You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Qorni och, qiltiriq va jang ko‘rmagan – Shimoliy Koreya askarlari qanchalik kuchli va ular Ukrainaga qarshi urisha oladimi?
Ukrainaga qarshi jang qilish uchun Rossiyaga yuborilgan Shimoliy Koreya askarlari dunyoda shov-shuv bo‘lmoqda. Janubiy Koreyaga qochib o‘tgan sobiq shimollik askarlar esa garchi armiyada vaziyat qanchalik ayanchli bo‘lmasin, bu mamlakat harbiylari salohiyatini past baholash noto‘g‘ri bo‘lishdan ogohlantirmoqda.
Shimoliy Koreya armiyasidan janubga qochib o‘tgan Haneul o‘z harbiy xizmatini o‘ta og‘ir sharoitlarda o‘tkazganini eslaydi.
Xizmatning birinchi oyida u faqatgina makkajo‘xori va mog‘or bosgan karam bilan oziqlanib, 10 kilogramm vazn yo‘qotgan.
Hanuel o‘zi va uning otryadi shu darajada to‘yib ovqatlanmaganidan og‘ir holatda sog‘lomlashtirish markaziga yuborilganini xotirlaydi.
Biroq og‘ir sharoitga qaramay, qattiq intizom va mafkuraviy tarbiya tufayli shimollik askarlar hamon jiddiy kuchligicha qolmoqda.
2012 yilda jonini xatarga qo‘yib, Janubiy Koreyaga qochgan Haneul va boshqa sobiq harbiylar esa shimoliy koreyalik askarlar Rossiya tarafida Ukrainaga qarshi jang qilayotgani haqidagi xabarlar aylanayotgan bir paytda, bu mamlakat armiyasidagi vaziyat haqida Bi-bi-siga gapirib berdi.
Ukrainaga qarshi
Avvalroq Shimoliy Koreya Rossiyaga, xususan, Ukraina bir qismini bosib olgan Kursk viloyati hududiga taxminan 11 mingga yaqin askar yuborgani borasida xabarlar chiqqan edi.
Janubiy Koreya razvedkasi ularning asosiy qismi "Bo‘ron korpusi"ga tegishli yuqori jangovar ruhga ega eng sara askarlar ekani, ammo bu harbiylar "zamonaviy urush tajribasiga ega emas"ligini aytgan.
2000 yillarda Shimoliy Koreya maxsus kuchlaridagi harbiy xizmatchilarni tayyorgarlikdan o‘tkazishga bosh-qosh bo‘lgan Li Hyun Seung esa "Bo‘ron korpusi" harbiylari salohiyatiga past nazar bilan qarash to‘g‘ri ish emasligini ta’kidlaydi.
Faqatgina baland bo‘yli va baquvvat yigitlargina bu korpusga tanlab olinadi, deydi Shimoliy Koreya armiyasida 2014 yil – janubga qochib o‘tgunga qadar xizmat qilgan Li.
Li o‘z qo‘l ostidagi askarlarga qoshiq-vilka va boshqa oshxona anjomlaridan qurol tayyorlash, jang san’atlarini o‘rgatgani haqida gapiradi.
Ammo qanchalik eng sara kuch hisoblanishiga qaramay, hatto, bu korpusda ham askarlar to‘yib ovqatlanmaydi, qo‘shimcha qiladi u.
"Qiltiriq" askarlar
Rossiyadagi shimoliy koreyalik askarlar, deb taxmin qilingan ko‘plab videolar tarqalgan.
Shunday videolarni bir qanchasini tomosha qilib chiqqan Hanuel esa ulardagi askarlarni ko‘pi anchayin yosh va "qiltiriq" ko‘rinishini aytadi.
Bu esa Pxenyanning temir zanjirlarni uzib, yalang‘och qo‘llari bilan muz bo‘laklarini parchalab tashlayotgan yigitlar tasvirlangan targ‘ibot videolaridagi manzaradan keskin farq qiladi.
Shuningdek, Haneul o‘z harbiy xizmati davomida atigi uchta o‘q otganini eslaydi.
Uning o‘z qurolini real xavf vaqtida ishlatishga yagona urinishi esa och qolgan dehqon bilan to‘qnashganda yuz berganini aytadi.
Hanuel sabzavotlar izlab, qo‘riqlanadigan hududga kirib qolgan dehqonga qurol o‘qtalgani, lekin "beruxsat kirib kelgan har qanday shaxsni otib tashlash" topshirig‘iga bo‘ysunmay, dehqonni ogohlantirish bilan qo‘yib yuborganini hikoya qiladi.
Zambarakka solinadigan go‘sht?
Hanuel va Li janubga qochib o‘tganidan beri oradan anchagina vaqt o‘tgan – shu sabab Shimoliy Koreya armiyasidagi joriy vaziyat hali ham shunday yoki yo‘qligini mustaqil o‘rganish imkonsiz.
Ammo nisbatan yaqinda – 2019 yilda Janubiy Koreyaga qochgan Ryu Seonghyun hikoyasidan armiyadagi vaziyat nafaqat o‘sha-o‘shaligicha qolgani, balki yanada og‘irlashgan bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi anglashiladi.
Havo kuchlarida 7 yil xizmat qilgan 28 yashar Ryu ovqat bilan muammo, hatto, eng sara bo‘linmalarda ham jiddiylashganini aytadi.
