Ukraina urushida Shimoliy Koreya askarlari nima qilyapti?

Сурат манбаси, Reuters
- Author, Ilya Abishev
- Role, BBC harbiy tahlilchisi
- Ўқилиш вақти: 5 дақ
Soʻnggi paytlarda Shimoliy Koreya askarlarining Rossiya armiyasiga yordam berish uchun Ukrainaga yuborilgani haqida xabarlar koʻpayib bormoqda. O'tgan hafta Interfax-Ukraina va KyivPost Ukraina razvedkasidagi manbalarga tayanib, 3 oktabrda Donbassning Rossiya tomonidan bosib olingan hududida o'quv maydoniga Ukraina raketasi hujum qilishi natijasida Shimoliy Koreyaning olti nafar harbiy xodimi halok bo'lgani va uchtasi jarohat olgani haqida xabar berdi.
Aloqador mavzular:
Manbalarga ko'ra, Shimoliy Koreyalik zobitlar guruhi o'zlarining Rossiyalik hamkasblari bilan "tajriba almashish uchun" u yerda bo'lgan. Ushbu da'volar haqiqatmi?
O'tgan yili Ukraina razvedkasi Shimoliy Koreyadan kichik bir harbiy kontingent, xususan, muhandislik bo'linmalari, Ukrainadagi bosib olingan hududga kelganini ma'lum qilgan. Rossiya esa bu bayonotlarga izoh bermagandi.
Joriy yil 8 oktyabrda Janubiy Koreya mudofaa vaziri Kim Yong-Hyun Shimoliy Koreya Rossiyaga Ukrainada yordam berish uchun askarlarni yuborishi "ehtimoli yuqori ekanligini" aytdi.
Uning fikricha, Donbassning Rossiya tomonidan bosib olingan hududida Shimoliy Koreya harbiy xizmatchilarining halok bo'lgani haqidagi da'volar "katta ehtimol bilan toʻgʻri".
"Rossiya va Shimoliy Koreya harbiy ittifoqqa o'xshash kelishuvga erishganligi sababli, harbiylarni frontga yuborish ehtimoli juda katta", dedi u Janubiy Koreyaning Yonhap nashriga bergan intervyusida, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In va Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan joriy yil iyun oyida imzolangan Har tomonlama strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnomaga ishora qilib.
Shimoliy Koreya askarlarining Rossiyani qo'llab-quvvatlash uchun Ukrainaga jalb etilgani haqidagi xabarlar avval ham paydo bo'lgan edi. 2023-yil sentabr oyida Vladimir Putin ushbu xabarlarni "qip-qizil ahmoqlik" deb atagan edi — o'sha paytda u Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan Rossiyaning Vostochniy kosmik markazida uchrashuv o'tkazgan.
2024-yil iyun oyida Putin Shimoliy Koreya bilan o'zaro mudofaa bandini ichiga olgan shartnoma imzolaganida, undan Shimoliy Koreya askarlarini Ukrainaga yuborish ehtimoli haqida savol soʻralgandi:
"Biz hech kimdan buni so'ramayapmiz va bizga ham hech kim buni taklif qilmagan", deb javob bergandi Rossiya prezidenti.
Hamkorlikning kuchayishi
Na Moskva, na Pxenyan harbiy hamkorlikni kuchaytirish siyosatini yashirayotgani yo'q. 2023-yil iyul oyida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanga "harbiy aloqalarni mustahkamlash" uchun safar qildi. Rossiya davlat ommaviy axborot vositalariga ko'ra, sentabr oyida esa Kim Chen In Rossiyaning Uzoq Sharqiga tashrif buyurdi.

