O‘zbekiston: Bu yilgi gilos eng qimmati, S&Pning keyingi bahosi islohotlarga bog‘liq bo‘ladi

Surat manbasi, BBC O'zbek
Meva-sabzavotchilikka bag‘ishlangan nufuzli East Fruit nashri tahliliga ko‘ra, bu O‘zbekistonda gilos oldingi yillarga solishtirganda erta pishdi, lekin O‘zbek gilosiga jahon bozorida talab ortib borayotgani tufayli ichki bozorda gilos narxi ikki baravardan ham ziyodga qimmatladi.
Bu yilgi gilos mavsumi oxirgi besh yilga solishtirganda bir hafta barvaqt boshlandi, deb yozadi East Fruit.
Oldingi yillarda solishtirganda gilos ulgurji narxi kamida 70 foiz baland: 1 kilo gilos 17000 so‘mdan baholangan, bu 1,32 AQSh dollari deganidir.
East Fruit may oyi oxirida bozorlarga chiqadigan ilk O‘zbekiston giloslarining 2021, 2023 yillardagi narxlari 8000, 10000 so‘m bo‘lganini eslatadi.
East Fruit bu yilgi gilos hosili ham o‘tgan yillardagidek bo‘lishi kutilmoqda, biroq O‘zbekiston giloslariga xorijda talab o‘ta yuqori, deydi.
Ayniqsa, Rossiya va Belarus importchilaridan bo‘lgan talab har doimgidan ham baland.
Ham bu yil Serbiya kompaniyalari O‘zbekiston mevalariga qiziqish bildirishgan, 19 mayda Serb importchilari Toshkentga tashrif buyurib, gilos va o‘rik xaridiga qiziqish bildirishgan.
East Fruit 2025 yil apreli va mayida sharqiy va markaziy Yevropada kuzatilgan ayoz tufayli mevalarni sovuq urganini eslatadi.
Bu O‘zbekiston mevalariga ehtiyojni oshirgan.
Besh yil oldin britaniyalik tujjorlar O‘zbekiston gilosiga qiziqish bildirishgan, Namangandan eksperiment sifatida gilos olib kelib London bozorlarida savdosi qanday bo‘lishini o‘rgangan edilar.
Ammo shundan keyin Britaniyaga O‘zbekiston gilosi importi muntazam bo‘lmadi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
Avtomobillar qimmatlashishi sababi import tartibga solinishi va qat’iylashtirilishi
O‘zbekiston Markaziy Banki mamlakatda yangi avtomobillar nega qimmatlashgani sababini tahlil qildi.
Markaziy Bankka ko‘ra, 2025 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga avtoimport 3,2 baravar kamaygan.
Bu ichki bozorda taklifni cheklab, narxlarni oshirgan.
Hukumat O‘zbekistonga elektromobillarni olib kirishni tartibga solish va qat’iylashtirishga qaror qilgan, bu import kamayishiga olib kelgan.
Mamlakatda yangi, kafolatli va sifatli avtomobillarga talab ortib borayapti.
Talab taklifdan yuqori bo‘lgani uchun narxlar o‘sishiga olib kelmoqda.
Xomashyo, energiya va logistika xarajatlarining o‘sishi ham avtomobillar tannarxini oshirgan.
Ayni paytda ikkilamchi bozorda narxlar pasayishi kuzatilgan.
Eski mashinalar arzonlashgani sababli, odamlar yangi avtomobillarga ko‘proq qiziqish bildirayaptilar.
Bu ham yangi mashinalarga talabni oshirib, narxlarni ko‘tarmoqda.
Narxlarni liberallashtirish puxta o‘ylab ko‘rilganmi?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
O‘zbekiston uzoq kutilgan energetika resurslari narxlarini liberallashtirish siyosatini boshlagani zanjir effektini keltirib chiqarishi ham kutilgandi.
Elektr, benzin yoki dizel yoqilg‘isi va gaz narxlari oshirilishi transport xarajatlarini ham ko‘tarishi, bu yanada qimmatchilikka yetaklashi ayon.
Lekin qimmatchilik zarbasini yumshatish amallari chuqur o‘ylab ko‘rib tahlil qilinganmi, degan savol paydo bo‘layapti.
Taniqli iqtisodiy tahlilchi bakiroo O‘zbekistonda suv va suvoqova tariflari oshirilganiga e’tibor qaratdi.
