Tolibon endi O‘zbekiston orzusi amalga oshishiga yordam beradimi yoki Afg‘onistonga tikilgan umid

O‘zbekiston prezidenti va Afg‘onistondagi Tolibon hukumati vakili ikki mamlakat xaritasi manzarasida. Kollaj surat.

Surat manbasi, BBC/Rasmiy

O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekiston, yillardirki, Afg‘oniston orqali dengizga chiqishni rejalashtirib keladi. Shu sababdan ham, Transafg‘on temir yo‘li – mamlakatning eng birlamchi transport loyihalaridan. Temir yo‘l O‘zbekistonni nafaqat dengizga olib chiqishi, balki shimol va janubni o‘zaro bog‘lovchi tranzit markazga aylantirishi mumkin.

Biroq, loyiha qanchalik umidli bo‘lmasin, mavjud to‘siqlar uning taqdirini noma’lum qoldirmoqda. Tolibonning davlat aktivlari muzlatilgan. Bu qurilish xarajatlarini O‘zbekiston va Pokiston zimmasida qoldiradi.

Tolibon hukumatining tan olinmaganligi loyiha yakunlanganidan keyin ham unga xalqaro institut va kompaniyalarni jalb qilishni qiyinlashtirishi mumkin.

O‘zbekistonning bu galgi Transafg‘on temiryo‘li loyihasi qanchalik haqiqatga yaqin? Mamlakat qurilish davomida nimalarga tayyor turishi kerak?

O‘zbekiston va Afg‘oniston xaritasi
Surat tagso‘zi, Afg‘oniston O‘zbekiston Janubiy Osiyoga chiqadigan eng qulay va qisqa yo‘l.

Temiryo‘l nega kerak?

O‘zbekiston tomonidan 2018 yil dekabrida ilk bor taklif qilingan Transafg‘on temir yo‘li loyihasi Afg‘oniston temiryo‘l tarmog‘ini Mozori Sharifdan Kobulga, so‘ngra Nangarhor viloyatiga cho‘zishga qaratilgan.

Temir yo‘l Torxam chegarasini kesib o‘tib, Peshovar orqali Pokistonga o‘tadi. Pokistonga kelgandan so‘ng, yuklar Pokiston temiryo‘l tizimiga ulanadi. U yerdan Pokistonning Karachi, Gvadar va Qosim dengiz portlariga olib boradi.

Temir yo‘l yiliga 20 million tonnagacha yuk tashish quvvatiga ega bo‘lishi va ishga tushgach, O‘zbekistondan Pokistonga tranzit yo‘l vaqtini 35 kundan 3-5 kungacha qisqartirishi kutilmoqda.

Temir yo‘l liniyasi 647 km bo‘lishi rejalashtirilgan va qurilishning taxminiy qiymati 4,6 milliard dollar.

Loyiha O‘zbekiston uchun karrasiga yuqori iqtisodiy yutuqlarni va’da qilishi aytilmoqda.

Biroq, uni qurish masalasi savol ostida.

Sababi, moliyaviy, texnik va geografik to‘siqlar hanuz saqlanib qolmoqda.

Aloqador mavzular:

Moliyaviy to‘siqlar

Ulardan biri taklif etilayotgan temiryo‘l liniyasini moliyalashtirish masalasidir. Shuningdek, Afg‘onistonning murakkab ekologik relefini hisobga olgan holda, taxmin qilingan xarajatlar sezilarli darajada oshishi mumkin.

Toshkent xalqaro moliya institutlari (Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqalar) mablag‘larini jalb qilishni rejalashtirgan. Biroq hozircha bu borada aniq natijalar ma’lum emas.

Pokiston temir yo‘l qurilishi uchun mablag‘ to‘plashini va Afg‘oniston hududida quriluvchi liniyaning ma’lumi qismini moliyalashtirishini bildirgan.

Kuzatuvchilarning fikricha, qurilish boshlanishidan avval qilinishi kerak bo‘lgan ilk masala bu Tolibon tomonidan xavfsizlikning ta’minlanishidir.

Mustaqil siyosiy tahlilchi Yunis Sharifli IShID tomonidan chiqarilgan bayonotlar va Tolibon bilan hamkorlik qiluvchi mamlakatlarni nishonga oluvchi tahdidlar temiryo‘l qurilishini yanada kechiktirayapti, degan fikrda.

"Ayni paytda Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi moliya institutlari bilan kredit liniyasini ta’minlashni yanada qiyinlashtiradi. Tolibon Afg‘onistonda qonuniylikni qo‘lga kiritish uchun kurashib kelmoqda. Biroq, butun mamlakat hanuz etnik to‘qnashuvlar botqog‘ida", - deydi u.

