Tolibon va O‘zbekiston Afg‘onistonda gaz qazish loyihasini boshladi, O‘zbekistonda korxona ochish bo‘yicha xitoyliklar yetakchi, 3 ming bola jinoyatdan jabrlandi

Imzo

Surat manbasi, @FDPM_AFG

O'qilish vaqti: 4 daq

Tolibon hukumati va O‘zbekiston Afg‘onistonning shimoliy Jauzjon viloyatida joylashgan "Tuti-maydan" gaz konida geologik o‘rganish va qazib chiqarish ishlarini boshladi.

Marosimda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev hamda Tolibon hukumatining iqtisodiy masalalar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar ishtirok etdi.

Tolibon rasmiylariga ko‘ra, ushbu loyiha Afg‘onistonning import qilinadigan energiyaga bo‘lgan qaramligini kamaytirishga xizmat qiladi.

Fergana agentligi va Khaama News nashrining yozishicha, O‘zbekiston tomoni konni o‘rganish va qazib chiqarish bo‘yicha shartnomani qo‘lga kiritgan. Ayrim manbalar kelishuv qiymati o‘n yil davomida taxminan 1 milliard dollarga yetishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Afg‘onistondagi mustaqil Afghan Voice Agency (AVA) xabariga ko‘ra, Afg‘oniston hukumatining iqtisodiy masalalar bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari Barodar ushbu loyihaning boshlanishini mamlakatda investitsiyalarni kengaytirishning muhim belgisi sifatida baholagan.

Unga ko‘ra, bunday yirik va strategik loyihalarga sarmoya yo‘naltirilishi Afg‘onistonda xavfsizlik ta’minlangani va sarmoya uchun qulay sharoit yaratilgani haqida mahalliy hamda xorijiy investorlarga ochiq xabar yubormoqda.

Tolibon hukumatining iqtisodiy siyosatga yo‘naltirilgan dasturi doirasida xorijiy va mahalliy sarmoyadorlarga zarur qulayliklar yaratib berish orqali ularning faoliyati to‘liq qo‘llab-quvvatlanishi aytib o‘tildi.

Mulla Abdul G‘ani Barodarning so‘zlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish orqali ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi, ichki gaz ehtiyojining katta qismi qondiriladi va mamlakatning gaz hamda elektr importiga qaramligi qisman kamayadi. Shu bilan birga, vaqt o‘tishi bilan gaz eksporti uchun ham zamin yaratilishi mumkin. Uning fikricha, loyiha Afg‘onistonning tashqi savdo muvozanatini barqarorlashtirishga va umumiy iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shadi.

Barodar mahalliy va xorijiy tadbirkorlar hamda sarmoyadorlarni Afg‘onistonning imkoniyatlaridan foydalanib, yana bir bor mamlakatga investitsiya kiritishga chorladi. Shuningdek, u "Tuti-maydon" konida tadqiqot va qazib chiqarish ishlarini olib borayotgan kompaniyadan xalqaro sifat standartlariga to‘liq amal qilishni talab qildi

O‘zbekiston: Xitoylik investorlar bir oyda 170 ta yangi korxona ochdi

xitoy

Surat manbasi, gazeta.uz

O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2025 yil avgust oyida Xitoy investorlari ishtirokidagi yangi korxonalar soni 170 taga yetdi. Bu haqda daryo.uz nashri yozdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabrь holatiga Xitoy Xalq Respublikasi investorlari ishtirokidagi korxonalar soni 4420 tani tashkil etgan. Bu raqam 1 avgust holatiga nisbatan 170 taga ko‘payganini ko‘rsatadi. Shundan 18 tasi qo‘shma korxonalar, 152 tasi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu o‘sish asosan savdo, sanoat va qurilish sohalarida qayd etilgan.

Umuman olganda, O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 2025 yil 1 sentyabr holatiga 16946 tani tashkil etgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2384 taga ortgan. Xitoy investorlari bu ro‘yxatda yetakchilik qilmoqda – ularning ulushi umumiy soning 26,1 foizini tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda Rossiya (18,5%), Turkiya (11,9%) va Qozog‘iston (6,8%) turmoqda.

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy korxonalarning aksariyati Toshkent shahrida (63,9%) joylashgan. Viloyatlar orasida Toshkent viloyati (12,6%), Samarqand (3,7%) va Farg‘ona (3,4%) yetakchilik qilmoqda.

O‘zbekiston hukumati so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, ruxsatnoma tartiblarini soddalashtirish va infratuzilmani rivojlantirish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirmoqda. Bu choralar natijasida xorijiy korxonalar soni yil sayin ortib bormoqda – oxirgi besh yilda ularning umumiy soni 1,3 barobarga o‘sgan.

8 oyda salkam 3 ming bola jinoyatlardan jabr ko‘rdi

bola

Surat manbasi, Gazeta.uz

O‘zbekistonda shu yilning yanvarь–avgust oylarida 2872 nafar bola turli jinoyatlardan jabr ko‘rgan. Ulardan qariyb yarmi — 12 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar.

Bu haqda 13 sentyabr kuni "Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarning huquqiy himoyasini ta’minla" mavzusidagi konferentsiyada Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA) direktori Mansurbek Olloyorov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda gazeta.uz.

Jinoyatlar turkumi

Ta’kidlanishicha, jabrlangan bolalar quyidagicha taqsimlangan:

  • 1475 nafari ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlardan,
  • 956 nafari uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlardan,
  • 284 nafari og‘ir jinoyatlardan,
  • 157 nafari esa o‘ta og‘ir jinoyatlardan jabrlangan.

"Afsuski, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ortib bormoqda. Jabrlanuvchilar ko‘pincha ayblanadi yoki jim turishga majbur qilinadi. Aynan mana shu sukut saqlash madaniyatiga nisbatan ham zo‘ravonlikka qarshi kurashgandek qat’iyat bilan kurashishimiz zarur", — dedi Olloyorov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agentlik ishonch telefoniga murojaatlar soni o‘tgan yilga nisbatan uch barobarga oshgan. 340 ta murojaatdan 159 tasi qonun talablariga muvofiq o‘rganilgan, qolganlar bo‘yicha esa psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatilgan.

2024 yil noyabrida qabul qilingan "Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun bola xavfsizligining asosiy kafolatlarini belgilaydi.

Agentlik rahbarining qayd etishicha, bolalarga qarshi zo‘ravonlik holatlarining ortishi ijtimoiy muammolar bilan bog‘liq.