"Energiya va yoqilg‘i tariflarining keskin oshishi, monopolistik temir yo‘l va oligarxiyaga tovonga aylangan aviachipta narxlari, uyali aloqa xizmatlari va hatto to‘lov tizimi komissiyalarining osmonga o‘rlashi ortidan "oshdi-oshdi" estafetasini O‘zbekiston hududlari bo‘ylab sovuq suv va oqova tariflarining navbatdagi qimmatlashishi davom ettirmoqda", deb yozdi Otabek Bakirov.
"Demak, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida suv va oqova narxi allaqachon qimmatlab bo‘lgan. Samarqandda aholi uchun suvning kubasi 2 800 so‘mga (+12,0%), oqova suv esa 1 900 so‘mgacha (+18,75%) ko‘tarilgan. Qashqadaryoda suv kubasi 3 500 so‘mgacha (+40%), oqova tarifi 3 000 so‘mgacha (2 karraga) qimmatlagan.
Hozircha eng insofli oshirish qarori Andijon viloyatida qabul qilingan. Viloyatda suv va oqova tariflari atiga 10%ga, 1 650 so‘mgacha ko‘tarilgan.
Eng kam daromadli Surxondaryoda esa suv tariflari 71%gacha, oqova tariflari esa 66%ga oshgan. Endi janubiy viloyatimizda suv 5 300 so‘mdan, oqova 2 900 so‘mdan tariflanadi. Bu oshishdan keyin Surxondaryo endi O‘zbekistonda suv eng qimmat hududga aylandi", deb yozdi o‘zining Telegram kanalida bakiroo.
Iqtisodiy tahlilchi butun O‘zbekiston bo‘ylab suv va oqova uchun yagona narx joriy etish reja qilinganini eslatadi, uning fikricha, hozirgi vaziyat respublika bo‘yicha "kuchayib borayotgan hududiy tengsizlik kartinasini yaqqol namoyon" etayapti.
Keyingi S&P bahosi islohotlarga bog‘liq bo‘ladi
S&P Global Ratings agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini "barqaror"dan "ijobiy"ga ko‘tardi.
Bu o‘zgarish O‘zbekistondagi iqtisodiy va boshqaruv islohotlarining davom etishi, shuningdek, moliyaviy barqarorlikka erishish bo‘yicha harakatlarga bog‘liqdir.
"Pozitiv prognoz shuni anglatadiki, biz hukumatdan iqtisodiy va boshqaruv islohotlarini davom ettirishini, ayni paytda fiskal konsolidatsiya choralarini ilgari surishini kutib qolamiz", deyiladi S&Pning o‘z qarori borasida bergan sharhida.
O‘zbekiston reytingini qayta ko‘rib chiqishga "O‘zbekistonga eksport va fiskal tushumlarni qo‘llab-quvvatlayotgan oltin narxining balandligi" ta’sir ko‘rsatgani xabar qilindi.
S&P Global Ratings ga ko‘ra, mamlakat reytingining kelajagi "elektroenergiya tariflari islohotini davom ettirish va davlat tashkilotlari ustidan nazoratni yaxshilashga, shuningdek, iqtisodiy ko‘rsatkichlar yomonlashmasligiga olib keladigan byudjet defitsiti va joriy hisob"ga bog‘liq bo‘lib qoladi.
S&P Global Ratings ning qarorida ushbu jihatlar e’tiborga olingan:
Iqtisodiy o‘sish: S&P 2025–2028 yillarda O‘zbekistonda real YaIM o‘sishi o‘rtacha 5.6% bo‘ladi deb kutmoqda. Bu o‘sish axborot texnologiyalari, qurilish va savdo sohalari hisobiga ta’minlanadi.
Investitsiyalar va davlat qarzi: O‘zbekistonda investitsiyalar YaIMning 33% ini tashkil etmoqda — bu jahondagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri. Davlatning "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida investitsiyalar asosan energetika, transport, telekommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalariga yo‘naltirilgan.
4. Energetika islohotlari: 2023 yil oktyabridan boshlab O‘zbekiston hukumati elektr va gaz tariflarini oshirishni boshladi. Bu 2027 yilgacha energiya narxlarini bozor narxlariga moslashtirishni ko‘zda tutadi.
