’minlaganini" aytdi.
Biroq, 2024 yilda e’lon qilingan BMT ma’lumotlari Tolibonning xotin-qizlar huquqini cheklashi bilan bog‘liq ruhiy sog‘liq inqirozi kuchayib borayotganini ko‘rsatadi: so‘rovda qatnashgan ayollarning 68% "yomon" yoki "juda yomon" ruhiy holatda ekanini bildirgan.
Markazning o‘zida ham, tashqarisida ham ruhiy salomatlik xizmatlari og‘ir ahvolda. So‘nggi to‘rt yil ichida bemorlar soni bir necha barobar oshgan va hozirda navbat ro‘yxati bor.
"Ruhiy kasalliklar, ayniqsa, depressiya, jamiyatimizda juda keng tarqalgan", deydi Kobuldagi AQYaJga qarashli yaqin atrofdagi shifoxona bosh psixiatri doktor Abdul Vali Utmanzay.
Uning aytishicha, u har kuni turli viloyatlardan 50 nafargacha ambulator bemorlarni qabul qiladi, ularning aksariyati – ayollar:
"Ular qattiq iqtisodiy bosim ostida. Ko‘pchiligining boquvchi erkak qarindoshi yo‘q. Bemorlarimning 80 foizi oilaviy muammolar bilan kelgan yosh ayollar."
Tolibon hukumati sog‘liqni saqlash xizmatlarini ko‘rsatishga qat’iy ekanligini aytadi. Biroq ayollarning erkak hamrohisiz harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlar sababli ko‘pchilik yordam ololmaydi.

Natijada, Maryam va Habiba kabi ayollar bu yerdan chiqib keta olmaydi – ular qanchalik ko‘p qolishsa, shunchalik yordamga qattiq muhtoj boshqalar uchun joy kamayadi.
Bir oila 16 yoshli qizlari Zaynabni markazga joylashtirish uchun bir yildan beri harakat qilib kelardi, ammo ularga o‘rin yo‘qligi aytilgan. Hozir u bu yerdagi eng yosh bemorlardan biri.
Shunga qadar u uyida saqlanar, qochib ketmasligi uchun oyoqlari kishanlab qo‘yilardi.
Zaynabning qanday ruhiy kasallikka chalingani aniq emas, ammo fikrlarini ifoda etishda qiynaladi.
Iztiroblari ochiq ko‘rinib turgan Feda Muhammadning aytishicha, politsiya yaqinda uni uyidan millarcha masofa uzoqda topgan.
Zaynab bir necha kunga yo‘qolib qolgan – bu esa Afg‘onistonda ayniqsa xavfli, chunki ayollarga erkak hamrohisiz uydan uzoqqa chiqish taqiqlangan.
"Biz uni kishandan chiqarsak, devor osha qochib ketadi," deydi Feda Muhammad.
Zaynab vaqt-vaqti bilan yig‘lab yuborardi, ayniqsa, onasining yig‘layotganini ko‘rganda.
Feda Muhammadning aytishicha, ular qizining holatini sakkiz yoshidan sezishgan, ammo 2022 yil aprelida maktabida sodir bo‘lgan bir nechta portlashdan so‘ng u yanada og‘irlashgan.
"Portlash zarbasi uni devorga urdi, – deydi u. – Biz yaralanganlarni olib chiqishga, jasadlarni yig‘ishga yordam berdik. Juda dahshatli edi."
Agar u uchun joy topilmaganida nima bo‘lishi noma’lum. Zaynabning otasi, uning qayta-qayta qochib ketishi o‘zini sharmanda qilayotganini aytib, markazda qolishi ham uning, ham oilasining uchun yaxshi, deb hisoblaydi.
Hozir u – Maryam va Habiba kabi – "Qal’a"ning tashlab qo‘yilgan ayollaridan biriga aylanadimi-yo‘qmi, hali noma’lum.
*Bemorlar va ularning oilalari ismlari o‘zgartirildi.












