Putin Dushanbedan keyin Bishkekka kelmoqda, Qirg‘iziston raddiya berdi, O‘zbekiston AQShga yanada yaqinlashadimi - dayjest

Putin va Japarov

Surat manbasi, Getty Images/illyustrativ

Surat tagso‘zi, Tashrif Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov taklifiga binoan tashkil qilinmoqda.
O'qilish vaqti: 11 daq

Putin Qirg‘izistonga keladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 25–27 noyabrь kunlari Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan keladi.

Bu haqda Qirg‘iziston prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi rahbari Saginbek Abdumutalip ma’lum qildi.

Uning aytishicha, tashrif Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov taklifiga binoan tashkil qilinmoqda. "Ikki davlat o‘rtasida strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi", - deydi Saginbek Abdumutalip.

Rasmiyning ta’kidlashicha, Rossiya prezidenti Qirg‘iziston rahbariyati bilan savdo, investitsiya, harbiy-texnikaviy va madaniy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi.

27 noyabrь kuni Bishkekda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) sessiyasi bo‘lib o‘tadi.

Bu tashkilot Rossiya boshchiligidagi sobiq Sovet davlatlari xavfsizlik blokidir. Joriy paytda O‘zbekiston bu tashkilot a’zosi hisoblanmaydi.

Putin o‘tgan oy davlat tashrifi bilan Tojikistonga ham kelgan.

Rossiya prezidenti Dushanbeda ekan, davlat tashrifi barobarida "Markaziy Osiyo + Rossiya" formatining ikkinchi sammitida ham ishtirok etgan.

Putinning Tojikistonga davlat tashrifi arafasida "Xyuman Rayts Votch" xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti murojaat bilan chiqqan.

Xalqaro tashkilot rasmiy Dushanbeni Rossiya prezidentini Tojikistonga kiritmaslik yoki Xalqaro Jinoyat Mahkamasining orderiga muvofiq hibsga olishni so‘ragandi.

Tojikiston 2002 yildan buyon Xalqaro Jinoyat Mahkamasining a’zosi sanaladi.

Qirg‘iziston esa halicha Rim statutini ma’qullamagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Gaagadagi xalqaro sud 2023 yilda prezident Vladimir Putinni hamda Rossiyada bolalar huquqi bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovani hibsga olish bo‘yicha xalqaro order bergan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha xalqaro sudning bildirishicha, Putin va Lvova-Belova Ukraina bolalarini noqonuniy deportatsiya qilishda gumonlanmoqda.

Aloqador mavzular

Qirg‘iziston raddiya bilan chiqdi

Pullar

Surat manbasi, National Crime Agency

Surat tagso‘zi, NCA o‘tgan yili TGR va Smart deb ataluvchi ikki tarmoqni aniqlaganini, ular giyohvand savdosi guruhlari, noqonuniy qurol yetkazib beruvchilar va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilarning naqd pullarini qayta ishlashda birgalikda ishlaganini ma’lum qilgan edi

Qirg‘iziston prezident ma’muriyati Qirg‘iziston banklari Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bermoqda, degan ayblovlarni rad etdi.

Britaniyaning Jinoyatga qarshi Milliy agentligi (NCA)ning ayblovlariga prezidentning axborot siyosati xizmati rahbari Dayirbek Orunbekov munosabat bildirdi.

Agentlik Buyuk Britaniyada faoliyat yuritayotgan, Rossiya boshchiligidagi pul yuvish tarmog‘i bilan bog‘liq shaxs Qirg‘izistondagi bankni sotib olgan va ushbu bank Rossiyaning harbiy mashinasi uchun to‘lovlar amalga oshirishda ishlatilgan, degan ayblovlarni ilgari surgandi.

