Dayjest: Senat O‘zbekistonning xalqaro imidji haqida qayg‘urmoqda, Hayit arafasida Qozoq-O‘zbek chegarasida tirbandlik

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 29 maydagi yalpi majlisi

Surat manbasi, Telegram/Oliy Majlis Senati

Surat tagso‘zi, O‘zbekistonning imidji masalasi Senat yalpi majlisida muhokama qilindi
O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi - Senat mamlakatning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga bag‘ishlangan milliy ma’ruzani ko‘rib chiqqan.

Hozircha milliy ma’ruza to‘liq matni keng jamoatchilikka e’lon qilingani yo‘q.

Ammo ushbu ma’ruzani tayyorlash jarayonidagi senatorlar muhokamalaridan ayrimlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Ulardan birida Qashqadaryo viloyatidan senator Abdurahim Erkaev O‘zbekistonning odil sudlov reytingidagi ahvolini tilga olgan.

"Qilingan ishlarga qarab bizning ko‘rsatkichlarimiz yaxshilanishi kerak edi. Afsuski, ba’zi bir sohalarda uni teskarisini ko‘rayapmiz", dedi senator Erkaev Senatning 29 may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisidagi chiqishida.

O‘tkazib yuboring Facebook post
Facebook контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Facebook tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Facebook havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas

Oxiri Facebook post

"Ma’lumki, O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning izchilligi, siyosiy barqarorlik va fuqarolar farovonligiga qaratilgan davlat siyosati samaradorligidan dalolat beradi. Bunda erishilgan natijalarni yanada mustahkamlash va xalqaro maydonda O‘zbekistonning nufuzini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhim hisoblanadi", deyiladi Senat xabarida.

"Har yili milliy ma’ruza tayyorlash va parlament muhokamasida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilgan. Bevosita siyosiy-huquqiy sohadagi xalqaro reyting va indekslardagi O‘zbekiston ko‘rsatkichlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu yo‘nalishda 9 ta xalqaro reyting ustuvor etib belgilangan.

Ularning 5 tasida O‘zbekiston pozitsiyasi yaxshilangan. Shu bilan birga, boshqa yo‘nalishlarda ham ishlar samaradorligini oshirish orqali xalqaro reytinglardagi O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash zarurati ta’kidlandi. Korruptsiyaning mavjud emasligi indikatori, Qonunlarga rioya qilish indikatori, Tartibga solish sifati indikatori va Matbuot erkinligi indeksi shular jumlasidandir", deyiladi Senat xabarida.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Ushbu ma’ruza asosida axborot Senat tomonidan tayyorlanib O‘zbekiston Prezidentiga taqdim etilishini aytdi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva.

Senat raisi reyting va indekslardagi o‘rinlar yaxshilanishi xalqaro tashkilotlar hisobotlari uchun emas, O‘zbekistonning o‘zi uchun, xalq uchun muhim ekanligini urg‘uladi.

"...senatorlar xalqaro indekslardagi o‘rnimizning zaiflashib borayotgani, ijtimoiy-siyosiy tizimning fundamental muammolarini tilga olishdi. Afsuski, ko‘pchilikning rasmiy chiqishlarga e’tiborsizligi tufayli bu chiqishlar keng muhokama qilinmayapti.

Shunga qaramay senatorlarning jonlangani tahsinga sazovor. Agar muhokamalar va bu kabi noodatiy bayonotlar Parlamentning quyi palatasiga ham ko‘chsa, haqiqatan sensatsiya bo‘lardi", deb yozdi o‘zining Feysbukdagi sahifasida "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov.

Ta’mir O‘zbek-Qozoq chegarasida tiqilinch hosil qildi

Qozog‘iston hududida O‘zbekistonga o‘tish uchun navbat kutib qolib ketgan avtomobillar navbati

Surat manbasi, gazeta.uz

O‘zbekistondagi gazeta.uz veb-nashriga O‘zbek-Qozoq chegarasida O‘zbekistonga o‘tish uchun uzoq vaqt qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolari murojaat qilganlar, hukumatdan chegaradan o‘tishni tezlashtirishda yordam so‘radilar.

Shu kunlarda O‘zbekiston tarafidagi «G‘ishtko‘prik», Qozog‘iston tomonidagi «Jibek jolы» nazorat-o‘tkazish nuqtalarida bu postlarning o‘tkazuvchanlik imkoniyatlarini oshirish maqsadidagi qurilish-ta’mirlash ishlari davom etayapti.

Shuningdek, O‘zbekistonning «Dovut ota» va Qozog‘istonning «Tajen», «Atameken» va «Kazыgurt» postlarida ham qurilish ishlari olib borilayapti.

Natijada ochiq bo‘lib turgan chegaradan o‘tkazish joylarida O‘zbekistonga o‘tish maqsadida bo‘lgan avtomobillarning uzun navbatlari hosil bo‘lgan.

gazeta.uz veb-nashriga foto va videolarni taqdim etgan insonlar chegaradan o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelganlarini aytganlar.

Haydovchilar O‘zbekistonga o‘tish uchun bir sutkadan ko‘p vaqt kutib qolishga majbur bo‘lganlar.

Qurbon Hayiti arafasida bayramni uyida kutib olishni istagan ko‘p o‘zbekistonliklar O‘zbekistonga yo‘l olganlar.

Shuningdek, O‘zbekiston hududidan tranzit sifatida foydalanmoqchi bo‘lgan Tojikiston avtomobillari ham Qozog‘iston hududida chegaradan o‘tishni kutib qolganlar.

gazeta.uz ga odamlar yosh bolalari bilan kunduzi havo issiqligidan qiynalib qolganlarini aytishgan.

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatidan gazeta.uz ga aytishlaricha, Toshkent viloyatidagi «Navoiy» va «Yallama» postlari — yengil avtotransport va piyodalar uchun, Sirdaryo viloyatidagi «Oq oltin» va «Malik» — O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolarini o‘tkazish uchun soat 8:00 dan 18:00 gacha, «Yallama», «S.Najimov», «Sirdaryo» va «Dovut ota» postlari yuk transporti uchun ochiq.

O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxonachilari uchrashganlar va chegaradan o‘tkazish jarayonini tezlashtirish yo‘llarini muhokama qilganlar.

Natijada «Oq oltin» — «Selinnыy» va «Malik» — «Sirdaryo» postlari orqali bo‘sh yuk transporti va nogabarit yuklar harakatiga ruxsat berishni tezlashtirishga qaror qilingan.

Bu «Yallama», «S.Najimov» va «Sirdaryo» o‘tkazish punktlari va Qozog‘istondagi chegaradosh punktlarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga olib keladi.

Bundan tashqari, «Sirdaryo» (O‘zbekiston) va «Atameken» (Qozog‘iston) postlari orqali piyodalar va yengil transport vositalarining harakatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati muhokama qilingan

Chegarada avtomobillar to‘planib qolishining oldini olish uchun qo‘shimcha xodimlar jalb qilishga, xizmatni kuchaytirilgan tartibga o‘tkazishga qaror qilingan.