G‘azoni qayta qurib bo‘ladimi yoki bu bajarib bo‘lmaydigan ishmi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Pol Braun
- Author, Keylin Devlin
- Author, Ervan Rivo
- Author, Barbara Mettsler
- Role, BBC Verify
- Author, BBC yangiliklar surishtiruv-tasdiqlash bo‘limi
- O'qilish vaqti: 7 daq
O‘t ochish to‘xtatilgandan so‘ng minglab g‘azoliklar o‘z mahallalariga qaytayotganda, ko‘pchiligi uylari vayron bo‘lganini bilardi.
G‘azoda normal hayotga qaytish uchun zarur bo‘lgan uylar, korxonalar va barcha muassasalar hamda xizmatlarni qayta qurish miqyosi har qanday o‘lchovda olganda ham dahshatli: BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, yetkazilgan zarar 70 milliard dollarni tashkil etadi.
London Qirollik kollejining Yaqin Sharq xavfsizligi bo‘yicha mutaxassisi Andreas Krig aytganidek: "Bu noldan boshlashdan ham yomonroq – ishni qumdan emas, vayronalardan boshlashga to‘g‘ri keladi."
Hududda vayronagarchilik darajasi "hozir 84 foizni tashkil etadi. G‘azoning ayrim qismlarida, masalan, G‘azo shahrida, bu ko‘rsatkich hatto 92 foizgacha yetadi," deydi BMTning Taraqqiyot dasturi bo‘yicha falastinliklar uchun maxsus vakili Jako Silers.
Bu vayron qilishlar natijasida juda katta miqdorda tosh uyumlari hosil bo‘ldi. BBC Verify'ning so‘nggi sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra, G‘azoda 60 million tonnadan ortiq chiqindi tozalanishi kerak bo‘lishi mumkin.
Mojarolardan keyingi har qanday qayta qurish jarayoni urush qoldiqlarini tozalashdan boshlanishi kerak.
Vayronalarni tozalash
Hozir G‘azo sektorida to‘planib qolgan millionlab tonna vayronalar shunchaki beton va buralgan metall uyumlari emas. Ularda inson jasadlari va portlamagan bombalar ham bor.
"Xavfsizlik va insonparvarlik nuqtai nazaridan, qilishingiz kerak bo‘lgan birinchi narsa bombalangan joylarni xavfsiz qilish," deydi JCB kompaniyasining sobiq ijrochi direktori Filipp Buvera.
Chiqindilar saralanadi, ajratiladi va maydalanadi. Plastik va po‘lat kabi materiallar olib tashlangandan so‘ng, qolgan beton maydalanib, qayta ishlatilishi mumkin.
Bu qurilishga asos bo‘ladi, ammo baribir juda ko‘p miqdorda qurilish materiallari import qilinishi kerak.
"Bu chegaradan o‘tayotgan yuk mashinalarida bo‘lmaydi. Eng avvalo, chuqur suv porti qurish kerak, shunda minglab konteynerlarni olib kelish mumkin," deb qo‘shimcha qiladi janob Buvera.
Joylar tozalangach, suv, kanalizatsiya va elektr energiyasi kabi zarur xizmatlarni tiklash mumkin, deydi u.
Suv va kanalizatsiya
Toza suv g‘azoliklarning dolzarb ehtiyojlaridan biri. Yunisef hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan beri hududdagi 600 ta suv va kanalizatsiya inshootining 70 foizdan ortig‘i shikastlangan yoki vayron bo‘lgan.
Yaqinda o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinganidan so‘ng, Isroil askarlari G‘azo shahridagi yondirilgan oqova suv tozalash inshooti oldida suratga tushdi. Zarar Isroil harbiylari ushbu infratuzilma yaqinidagi pozitsiyani tark etishidan oldin yetkazilgan.
Oqova suvlarni tozalash kasallik tarqalishi oldini olish uchun juda muhim. Shifokorlar aytishicha, G‘azoda bolalarni o‘ldirishi mumkin bo‘lgan ich ketish kasalliklari va ba’zi hududlarda vabo xavfi yuqori.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Shayx Ejlin oqova suv tozalash inshootining bio-minoralari shikastlanganini ko‘rish mumkin. Bu minoralar oqova suvni tozalash uchun ishlatiladigan asosiy komponentlardir.