5. Moliyaviy barqarorlik: Oltin narxlarining yuqori bo‘lishi, subsidiyalarni qisqartirish va nominal YaIM o‘sishi davlat byudjeti taqchilligini 2025–2028 yillarda o‘rtacha YaIMning 3%igacha kamaytirishga yordam beradi. 2023 yilda bu ko‘rsatkich 4.9% tashkil etgani xabar qilingan.
6. Davlat qarzi: 2028 yilga borib O‘zbekistonning davlat qarzi YaIMning 40%iga yetadi deb kutiladi. Bu 2023 yilda joriy etilgan 60%lik qonuniy chegaradan past hisoblanadi. Biroq davlatga bog‘liq tashkilotlar (GREs) qarzi xavf tug‘dirishi mumkin.
7. Xususiy-davlat sherikliklari (PPP): PPP loyihalari hajmi YaIMning 27%ini tashkil etmoqda. Yangi huquqiy baza bu sohadagi xavflarni kamaytirishni maqsad qilgan.
21 may. Ukraina urushidagi markaziy osiyoliklar, O‘zbekistonda oshayotgan go‘sht narxi va AQShga vizani yengillashtirish harakati

Surat manbasi, Reuters
Rossiya pasportini olgach, fronta yuborilgan
Rossiya tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrыkinning aytishicha, Rossiyaning Ukrainadagi urushi front chizig‘ida 20 ming Rossiya fuqaroligini olgan askarlar jang qilmoqda. Bu haqida TASS xabar qilmoqda.
«Bizning harbiy tergov boshqarmamiz reydlar o‘tkazyapti. Biz allaqachon bunday Rossiya fuqarolarining 80 ming nafarini qo‘lga tushirdik. Ular front chizig‘i u yoqda tursin, hatto voenkomatga borishni istashmaydi. 80 mingtasini qo‘lga olib harbiy ro‘yxatga qo‘ydik, va negadir O‘zbekistonda, Tojikistonda yo Qirg‘izistonda yashash yoqmaydigan 20 ming «yosh» Rossiya fuqarolarini allaqachon front chizig‘iga tashladik», - dedi u.
Negadir O‘zbekistonda, Tojikistonda yo Qirg‘izistonda yashashni yoqtirmaydigan 20 ming «yosh» Rossiya fuqarolarini allaqachon front chizig‘iga tashladik.
Shuningdek, unga ko‘ra, Rossiyadan chiqarib yuborilgan ko‘plab migrantlar o‘z yurtlarida jinoyatlarni sodir etishmoqda.
«Biz migrantlarni ko‘proq chiqara boshlaganimizdan keyin, ularning o‘z vatanlarida jinoyat o‘sib ketgan. Bu nimadan darak beradi? Bizga jinoyatchilar keladi. Biz jinoiy qaydlash mexanizmlarini ishga solamiz, ularni tezroq qo‘lga olishlari uchun», - dedi Bastrыkin.
Rossiyaga kirishdagi yangi talab
Ayni damda, Asia-Plus xabariga ko‘ra, 30 iyundan Rossiyaga borishni rejalayotgan xorijiy fuqarolar uchun yangi talab kiritiladi. Unga ko‘ra, Rossiyaga kirishdan kamida 72 soat avval u yerda bo‘lish yo yashash maqsadlari haqida maxsus arizani topshirish kerak.
Yangi qoida Rossiya hukumatining 2024 yil 7 noyabrida qabul qilgan farmoniga muvofiq tatbiq etilmoqda.
Bu haqida o‘z fuqarolariga eslatgan Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, safar qiluvchi shaxs favqulodda tibbiy muolaja, og‘ir kasallik yoki yaqin qarindoshining o‘limi holatida bu arizani safardan kamida 4 soat oldin topshirishi mumkin.
Yangi qoidalar Rossiyaga kirish va undan chiqish shartlari bo‘yicha yangi sinovlar doirasida amalga oshirilmoqda.
Ularning 2024 yil 1 dekabrь va joriy yil 30 iyunigacha davom etadigan ilk bosqichida Sheremetьevo, Domodedovo, Vnukovo va Jukovskiy aeroportlari, hamda Mashtakovo (Orenburg viloyati) avtomobil o‘tish punktida xorijiy fuqarolarning biometrik shaxsiy ma’lumotlari yig‘ila boshlangan.