"Xizmat vaqtimda asta-sekin ovqatimizdan guruch g‘oyib bo‘la boshladi. Men qochgan paytda askarlarni ozgina guruch bilan toqqa jo‘natib yuborib, bu qiyin sharoitlarda omon qolish bo‘yicha sinov, deb aytishayotgan edi", eslaydi Ryu.
Shu bilan birga sobiq askarlar asosan Koreya yarim orolining tog‘li hududlariga mo‘ljallangan mashg‘ulotlardan o‘tgan shimollik harbiylarning Kurskdagi tekis maydon va xandaqlardagi janglarga moslashib ketishiga ham shubha ko‘zi bilan qaraydi.
Ryu "Bo‘ron korpusi" askarlarining asosiy vazifasi frontning old qatorlarida jang qilish emas, balki sabotaj yordamida dushman orasida xaos keltirib chiqarish ekanini taxmin qiladi.
Ryu, shuningdek, Shimoliy Koreyada boshqa sara harbiy bo‘linmalar yo‘qligi, oddiy askarlar esa vaqtining asosiy qismini dalalarda mehnat qilish, binolar qurish va o‘rmonda daraxt kesish bilan o‘tkazishini qo‘shimcha qiladi.
"Kim Jon Un Rossiya oldida uyalib qolmaslik uchun hech bo‘lmaganda, bazaviy jangovar uquv ko‘rsata oladigan odamlarini jo‘natdi", deydi Ryu.
Bundan tashqari, til to‘sig‘i jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani aytilgan xabarlar ham tarqalmoqda.
Dekabrь o‘rtasida Ukraina armiyasining razvedka bo‘linmasi kommunikatsiyadagi muammolar sabab shimollik askarlar tasodifan rus harbiylariga qarshi o‘t ochgani, oqibatda, sakkiz kishi o‘lganini xabar qilgan edi.
Shunday bir vaziyatda, Shimoliy Koreya harbiylari Rossiya uchun nega kerak o‘zi, degan savol atrofida bahslar paydo bo‘lgan.
Ayrim ekspertlar shimolliklarning ruslarga yordamga kelishi Rossiya armiyasining qanchalik mushkul vaziyatda ekanini ko‘rsatishini aytsa, boshqalar esa "zambarakka solinadigan go‘sht" farazini inkor qilmaslikka chaqiradi.
Pxenyanning sobiq harbiylari esa Shimoliy Koreya askarlarining rejimga bo‘lgan so‘zsiz sadoqatini yoddan chiqarmaslik, har kuni o‘tkaziladigan mafkuraviy mashg‘ulotlar ularning jangovar ruhiyatini mustahkamlashini ta’kidlaydi.
Qat’iylik va buyruqlarga so‘zsiz bo‘ysunish vaqt o‘tishi bilan bu askarlarni samarali kuchga aylantirishi mumkin, deydi ular.
Ryuning taxmin qilishicha, biror tanlov berilmagani qariyb aniq bo‘lsada, shimollik askarlarning katta qismi Rossiyaga kelishni chindan istagan bo‘lishi mumkin.
"Armiyadagi sharoit anchayin og‘irligini hisobga olsak, tashqariga birinchi bor chiqish imkoniyati ko‘plarga yoqqan bo‘lishi aniq. O‘zim ham xohlagan bo‘lardim. O‘ylashimcha, shimollik askarlarning jang qilishga ishtiyoqi ruslarnikidan baland", deydi u.
Bo‘lajak dezertirlar?
Janubiy Koreya va Ukraina Rossiyaga kelgan Shimoliy Koreya askarlarini qochishga undash maqsadida psixologik strategiyalarni, jumladan, xabarlarni ovoz kuchaytirgichlar orqali uzatish yoki varaqalar tarqatishni allaqachon muhokama qila boshlagan.
Bi-bi-si bilan gaplashgan Ryu ham, Hanuel ham Janubiy Koreya tarqatgan aksil-propaganda varaqasini o‘qish ortidan chegaradan qochib o‘tgani, biroq Rossiyaga kelgan vatandoshlarining keng miqyosli qochish ehtimoli kamligini ta’kidlashmoqda.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, askarlar doimiy nazorat ostida va taslim bo‘lishdan ko‘ra o‘limni afzal ko‘rishga o‘rgatilgan.
Sobiq harbiylar, bundan tashqari, Shimoliy Koreya armiyasida ko‘pincha ishchi oilalar yoki qishloqlardan chiqqan yigitlar xizmat qilishi, yuqori martabali oilalarning farzandlari esa, ko‘pincha, xizmatdan chetda qolishga muvaffaq bo‘lishi haqida gapiradi.
Qochgan yoki halok bo‘lgan taqdirda, qashshoq oilalardan chiqqan askarlar o‘rnini biror ijtimoiy tarangliksiz osongina to‘ldirish mumkin, sababi shimollik ko‘plab oilalar marhumlarni qahramon o‘laroq ko‘rishga o‘rgatilgan, deydi ular.
Ayrim ekspertlar shimolliklarning Rossiyaga yordamga kelishi urush yo‘nalishining o‘zgarishiga sabab bo‘la olmasligiga ishonsa, boshqa tahlilchilar Pxenyan kerak bo‘lsa, yana o‘ng minglab askar yuborishga qodir ekanidan ogohlantiradi.
Hozirda Janubiy Koreyada yashayotgan Haneul esa Rossiyaga yuborilgan vatandoshlari orasida o‘zining qarindoshlari ham bo‘lishi mumkinligini inkor qilmaydi.
"Men faqat ularning omon qolishini va uylariga sog‘-salomat qaytishini istayman", deydi u.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: