O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda qo‘shxotinlik normal holatmi yoki jinoyat? (Video)

O'qilish vaqti: 6 daq

Aksar aholisi musulmon bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlarida, xususan, O‘zbekistonda qo‘shxotinlik tobora keng tarqalmoqdami?

Bu holat jamiyatning turli qatlamlarida – oddiy insonlardan tortib, rasmiy va mansabdor shaxslar orasida kuzatilayotgani borasida xabarlar oxirgi yillarda ko‘p ko‘zga tashlanadi.

Qirg‘iziston qo‘shxotinlikka chora ko‘rmoqdami?

2025 yil dekabr oyida Qirg‘izistonning Qatardagi elchisi vazifasidan bo‘shatilgani haqida xabar berildi.

VVS ning O‘shdagi muxbiri Davron Hotamga ko‘ra, Qirg‘iziston prezidenti Sapar Japarovning elchi Marat Nuralievning ishdan olinishi haqidagi farmonida sabablari keltirilmagandi. Lekin mamlakat Tashqi Ishlar Vaziri jurnalistlar bilan suhbatda "janob Nuraliev davlat xizmatchisining odob-axloq normalarini buzgani uchun ishdan olindi", deya izoh bergan.

VVS muxbirining ilova qilishicha, keyinchalik matbuotda rasmiy doiralardagi manbalarga tayanib, elchi Japarov ikki xotinga ega bo‘lgani, ularning ikkisini ham o‘zi bilan Doxaga olib borib, hatto akkreditatsiyadan o‘tkazgani va ikkisini ham turmush o‘rtog‘i sifatida qayddan o‘tkazgani haqida xabarlar tarqalgan.

Bu xabarlarni Qirg‘iziston rasmiylari na inkor etishgan va na tasdiqlashgan.

O‘shdagi VVS muxbirining aytishicha, bittadan ko‘p xotinga ega bo‘lgan mansabdor shaxslarning javobgarlikka tortilishlari u qadar tez-tez ro‘y bermasa ham, yaqinda Chuy viloyati sobiq gubernatori ikki xotinga ega ekanligi ayon bo‘lganidan so‘ng shu asosda hozirda uning ishi Bishkek mahkamasida ko‘rib chiqilmoqda.

Bundan tashqari yaqinda Ijtimoiy Tarmoqlarda Qirg‘iziston parlamenti sobiq deputatining qonuniy ayoli turmush o‘rtog‘i undan tashqari yana 10 ta xotin olganligini aytib, shikoyat qilib chiqqanidan so‘ng 60 yoshli sobiq xalq vakili qo‘lga olinib, qamoq jazosiga hukm qilingani ham xabar berilgan.

Shar’iy nikohda bo‘lgan «ikkinchi xotin» hikoyasi

O‘zbekiston qonunchiligida noqonuniy, deya qayd qilinganiga qaramay qo‘shxotinlik mamlakatda anchayin keng tarqalayotgani kuzatilmoqda.

Noqonuniy amal ekanligi va faqatgina shar’iy nikohda bo‘lgan ayollarning haqlari ta’minlanmaganiga qaramay ayollar nima uchun bunga rozi bo‘lishadi?

VVS O‘zbekning "Diqqat VVS" dasturi bilan suhbatda "ikkinchi xotin" vaziyatida bo‘lgan ayol o‘zini baxtli his qilishi va farzandi ham borligini aytdi.

Shaxsini ochiqlashni istamagan ayolga ko‘ra, o‘zi uchun har taraflama mos keladigan shaxsni uchratgani bu qarorni olishiga yetaklagan sabablardan biri bo‘lgan.

"Hozir men baxtiyorman. Xudodan nima so‘ragan bo‘lsam hammasi bor. Ikkinchi xotin bo‘lib, shar’iy nikoh asosida oila qurganimiz uchun farzandim bor. Xo‘jayinimning turmush o‘rtog‘ini hurmat qilaman. Erim bilan fe’l-atvorimiz bir-birimizga juda mos keladi", deya hikoya qiladi u.

