Ona nega trans farzandini qo‘lladi?

Surat manbasi, Chithra Jeyaram/ BBC
- Author, Mega Mohan
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 4 daq
2019 yilda Srija sud qaroridan so‘ng Hindistonning Tamil Nadu shtatida qonuniy nikohdan o‘tgan birinchi transgender ayol bo‘ldi. "Ona faxri" yangi hujjatli filmi Srijaning o‘z nikohi rasman tan olinishi uchun kurashi va onasi Vallining qat’iy qo‘llab-quvvatlovi haqida hikoya qiladi.
"Srija – ne’mat," deydi 45 yoshli Valli Bi-bi-si bilan suhbatda va qizini quchadi.
Tutukudi port shahridan bo‘lgan 25 yoshli Srija shunday qo‘shimcha qiladi: "Bilaman, barcha transgenderlarda ham mendagidek imkoniyat bo‘lavermaydi.
Ta’lim oldim, ishim bor, oilam bor – bularning barchasi onamning qo‘llab-quvvatlovi tufaylidir."
U va onasi birinchi marta o‘z hikoyalarini Srijaning kechmishini aks ettirgan "Ona faxri" filmida so‘zlab berishdi.

Surat manbasi, Arun Kumar / BBC
"Doim qizim yonida turaman"
Srija 2017 yilda bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Arun bilan ibodatxonada tanishgan. Umumiy do‘stlari borligini bilgach, ular tez orada muntazam yozishib turishdi. U o‘shanda allaqachon transgender ekanligini oshkor qilgan va o‘zgarish jarayonini boshlagan edi.
"Ko‘p suhbatlashdik. U menga trans ayol sifatida boshidan kechirganlari haqida so‘zlab berdi," deydi Arun Bi-bi-si bilan suhbatda.
Bir necha oy ichida ular bir-birlarini sevib qolishdi va umrlarini birga o‘tkazishga qaror qilishdi.
"Biz qonuniy tan olinishni xohladik, chunki boshqa juftliklar kabi oddiy hayot kechirishni istaymiz, – deydi Srija. – Bizga tan olingan nikohning qonuniy himoyasi kerak."
Bu er-xotindan biri vafot etsa, pul yoki mulkni o‘tkazish kabi huquqiy kafolatlarni beradi.
2014 yilda Hindiston Oliy sudi transgenderlar uchun ma’lum himoyalarni belgiladi, ularga ta’lim olish, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash va nikoh tuzish borasida teng huquqlar berdi, Hindiston hali ham bir jinsli nikohlarga ruxsat bermaydi.
Hindistonda nechta trans er-xotin turmush qurgani, kim birinchi bo‘lgani aniq emas. Faollar aytishicha, Srija va Arunning to‘yidan oldin kamida bitta trans nikoh qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazilgan – 2018 yilda Bangalorda bir juftlik turmush qurgan edi.
"Butun Hindistonda kuir juftliklar yoki transgender juftliklar bor," deydi "Ona faxri" rejissyori Shiva Krish, ammo davom etayotgan kamsitish tufayli "ularning ba’zilari o‘z munosabatlarini sir saqlashadi. Srija, Arun va Vallining o‘z hayotlarini ochiq-oshkora tanlagani noyob hol."
Srija va Arunning 2018-yilgi to‘ylarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qilgan urinishlari rad etildi. Ro‘yxatga oluvchi tashkilot 1955-yilgi Hindu nikoh to‘g‘risidagi qonunda nikoh "kelin" va "kuyov" o‘rtasidagi ittifoq sifatida belgilanganligini, shu sababli trans ayollar bunga kirmasligini sabab qilib ko‘rsatdi.
Ammo LGBT faollari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan juftlik chekinmadi va o‘z munosabatlarini jamoatchilikka olib chiqdi. Bu harakat o‘zini oqladi.
Mahalliy yangiliklar efirga chiqqan kunning ertasiga meni ishdan bo‘shatishdi. Odamlar meni transgender ayolga uylanganim uchun qoralab, haqoratli xabarlar yuborishdi.
2019 yilda Chennaydagi Madras Oliy sudi transgenderlarni 1955-yilgi Hindu nikohi to‘g‘risidagi qonunda belgilanganidek "kelin" yoki "kuyov" sifatida tan olish kerakligini ta’kidlab, ularning nikoh huquqini tasdiqladi.
LGBT faollari bu qarorni Hindistonda transgenderlarni qabul qilishda muhim qadam sifatida baholadi. Srija va Arun ham mahalliy madaniy me’yorlarga qarshi chiqishi bilan tanildi.
Biroq ommaviy axborot vositalari e’tibori salbiy munosabatlarga ham sabab bo‘ldi.
"Mahalliy yangiliklar efirga chiqqan kunning ertasiga meni ishdan bo‘shatishdi," deydi transport sohasida oddiy ishchi bo‘lib ishlagan Arun. Uning fikricha, bu transfobiya bilan bog‘liq.
Internetda trolling ham boshlandi.
"Odamlar meni transgender ayolga uylanganim uchun qoralab, haqoratli xabarlar yuborishdi," deydi u.
Er-xotin ruhiy zo‘riqish tufayli qisqa muddatga ajralishdi.
Shunga qaramay, Srija o‘rta maktabda peshqadam edi, a’lo baholarda o‘qidi.
U Tamil Nadudagi universitetda ingliz adabiyoti bo‘yicha diplom oldi va oilasida oliy ma’lumotga ega yagona insonga aylandi.
14 yoshida maktabni tark etgan Valli uchun bu faxr edi.