Pul
National Crime Agency
Bu odatiy tovar-pul aylanmasi. Banklarni pul yuvishda ayblash mantiqqa zid.
Dayirbek Orunbekov
Qirg‘iziston prezidentning axborot siyosati xizmati rahbari (batafsil: bbc.com/uzbek)

Rossiya pul yuvish tizimi bo‘yicha surishtiruv "Beqarorlashtirish amaliyoti" deb nomlangan.

NCA o‘tgan yili TGR va Smart deb ataluvchi ikki tarmoqni aniqlaganini, ular giyohvand savdosi guruhlari, noqonuniy qurol yetkazib beruvchilar va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilarning naqd pullarini qayta ishlashda birgalikda ishlaganini ma’lum qilgan edi.

Orunbekov bu fikrni "iqtisodiy reallikka zid" deb atadi.

Uning ta’kidlashicha, har kuni Rossiyadagi migrantlar Sberbank orqali milliardlab rubl yuborishadi va bu pullar import to‘lovlari uchun Rossiyaga qaytib boradi.

"Bu odatiy tovar-pul aylanmasi. Banklarni pul yuvishda ayblash mantiqqa zid", - deydi Orunbekov.

O‘zbekistonda yangi tayinlov

Saida Mirziyoyeva va Komil Allamjonov

Surat manbasi, Telegram/Komil Allamjonov

Komil Allamjonov Prezident administratsiyasining AQShdagi vakili etib tayinlandi. Allamjonov Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning maslahatchisi hamdir.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Allamjonov maslahatchi sifatidagi vazifalarini ham davom ettiradi.

AQShdagi vakil-maslahatchi lavozimiga tayinlash haqidagi farmoyish kelasi yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi.

Maqsad tashqi siyosat va hukumat tashabbuslarini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish ekani aytilgan.

Allamjonov oldinroq Jorj Vashington universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo dasturida maxsus maslahatchi sifatida tayinlangan edi.

Yangi lavozimda u O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida yirik hamda strategik investitsiya va savdo loyihalarini amalga oshirishni boshlash va muhokama qilish, shuningdek, AQSh-O‘zbekiston Biznes va investitsiya kengashi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun javobgar bo‘ladi.

Kengashga O‘zbekiston tomonidan Saida Mirziyoyeva, AQSh tomonidan esa Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchi Serjio Gor raislik qiladi.

Ushbu lavozim O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 12 noyabrdagi farmoniga muvofiq ta’sis etilgan.

Yangi tayinlovlar O‘zbekiston va AQSh munosabatlari jadal rivojlanayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hozir Samarqandda. U xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ishtirok etishi kutilmoqda.

24 noyabr: DXX hujjatli filmi 338 jinoyat ishini ochiqladi, 80% migrant bolalari ta’limsiz qoldi, og‘ir ishlab topilgan pul qarzni uzishga - dayjest
Mahkum O‘zbekiston fuqarolari

Surat manbasi, Telegram/Xavfsizlik

Surat tagso‘zi, DXX hujatli filmida Rossiya qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolari Ukraina urushida ishtirok etishga majburlanganliklari aytiladi

Rossiyaning Ukraina urushida qancha o‘zbekistonlik qatnashdi? 2022 yildan buyon necha nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi? Nechtasi yaralandi? Vataniga qaytganidan keyin necha kishiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi?

Qamalishini bilgan o‘zbekistonliklar jangovar harakatlardagi ishtirokini yashirishlari, urushdan qaytganidan keyin vataniga bormagani va urush sharoitidagi tushunarli ko‘plab muammolar tufayli ushbu savollarga bugun aniq javob berish qiyin.

Biroq O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik xizmati e’lon qilgan yangi hujjatli film bir savolga aniqlik kiritdi: Rossiya Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyin xorijiy davlatdagi urushda qatnashgani uchun 338 O‘zbekiston fuqarosiga qarshi o‘z vatanida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

"Uzoqdan izlangan baxt" deb nomlangan hujjatli film 18 noyabr kuni DXXning Telegramdagi Xavfsizlik kanalida e’lon qilindi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ushbu hujjatli film O‘zbekiston fuqarolarining Ukraina urushidagi ishtiroki muammosi tobora ortib borayotganini namoyon etdi.