O‘zbekistonda ayollar ko‘pda moddiy manfaat yo‘lida yoki moliyaviy qiyinchiliklarga yuz tutganlari uchun ikkinchi xotin bo‘lishga rozi bo‘lishadimi, degan savolimizga javob berar ekan suhbatdoshimiz, moliyaviy jihatdan mutlaqo mustaqil ekanligi, moddiy tomondan o‘zini to‘liq ta’minlay olishi va shar’iy nikohdagi eridan bu sohada hech nima kutmasligini ham aytib o‘tdi.

"Yashaydigan uyimni o‘zim ishlab topgan pulimga olganman. Har tomonlama faqat o‘zimga tayanaman va xo‘jayinimning qo‘liga qaramayman", deya ilova qildi u.

"Lekin hozirda shunday tendentsiya bor. Atrofimda bunday ayollar ko‘p. Moddiy tomondan ta’minlovchi erkak bo‘lsa, ikkinchi-mi, uchinchi-mi xotin bo‘lishga rozi bo‘lishadi", deya o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi suhbatdoshimiz.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistondagi jamiyatda vaqtida turmushga chiqmagan va yoki boshqa sabablar tufayli yolg‘iz bo‘lgan ayollarga nisbatan kamsituvchi nazar bilan qarash keng tarqalgan bo‘lsa ham uning "ikkinchi xotin" mavqeiga rozi bo‘lishida bu omil bosim o‘tkazmagan.

Erkaklarga ikkinchi xotin nimaga kerak?

Inson haqlari faoli va jurnalist Bahodir Eliboevning aytishicha, O‘zbekistonda noqonuniy ko‘rilsa ham, erkaklarni shar’iy nikoh asosida qo‘shimcha xotin olishga yetaklayotgan omillar ko‘p.

"Ba’zilar ota-onasining ra’yiga qarab uylangan bo‘lishi mumkin. Yoki avvaldan bir-birlarini yaxshi bilib olmaganlari sababli, keyinchalik oila qurgandan so‘ng shaxsiyatlarining o‘zlariga mos kelmaydigan jihatlari namoyon bo‘lishi natijasida shu qarorni olish holatlari bor", deydi Bahodir Eliboev.

Turmush o‘rtog‘i o‘ziga mos kelmasligini tushunib yetgan erkak nima uchun ajrashib, boshqa ayolga qonuniy asosda uylanmasligi haqidagi savolga javob berar ekan, Bahodir Eliboev bunga ko‘pda farzandlar bilan aloqaning uzilib qolishi, sud ajrimlariga qaramay ayollar sobiq erlariga farzandlari bilan ko‘rishish imkonini bermasliklari aksar hollarda sabab bo‘lishini aytdi.

"Xotinni ko‘paytirish erkak uchun iftixor emas. Erkaklar nafs uchun boshqa xotin olishadi, degan gap hozirda udum emas. Nafsni qondirishning boshqa yo‘llari ko‘p. Ayollarning bu mavqega rozi bo‘lishlari, erkaklarning o‘zlariga ep ko‘rishlari bu noto‘g‘ri. Lekin istisnolar bor va ba’zida hayot majbur qiladi", deya qo‘shimcha qildi. Bahodir Eliboev.

"Dunyoviy jamiyatda ham, shariatda ham ayollar huquqlariga jiddiy e’tibor qaratilgan ekan va amalda qo‘shimcha xotin olish holatlari kuzatilar ekan ikkinchi xotinlarning ham haq-huquqlari birinchi xotinlarnikidek bo‘lishi haqida uylab ko‘rishimizga fursat yetdi", deb xulosa qildi u.

Qo‘shxotinlikka tahliliy nazar

O‘zbekistonda qayerga qaramang, xoh matbuot, xoh Ijtimoiy tarmoqlar, u yerdagi bahsu munozaralar va televizor ekranlaridagi seriallargacha hamma yerda ikkinchi xotin mavzusiga ko‘zingiz tushadi.

Kim bilan suhbatlashmang bir xotini bo‘la turib, ikkinchi xotinga shar’iy nikoh bilan uylangan yoki bu mavqeda bo‘lgan ayollarni bilishlarini aytishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 126- moddasida ko‘p xotinlik jinoyat ekanligi qayd etilgan.

