Suvsiz shaharlarni obihayot bilan ta’minlash yo‘li topildi – bu qanday ishlaydi?

Surat manbasi, Getty Images
Dunyodagi eng quruq shaharlarning ba’zilarini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun tumandan katta miqdorda suv olish mumkin.
Chilidagi tadqiqotchilar mamlakat shimolidagi cho‘lli Alto-Xospisio shahrida tuman to‘plash imkoniyatlarini o‘rganib, shunday xulosaga kelishdi.
Mintaqada o‘rtacha yog‘ingarchilik yiliga 5 millimetrdan kam.
"Ko‘plab shaharlar singari, Alto-Xospisioda ham o‘ziga xos ijtimoiy muammolar mavjud," deydi Universidad Mayor universitetining yetakchi tadqiqotchisi doktor Virjiniya Karter Gamberini. "Kambag‘allik juda keng tarqalgan, – deb tushuntirdi u, – u yerdagi ko‘plab odamlar toza suv yetkazib beruvchi tarmoqlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish imkoniyatiga ega emas."
Shaharning eng qashshoq mahallalarida yashovchilarning ko‘pchiligi yuk mashinalarida keltiriladigan ichimlik suviga qarab qolgan.
Biroq, tadqiqotchilar ta’kidlashicha, tog‘li shahar ustida muntazam to‘planadigan tuman bulutlari hali foydalanilmagan manba hisoblanadi.
Tumanni qanday yig‘ish mumkin?
Tuman suvini tutib olish juda oddiy – ustunlar orasiga to‘r tortiladi va namlikka to‘la bulutlar o‘sha mayda to‘rdan o‘tganda tomchilar hosil bo‘ladi. So‘ng suv quvur va baklarga yo‘naltiriladi.
Bu usul bir necha o‘n yillar davomida kichik miqyosda qo‘llangan, asosan Janubiy va Markaziy Amerikaning qishloq joylarida – tumanli sharoitlarda. Tuman suvini yig‘ishning eng katta tizimlaridan biri Marokashda, Sahroyi Kabir chekkasida joylashgan.

Surat manbasi, Maria Virginia Carter Gamberini
Biroq, doktor Karterning ta’kidlashicha, tuman yig‘ishning "yangi davri" shahar sharoitida suv eng zarur bo‘lgan joylarda yanada xavfsiz va barqaror suv ta’minotini ta’minlashi mumkin.
U va uning hamkasblari tuman orqali qancha suv olish mumkinligini hisobladilar va bu ma’lumotni sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridagi bulutlar shakllanishini o‘rganish hamda ob-havo bashoratlari bilan birlashtirdilar.
Shundan kelib chiqib, ular Tinch okeani ustida muntazam paydo bo‘ladigan va qirg‘oq bo‘yidagi tog‘li shahar ustidan esadigan bulutlar Alto Xospisio xarobalarida yashovchi aholini barqaror ichimlik suvi manbai bilan ta’minlashi mumkin, degan xulosaga kelishdi. Ular o‘z xulosalarini "Frontiers of Enviromental Science" jurnalida e’lon qilishdi.

Surat manbasi, Maria Virginia Carter Gamberini
Alto-Xospisio tumani Tinch okeani ustida – iliq, nam havo sovuq suv ustidan oqib o‘tganda hosil bo‘ladi va keyin tog‘lar ustiga ko‘tariladi. Bu yerdagi ishonchli tumanli sharoit doktor Karter va uning hamkasblariga bulutlardan muntazam ravishda eng ko‘p suv yig‘ish mumkin bo‘lgan hududlarni aniqlashga imkon berdi.
Yillik o‘rtacha suv yig‘ish tezligi kuniga har kvadrat metr to‘rga 2,5 litrni tashkil etganiga asoslanib, tadqiqotchilar quyidagi xulosalarga kelishdi:
- 17 000 kvadrat metr to‘r hozirda shahar xarobalariga yuk mashinalari orqali yetkazib beriladigan 300 000 litr suvga bo‘lgan haftalik ehtiyojni qondirish uchun yetarli suv ishlab chiqarishi mumkin.
- 110 kvadrat metr to‘r shahar yashil maydonlarini sug‘orishga bo‘lgan yillik talabni qondirishi mumkin.
- Tuman suvlari tuproqsiz (gidroponik) dehqonchilik uchun ishlatilishi mumkin, bunda bir oyda 15-20 kilogramm yashil sabzavot hosili olinadi.

Surat manbasi, Getty Images
Alto-Xospisio Atakama cho‘lining chekkasida joylashgan – bu yer yuzidagi eng quruq joylardan biri. Yog‘ingarchilik kam yoki umuman bo‘lmagani sababli, mintaqadagi shaharlarning asosiy suv manbai oxirgi marta ming yillar oldin to‘lgan yer osti suv qatlamlari – suv bilan to‘ldirilgan bo‘shliqlarni o‘z ichiga olgan tog‘ jinslari qatlamlaridir.
Olimlar ta’kidlashicha, shahar aholisi o‘sib borayotgani va tog‘-kon sanoati hamda sanoatdan suv ta’minotiga bo‘lgan talab ortib borayotgani tufayli toza suvning boshqa barqaror manbalariga shoshilinch ehtiyoj mavjud.
Doktor Gamberinining tushuntirishicha, Chili o‘zining dengiz tumanlari bilan "juda o‘ziga xos," chunki "bizda butun mamlakat bo‘ylab okean va tog‘lar mavjud."
Ayni paytda uning jamoasi butun mamlakat bo‘ylab "tuman yig‘ish xaritasi" ustida ishlamoqda.
Doktor Karterning ta’kidlashicha, "bulutlardan olinadigan suv shaharlarimizning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirishi va shu bilan birga toza suvdan foydalanish imkoniyatini yaxshilashi mumkin."