G‘azoda oltita oqova suv tozalash inshooti bor. "Ularning barchasi zararlangan," deydi G‘azodagi suv infratuzilmasini ta’mirlashni nazorat qiluvchi va boshqaradigan Qirg‘oqbo‘yi munitsipalitetlari suv ta’minoti (CMWU) direktori o‘rinbosari Maher Najjar.
Urush boshlanganidan beri ta’mirlash ishlari Isroil havo va artilleriya hujumlarining bevosita xavfi va asbob-uskunalar yetishmasligi tufayli juda qiyinlashgan, deydi u. Ba’zi ob’ektlar ta’mirlanganidan keyin yana hujumga uchragan.
Isroil Mudofaa Kuchlari (IMK) ta’kidlashicha, uning harakatlari "harbiy zaruratga asoslangan va xalqaro huquqqa muvofiq," chunki u HAMASning "Isroil fuqarolariga tahdid solishiga" yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda.
Kanalizatsiyani tozalaydigan inshootlar bilan bir qatorda, G‘azoda toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan alohida inshootlar ham katta zarar ko‘rgan.
2024 yil aprel oyidagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida G‘azo shimoli va G‘azo shahrini ta’minlagan dengiz suvini chuchuklashtirish zavodi hali ham saqlanib qolganini ko‘rish mumkin edi. Ammo may oyi boshlarida u ham vayron qilindi.

"Gap buzilgan suv quduqlari, buzilgan tarmoqlar, suv omborlari, tashuvchi liniyalar haqida ketmoqda. Nimadan boshlashni bilish juda qiyin. Avvalo, aholiga xizmatlarning taxminan 20 foizini qaytarish uchun kamida 50 million dollar kerak," deydi janob Najjar.
"Umumiy zarar taxminan 1 milliard dollarni tashkil etadi, balki undan ham ko‘proqdir."
Turar joylar
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari G‘azo shahri shimoli-sharqidagi Shayx Radvan mahallasidagi vayronagarchilikni ko‘rsatmoqda.
Avgust oyida, Isroil mudofaa kuchlari HAMASning "so‘nggi tayanchi" deb atagan shaharni ishg‘ol qilishidan oldin, ko‘plab ko‘chalar asosan butun ko‘rinardi. O‘tgan haftaga kelib, Isroil harbiy kuchlari baza tashkil etgach, mahallaning katta qismi yer bilan yakson qilindi.
Urush davomida BMTning sun’iy yo‘ldosh markazi Unosat hisob-kitobiga ko‘ra, G‘azo bo‘ylab jami 282 904 ta uy va kvartira shikastlangan yoki vayron bo‘lgan.
Biroq bu raqamlar asl holatdan kam bo‘lishi mumkin, chunki ularda G‘azo shahridagi so‘nggi harbiy operatsiyalar, jumladan, Shayx Radvandagi vayronagarchilik hisobga olinmagan.
Quyidagi diagramma 2024 yil o‘rtalarida uy-joylarga yetkazilgan zarar darajasi keskin oshganini ko‘rsatadi – bu shaharning katta qismini vayronaga aylantirgan Rafahdagi Isroil mudofaa kuchlari operatsiyalariga to‘g‘ri keldi. Katta ehtimol bilan, G‘azo shahri ishg‘oli natijasida yana bir jiddiy keskinlashuv yuz bergan.
HAMAS G‘azo shahrining o‘z nazorati ostidagi munitsipalitet yo‘llarining 90 foizi ham shikastlanganini ma’lum qildi.
Vashingtondagi RAND korporatsiyasi tahlil markazi siyosat bo‘yicha katta tadqiqotchisi Shelli Kalbertson aytishicha, G‘azodagi uy-joylarni qayta qurish "o‘n yillab davom etishi mumkin."
"Isroil 2014 va 2021 yillarda G‘azoni bombalagandan so‘ng, uy-joylarni qayta qurish sekin kechdi, chunki Isroil ko‘p qurilish materiallariga ruxsat bermasdi, ular ikki maqsadda [fuqaroviy va harbiy] ishlatilishi mumkin deb hisoblardi," dedi u.
"Hozir 2014 va 2021 yillardagi sur’atda qayta qurilsa, 80 yil vaqt ketadi. Agar yaxshi rejalashtirilsa, vaqt qisqarishi mumkin," deydi u.
"Yaxshi rejalashtirish – bu mahallalarga aylanishi mumkin bo‘lgan lagerlarni loyihalashtirish va odamlarga shikastlangan uylariga qaytishga va ularni qayta qurishga yordam berishdir."
Elektr ta’minoti
G‘azo energetika tizimi hozirgi urushdan oldin ham zo‘riqib ishlardi. Elektr uzilishlari tez-tez bo‘lar, g‘azoliklar aksariyati har kuni cheklangan soatlik elektr energiyasi bilan kun kechirardi.
Tarixan, G‘azoga elektr asosan Isroildan va dizel yoqilg‘isida ishlaydigan G‘azo elektr stantsiyasidan kelgan, so‘nggi yillarda ba’zi uylar tomlari va jamoat ob’ektlaridagi quyosh panellari qo‘shilgandi.
2023 yil 11 oktyabrdan beri Isroil tashqi elektr ta’minotini to‘xtatganidan keyin G‘azoda elektr ta’minoti deyarli to‘liq uzildi. Toza ichimlik suvini yetkazib beruvchi Janubiy G‘azo tuzsizlantirish zavodiga elektr berib turildi. Isroil o‘z ta’minotini 2024 yil 14 noyabrda ushbu zavodga qayta uladi, 2025 yil 9 martda uni yana to‘xtatib, keyin yana qayta uladi.
G‘azo elektr stantsiyasi yoqilg‘i yetishmasligi sababli ishlamay qoldi, quyosh qurilmalari keng ko‘lamda zararlandi.
Tarmoq deyarli ishlamay qolgani sababli, asosiy xizmatlar dizel generatorlari va quyosh panellariga bog‘liq bo‘lib qoldi.