Tolibonning ayollarga nisbatan siyosati ham xalqaro moliyalashtirish mexanizmlaridan foydalanishni qiyinlashtirayotgan sabablardan biri sifatida ko‘riladi.

Ko‘p tomonlama moliya institutlari va donor davlatlar o‘z yordamini ma’lum bir boshqaruv tamoyillari bilan shartlaydi. Bu esa moliyalashtirish va g‘arbiy investorlarni jal qilishdagi asosiy muammolardan biriga aylangan.

Yunis Sharifli
Taqdim
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi moliya institutlari bilan kredit liniyasini ta’minlashni yanada qiyinlashtiradi.
Yunis Sharifli
Mustaqil tahlilchi

Geografik to‘siqlar

Temiryo‘l liniyasining bir qismi Hindukush tog‘li hududidagi Salang dovoni orqali 3500 metr balandlikdan o‘tishi rejalashtirilgan. Bu uni dunyodagi eng baland temiryo‘l liniyalaridan biriga aylantiradi.

Kuzatuvchilarning fikricha, Salang dovoni qish mavsumida kuchli qor yog‘ishiga moyil bo‘lib, bu temir yo‘lni uzoq vaqt davomida ishlamay qolishga olib kelishi mumkin. Ayni sababdan temiryo‘l liniyasi uchun tog‘ ostida tunnel qurishga ham to‘g‘ri keladi, deydi ularning ba’zilari.

Bu kabi geografik va ob-havo sharoiti bilan bog‘liq muammolar infratuzilmaga cheklovlar qo‘yishi va yetkazib berish vaqtini oshirishi mumkin.

Xususan, o‘zbek jurnalisti Yuriy Chernogaev yuritadigan "Na Vostoke ne vse kak kajetsya" ("Sharqda hamma narsa ko‘ringandek emas") Telegram sahifasida hududdagi relef juda katta muhandislik muammosini keltirib chiqarishi aytiladi.

Postda balandligi 3 000 metrga yetadigan tog‘lar, 1 200 ta inshoot qurilishi, jumladan 360 ta ko‘prik va uzunligi jami 70 km bo‘lgan tunnellar barpo etilishi savol ostiga olingan.

"Quruvchilar, ayniqsa, tunnellar bilan qiziqishyapti. Bizga aytilayotgan raqamlar mutlaqo haqiqiy emas. Taqqoslang: Yevropa o‘zining super texnologiyalari bilan, Sent-Gotthard temiryo‘l tunnelini [Hindikushga qaraganda] ancha 'qulay' bo‘lgan joyda 15 yil davomida qura oldi. Uning uzunligi 51 km. Xarajati 10 milliard dollar bo‘lgan", — deya da’vo qilinadi xabarda.

Qurilishda ishtirok etayotgan tomonlarning hech biri e’lon qilingan umumiy xarajatlar qanday taqsimlanishi va qurilish ob’ektlarining joylashuvi haqida batafsil ma’lumot bermagan.

Biroq, ayrim kuzatuvchi va faollarning farazlariga ko‘ra, temiryo‘l qurilishi ma’lum qilingan miqdordan ko‘ra ancha ko‘p mablag‘ni talab qiladi.

Shunga qaramay, ayni loyiha O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston bilan cheklanib qolmayapti. Garchi G‘arb mamlakatlari unga jiddiy qiziqish bildirmagan bo‘lsa-da, boshqa mamlakatlar, xususan, Rossiya loyiha qurilishiga alohida e’tibor bilan yondashmoqda.

Ammo O‘zbekistonning boshqa transport loyihalari, jumladan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga qarshilik qilib kelgani aytiluvchi Rossiya mamlakatning bu galgi loyihasini nega umidli deb topmoqda? Trans-Afg‘on temir yo‘li sanksiyalar qurshovida qolgan Rossiya uchun nimalarni va’da qilishi mumkin?

Temiryo‘ldagi poezd

Surat manbasi, Ўзбекистон Республикаси Транспорт вазирлиги

Surat tagso‘zi, Temiryo‘l liniyasining bir qismi Hindukush tog‘li hududidagi Salang dovoni orqali 3500 metr balandlikdan o‘tishi rejalashtirilgan. Bu uni dunyodagi eng baland temiryo‘llardan biriga aylantiradi.

Rossiya bundan nega manfaatdor?

Ayrim kuzatuvchilarning nuqtai nazariga ko‘ra, Rossiyaning asosiy strategik manfaatlari — Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini kengaytirish va G‘arbning mintaqadagi mavjudligiga qarshi turishdir.

Yevropa Ittifoqi mintaqada Trans-Kaspiy yo‘lagini qurishga intilayotgan bir paytda, Moskva Transafg‘on infratuzilma loyihasida qatnashish orqali Afg‘oniston atrofidagi asosiy tashqi kuch sifatidagi mavqeini mustahkamlashi mumkinligi aytiladi.