Film tahliliga ko‘ra, Ukraina urushida qatnashganlarning aksari qo‘liga qurol olishga majbur etilganlar.

Ammo ayrim o‘zbekistonliklar moliyaviy manfaatdorlik maqsadida o‘z ixtiyorlari bilan urushga borib qo‘shilganlar.

Rossiya harbiylari 2022 yil Mariupol vayronalarida

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiya harbiylari

DXX hujjatli filmiga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 154-bandi - "Yollanish" moddasi bo‘yicha 2022 yil 19 ta, 2023 yili 68 ta, 2024 yili 112 ta, 2025 yilning boshidan buyon 139 ta jinoyat ishi ochilgan.

Filmda o‘zbekistonliklar chet elda qo‘liga qurol olish vatanida jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishidan ogohlantiriladilar, 154-bandda nimalar ko‘zda tutilgani tushuntiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi, 1-qismiga ko‘ra, chet elda harbiy harakatlarda yollanma tarzda ishtirok etgan shaxslarga nisbatan 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

154-moddaning 2-qismi - yollash yoki jalb qilish, harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish, yollanma jangchilarni moliyalash va boshqalar uchun 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish ko‘zda tutilgan.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Shu yil oktyabr oyida Ukrainadagi "Xochu jitь" loyihasi Rossiya tarafida jang qilib halok bo‘lgan 481 O‘zbekiston fuqarosining ro‘yxatini e’lon qilgan edi.

Ushbu loyiha urush boshlangan 2022 yildan buyon 2715 nafar o‘zbekistonlikni aniqlagani haqida yozgan.

O‘zbekiston o‘z fuqarolarini Ukraina urushida qatnashmaslikka chaqirayotgani, urushda qatnashgani uchun jinoiy javobgarlikka tortayotgani Rossiya rahbariyatiga yoqmayapti.

Bu haqda bir necha mamlakatdagi qator nashrlar maqolalar e’lon qilishgan.

Rossiya rahbariyatining Ukraina urushi boshlanganidan keyin migrantlarga nisbatan yuritayotgan siyosati ham migrantlar kelgan mamlakat rahbariyatiga, ham migrantlarning o‘ziga nisbatan bosim sifatida talqin etilayapti, bundan maqsad, urushda qatnashganlarni rag‘batlantirish, qatnashishni istamayotganlarni jazolash usuli deb ko‘rilayapti.

80% migrantlar bolalari Rossiya maktablariga qabul qilinmagan

Rossiya Maorif vaziri Anzor Muzaevning aytishicha, migrantlar bolalari uchun tatbiq etilgan yangi tartibdan keyin atigi 19% bola Rossiya maktablariga o‘qish uchun qabul qilinganlar.

"Ikki talab - hujjatlar paketini taqdim etish va rus tilini bilishdan keyin bolalarning 19 foizga yaqini maktablarga kiroldilar. Ya’ni, ularning barcha hujjatlari joyida va ular imtihonlarni topshirolganlar", deya Muzaevdan iqtibos keltirdi Rossiyaning "RIA Novosti" axborot agentligi.

2025 yil 1 aprelidan Rossiya xorijlik migrantlar bolalarini maktabga qabul qilish uchun rus tili imtihoni tartibini kuchga kiritdi.

Bolaning rus tilini bilishi qoniqarli deb topilsa, maktabga qabul qilinadi.

Qoniqarsiz deb topilsa, uch oydan keyin qayta test topshirish talab qilinadi.

Ushbu yangi tartib kuchga kirganidan keyin "bir necha yuz ming migrant bolalari" maktabga qatnamayapti, dedi Rossiya prezidenti qoshidagi Inson huquqlari Kengashi rahbari Valeriy Fadeev oktyabr oyi boshida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.

