Yevropaliklar Ozodlik Radiosini saqlab qolishga harakat qilmoqda. Tashkilot Tramp farmoni ortidan moliyalashtirishdan mahrum bo‘lgandi
Chexiya Yevropa Ittifoqidan Ozod Yevropa Radiosi/Ozodlik Radiosi (RFE/RL) faoliyatini davom ettirishni qo‘llab-quvvatlashni so‘ramoqda. O‘tgan hafta Donald Tramp ma’muriyati xalqaro radioeshittirish xizmatini moliyalashni to‘xtatib qo‘ygandi.

Surat manbasi, EPA
Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavski shanba kuni o‘zining X'dagi sahifasida Yevropa Ittifoqidagi hamkasblarini Ozodlik Radiosini "hech bo‘lmaganda qisman dastaklash"ga undash niyatida ekanini yozgan.
Ozodlik Radiosining serb xizmati o‘z manbalariga tayanib, Lipavski mazkur masalani 17 mart kuni Bryusselda o‘tgan YeI tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida chindan ko‘targani hamda uni Polsha, Latviya, Estoniya va Litva vakillari qo‘llab-quvvatlaganini xabar qilgan.
"Yana bir manbaning ma’lum qilishicha, uchrashuvda Ozod Yevropa Radiosini yopish "Yevropaning dushmanlariga hadya bo‘lishi" va mazkur OAV "muvaqqat loyiha emas, balki butun dunyoda demokratik intilishlar uchun zarur bo‘lgan muhim bir muassasa" ekani, uni yopish butun dunyo bo‘ylab demokratiya orzusiga tuzatib bo‘lmas darajadagi ziyon yetkazishi haqida so‘z borgan", deyiladi Ozodlik Radiosining serb xizmati xabarida.
Hozircha Bryusselda o‘tgan bu yig‘inda radio taqdiriga oid biror muhim qaror qabul qilingani yo yo‘qligi rasman ma’lum emas.
Sovuq Urush davri – Sharqiy Yevropada mahalliy matbuot qattiq nazorat ostida bo‘lgan paytlardan beri AQSh hukumatidan mablag‘ oladigan ushbu teleradio loyiha millionlab tinglovchilarni qamrab olib, demokratik qadriyatlarni targ‘ib qilib kelmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp 14 mart kuni yettita federal agentlikni qisqartirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan – ro‘yxatda Ozodlik Radiosi va Amerika Ovozi media kompaniyalarini nazorat qiluvchi Amerika Qo‘shma Shtatlarining Global Media Agentligi (USAGM) ham bor.

Surat manbasi, Getty Images
Avvalroq Donald Tramp shafeligida federal xarajatlarni kamaytirish bilan shug‘ullanayotgan dunyodagi eng boy shaxslardan bo‘lmish Ilon Mask Ozodlik Radiosini "yiliga 1 milliard dollarni yoqib yuboradigan va o‘z-o‘ziga shunchaki gapirib o‘tiradigan aqldan ozgan radikal so‘l shaxslar to‘dasi" deya da’vo qilgandi.
Biroq ko‘plab tashkilotlar, taniqli shaxslar Ozodlik Radiosi va Natsistlar Germaniyasi propagandasiga qarshi turish maqsadida tashkil etilgan Amerika Ovozi atrofida bo‘layotgan bu voqealardan jiddiy tashvish bildirib chiqqan.
RFE/RL rahbari Stiven Kapusning o‘zi radioga ajratilgan grantning to‘xtatib qo‘yilishi "Amerika dushmanlari uchun ulkan hadya bo‘lishi"ni ta’kidlagan.
"Eron Oyatullohlarining, Xitoy kompartiyasi yetakchilarining va Moskvadagi hamda Minskdagi avtokratlarning 75 yillik faoliyat ortidan RFE/RL'ning yopilishidan quvonishi shubhasiz," deya qo‘shimcha qilgan u.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) ham o‘xshash xavotirni ilgari surib, AQSh hukumatining bu qarori minglab jurnalistlar hayotiga ta’sir qilishini ta’kidlagan.
Ayni maqolada X tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz X havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri X post
"Belarusьdan tortib Erongacha, Rossiyadan tortib Afg‘onistongacha, @RFERL va @VOANews zulm ostida yashayotganlar uchun sanoqli erkin axborot manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ular ovozini bo‘g‘ish nafaqat ularning o‘zi, balki demokratiyaga ishonadigan barchamiz uchun ham katta yo‘qotish bo‘ladi", yozgan Chexiya tashqi ishlar vaziri Lipavski 15 mart kuni X'da qoldirgan tvitida.
RFE/RL har haftada Rossiya, Ukraina, Afg‘oniston hamda Markaziy Osiyo va Kavkazdagi sobiq ittifoq respublikalarini o‘z ichiga olgan jami 23 mamlakatdagi 50 millionga yaqin insonga axborot yetkazib kelishini aytadi.












