Qurilishga o‘tga chidamli modda kirib kelmoqda – Bu qanday ishlaydi?

O‘tga chidamli materiallar o‘t o‘chiruvchilarga vaqtdan yuttirishi mumkin

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, O‘tga chidamli materiallar o‘t o‘chiruvchilarga vaqtdan yuttirishi mumkin
    • Author, Kris Baranyuk
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Yog‘och mahsulotlarini yong‘indan asrash uchun ishlatiladigan maxsus suyuqlik solingan katta idishga tikilib turibman.

"Uni hatto ichsa bo‘ladi. Men ichganman", deydi Belfastdagi Halt yog‘ochga ishlov berish kompaniyasining bosh va texnik menejeri Stiven MakKann. "Lekin buni tavsiya qilmayman", deya qo‘shib qo‘yadi u. Juda sho‘r ekan.

Tarkibida Burnblock deb nomlangan modda bo‘lgan bu suyuqlik yog‘och yonishining oldini olishi sinab ko‘rilgan.

Shirkat internetda tarqatgan videoda ikkita kichikroq maket uy alanga bilan sinovdan o‘tkazilgani tasvirlangan. Boshqa mahsulot bilan ishlangan uy yonib qulaydi. Burnblock bilan ishlangan uy esa faqat bir burchagi kuyib, boshqa qismlari zarar ko‘rmaydi.

Burnblock aslida nima? Hech kim aniq aytmaydi. Na janob MakKann, na Daniyaning Burnblock kompaniyasi bosh direktori Xroar Bey-Smidt uning tarkibini oshkor qiladi. Biroq Daniya texnologiya institutining Burnblock veb-saytidagi hujjatlarida olovga chidamli tarkibiy qism "tabiiy modda" ekanligi, aralashmada limon kislotasi va "ba’zi rezavorlardagi tabiiy modda" ham borligi aytiladi.

Olovga chidamli qiluvchi moddalar, ya’ni mahsulotlarning yonishini sekinlashtirish uchun qo‘shiladigan kimyoviy moddalar asrlar davomida turli ko‘rinishlarda qo‘llab kelingan.

Ammo 20-asrda ishlab chiqilgan ko‘plab bunday moddalar juda zaharli. "Muqobil variant topishga katta mablag‘ sarflanmagan. Mana hozir hamma birdaniga ularni izlashga tushib ketdi," deydi AQShdagi Deyton universiteti tadqiqot institutining kimyogari va olovga chidamli moddalar bo‘yicha mutaxassis Aleks Morgan.

Janob Bey-Smidtning tushuntirishicha, Burnblock bilan ishlangan yog‘ochni yoqishga urinsangiz, material himoya qiluvchi ko‘mir qatlamini hosil qiladi. "U yana oz miqdorda suv ham ajratadi," deya qo‘shib qo‘yadi u. "Bu issiqlikni yutishga yordam beradi va olovning tarqalishini sekinlashtiradi." Shuningdek, u olovga kislorod yetib borishini to‘sadi. Uning aytishicha, Burnblock'ni boshqa qurilish materiallariga, jumladan, quritilgan dengiz o‘tlari kabilarga ham qo‘shish mumkin.

BBC
Uni hatto ichsa bo‘ladi. Men ichganman. Lekin buni tavsiya qilmayman. Juda sho‘r ekan.
Stiven MakKann
Belfastdagi Halt kompaniyasi bosh menejeri (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Belfastda to‘rt yildan beri faoliyat yuritayotgan Halt shirkati Buyuk Britaniya va Irlandiyaning yuzlab joylariga Burnblock bilan ishlangan yog‘och mahsulotlarini yetkazib bergan. Restoranlar, mehmonxonalar va hatto HS2 uchun ham. HS2 loyihasi uchun Halt tunnellardagi qurilish maydonlarini o‘rash uchun ishlatiladigan maxsus panellarni ham yetkazib bergan.

"Tunneldan chiqish qiyin bo‘lishi mumkin, shuning uchun [yong‘in chiqqan taqdirda] evakuatsiyaga iloji boricha ko‘proq vaqt kerak," deydi janob MakKann. Men Halt ishlagan yog‘ochdan qurilgan binolar yoki inshootlardan birortasi shu paytgacha yong‘inda qolganmi, deb so‘rayman. "Yo‘q" deydi u.

Halt yog‘ochni vakuum, zichlash va o‘tga chidamli suyuqlik ishlovidan o‘tkazadi
Surat tagso‘zi, Halt yog‘ochni vakuum, zichlash va o‘tga chidamli suyuqlik ishlovidan o‘tkazadi

Halt shirkatining binolaridan birida avtoklav deb ataladigan ulkan mashina bor. U asosan ikkita katta gorizontal trubadan iborat. Yuqoridagisi men avval ko‘rgan suyuqlik solingan idish. Uning ostidagi trubaga esa yog‘och bo‘laklari joylanadi, avval yog‘ochning g‘ovaklarini ochish uchun vakuum hosil qilinadi, deydi janob MakKann.

Keyin shu yog‘och turiga mos keladigan bosim va ishlov beruvchi suyuqlik qo‘llanadi.