Migrantlar yuborgan 76% pul kredit to‘lovi va kundalik xarajatlarga sarflanadi

Rossiyadagi bankomatlar oldida turgan o‘zbekistonliklar

Surat manbasi, BBC O'zbek

O‘zbekiston Markaziy banki chet elda mehnat qilib oilasiga pul yuborayotgan o‘zbekistonliklar, xorijdan kelgan pul o‘tkazmalari nimalarga sarflanishi haqida muhim axborotni e’lon qildi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari oxirgi yillarda ko‘paymoqda.

O‘zbekistondagi Daryo.uz veb-nashri Markaziy bank departamenti direktori o‘rinbosari Azizbek Hayitovdan iqtibosan xabar qilishicha, o‘zbekistonliklar 2023 yil oilasiga 11,4 milliard dollar, 2024 yili 15 milliard dollar, 2025 yilning 10 oyi mobaynida 15,8 milliard dollar yuborganlar.

Pul o‘tkazmalarining 78 foizi Rossiyadan, qolgani Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlardan kelgan.

Yuborilgan pullar qanday maqsadlarga sarflanayotganiga oydinlik kiritish maqsadida Markaziy bank xorijdan yuborilgan pullarni oladigan 24000 kishi o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mablag‘larning 58 foizi migrantlar oila a’zolarining kundalik xarajatlariga sarflanadi.

18 foizi bilan kredit to‘lovlari to‘lanadi.

12 foiz jamg‘arib qo‘yiladi.

Pullarning 12 foizi ko‘chmas mulk sotib olishga, 2 foizi biznes va boshqa ehtiyojlarga ishlatiladi, deydi Markaziy bank.

5 noyabr. Mintaqaviy dayjest: Ukraina urushida qatnashgan o‘zbekistonlik qamaldi, "Endi Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishi bo‘lmaydi", Hamas Qozog‘istonning Abraham kelishuviga qo‘shilishini tanqid qildi

Rossiya qurolli kuchlari tarkibida Ukrainada jang qilgan namanganlik 49 yashar erkak uch yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar qildi podrobno.uz veb-nashri.

U O‘zbekistonga qaytganidan keyin o‘z ixtiyori bilan huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, erkak 2025 yil aprelida ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga borgan, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan kontrakt imzolagan.

Luhansk viloyatida harbiy tayyorgarlikdan o‘tganidan keyin Ukraina hududidagi janglarda qatnashish uchun yuborilgan.

May oyida mina portlashi oqibatida yaralangan va harbiy gospitalda davolangan, so‘ng vataniga qaytgan.

Tergovda aniqlanishicha, u Rossiya qurolli kuchlari safiga qo‘shilgani evaziga qariyb 12400 dollarga teng mukofot puli olgan.

Sud uni O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 154-bandi - yollanish moddasi bo‘yicha aybdor deb topgan va uch yilu bir oy qamoq jazosiga hukm etgan.

Podrobno.uz bundan oldin Jizzax viloyat sudi baxmallik 49 yashar erkakni ham Rossiya Mudofaa vazirligi bilan ikki marta shartnoma imzolagani va hujjatlarni soxtalashtirishda aybdor deb topib uch yilu bir oy qamoq jazosiga hukm etgani haqida yozdi.

Sadir Japarov: Qirg‘izistonda endi davlat to‘ntarishi bo‘lmaydi

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov

Surat manbasi, president.kg

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov qirg‘izistonliklarga murojaat e’lon qildi, mamlakatda vaziyatni beqarorlashtirishga asos yo‘q, dedi.

Prezident Japarov so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda ayrim guruhlar shu kecha-kunduzda mavjud ijtimoiy muammolardan aholi noroziligini keltirib chiqarish va oldingi yillardagi davlat to‘ntarishlari stsenariylarini takrorlash maqsadida foydalanishni ko‘zlayaptilar.