Сурат манбаси, Reuters
Yana 2023-yil sentabr oyida Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yel Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yillik muhokamalarida Shimoliy Koreyaning Rossiyaga harbiy texnologiyalar evaziga qurol yetkazib berishi mumkinligi haqida gapirgan edi.
2023-yil 16 oktabrda Britaniya Qirollik Mudofaa Tadqiqotlari Instituti (Rusi) Shimoliy Koreya tomonidan Rossiyaga katta miqdorda oʻq-dorilar yetkazib berilayotgani haqida hisobot e'lon qilgan. Nashrda o'q-dorilarning joylashuv nuqtalarini aks ettiradigan ba'zi sun'iy yo'ldosh tasvirlari keltirilgan edi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu xabarlarni rad etdi.
"Bu nafaqat Britaniya razvedkasi, balki Amerika razvedkasi hamdir. Ular buni doimiy ravishda da'vo qilib kelishadi, lekin hech qanday dalil keltirmaydilar", dedi Peskov.
Biroq, 2023 yil oxirida Ukrainadagi Rossiya bo'linmalari tomonidan ishlatilgan Shimoliy Koreya o'qlari va minalarining texnik xususiyatlari aniqlangan va ular Rossiya harbiy doiralarida muhokama qilina boshlangan edi (sharhlar asosan salbiy edi).
2024-yil yanvar oyida AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi Rossiya Shimoliy Koreyadan ballistik raketalar olgani va allaqachon ularni Ukrainaga qarshi ishlatgani haqida aytgan.
2024-yil iyun oyida Vladimir Putinning Shimoliy Koreyaga tashrifidan ko'p o'tmay, Shimoliy Koreya muhandislari va quruvchilar bo'linmalarini Ukrainaga yuborish rejasi haqida Rossiya matbuotida xabarlar paydo bo'ldi.
Janubiy Koreyaning TV Chosun telekompaniyasi hamda Amerika Urushni o'rganish instituti tomonidan keltirilgan manbaga ko'ra, Shimoliy Koreya armiyasida "10 ta muhandislik brigadasi mavjud, ularning uch yoki to'rttasi Rossiyaga ko'chirilishi mumkin". Pxenyan buning evaziga Moskvadan yiliga 115 million dollar olishi mumkin, deb yozadi TV Chosun.
Peskov bu xabarga javoban: "Nima haqida gapiryotganingizni bilmayman", degan edi.

2024-yil iyul oyining boshida Shimoliy Koreyaning KCNA davlat axborot agentligi Shimoliy Koreyaning elita harbiy o'quv delegatsiyasi Rossiyaga tashrif buyurish uchun mamlakatni tark etgani haqida xabar berdi. Delegatsiyaga Kim Il Sung Harbiy Universiteti prezidenti Kim Geum Chol boshchilik qilgan bo'lib, KCNA ma'lumotlariga ko'ra, bu ikki davlat yetakchilari harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan bitim imzolaganidan keyin ilk harbiy almashuv edi.
Shimoliy Koreya delegatsiyasining tashrifi maqsadi to'g'risida aniqlik kiritish haqidagi so'rovlarga javoban Peskov Rossiya Mudofaa vazirligiga murojaat qilishni taklif qilish bilan cheklandi.
Shimoliy Koreya armiyasi haqida nimalar ma'lum?
Shimoliy Koreyaning o'zi kabi, uning armiyasi ham juda yopiq tuzilma bo'lib, uning tarkibi haqida kam ma'lumot mavjud va uning jangovar qobiliyati haqidagi mulohazalar bahsli.
Eng asosiy xususiyat uning soni hisoblanadi.
Mamlakatda umumiy harbiy xizmat joriy qilingan, jumladan ayollar uchun ham; majburiy harbiy xizmat muddati bo'linmaga qarab uch yildan o'n yilgacha davom etadi.
Strategik tadqiqotlar bo'yicha Xalqaro institut ma'lumotlariga ko'ra, 2018-yilda Shimoliy Koreyaning qurolli kuchlari dunyoda to'rtinchi o'rinda bo'lgan — ularda taxminan 1,2 million kishi xizmat qilgan.
Rossiya Strategik Tadqiqotlar Instituti eksperti Andrey Gubinning ta'kidlashicha, bu raqamlar haddan tashqari ko'p bo'lishi mumkin: "Hozirgi vaqtda Koreya Xalq Armiyasi xizmatchilari soni, ehtimol, 850 mingdan oshmaydi va jangovar bo'linmalarda 650 ming nafar harbiy xizmatchi borligi taxmin qilinadi", deb yozadi u Shimoliy Koreyaning harbiy salohiyati haqidagi maqolasida.

