O‘zbekiston: Surxondaryodagi yana bir quduqdan zaharli gaz chiqa boshladi, ommaviy tartibsizliklarga oid tartib yanada qattiqlashtirildi va prezident AES loyihasini ko‘rib chiqdi – dayjest
Kunning eng so‘nggi va muhim xabarlari bilan dayjestimizda tanishing.

Surat manbasi, Energetika vazirligi
27 mart kechasi Boysundagi o‘tgan yil kuzida avariya sodir bo‘lgan gaz konigi yana bir quduqdan vodorod sulfidi sizib chiqishi holati kuzatilgan.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, gaz sizib chiqishi "nazorat ostida" yuz bergan.
Vazirlik zaharli gaz tabiatga ziyon yetkazmasligi va havo ifloslanishining oldini olish maqsadida quduq yoqib qo‘yilganini bildirgan.
Rasmiy xabarda voqea joyiga zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining brigadasi, Energetika vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tarkibida tashkil etilgan maxsus shtab vakillari yetib borgani haqida so‘z boradi.
Energetika vazirligi yuzaga kelgan holat aholi va yaqin atrofdagi hududlarga hech qanday xavf tug‘dirmasligiga ishontirgan.
"Hozirgi vaqtda ushbu vaziyat hamda yong‘inning kelib chiqishi sabablari o‘rganilmoqda. Bu haqdagi batafsil ma’lumot ishlar yakunlanganidan so‘ng ma’lum qilinadi", deyiladi Energetika vazirligi tarqatgan rasmiy axborotda.
Ma’lumot o‘rnida, Boysundagi "Mustaqillikning 25 yilligi" gaz konidagi quduqlardan birida o‘tgan yil sentyabrida texnogen avariya yuz bergan va atrofga tarqalgan zaharli gazdan mahalliy aholi aziyat chekayotgani bir necha bor xabar qilingan.
"Eslatib o‘tamiz, "M-25" gaz konini o‘zlashtirish jarayoni o‘ziga xos murakkablikka ega bo‘lib, bu yerda xalqaro tajribadan foydalanib, kuchaytirilgan nazorat choralari amalga oshirilmoqda", ma’lum qilgan Energetika vazirligi o‘zining 28 mart tongida tarqatgan xabarida.
Kuchaytirilgan javobgarlik

Surat manbasi, Screenshot/Social media
O‘zbekistonda ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Adliya vazirligining xabar qilishicha, 27 mart kuni kuchga kirgan tegishli qonun bilan Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartirish kiritilgan.
Ushbu o‘zgartirish bilan ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik hamda ushbu faoliyatni moliyalashtirganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
"Qonunga ko‘ra, shaxsning ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tishi, shu jumladan ommaviy tartibsizliklarni sodir etish bilimini, amaliy mahoratini va ko‘nikmalarini egallashi, o‘quv chog‘ida qurol-yarog‘, portlatish qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi, atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan boshqa moddalar va buyumlar bilan muomala qilish usullarini o‘rganishi – BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi", tushuntiriladi rasmiy xabarda.
Shu bilan birga, ma’lum qilinishicha, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs, "agar u o‘quvdan o‘tganligi to‘g‘risida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday o‘quvdan o‘tgan, o‘quvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek o‘quv o‘tkazilgan joyni aniqlashga faol ko‘maklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi" bildirilmoqda.
Ko‘zdan kechirilgan AES loyihasi

Surat manbasi, Prezident matbuot xizmati
27 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda atom energetikasini rivojlantirishga qaratilgan vazifalar ijrosi bilan tanishgan.
O‘zbekiston o‘tgan yili Rossiya bilan hamkorlikda kichik quvvatli atom elektr stantsiyasini qurish loyihasini boshlagan edi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, hozirga qadar ushbu loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish hamda "yo‘l xaritasi" tayyorlash maqsadida ishchi guruhlarning uchrashuvlari o‘tkazilgan.
Yig‘ilishda mutasaddilar loyihaning borishi, hamkorlar bilan muzokaralar yuzasidan prezidentga axborot bergan.
"Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi ishlab chiqildi. Bo‘lajak stantsiya qurilishining har bir bosqichi – loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida bo‘ladi, jahonning eng ilg‘or tajribalari va xavfsizlik talablari tatbiq etiladi", ma’lum qilingan rasmiy axborotda.
Shuningdek, prezident huzurida o‘tgan mazkur yig‘ilishda katta quvvatli atom elektr stantsiyasining texnik-iqtisodiy jihatlari hamda uni barpo etish rejalari ko‘rib chiqilgani ham aytilmoqda.












