25 yildan beri qudratda qolayotgan Putin va Rossiya: nimalar o‘zgardi?

Kremldagi Rossiya prezidenti saroyida Boris Yeltsin va Vladimir Putin o‘tirishipti.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 1999 yil 31 dekabrida kutilmaganda Rossiya prezidenti Boris Yeltsin(chapda) iste’foga chiqishini va prezidentlik vakolatini Vladimir Putinga topshirishini e’lon qildi.
    • Author, Stiv Rozenberg
    • Role, Bi-bi-si Rossiya muharriri, Moskva
  • O'qilish vaqti: 4 daq

1999 yil Yangi yil arafasini hech unutmayman.

Men Bi-bi-sining Moskva byurosida prodyuser bo‘lib ishlardim. To‘satdan kutilmagan xabar tarqaldi: Rossiya prezidenti Boris Yeltsin lavozimidan iste’foga chiqqan.

Uning iste’foga chiqish qarori hammani, jumladan, Moskvadagi Britaniya matbuot vakillari guruhini ham hayratda qoldirdi. Bu xabar tarqalganda idorada muxbir yo‘q edi. Shu bois, mening birinchi Bi-bi-si xabarimni yozish va efirga uzatishimga to‘g‘ri keldi.

"Boris Yeltsin doimo o‘z vakolat muddatini oxirigacha yetkazishini ta’kidlab kelardi, – deb yozdim men. – Bugun u ruslarga o‘z fikridan qaytganini ma’lum qildi".

Bu mening muxbirlik ishim boshlanishi edi.

Vladimir Putinning Rossiya rahbari sifatidagi faoliyati boshlanishi ham.

Yeltsin iste’fosidan so‘ng, Rossiya konstitutsiyasiga muvofiq, Bosh vazir Putin prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. Uch oydan keyin u saylovda g‘alaba qozondi.

Kremldan chiqib ketayotib, Yeltsin Putinga: "Rossiyani ehtiyot qil!" degan so‘nggi ko‘rsatmasini berdi.

Yosh Vladimir Putin va Boris Yeltsin kulib turishipti

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Prezident Putin(o‘ngda) o‘zini Boris Yeltsin uddalay olmagan Rossiya suverenitetining himoyachisi deb taqdim qiladi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi uch yilga yaqinlashar ekan, Yeltsinning bu so‘zlari tobora ko‘proq yodimga tushadi.

Chunki Prezident Putinning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini halokatli oqibatlarga olib keldi.

Asosan, o‘z shaharlarida katta vayronagarchilik va qurbonlar ko‘rgan Ukraina uchun.

Uning deyarli 20 foiz hududi ishg‘ol qilindi, 10 million fuqarosi ko‘chishga majbur bo‘ldi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Ammo Rossiya uchun ham:

• Vladimir Putinning "maxsus harbiy operatsiya"ni boshlash to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng Rossiya jang maydonida katta yo‘qotishlarga uchradi

• Rossiya shahar va qishloqlari muntazam ravishda dron hujumlariga uchramoqda

• Ukraina askarlari Rossiyaning Kursk viloyatining bir qismini egallab oldi

• Xalqaro sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga bosim o‘tkazayapti

• Bundan tashqari, mamlakatdagi demografik vaziyat og‘ir

• Ichki qatag‘onlar kuchaymoqda

Men Putin haqida u chorak asr oldin hokimiyat tepasiga kelganidan beri xabar berib kelaman.

Rossiya nazoratidagi Luhansk viloyatida Rossiya askarlari halok bo‘lgan rus askarlari tobuti ustiga Rossiya bayrog‘ini qo‘yishayapti

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Prezident Putin 2022 yili Ukrainaga qarshi "maxsus harbiy operatsiya" deb nomlagan bosqin boshlaganidan keyin Rossiya og‘ir talofatlar berdi

1999 yil 31 dekabrda Rossiyaning yangi rahbari yigirma besh yildan keyin ham hokimiyatda bo‘lishini kim o‘ylardi deysiz? Yoki bugun Rossiya Ukrainaga qarshi urush olib borib, G‘arb bilan yuzma-yuz kelishini?