"Mamlakatda endi hokimiyatni «xaos orqali» almashtirish urinishlari bo‘lmaydi. To‘ntarishlar bo‘lmaydi. Birinchidan, biz bunday holat uchun sabab bermaymiz. Ikkinchidan, avvalgi zaif davlat endi yo‘q — u endi kuchli. Uchinchidan, xalq endi yaxshi biladi, kimni qo‘llab-quvvatlash kerakligini va hokimiyatda kim bo‘lishi lozimligini. Endi to‘ntarishlarni faqat tushingizda ko‘rasiz. Talon-toroj, o‘g‘irlik, boylikka hirs va to‘ntarish orqali mansabga chiqish urinishlari — bularning barchasi endi faqat tushlarda qolsin", — dedi u.

Prezident Japarov aytishicha, odamlarning muammolari bosqichma-bosqich hal etilayapti va hokimiyat islohotlar va sohalarni qayta tiklash bo‘yicha ishlarini davom ettiradi

"Bundan keyin biz faqat bunyodkorlik va taraqqiyotni ko‘ramiz. Talon-tarojlar va tartibsizliklar o‘tmishda qoladi", dedi Sadir Japarov.

O‘z murojaatida Prezident Japarov energetika sohasidagi muammolarga ham to‘xtalgan.

U sovuq kunlari elektr energiyasidan foydalanishga kiritilgan cheklovni bekor qilgan rasmiylarni tanqid qildi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Japarov tushuntirishicha, kuz-qish mavsumida elektrdan cheklovsiz foydalanish tashabbusi OAO «Natsionalnaya elektricheskaya setь Kыrgыzstana»dan chiqqan va bu tashabbus Qirg‘iziston Energetika vazirligi bilan kelishilmagan bo‘lgan.

Oqibatda "aholi o‘rtasida tushunmovchilikka sabab bo‘lgan", deb yozdi Qirg‘iziston prezidenti.

Prezident elektr quvvatidan cheklovsiz foydalanish qarorini bekor qilgan, elektr tarmoqlari rahbarlari hayfsan olganlar, bir rahbar lavozimidan bo‘shatilgan.

Prezident Japarov tushuntirishicha, bu yil Qirg‘izistonning asosiy suv ombori - To‘qtog‘ulda to‘plangan suv 2 milliard kubometrni tashkil etadi, bu o‘tgan yilga solishtirganda kam.

Shuning uchun ham Qirg‘iziston qo‘shni mamlakatlardan elektr sotib olishga majbur bo‘lgan, prezident aholini elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydaalanishga chaqirgan.

Shuningdek, Qirg‘iziston rahbari energetika inqirozini yangi GESlar barpo etish va qayta tiklanadigan energiya manabalari evaziga hal qilishni mo‘ljallayotganlari haqida yozdi.

Prezident Japarov yozishicha, Qirg‘iziston energetika sohasining qarzi 2020 yildagi 137 milliard Qirg‘iz somidan 25 milliard so‘mga tushirildi.

Japarov so‘zlariga ko‘ra, 2025-27 yillarda Qirg‘iziston hukumati o‘nlab yangi kichik va o‘rta GESlar evaziga qo‘shimcha 500 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarishni rejalayapti.

Hamas Qozog‘istonni tanqid qildi

Prezident Trampning Markaziy Osiyo prezidentlari bilan S5+1 sammiti

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Qozog‘iston Abraham kelishuviga Prezident Toqaevning AQShga rasmiy safari payti qo‘shilishini e’lon qildi

Hamas Qozog‘istonni AQSh yetakchiligidagi Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish kelishuvi - Abraham bitimiga qo‘shilgani uchun tanqid qildi.

Qozog‘iston hukumatiga ko‘ra, 7 noyabrdagi qaror Qozog‘istonning "muvozanatli va tinchliksevar tashqi siyosatining in’ikosidir".

Hamas Qozog‘iston hukumatining ushbu qarorini "rad etish va qoralashga arzigulik qadam" deb baholadi.

