You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston uchun rus tili o‘zbek tilidan muhimmi?
21 noyabr kuni Qozog‘iston parlamenti yuqori palatasi rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish g‘oyasini ma’qullagani haqidagi xabarni o‘qigan o‘zbekistonliklar O‘zbekiston parlamenti allaqachon bunday qonunni ma’qullab bo‘lib hatto prezident imzolashga ulgurganidan xabardor bo‘ldilar.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Ukraina urushi bugungi Rossiya rahbariyatining imperialistik kayfiyatda ekanini, nafaqat Ukraina bilan cheklanib qolish, balki Chor Rossiyasi, SSSR hududidagi imperiyalarini qayta tiklamoqchiligini aniq-tiniq ko‘rsatdi.
Buni nafaqat G‘arb, balki bugun Rossiyaning o‘zidan bosh olib chiqib ketishga majbur bo‘lgan erkin fikrli rossiyaliklarning o‘zlari ham e’tirof etmoqdalar.
"Shunday bir sharoitda bosqinchi Rossiya xalqaro nufuzini ko‘tarish maqsadiga xizmat qiladigan xalqaro tashkilot O‘zbekistonning manfaatlariga qanchalar to‘g‘ri keladi", degan savol O‘zbekiston parlamentida ko‘tarildimi?
Bu savolga na Senat, na Qonunchilik Palatasi, na deputatlardan javob bo‘lgani yo‘q.
Mahalliy nashrlar imi-jimida "yuqoridan tezda bosish" buyrug‘i berilgan qisqa xabarni tarqatdilar.
Undan anglashilishicha, allaqachon Qonunchilik Palatasi ko‘rib chiqqan, Senat ma’qullagan qonunni Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 oktyabr kuni imzolagan.
Bu qonun "Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotni ta’sis etish to‘g‘risidagi shartnomani (Bishkek, 2023 yil 13 oktyabrь) ratifikatsiya qilish haqida" deb nomlanadi.
MDHda maqomi hukumatlararo birlashma bo‘lgan Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzishga kelishilgan.
Tashkilotning maqsad va vazifalari qatoriga rus tilida sifatli ta’limni qo‘llab-quvvatlash, "Rus tili va adabiyoti", "Rus tili chet tili sifatida" deb nomlangan yo‘nalishlar bo‘yicha pedagog va ilmiy kadrlar tayyorlashga ko‘maklashish, shuningdek, ushbu sohadagi mutaxassislar zaxirasini shakllantirish kirishi xabar qilingan.
Bundan tashqari, tashkilot davlatlararo muloqot tili sifatida rus tilini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish masalalarida MDH mamlakatlarining har tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorligini mustahkamlash bilan shug‘ullanadi.
Ushbu yangilik bundan bir oy oldin - O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani haqidagi qonun qabul qilinganiga 35 yil to‘lgani kunida O‘zbek tilining O‘zbekistondagi mavqesi borasida xavotirlar bildirilgan vaqtda tarqadi.
Bu yil ham o‘zbekistonlik faollar mamlakatda mahalliy kichik bizneslardan tortib hukumat darajasiga qadar O‘zbek tili hurmat qilinmayotgani, davlat tili maqomiga ega bo‘lmagan rus tilining mavqe’i shiddat bilan kuchayib borayotgani haqida yozdilar.
"Diqqat Bi-bi-si" tahliliy dasturimizda biz ushbu mavzuni muhokama qildik.
Telegram kanalimiz: