You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Tolibon zudlik bilan Navoiy yodgorligini qayta tiklashni boshladi - Video
Tolibon Alisher Navoiy yodgorligini buzganidan bir kun o‘tib, yana o‘sha joyda yangi yodgorlik majmuasini qura boshladi. Navoiy yodgorligining buzilishi tanqidlarga va O‘zbekiston tomonining Tolibon bilan tezkor bog‘lanishiga sabab bo‘lgandi.
Bir kun oldin O‘zbekiston TIV Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi uchun olib tashlanganini xabar qilgandi.
21 avgust kuni Navoiy yodgorligini tiklash marosimida O‘zbekiston rasmiylari ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston TIV bergan xabarda aytilishicha, tadbirda Mozori Sharif shahri hokimi, mutasaddi rahbarlar, Afg‘oniston shimolidagi TIV vakolatxonasining rahbari hamda ushbu shahardagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari ishtirok etishgan.
Rasmiylar zarhal qog‘ozlarga o‘ralgan ilk g‘ishtlarni tergan.
Taqdim qilingan rasmiy tasvirlardan yodgorlikda Alisher Navoiyning siymosi aks etmasligini ko‘rish mumkin.
Mozori Sharif hokimligi matbuot kotibi Mustafo Muhammadiyning matbuotga aytishicha, shahar qiyofasini obodonlashtirish va ijobiy o‘zgartirish maqsadida yodgorlik qayta tiklanib, yangi dizayn bilan bezatiladi.
Alisher Navoiy haqida ma’lumot bitilgan devor qulatilgani haqida xabar 20 avgustda paydo bo‘ldi.
Navoiy barelefi ikki yil oldin qo‘porilgan, biroq haykal ikki tarafida buyuk O‘zbek shoiri va davlat arbobi haqida ma’lumot yozilgan devor turgan edi.
Ma’lumot devori ham qulatilishiga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘sha kuniyoq munosabat bildirdi.
20 avgust: Navoiy yodgorligi buzilishi haqida Tolibon O‘zbekistonga tushuntirish berdi
Tolibon rahbariyatiga ko‘ra, Mozori Sharif shahridagi yodgorlik buzilishi Afg‘oniston Madaniyat va Axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagan, ammo Navoiy nomi mamlakatda abadiylashtiriladi.
Ommaviy axborot vositalari va Internet ijtimoiy tarmoqlarida Afg‘oniston shimolidagi Mozori Sharif shahri markazidagi Navoiy yodgorligi butkul buzib tashlangani xabarlari va foto suratlari tarqalganidan keyin O‘zbekiston rasmiylari Afg‘oniston rasmiylari bilan bog‘langanlar.
Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanov xabar berdi.
"Mozori Sharif shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining buzib tashlangani haqida ma’lum bo‘lishi bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy izohlar olish maqsadida Afg‘oniston hukumati vakillari bilan bilan tezkor ravishda bog‘landi", deyiladi xabarda.
"Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi, shoir va mutafakkir uchun yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangan".
Shu bilan birga, ushbu buzish ishlari Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagani alohida ta’kidlanib, afg‘on tarafi holat yuzasidan taassuf bildirdi, deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.
O‘zbek rasmiylariga ko‘ra, Tolibon rahbariyati Hazrat Navoiy nomini abadiylashtirish va yangi yodgorlik barpo etishga va’da bergan.
"Afg‘oniston hukumati vakillari nafaqat O‘zbekiston, balki Afg‘oniston xalqi uchun mo‘’tabar bo‘lgan Alisher Navoiy xotirasini munosib tarzda abadiylashtirilishini tasdiqlab, buyuk shoir va mutafakkir sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga va’da berdi. Jumladan, hududni obodonlashtirish, shoir hayoti va ijodiy merosiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yozuvlarni tiklash hamda amaldagi qarorlarga muvofiq yangi yodgorlik barpo etish hamda u joylashgan maydonga buyuk shoir Alisher Navoiy nomi qo‘yilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Afg‘oniston tomoni butun mintaqa uchun birdek qadrli bo‘lgan buyuk mutafakkir xotirasini asrab-avaylash borasidagi qat’iy sodiqligini bildirgan holda, uning nomini munosib e’zozlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’kidladi", deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabarida.
20 avgust. Afg‘oniston: Navoiy haykali ortidan u haqdagi ma’lumot devori ham qulatildi
Matbuot va Internet ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko‘ra, Afg‘onistonning Mozori Sharif shahridagi Alisher Navoiy haqida ma’lumot bitilgan devor qulatilgan. Navoiy bareleьefi ikki yil oldin qo‘porilgan, biroq haykal ikki tarafida buyuk O‘zbek shoiri va davlat arbobi haqida ma’lumot yozilgan devor turgan edi. Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olganining to‘rt yilligi sanasini bayram qilgan kuni ma’lumot devori ham buzib tashlandi.
Bi-bi-siga devor Mozori Sharif shahrining ma’muriyati buyrug‘i bilan buzib tashlanganini tasdiqladilar.
