"Odamlar ustimdan kulishgan" - Qishloqda bloger kelin bo‘lish osonmi?

Muhtaram qishloq hayoti haqida blog yuritadi

Surat manbasi, Courtesy

Surat tagso‘zi, Muhtaram qishloq hayoti haqida blog yuritadi
O'qilish vaqti: 5 daq

Muhtaram – qishloq kelini. U odatiy turmush tarzini yoritadigan blog egasi. "Gazsiz yashasam ham uyimda jannat yarata oldim", deydi u.

Muhtaram Ibodovaning Instagram'da 80 mingga yaqin obunachisi bor. U o‘z sahifasida qishloqlik ayollarning kunlik yumushlari: mollarga qarash, hovlidagi o‘tlarni o‘rish, tomorqada ekin ekish, meva va sabzovotlarni yig‘ishtirish, tabiiy gaz yetib bormagan qishloqda uyni isitish jarayonlarini yoritib boradi.

Bloger bilan jurnalist Yulduz Abdurashidova suhbatlashgan:

"Blogerlik men uchun juda barakali bo‘ldi. Videochiqishlarim orqali tanildim, shaxsiy brendim yaratildi. Biroq, doimiy ravishda kamerani ko‘tarib yurish, turli voqealarni videoga olishsa odamlar g‘alati qarashadi: nima uchun bu videoga olyapti, nega syomka qilyapti deyishadi", so‘z ochadi Muhtaram Ibodova.

Qahramonimizning so‘zlariga ko‘ra, qishloqda videobloglar qilish uchun juda ko‘p jarayonlar bor, biroq ularni kameraga muhrlash qiyin, ayniqsa ayol kishi uchun.

"Qishloqda videoga olishsa, odamlar xuddi "ularni videoga olib, ustidan kulayotgandek" his qilishadi. Qo‘ni-qo‘shnilarim "meni videoga olmang, syomka qilmang, internetga chiqib ketmay tag‘in, sizni kuzatadigan qarindoshlarim ustimdan kulishadi", deya meni mazax qilishgandek bo‘ladi. Xuddi "o‘zingni internetda ko‘z-ko‘z qilgandek, meni ham Instagramga chiqarib yuborma" degandek gaplar qilishadi", deydi Muhtaram.

Navoiylik qahramonimning aytishicha, turmush o‘rtog‘i hamda o‘g‘li uning faoliyatiga qarshilik ko‘rsatmaydi, qaynukalaridan biri norozi, bir esa qo‘llab-quvvatlaydi.

Qarindoshlarim gap-so‘z qilishgan

Courtesy
"O‘g‘limizni, qishloqni ko‘rsatsang ko‘rsataver, ammo uyimizni, meni qo‘yma" degandi turmush o‘rtog‘im. O‘shanda aytganlarini qilganman.
Muhtaram Ibodova
Qishloq hayotini ko'rsatuchi bloger (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Boshida qarindoshlarimiz tomonidan gap-so‘zlar, turmush o‘rtog‘imga tazyiqlar bo‘lgan. Qaynotam Instagram'ga kirmaydi, qaynukalarim kuzatishadi: ulardan biri normal qabul qilishgan ammo ikkinchisi hali-haligacha norozi. Erim tarafdan ham, o‘zim tomondagi qarindoshlar ham boshida ustimdan kulishgan. Keyinchalik normal qabul qilishdi. Kibr emas-u ammo keyin yordam so‘ray boshladi. Ustimdan kulgan odamlar endi biron mahsulotini yoki videolarini ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimga joylab berishimni so‘ray boshladi. Bundan kibrga berilganim yo‘q, ularni normal qabul qilganman. Faqat turmush o‘rtog‘imga tazyiq o‘tkaza boshlaganida xafa bo‘lganman.

"Xotiningni internetga chiqaryapsan", "xotining yulduz, uning videolari tarqalib ketgan" deyishgan. Erim Rossiyadan O‘zbekistonga qaytgan vaqtlari birga video qo‘yganman hazil tariqasida. Videoni millionlab kuzatuvchi ko‘rgan, tumanimizdagilar orasida gap-so‘z chiqqan. Keyin xo‘jaynimning tanishlari o‘rtasida rosa muhokama bo‘lgan. Qarindoshlar "sen bilan xotining bizni kulguga qo‘yyapsan" deya gapirgan. "Video qo‘yma, tamom" degandilar o‘sha payt. Hatto Instagram'imni o‘chirib ham yuborganlar.