Qozog‘iston hukumati qarorini tanqid qilgan Falastindagi boshqa siyosiy kuchlar ham Isroil bilan aloqalarni uzishga chaqirdilar.

O‘zining Telegram kanalidagi bayonotida Hamas Qozog‘iston qarorini, "Bizning G‘azo bo‘lgasidagi Falastin xalqimizga qarshi okkupatsiyada sodir etilgan genotsid jinoyatlarini yuvish deb ko‘riladigan "rad etish va qoralashga arzigulik qadam", deb yozdi.

Hamas barcha dunyo mamlakatlari, ayniqsa, Arab va musulmon mamlakatlarni "jinoiy Sionist tuzilmasi bilan har qanday shakldagi munosabatlarni uzish va u bilan har qanday normallashtirish loyihalaridan tiyilish"ga chaqirdi.

Falastinni ozod qilish Demokratik jabhasi Qozog‘iston hukumatining ushbu qarorini, "tajovuzkorning imidjini oqlash va insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun o‘sib borayotgan xalqaro ixotalashni to‘xtatishga urinish", deb ta’riflaadi.

Xalq Qarshilik qo‘mitasi o‘z bayonotida Qozog‘istonning Isroil bilan aloqalarni kuchaytirishi Isroilning falastinliklarga qarshi "genotsid urushi" uchun "mukofot", "miqyosi yo‘q axloqsizlikning ifodasi, deb ta’rifladi.

Isroil bilan aloqalarni normallashtirish haqida o‘ylash "Falastin xalqi orqasiga pichoq sanchish, deb atagan Xalq Qarshilik qo‘mitasi Qozog‘istonni "qabul qilib bo‘lmas, erishib bo‘lmas qadamdan tiyilish"ga chaqirdi.

5 noyabr. O‘zbekiston, Markaziy Osiyo: Siyosiy tahlilchilarning C5+1 sammitidan umidlari katta - Video

Centyabr oyida Prezident Mirziyoyev Prezident Tramp bilan uchrashgan edi

Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Surat tagso‘zi, Centyabr oyida Prezident Mirziyoyev Prezident Tramp bilan uchrashgan edi

Oxirgi kunlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari siyosiy sharhlovchilari mintaqa rahbarlarining AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan sammitidan nimalar kutilayotganini qizg‘in tahlil qilmoqdalar, ushbu tahlillardan aksar siyosatchi va kuzatuvchilarning umidlari katta ekani ko‘rinadi.

Tahlilchilar fikricha, C5+1 sammitida konkret bitimlarga erishiladi, bu mintaqaga AQSh sarmoyalari oqimi kuchayishiga turtki bo‘ladi.

Sammit kun tartibida xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish, energetika va noyob metallar bo‘yicha Amerika bilan hamkorlik asosiy masalalar bo‘lishi kutiladi.

S5+1 AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasidagi hamkorlik dasturi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston prezidentlari bilan ilk bor ushbu sammitni o‘tkazayapti.

Bundan oldingi C5+1 sammiti AQShning oldingi prezidenti Jo Bayden ishtirokida 2023 yil 19 sentyabrida o‘tkazilgan edi.

Asosiy siyosiy o‘yinchilar sifatida Xitoy va Rossiya ko‘rilgan mintaqada AQSh prezidenti Tramp nimalarni ko‘zlamoqda?

Bir oy avval Tojikistonda "Rossiya va Markaziy Osiyo" sammiti o‘tkazilgandi.

O‘shanda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin oxirgi uch yilda ikkinchi marta hamma Markaziy Osiyo respublikalari prezidentlari bilan uchrashib, ko‘p tomonlama hamkorlikni muhokama qilishgandi.

Mana endi Donald Tramp xuddi shunday uchrashuvni o‘tkazmoqda.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Katta ehtimol bilan uchrashuvga AQSh bilan Xitoy o‘rtasidagi mintaqaga ta’sir yuzasidan raqobat turtki bergan.