2023 yilning fevralida atoqli O‘zbek shoiri va davlat arbobi Alisher Navoiyning Mozori Sharif shahridagi haykali buzib tashlangan edi.
Ushbu hodisaga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xavotirli munosabat bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Ahror Burxonov, "Afg‘onistonda buyuk shoir Alisher Navoiyning barelefi va graffitilariga zarar yetkazilgani haqidagi xabardan afsusda",
Burxonovning aytishicha, O‘zbekiston diplomatlari Afg‘oniston tomoni bilan bog‘langanlar.
"Tolibon vakillari "bu vandalizm harakati qardosh O‘zbekiston bilan ko‘p asrlik do‘stona munosabatlarni mustahkamlash tarafdori bo‘lgan muvaqqat hukumat siyosatini hech qanday tarzda aks ettirmaydi", deb ishontirdi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati yodgorlikni tiklash va umumiy merosga hurmatni ta’minlash choralarini ko‘rishiga ishontirdi", deyilgan edi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirgi 2024 yilning iyulida tarqatgan bayonotda.
O‘shanda Afg‘oniston bo‘ylab Navoiy haykallari va suratlari yo‘q qilinishini qator afg‘onistonlik va o‘zbekistonlik ziyolilar bevosita diniy emas, balki joriy Tolibon rahbariyatining mamlakatdagi milliy ozchiliklarga qarshi qaratilgan amal sifatida ham talqin qilishgan.
Xususan, bu bilan O‘zbek madaniyatiga zarba berilayapti, ma’nosidagi xavotirlar ham izhor qilingan.
Ayrimlar esa ayni hatti-harakatlarni Tolibon Islom dinini qanday talqin qilishi va yo hayotga tadbiq etishiga bog‘lab tushuntirishga intiladi.
Tolibon harakatining o‘zagini tashkil etadigan Pashtun millatiga mansub shaxslarning akslari ham o‘chirilishi shunday fikrlarga yetaklaydi.
Tolibon boshqaruvi tanqidi
Xalqaro tashkilotlar Tolibonni ko‘plab inson huquqlarini poymol etishda ayblab keladi.
Shulardan eng asosiysi, ayollarning ta’lim olish va ishlash huquqlarining cheklanishidir.
Ayni paytda Tolibon boshqaruvi tanqid etilayotgan hisobotlar e’lon etilayapti, eng oxirgilaridan biri Tolibon boshqaruvining 90 foizi bir etnik guruhga mansub ekani haqidagi Yaqin Sharq institutining hisobotdir.
Tolibondan inklyuziv hukumat barpo etish, bu hukumatga Afg‘onistonda istiqomat qiladigan barcha millatlar vakillari hamda xotin-qizlarni ham kiritish talab qilib kelinadi.
Ammo hozircha Tolibon rahbariyati asosan Pashtunlardan iborat bo‘lib qolayapti.
Tolibon ilk hukmronligi 2001 yilda tugagach, Afg‘onistonda G‘arb qo‘llovidagi hukumat qudratga kelarkan, bu davrda Afg‘oniston O‘zbeklari o‘z madaniy va tarixiy meroslarini o‘rganish va tiklashga intildilar.
Xususan, Alisher Navoiyning Mozori Sharif shahri markazida haykali ochildi, Hirotdagi qarovsiz maqbarasi tiklandi, uning asarlari o‘rganila boshlandi.
Afg‘onistonda qator atoqli O‘zbek tarixiy allomalari tug‘ilgan, yashagan va yoki dafn etilganlar.
Bobur, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Beruniy, Mashrab kabi atoqli shaxlarni tilga olish mumkin.
O‘tgan hukumatlar davrida Afg‘onistonda millatlar o‘rtasida do‘stlik va totuvlikni kuchaytirishga harakatlar bo‘ldi, ularning madaniyati va tillariga e’tibor qaratildi.
Afg‘oniston O‘zbeklari ham bunday imkoniyatdan foydalanib, o‘z tarix va qadriyatlarini o‘rganishga intildilar.
Afg‘onistonda aynan necha million O‘zbek yashashi borasida so‘nggi xolis ma’lumotlarni topish qiyin, biroq bu mamlakatda O‘zbekistondan keyin eng ko‘p O‘zbeklar yashashi aniq.
O‘zbeklar Shimoliy Afg‘onistonning sakkiz viloyatida zich yashaydilar.
Biroq bundan to‘rt yil oldin Tolibon ikkinchi bora Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga oldi va shundan beri o‘z qarashidagi Islomga xos bo‘lmagan ko‘rinishlarga barham berishga qattiq harakat qiladi.
Xususan, suratlar va haykallar ham ularning e’tiboridan chetda qolmagan.
Biroq qator O‘zbeklar buni o‘z madaniyat va qadriyatlariga zarar beradigan amal sifatida ham ko‘radilar.
Ayni aytda, qator san’at turlari ham taqiqlangan bo‘lib, Afg‘on O‘zbeklariga xos milliy musiqa va folklor san’ati kelajagi qanday kechishi ham mavhum.