Erim qo‘llab-quvvatlamoqda

qishloq

Surat manbasi, Courtesy

O‘shanda hech narsa demaganman, asabiylashgan vaqti jim turishni ma’qul ko‘raman. Keyinchalik kayfiyati yaxshi mahal qayta platformani tiklab olganman. "O‘g‘limizni, qishloqni ko‘rsatsang ko‘rsataver, ammo uyimizni, meni qo‘yma" degandi turmush o‘rtog‘im. O‘shanda aytganlarini qilganman, biroq keyinchalik odatiy videolar olishimga ruxsat bergan.

Hozir erim qo‘llab-quvvatlaydi. Turli kurslarga pul kerak bo‘lsa beradi. Men faqat turmush o‘rtog‘imga quloq solaman, "qaynotang-qaynonang-chi?" deyishi mumkin, biz alohida yashaymiz, faqat turmush o‘rtog‘im, men va o‘g‘limning fikri muhokama qilinadi, odamlarning fikr inobatga olinmaydi. Qarorni o‘zimiz muhokama qilamiz, o‘zimiz chiqaramiz, tamom!

Odamlar blogerlardan foyda olayapti

Instagram blogerlariga ko‘pchilik jiddiy qaramaydi. Sababi hamma bloger bo‘lib ketgan va juda ko‘pchilik bloger bo‘lishni xohlaydi. Lekin ba’zilari yengiltak qarashdagi videolar olib, o‘zini kulgiga qo‘yadi. Balki shuning uchun ham bunga jiddiy ish sifatida qaralmas.

Menga ko‘pchilik trenddagi videolardan oling deb aytishadi. Lekin bu ishni kamdan kam qilaman. 10 ta trend video chiqsa bittasini qilib ko‘raman. U ham mening qadriyatimga to‘g‘ri kelsa va meni kulgiga qo‘ymasa. Odam o‘zini kulgiga qo‘yib videoga olayotgani bu ishga yengil qaralayotganiga sabab deb bilaman.

Odamlar blogerlardan foyda olayapti deb o‘ylayman. Masalan, avvallari reklamalar televideniyaga reklama berishi kerak va bunga katta pul sarflashi kerak edi. Endi juda ko‘pchilik Instagram orqali, blogerlar orqali tanilyapti. Masalan, aylaylik, siz oddiy tikuvchisiz va sizning ishingizni faqat tumaningizdagi odam biladi. Lekin shaharga chiqmoqchisiz, xaridor to‘plash uchun afisha yopishtirib, televideniyaga reklama berib o‘tirmaysiz. O‘sha yerda mashxur bo‘lgan blogerga reklaman berasiz, odamlar sizning ishingizdan xabar topadi. Bu odamlarga onlayn bozor, uyda o‘tirgan holda ishlashini ta’minlab beradi.

Juda ko‘pchilik blogerlarni oson pul topadi deb o‘ylaydi, lekin bu darajagacha kelishning ham o‘zi bo‘lmaydi. Bu ishda auditoriyaning ishonchi juda muhim. Shu ishonchni qozonish uchun ham ancha ter to‘kiladi. Agar bir oy davomida video qo‘ymasangiz, odamlar sizdan zerikadi. Yaxshi video qilmasangiz odamlar sizni kuzatishni to‘xtatadi. Bloger o‘sishi va rivojlanishi uchun, doimo videolar olishi kerak. Video olish uchun bloger o‘ylanadi, izlanadi, nima qilsam ekan, odamlarni ko‘nglini og‘ritib qo‘ymadimmi deydi. Trendga chiqqan bir kulgili video millionlab ko‘rish oladi, lekin odamlarga foydali bo‘lgan video juda ham kam ko‘riladi. Bu juda ham achinarli holat. Aslida, foydali videolarni ko‘proq olib, odamlarni saviyasini o‘stirish kerak deb, o‘ylayman.

Tuxum sotishdan Rossiyada ishlashgacha

Blogerlik ham oddiy ish emas, uni kasb darajasiga chiqarganlar, o‘z ustida doimiy ishlaydiganlar yaxshi daromad qiladi. Blogerlik oddiy ish emas, lekin buni shunday ko‘rsatadigan odamlar ko‘payib ketdi.