"Tramp uchun mintaqada o‘z ta’sirini kuchaytirish zarurati bor. Bu yerda AQShning ham strategik hamkorlari va ham raqiblari bo‘lgan Rossiya va Xitoy siyosiy jihatdan ustuvor hisoblanadilar. Janob Tramp ta’sirini kengaytirib, bu kabi uchrashuvlar bilan Markaziy Osiyo davlatlarining boy tabiiy zaxiralariga yo‘l topmoqchi", deydi xalqaro masalalar bo‘yicha tadqiqotchi Kamoliddin Baziy.

Hozirda janob Trampning ikkinchi marotaba qudratga kelishi bilan Markaziy Osiyo yanada ko‘proq AQSh e’tibori markaziga tushayotgandek.

Sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi doirasida AQSh Prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan, ikki rahbar mamlakatlararo strategik hamkorlik va amaliy aloqalarni kuchaytirishga kelishib olgandilar.

Bu orada AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari rasmiylari orasida ham o‘zaro safarlar ko‘paydi.

Kuni-kecha O‘zbekiston AQSh fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz tartibni joriy etdi.

Ushbu qadamdan maqsad - ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoit barpo etish ekani qayd etildi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqaev ham C5+1 sammiti Amerika bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo va iqtisodiy aloqalarga "jiddiy turtki" berishini ta’kidladi.

Savdo-sotiqdan tashqari janob Toqaev xalqaro hamjamiyatning e’tiborini suv sathi pasayib borayotgan Kaspiy dengiziga qaratishga intilib kelayapti.

U, hoynahoy, 6 noyabrdagi Vashingtondagi sammitda ham ushbu muammoni ko‘tarishi kutilayapti.

"Siz Kaspiy dengizi sayozlashayotganidan xabardorsiz. Bu hammamiz uchun xavotir", dedi oktyabr oyida Ozarbayjonda o‘tgan Turkiy Davlatlar rahbarlari sammitida Prezident Toqaev.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Xo‘sh, Markaziy Osiyo davlatlari AQShdan yana nimalarni kutadilar?

"Eng muhim masala - mintaqaga AQSh sarmoyalarini jalb qilish. Ikkinchidan, yirik loyihalar, masalan, Turkmaniston gazini Osiyo bozorlariga olib boradigan TAPI gaz quvuri yoki Afg‘oniston orqali o‘tuvchi davlatlararo temir yo‘li loyihalarini amalga oshirish. Shuningdek, AQSh uchun Markaziy Osiyodagi zaxilar tomon yo‘l ochadigan "Transkaspiy Xalqaro Transport Yo‘li" deya nom olgan loyiha. Uchinchi jihat, Markaziy Osiyo davlatlari mavqeini o‘zgartirish. Xalqaro sahnada ashaddiy raqobat ketayotgan vaqtda janob Tramp ishtirokida o‘tkazilajak bu uchrashuv Markaziy Osiyo ahamiyatining o‘sishi uchun imkon berishi va hammaning manfaatiga xizmat qiluvchi neytral platforma yaratishi ehtimoli bor", deydi qozog‘istonlik xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Eldaniz Husaynov.

Shu bilan birga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi manzarasida AQSh uchun bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlarining mavqe’larini tushunib olish ham muhim.

Mintaqa mamlakatlari shu vaqtgacha Ukraina urushiga nisbatan neytral mavqe’ni ushlab kelishadi.

Boshqa tomondan, mintaqa hukumatlarining avtoritar ekaniga qaramasdan, Vashington mintaqaga nisbatan siyosatida inson huqulari, so‘z erkinligi va demokratik qadriyatlar masalalarini ustuvor qo‘ymayotgan ko‘rinadi.

Qanday bo‘lmasin, ko‘plar AQSh-Markaziy Osiyo sammitini Vashingtonning mintaqada o‘z ta’sirini kuchaytirish urinishi sifatida ko‘rishadi.