Men ko‘pincha, agar Yeltsin uning o‘rniga boshqa odamni tanlaganida, tarix yo‘nalishi butunlay o‘zgacha bo‘larmidi, deb o‘ylayman. Savol, albatta, akademik ahamiyatga ega. Tarix "agar"lar va "balki"larga to‘la.

Bir narsani aniq ayta olaman: yigirma besh yil davomida turli qiyofadagi Putinlarni ko‘rdim.

Bunday o‘ylaydigan birgina men emas.

"Men bilan uchrashgan, yaxshi hamkorlik qilgan, NATO-Rossiya kengashini tuzgan Putin hozirgi paytdagi deyarli megalomandan juda, juda farq qilardi," degan edi menga NATOning sobiq rahbari lord Robertson 2023 yilda.

"2002 yil may oyida yonimda turib, Ukraina suveren va mustaqil davlat, xavfsizlik bo‘yicha o‘z qarorlarini qabul qiladi, degan odam endi [Ukraina] davlat emas, deyapti.

Menimcha, Vladimir Putin juda ta’sirchan va o‘z mamlakati uchun katta ambitsiyaga ega. Sovet Ittifoqi dunyodagi ikkinchi qudratli davlat sifatida tan olingan edi. Rossiya bu borada hech qanday da’vo qilolmaydi. O‘ylashimcha, bu uning nafsoniyatiga qattiq tegadi."

Putinning "Rossiyani yana buyuk qilish" (va ko‘pchilik Moskvaning "Sovuq urush"dagi mag‘lubiyati deb hisoblagan holatni o‘zgartirish) borasidagi otashin ambitsiyalari Rossiyani qo‘shnilari va G‘arb bilan muqarrar to‘qnashuvga olib keldi.

Kremlning bunga boshqacha izohi bor.

Putin o‘z nutqlari va izohlarida Rossiyaning yillar davomida aldangani, hurmat qilinmagani va uning xavfsizlik masalalari G‘arb tomonidan e’tibordan chetda qoldirilganidan g‘azablangandek ko‘rinadi.

Ammo Putinning o‘zi Yeltsinning "Rossiyani ehtiyot qil!" degan iltimosini bajarganiga ishonadimi?

Yaqinda buni bilish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

Video tagso‘zi, Bi-bi-si muharriri Stiv Rozenberg Putinga "siz Rossiyani asray oldingizmi?" deb savol berdi

Yil yakunidagi matbuot anjumanining to‘rt soatdan ziyod vaqti o‘tgach, Putin menga savol berishni taklif qildi.

"Boris Yeltsin sizga Rossiyani ehtiyot qilishni topshirgan edi," deya prezidentga eslatdim.

"Biroq, sizning «maxsus harbiy operatsiya»ngizdagi sezilarli yo‘qotishlar, Kursk viloyatidagi Ukraina askarlari, sanksiyalar, yuqori inflyatsiya haqida nima deysiz? Mamlakatni ehtiyot qildim deb o‘ylaysizmi?"

"Ha, – deb javob berdi Putin. – Men shunchaki g‘amxo‘rlik qilish bilan cheklanmadim. Biz jarlik yoqasidan orqaga qaytdik."

U Yeltsin davri Rossiyasini o‘z suverenitetini yo‘qotayotgan mamlakat sifatida tasvirladi. U G‘arbni Yeltsinning yelkasiga "homiylarcha qoqib" qo‘yib, Rossiyani o‘z maqsadlari yo‘lida ishlatganlikda aybladi. Ammo u, Putin, "Rossiyaning mustaqil suveren davlat bo‘lishini ta’minlash uchun hamma narsani qilayotganini" ta’kidladi.

O‘zini Rossiya suvereniteti himoyachisi sifatida ko‘rsatish: bu Ukrainadagi urushni oqlash uchun u keyinchalik o‘ylab topgan fikrmi? Yoki Putin chindan ham zamonaviy Rossiya tarixi haqidagi bu talqinga ishonadimi?

Hali ham bunga ishonch hosil qilolmayapman. Hozircha yo‘q. Ammo bu muhim savol ekanligini his qilaman.

Bu savolga javob urushning qanday tugashi va Rossiyaning kelajakdagi yo‘nalishiga ta’sir qilishi mumkin.