Сурат манбаси, Reuters
Shuningdek, u ushbu armiyaning ulkan safarbarlik salohiyatini ta'kidlaydi: "Zaxirada kamida to'rt million kishi bor va umumiy safarbarlik resurslari 6,2 million kishini tashkil qiladi".
Shimoliy Koreyada ko'plab yarim harbiy guruhlar ham mavjud - ular xalq militsiyalari deb ataladi.
"Yarim harbiy tuzilmalar orasida 1,5 million kishidan iborat Ishchi-Dehqon Qizil Gvardiyasi (katta zaxirachilar), 700 ming kishilik Yoshlar Qizil Gvardiyasi (o'rta maktab o'quvchilari) va 30 ming kishilik Xavfsizlik hamda Davlat xavfsizligi vazirliklarining qo'shinlari mavjud."
Bunday ko'p sonli harbiy tayyorgarlikdan o'tgan odamlarga ega Shimoliy Koreya uchun ittifoqchilaridan biriga yordam berish maqsadida harbiylarni yuborish qiyinchilik tug'dirmaydigandek ko'rinishi mumkin.
Lekin hammasi u darajada oddiy emas.
Buni yashirish ilojsiz
Shimoliy Koreya armiyasi Sovet modeli asosida tuzilgan va Sovet harbiy texnologiyasidan foydalanadi, ammo Rossiya armiyasidan farqli o'laroq, uning haqiqiy jangovar tajribasi yo'q.
Uning asosiy kuchi hisoblangan mexanizatsiyalashgan piyoda bo'linmalarisiz, u Rossiyaning Ukrainadagi urushida qanday rol o'ynashi aniq emas. Uning qo'shinlari katta, mexanizatsiyalashgan bo'linmalar tarkibida mustaqil harakat qila olish yoki olmasligi esa savol ostida.
Lekin bu taktika Ukrainada ishlamaydi: Rossiya armiyasi buni bir necha bor sinab ko'rdi va endi tank kolonalarida hujum qilishdan iloji boricha kamroq foydalanmoqda.
Ular kichik guruhlarda harakat qilishlari mumkinmi? Bu butunlay boshqa darajadagi muvofiqlashtirish va o'zaro hamkorlikni talab qiladi - hech bo'lmaganda, harbiylar orasida til to'sig'ining yo'qligini taqozo qiladi.
Ikkala holatda ham yo'qotishlar muqarrar bo'lib, bu omil hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lishi mumkin.
Pxenyanning Rossiya harbiy kampaniyasidagi ishtirokini yashirishning iloji bo'lmaydi.
Shimoliy Koreyaning ko'plab askarlari qurbon bo'lishi yoki asirga olinishi ehtimoli bor, bu haqda Ukraina, shubhasiz, jamoatchilikka e'lon qiladi va bu Shimoliy Koreya davlat tashviqoti tomonidan tarbiyalangan armiyaning yengilmasligi haqidagi tasavvurni yo'qqa chiqaradi.

Сурат манбаси, Reuters
"Tinchlik vaqtida harbiy xizmatchilarning jangovar ruhini va fidoyilikka tayyorligini tajribada sinab ko'rish juda qiyin; 1950-1953 yillardagi Koreya urushi tarixidan olingan askarlarning shaxsiy qahramonligi haqidagi misollar bunga yetarli dalil bo'la olmaydi", deb yozadi Andrey Gubin.
Agar ular alohida bo'linmalarda emas, Rossiya bo'linmalari tarkibida harakat qilsa, harbiy xizmatchilar ustidan nazoratni yo'qotish ham Shimoliy Koreya rahbariyati uchun ma'lum bir xavf tug'dirishi mumkin.
Va ikki mamlakat o'rtasidagi ittifoqqa qaramay, Rossiya va Shimoliy Koreya rahbariyatining mafkuralari sezilarli darajada farq qiladi.
Arzon ishchi kuchi
Bu omillar Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaning Ukrainadagi urushida ishtirok etishi ehtimolini inkor etmaydi.
Pxenyan pul va texnologiyaga muhtoj, Moskva esa askarlar va o'q-dorilarga muhtoj, va har ikki tomon harbiy hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda.
Ko'p yillar davomida Shimoliy Koreya armiyasi arzon ishchi kuchi sifatida xizmat qilgan — uning ko'plab bo'linmalari Sovet qurilish batalyoniga o'xshash edi.
Shimoliy Koreya muhandislari va qurilish bo'linmalari tomonidan qurilgan mudofaa inshootlari sifati ko'pincha harbiy ekspertlar tomonidan yuqori baholanadi.
Ehtimol, bunday bo'linmalar Rossiya armiyasi uchun foydali bo'la oladi.
Ular orqa frontda joylashtirilishi va yer osti omborlari va qo'rg'onlari, yo'llar va ko'priklar kabi harbiy infratizilmani qurish uchun ishlatilishi mumkin.
Shimoliy Koreya bo'linmalari yordamida Rossiya qo'mondonligi orqa frontdagi qo'shimcha ishchi kuchini oldingi safga yuborishi mumkin.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002