Jinoyat Kodeksida berilgan ta’rifga binoan, "umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash" jinoyat sifatida ko‘riladi.

Bu kabi ta’rif alohida ro‘zg‘or asosida bittadan ko‘p xotinga ega bo‘lish jinoyat emasligi haqidagi talqinlarni ham keltirib chiqargan.

Qo‘shimcha xotin olish haqidagi qonunchilikning bu kabi talqinlarga ochiq ekani, amaldagi qonunlar ko‘p xotinlilikning oldini olishda ne qadar samara berayotgani va bu qonunni buzganlarga nisbatan jazo ne qadar muqarrar ekanligi haqida suhbat uchun "Diqqat VVS" dasturi huquqshunos Kamola Alievaga murojaat qildi.

Uning aytishicha, oxirgi yillardagi statistik ma’lumotlarga tayanib aytilsa, bu modda asosida O‘zbekistonda jinoiy ishlar deyarli ochilmagan yoki ochilgan bo‘lsa ham juda kam ochilgan.

Ammo Kamola Alievaning aytishicha, qo‘shxotinlik moddasi asosida mahkamaga qadar yetib borgan ishlarning kam bo‘lgani ikki xotinlik ham kam ekanligi yoki ko‘paymayotganidan dalolat bermasligi mumkin.

"O‘zbekistonda qo‘sh xotinlik borasida keng qamrovli tadqiqotlar olib borilmagan va ishonch bilan muayyan muddatda ko‘paygani yoki o‘sgani haqida aytish qiyin. Lekin shaxsiy tadqiqotlarim va kuzatuvlarim asosida aytsam, viloyatlardagi oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq mening nazarimga tushgan deyarli har ikki ishdan biri zo‘ravonlikka yuz tutgan ayol shar’iy nikohda ekanligi aniqlanadi".

Kamola Alieva ko‘pxotinlilikning tarqalishining omillaridan biri sifatida ba’zi diniy blogerlar tomonidan islomiy ritorikaning targ‘ib qilinishi, diniy nuqtai nazardan erkaklar ega bo‘lgan huquq sifatida taqdim qilinishi ham rol o‘ynayotganligini aytdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

"Ikkinchi xotin olish ortida turgan mas’uliyat, tengilik va adolat nuqtai nazaridan emas, diniy huquq sifatida ko‘rsatilishi va romantizatsiya qilish orqali targ‘ib qilinayotgani, bu targ‘ibot odamlar ongiga tobora ko‘proq singib borayotganini ko‘rishimiz mumkin", dedi huquqshunos.

Boshqa tomondan o‘zbek madaniyatida kelin zimmasiga tushadigan turmush o‘rtog‘ining ota-onasi doxil oilasi o‘ngidagi mas’uliyatlari manzarasida bir tom ostida yashamay, ko‘pda moddiy ehtiyojlari qondirilgan va nisbatan erkin ikkinchi xotin bo‘lib yashash foydaliroq, degan fikr mavjudligini ham urg‘ulab o‘tdi.

Ko‘p xotinlilikni taqiqlovchi Jinoiy Kodeksdagi moddaning "bir ro‘zg‘or bilan birdan ortiq ayol bilan yashash" iborasining talqinlari borasida gapirar ekan, Kamola Alievaning aytishicha, haqiqatan ham xotinlari alohida yashayotgan erkaklarni bu qonun asosida ayblarini isbotlash va javobgarlikka tortish qiyin.

"Mana shunday talqinlarning mavjudligi javobgarlikka tortish hollarining kamligi va muayyan ishni ko‘rib chiqishda to‘siq bo‘lmoqda.

Shaxs erkinligini ta’minlash nuqtai nazridan qonunning nima uchun shunday yozilganligini tushunish mumkin. Lekin qo‘shimcha xotin olish ilinjida bo‘lganlar uchun joriy qonun ochiq darchalarga ega bo‘lib qolmoqda", dedi Kamola Alieva.