"Bu bosim olovga chidamli moddani yog‘ochning ichki qismigacha shimdiradi," deydi janob MakKann.

Shundan so‘ng, yog‘och katta quritgichga tushadi va u yerda 10 kundan olti haftagacha quritiladi. Bu jarayon juda ehtiyotkorlik bilan boshqariladi – juda tez yoki juda sekin quritish yog‘ochni egib qo‘yishi mumkin.

"Yog‘och ajoyib material," deydi Lankashir universiteti faxriy professori va olovga chidamli moddalar bo‘yicha mutaxassis Richard Holl. U yog‘ochning ishlov beruvchi suyuqliklarni o‘ziga singdirish xususiyatini nazarda tutadi. "Oxir-oqibat uning yonish xususiyatlarini o‘zgartirishimiz mumkin", deydi u.

Biroq, Holl ko‘pincha yangi olovga chidamli moddalarga shubha bilan qaraydi. Uning ta’kidlashicha ba’zi g‘oyalar ish bermagan. "2000-yillar boshida gil nanokompozitlar ustida ko‘p ishlar qilindi, – deydi u. – Hozir, 20-25 yil o‘tib, bu ishlarning 99 foizi samarasiz tugadi".

Doktor Morgan qurilishda keng qo‘llanadigan plastik turi bo‘lmish polietilenni o‘xshash kimyoviy tuzilishi va tez yonish xususiyati tufayli "qattiq benzin" deydi.

Surat manbasi, University of Dayton Research Institute

Surat tagso‘zi, Doktor Morgan qurilishda keng qo‘llanadigan plastik turi bo‘lmish polietilenni o‘xshash kimyoviy tuzilishi va tez yonish xususiyati tufayli "qattiq benzin" deydi.

Yog‘och odatda bir xil tezlikda yonsa-da, plastikni olovga chidamli qilish boshqa masala, chunki plastiklarning yonishi tezlashib boradi, deb tushuntiradi u.

Doktor Morgan qurilishda keng qo‘llanadigan plastik turi bo‘lmish polietilenni o‘xshash kimyoviy tuzilishi va tez yonish xususiyati tufayli "qattiq benzin" deydi.

Avstraliyada "First Graphene" shirkati plastikka grafen – asalari uyasiga o‘xshash panjaralar hosil qiladigan uglerod atomlarining mayda zarrachalarini qo‘shish orqali olov tarqalishini sekinlashtirish usulini topganini aytadi. Boshqaruvchi direktor va bosh ijrochi direktor Maykl Bellning aytishicha, shirkatning PureGRAPH eritmasi allaqachon himoya poyabzali va tog‘-kon sanoatida ishlatiladigan konveyer tasmalari kabi mahsulotlarga qo‘shilgan.

First Graphene'ning ta’kidlashicha, bu modda yonishdan oldin uchuvchan birikmalar ajralib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydigan himoya gaz qatlamini hosil qiladi, shuningdek, yonish sodir bo‘lganda ko‘mir qatlami paydo bo‘ladi. Biroq grafen juda sirli material bo‘lib, shirkat hali to‘liq tushunilmagan boshqa mexanizmlar ham ishlashi mumkinligini aytmoqda.

Yong‘indan so‘ng grafen odamlar salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinmi? Kompaniya vakili shunday deydi: "Grafenning sog‘liqqa xavf tug‘dirishi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Sanoat bu jihatlarni sinovdan o‘tkazish va baholashni davom ettirmoqda".

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Buyuk Britaniyada Vector Homes shirkati PureGRAPH texnologiyasi uchun litsenziyani plastik doskalar kabi qurilish materiallari ishlab chiqarishda foydalaniladigan plastik granulalar ishlab chiqaruvchilarga sotishga tayyorlanmoqda.

Tajribalar ko‘rsatishicha, grafen plastikning yonuvchanligini pasaytiradi. "Sinovlardan yaxshi o‘tadi" deydi hammuassis va texnologiyalar bo‘yicha bosh direktor Liam Britnell.

Biroq, binolarga xavf faqat ichkaridan boshlanadigan yong‘inlardan emas. "O‘rmon yong‘inlari ko‘payib bormoqda". deydi doktor Morgan. Shu sababli, Stenford universiteti olimi Erik Appel va uning hamkasblari o‘rmon yong‘ini yetib kelishidan bir necha soat oldin uyga sepiladigan va zararni kamaytiruvchi yong‘inga qarshi gelsimon moddalarni o‘rganmoqda.

Professor Appel yaqin kelajakda bu moddani kichik inshootlar yoki uylarda sinab ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Laboratoriya tadqiqotlari ko‘rsatishicha, u ishlayotgan gellardan biri alanga ta’sirida ko‘piklanib, yong‘indan yuqori darajada himoyalovchi g‘ovak aerogel tuzilmasini hosil qilgan.

"Uning shunday ta’sir ko‘rsatganini ko‘rishim bilanoq, "Yo xudoyim, bu ayni kerakli narsa-ku!" deb o‘yladim", deb eslaydi professor Appel.