Qishloqda ayollarning ishi ko‘p. Buning yomon tarafi yo‘q. Men ko‘p qavatli uyda ham, hovli uyda ham yashab ko‘rganman, hovlida nisbatan ish ko‘p, baribir. Ayniqsa, yozda juda ham ko‘payib ketadi. Dehqonchilik qilinadi, yer chopiladi, o‘t o‘riladi, molga qaraladi. Mendan aksar kishilar "shuncha ishdan ortib, blog yuritishga qanday ulgurasiz?" deb so‘rashadi. Mening javobim: ishimni yaxshi ko‘raman. Men shu paytgacha juda ko‘p ish qilib ko‘rganman. Balki kulgili tuyular, lekin bir vaqtlar qaynukam bilan bozorga chiqib, tuxum sotganmiz. Undan tashqari ulgurji kiyim-kechak olib kelib sotganmiz. Qaynotamni juda katta yeri bor edi. Tomorqamizga pomidor ekib, ularni sotganmiz. Rossiyada ishlaganman. O‘zim aslida tikuvchiman, o‘qimishli emasman, lekin maktabni qizil shahodatnoma bilan bitirganman.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Tibbiyot oliygohiga o‘qishga kirmoqchi edim, lekin taqdir emas ekan, Alloh peshonamga boshqa narsani yozgan ekan, ma’lum sabablarga ko‘ra, kirolmadim. O‘qishga kirmasdan turmushga chiqqanman. Hatto bir marta ham tibbiyot institutiga topshirib ko‘rmaganman. O‘qimaganim, ishlamaganim bilan, uyda shunchaki uy, ro‘zg‘or va bola-chaqaga aralashib qolishni xohlamayman. Doimiy ravishda o‘sib, rivojlanib, bilim olib, o‘z ustimda ishlayman. Odam o‘z ishini sevsa, hamma narsaga ulgurar ekan. Ishlarimni kech bo‘lib ketsa ham qilib, keyin uxlayman.

Ishimni sevaman

Turmushga chiqmasdan avval tikuvchilikni o‘rganganman. Ayollar uchun buyurtma kiyimlar tikar edim. Qishloq sharoitida o‘zim xohlagan narxni ololmaganim, odamlarga mana shuncha bering deya olmaganim sababli bu ishdan ko‘nglim qolib ketgan. Bu ishdan ketdim. Instagram yo‘nalishiga o‘tib ketganimdan keyin, kechasi kimdir uyg‘otib, tur mana buni montaj qilib ber desa shartta uyg‘onib montaj qiladigan darajaga keldim. Bir intervyuda eshitgandim: sen o‘z sevgan kasbingni qanaqa qilib topasan deyilganda, kechasi uyg‘onib o‘sha ishni qila olsang, u ish seniki bo‘ladi deyilgan. Ertabgacha uxlamay ishlagan vatlarim bo‘lgan. Shularni o‘ylab, ha, bu mening yaxshi ko‘rgan kasbim ekan deyman. Uy ishimni ham qilaman, blogimni ham yuritaman. Ko‘proq odamlar hovlida qilgan ishlaringizni ko‘rsating deb so‘raydi.

O‘z sohamga haddan oshiq mehr qo‘yganimdan, qancha pulim ketsa ham, o‘zimga ustbosh olmasam ham, qanaqadir taqinchoq olmasam ham, tillaga qiziqmayman, vaqti soati kelsa, olishim mumkin, lekin hozircha umuman qiziqmayman unaqa narsalarga, qo‘limga qancha pul tushsa, kurs sotib olaman, bilim sotib olaman. Men ishonamanki, sarflagan pulim vaqti kelib, yuz foiz o‘zini oqlaydi. Harakat qilsam, juda ham ko‘p muvaffaqiyatlarga erishishimga ishonaman.

Hozir faqat blogerlik qilmayman, o‘zim SMM bo‘yicha kurs tashkillashtirganman, shogirdlarim bor. Qolaversa boshqalarning Instagram sahifalarini yuritaman. Reklamalarim bor.

Daromadi yaxshi. Uni o‘zimning shaxsiy xarajatlarimga sarflayman. Turli tanlovlarda qatnashib Iphone ham yutib olganman. Naq ikkita. Pullarimga turli xil kurslar sotib olaman. O‘z ustimda ishlayman doim.