Shuningdek, uzoq shimoldan uzoq janubga qadar cho‘zilishi mumkin bo‘lgan loyiha Markaziy Osiyo davlatlari uchun Xitoyning "Bir kamar – bir yo‘l" tashabbusiga muqobil variantni taklif qilishi mumkin.

Mustaqil tahlilchi Yunis Sharifli temiryo‘l Rossiyaning kengroq maqsadlariga ham mos kelishini ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, bu ayniqsa Rossiya xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan vaqtda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

"Iqtisodiy jihatdan Rossiya Transafg‘on temir yo‘lini Janubiy Osiyo bozorlariga kirish va yangi savdo yo‘laklarini ochish imkoniyati sifatida ko‘radi. Bu yo‘l Rossiyaga energiya, foydali qazilmalar va sanoat mahsulotlarini Pokiston, Hindiston va boshqa Janubiy Osiyo davlatlariga eksport qilish imkonini beradi", - deya mulohaza qiladi u.

Moskva – Tolibon bilan diplomatik aloqalarni saqlab kelayotgan kam sonli yirik kuchlardan, shuningdek, uni terrorchi guruhlar safidan chiqargan ilk hukumatlardan biri.

"Infratuzilma rivojiga ko‘maklashish orqali Rossiya Afg‘oniston hozirgi rahbariyati bilan ishlashga tayyor pragmatik hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlashi, G‘arb chetda turgan bir paytda uzoq muddatli strategik ustunliklarni qo‘lga kiritishi mumkin", - deydi Yunis Sharifli.

Uning fikr bildirishicha, Moskva bu loyiha ortidan xalqaro savdoni davom ettirish, sanksiyalarning iqtisodiy ta’sirini kamaytirish va Markaziy hamda Janubiy Osiyo ustidan ta’sirini kuchaytirishni maqsad qilmoqda.

Shu yo‘l bilan Moskva G‘arb hukmronligidagi savdo tizimlaridan mustaqil mintaqaviy iqtisodiy tarmoqni shakllantirishni istamoqda, deydi u.

Temiryo‘l qurilishi mumkinmi?

Jasurbek Choriyev
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi
Menimcha, bu muddatlar juda qisqa, ammo ulkan rejalarni o‘z ichiga oladi — biz olti oyni belgiladik. Odatdada bunday loyihalarni ishlab chiqishga bir-ikki yil kerak bo‘ladi.
Jasurbek Choriyev
O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari

Loyiha atrofidagi muhokamalar yillardirki davom etib kelayotgan bo‘lsa-da, qurilishning asosiy qismi qachon boshlanishi va undagi hisobdorlar haqida ochiq ma’lumotlar mavjud emas.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriev iyulda "O‘zbekiston 24" telekanaliga bergan intervyusida temiryo‘l qurilishi yaqin olti oy ichida boshlanishi mumkinligini bildirgan.

"Temiryo‘l qurilishini boshlashdan avval biz tomonlar o‘rtasida ma’lum muddatlarni belgiladik. Menimcha, bu muddatlar juda qisqa, ammo ulkan rejalarni o‘z ichiga oladi — biz olti oyni belgiladik. Odatda bunday loyihalarni ishlab chiqishga bir-ikki yil kerak bo‘ladi", - degan u.

Biroq, Choriev ham ayni vaqtda loyihaga qiziqish bildirayotgan yirik xalqaro hamkorlar haqida aniq ma’lumot bermagan. Aksincha, u qurilish boshlanganidan keyim bu kabi qiziqish ortishidan umidvor ekanligini ta’kidlab o‘tgan.

"Tomonlarning tezroq amalga oshirishga bo‘lgan ishonchini hisobga olgan holda jarayonni tezlashtirmoqchimiz. Shu jarayondan so‘ng TIAni boshqa davlatlarga taqdim etib, aniq prognoz va salohiyatni ko‘rsatib, qiziqishni jalb qilib, loyihani birgalikda amalga oshirish mumkin bo‘ladi", — degan u.

Mutaxassislarning mulohaza qilishicha, temiryo‘l qurilishi uchun hal qiluvchi uch omil mavjud: yetarli moliya va texnik ekspertizani jalb etish, Afg‘oniston hukumatining kengroq xalqaro tan olinishiga erishish hamda yo‘l bo‘ylab xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash.

"Qisqa muddatda (keyingi 5 yil) loyiha amalga oshishi ehtimoli past, chunki xavfsizlik, moliyalashtirish va diplomatik izolyatsiya juda ko‘p noma’lumliklar tug‘diradi", - deydi Yunis Sharifli.

Uning fikriga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati xalqaro miqyosda tan olinsagina, temiryo‘l qurilishi uchun siyosiy va moliyaviy sharoit paydo bo‘lishi mumkin.