Konor Makgregorni zo‘ravonlikda ayblagan ayol yana sudga arz qildi

Surat manbasi, Reuters
Taniqli UFC jangchisini zo‘rlashda ayblab, fuqarolik sudida yutib chiqqan ayol oradan ikki oy o‘tmay yana arz qilmoqda. Endilikda, u Makgregordan xavfsizlik kameralari tasvirlarini tarqatmaslikni talab qilmoqda.
Noyabrь oyida mashhur aralash jang san’ati ustasi ustidan fuqarolik sudida g‘olib chiqqan Nikita Hend yanvarь boshida yana sudga murojaat qilgan.
Bu safar u Makgregor xavfsizlik kameralari yozuvlarini tarqatmasligini talab qilmoqda.
Noyabrь oyida sud irlandiyalik sportchi 2018 yil dekabrida Dublindagi mehmonxonada Nikita Hendga nisbatan zo‘ravonlik qilgan, deb topgan edi.
Sud Makgregorga jabrlanuvchiga 248,000 yevro miqdorida zarar to‘lashni buyurgan.
Irlandiyaning RTE telekanali xabariga ko‘ra, Hend xonimning advokati sudni o‘z mijozi Makgregorning huquqshunoslari harakatiga taqiq solish yo‘llarini izlayotganidan xabardor qilgan.
2018 yil 9 dekabrь kuni Dublindagi Bikon mehmonxonasida yozib olingan xavfsizlik kameralari tasvirlarida Makgregor va Hend xonim o‘zlarining ikki do‘sti bilan avtoturargoh hamda lift ichida turli vaqtlarda bo‘lgani ko‘rinadi.

Surat manbasi, PA Media
Mazkur tasvirlar sud hay’ati a’zolari tomonidan bir necha bor ko‘rib chiqilgan.
Hend xonimning advokati so‘zlariga ko‘ra, uning mijozi Makgregorning italiyalik biznes sherigi kuzatuv kameralari yozuvlarining "yaqin orada ommaga e’lon qilinishi"ni bildirgani ortidan sudga murojaat etishga qaror qilgan.
Makgregorga tegishli spirtli ichimlik brendi mahsulotlarini Italiyada tarqatishda ishtirok etuvchi Gabriel Ernesto Rapisarda ismli bu biznes sherik kamera tasvirlari Hend xonim Makgregor bilan o‘z ixtiyori ila vaqt o‘tkazgani hamda sportchi tomonidan zo‘ravonlik bo‘lmaganini isbotlashini da’vo qilgan.
O‘z mavbatida, Nikita Hendning advokati kamera tasvirlari Makgregorning spirtli ichimlik brendi mahsulotlari sotuvini kuchaytirish yo‘lida tarqatilayotganini ta’kidlab, buni "sud hay’ati qarorini obro‘sizlantirish va moliyaviy foyda olish" yo‘lidagi harakat, deya atagan.
Sudьya Makgregorning huquqshunoslari harakati ustidan taqiq to‘g‘risidagi xabarni yetkazishga ruxsat berdi va masala payshanba kuni sudda qayta ko‘rib chiqishga qoldirildi.