End of Sahifalarimizga obuna bo‘ling
AQSh vizasi bo‘yicha muzokaralar
O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga binoan, Tashqi ishlar vazirligi AQSh fuqarolarining O‘zbekistonga 30 kunga vizasiz kirish va o‘zbekistonliklar uchun AQSh vizasini olish talablarini yengillashtirish bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi.
Bu topshiriq O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish va turistik xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha prezident farmoni doirasida qilingan.
Bu hujjatga binoan, 1 iyundan boshlab Bahrayn, Quvayt va Umon fuqarolari O‘zbekiston hududida 30 kun vizasiz bo‘la oladilar.

Surat manbasi, Reuters
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga mahalliy hokimlarni Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Indoneziya, Malayziya va Ko‘rfaz arab davlatlaridan xorijiy turistlarni ko‘paytirish maqsadida tegishli hududlarga biriktirish topshirildi.
O‘zbek taomlari restoranlari
Ayni farmonga binoan, chet davlatlarda o‘zbek milliy taomlari restorani ochishni istagan mahalliy tadbirkorlarga xarajatning bir qismi qoplab beriladi.
Hujjatda aytilishicha, xorijiy davlatlarda mahalliy tadbirkorlar tomonidan har yili 50 ta o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashtirilgan umumiy ovqatlanish korxonalari va restoranlar tashkil etilganda ularning ma’lum xarajatlari Turizm qo‘mitasi tomonidan subsidiyalanadi.
Ya’ni faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ro‘yxatdan o‘tish yoki ruxsatnoma olish, ijara, dizayn, zarur uskuna va anjomlar sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 25 ming dollardan oshmagan miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.
Taomlar tayyorlash uchun bir yilda 300 kilogramm mahsulotni O‘zbekistondan yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizi, biroq bitta tadbirkorlik sub’ekti uchun 100 million so‘mgacha miqdorida subsidiyalanadi. Bunda ushbu maqsadlar uchun har yili 30 milliard so‘m ajratiladi.
Go‘sht narxi nega o‘smoqda?
Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z Telegram kanalida yozishicha, Markaziy bank sharhida oxirgi oylarda yuqori sur’atda qimmatlashishda davom etayotgan go‘sht narxi masalasiga to‘xtalingan. Regulyatorga ko‘ra, qo‘shni mamlakatlardagi go‘sht eksportiga qo‘yilgan cheklovlar natijasida go‘sht taklifining kamayishi, shuningdek, import narxlarining oshgani ichki narxlarning ham o‘zgarishiga sabab bo‘lgan.
O‘zbekistonda go‘sht va sut yetishtirishning tub muammolari qishloq xo‘jaligida yer va davlat xaridiga oid eskirgan qoidalarni isloh qilish orqaligina yechilishi tushunilishi kerak
"Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonining qoramol va mayda chorva eksportiga oid kiritgan taqiqlari haqida avval ham yozgan edik. Shunga qaramay, go‘sht importi yil-yil kesimida ham, oy-oy kesimida ham ortishda davom etmoqda", - deb yozadi Bakirov.
Uning yozishicha, muammo ildizi tashqi emas, ichki noto‘g‘ri boshqaruvdadir.
"Inobatga olish lozimki, go‘sht narxi bir kunda oshib qolmagani singari, bir kunda barqarorlashib qolmaydi. O‘zbekistonda go‘sht va sut yetishtirishning tub muammolari bir martalik sehrli qarorlar bilan hal bo‘lmasligi, segment serxarajat, sermehnat va iqtisodiy samaradorligi past bo‘lgan natural xo‘jaliklarga bog‘liq bo‘lib qolayotganligi, oxirgi sakkiz yilda aynan natural xo‘jaliklar imtiyozli kreditlar ajratilgani va bu bozorda spekulyativ va teskari natijalarga olib kelgani, go‘sht (sut ham) ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va tannarxni pasaytirish sanoat usulida ishlaydigan yirik xo‘jaliklar vositasidagina imkonli bo‘lishi va albatta, qishloq xo‘jaligida yer va davlat xaridiga oid eskirgan qoidalarni isloh qilish orqaligina yechilishi tushunilishi kerak", - deb yozadi iqtisodchi.