Surat manbasi, Arun Kumar / BBC
Hatto nikohini davlat tomonidan tan olish uchun kurashishdan oldin ham Srija va uning oilasi dushmanlik va shafqatsiz munosabatga duch kelishgan.
Srija 17 yoshida transgender ayol ekanligini oshkor qilganidan so‘ng, uy egasi uni, onasi va ukasi Chinani uydan haydadi.
Bir necha qarindoshi ular bilan aloqani uzdi.
Ammo Srijaning onasi va ukasi uni qo‘llab-quvvatlashda davom etdi.
"Men doim qizimning yonida bo‘laman," deydi Valli.
"Barcha trans insonlarni o‘z oilalari qo‘llab-quvvatlashi kerak."
Eri vafot etganda Srija atigi olti yoshda edi. Yolg‘iz onaga aylangan Valli maktab oshxonasida ishladi.
Kamtarona daromadiga qaramay, u qizining jinsini o‘zgartirish jarrohlik amaliyotiga yordam berdi, buning uchun taqinchoqlarini sotdi, unga g‘amxo‘rlik qildi.
"U menga juda yaxshi qaraydi," deydi Srija.
"Odamlarning fikrlash tarzi o‘zgarishiga umid qilaman"
Dunyodagi eng ko‘p aholili mamlakat Hindistonda ikki millionga yaqin transgender bor deb taxmin qilinadi, ammo faollar bu raqam yanada yuqoriroq ekanligini ta’kidlashmoqda.
Mamlakatda trans-inklyuziv qonunchilik qabul qilingan va "uchinchi jins" qonuniy tan olingan bo‘lsa-da, kamsitish hali ham mavjud.
Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, Hindistondagi transgenderlar zo‘ravonlik, ruhiy salomatlik muammolari va ta’lim, ish va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari cheklanishidan aziyat chekadi. Ko‘pchilik tilanchilik qilishga yoki fohishalikka majbur bo‘ladi.
BMT aytishicha, dunyo bo‘ylab ko‘plab transgenderlarni oilalari rad etadi.
"Hindistonda, hatto butun dunyoda ham ko‘plab trans insonlar oila qo‘llovidan mahrum," deydi rejissyor Shiva Krish.
"Srija va Vallining kechmishi noyob."
Srija aytishicha, u mazkur film transgenderlar haqidagi stereotiplarni va ommaviy axborot vositalarida ko‘p uchraydigan, ayniqsa, zo‘ravonlikka undaydigan chorlovlarni o‘zgartirishga yordam berishiga umid qiladi.
"Bu hujjatli film biz ham yetakchi bo‘la olishimizni ko‘rsatadi. Men menejerman, jamiyat uchun nafim tegadi," deydi Srija.
"Odamlar transgenderlar haqidagi yangi hikoyalarni ko‘rganlarida, umid qilamanki, ularning fikrlash tarzi ham o‘zgaradi."
"Tez orada buvi bo‘lishni istardim"
Xalqaro kinofestivallarda premьeradan so‘ng, ushbu film 31 mart, dushanba kuni Xalqaro trans ko‘rinish kuni munosabati bilan Chennayda LGBT hamjamiyati a’zolari uchun maxsus namoyishda ko‘rsatildi.
Chennaydagi namoyishdan so‘ng seminar o‘tkazildi, unda ishtirokchilar transgenderlarni oilaviy qabul qilish va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilishdi.
"Umid qilamizki, namoyish tadbirlarimiz transgenderlar, ularning oilalari va mahalliy jamoalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi," deya qo‘shimcha qiladi film ijodkorlaridan biri Chitra Jeyaram.
Ijodiy jamoa hujjatli film qishloqlarda, shuningdek, Hindistonning boshqa shaharlarida hamda Nepal va Bangladesh kabi qo‘shni mamlakatlarda namoyish etilishiga umid qilmoqda.
Srija va Arun hozirda xususiy kompaniyalarda menejer bo‘lib ishlashadi va tez orada farzand asrab olishni rejalashtirmoqda. "Biz normal kelajakka umid qilyapmiz," deydi Srija.
"Men tez orada buvi bo‘lishni istardim," deya jilmayib qo‘shib qo‘yadi Valli.