Surat manbasi, Getty Images
Joriy yil boshida Jahon banki, Yevropa Ittifoqi va BMT o‘tkazgan qo‘shma baholash natijalariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri energiya ishlab chiqarish va tarqatish aktivlarining 80 foizdan ortig‘i vayron bo‘lgan yoki ishlamay qolgan, bu esa taxminan 494 million dollarlik zararga teng.
G‘azo sektori bo‘ylab elektr ta’minotini boshqarishga mas’ul G‘azo elektr taqsimoti hamkorligi (Gedco) kompaniyasi aytishicha, 2023 yil oktyabrь oyidan beri uning bino va inshootlarining 70 foizi vayron bo‘lgan.
O‘tgan oy oxirida kompaniya bosh ofisiga zarba berilgani aks etgan videoni tasdiqladik.
Voqeadan keyingi bayonotida Gedco hujum "kompaniyaning ma’muriy va texnik faoliyatni boshqarish qobiliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatganini" aytdi.
Qishloq xo‘jaligi

Quyida Jabaliya sharqidagi bir hududning sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasviri. Unda urush davomida 4 kvadrat kilometr maydondagi ekinlar – ehtimol zaytun va sitrus daraxtlari – yo‘q qilinganini ko‘rish mumkin.
Yer bilan yakson qilingan yerdan o‘tgan yo‘l yoki yo‘lak Isroil mudofaa kuchlari tomonidan qurilgan bo‘lib, ehtimol, G‘azo shahrining shimoliy hududlariga kirishga xizmat qiladi.
Kent shtat universiteti professori He Yin o‘tkazgan tahlil ko‘rsatishicha, G‘azo sektori bo‘ylab joriy yil 10 avgustiga qadar urush paytida yillik ekinlarning 82,4 foizi va daraxtlarning 97 foizdan ortig‘i zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi inqirozi va yordamga qo‘yilgan uzoq muddatli cheklovlar butun mojaro davomida o‘tkir oziq-ovqat muammosini keltirib chiqardi va sentyabrь oyida G‘azo shahrida ocharchilik e’lon qilindi.
Unosat bu inqirozni "erlarni yaksonlash, og‘ir transport vositalari harakati, bombalash, o‘qqa tutish va boshqa mojarolar ta’siri" bilan izohlaydi.
Janob Buveraning aytishicha, qishloq xo‘jaligini tiklash uchun yerni portlamagan bombalar, snaryadlar va minalardan "juda tez" tozalash kerak. "Agar ular o‘z ekinlarini yetishtirishsa, o‘zlarini boqishlari mumkin, biz buni qanchalik tez qilsak, shunchalik yaxshi," deydi u.
Ta’lim
Urushdan oldin G‘azo aholisining qariyb yarmi 18 yoshdan kichik bo‘lgan, shuning uchun maktablarni qayta qurish normal hayotga qaytish uchun juda muhim.
Maktab binolari butun urush davomida falastinliklar uchun boshpanaga aylandi. Isroil mudofaa kuchlari esa bu binolarda HAMAS hamda unga aloqador guruhlarning "qo‘mondonlik va nazorat" markazlari joylashgan degan bahona bilan ularni tez-tez nishonga oldi.
Bir paytlar G‘azoda 288 ta maktabni boshqargan BMTning Falastinga yordam agentligi UNRWA ma’lumotiga ko‘ra, barcha maktab binolarining 91,8 foizi "yana ishga tushirish uchun to‘liq qayta qurilishi yoki jiddiy ta’mirlanishi" kerak.

Oliy ta’lim muassasalari ham bu hujumlardan chetda qolmadi.
Masalan, 2023 yil dekabrь oyida G‘azo shahri janubidagi al-Azhar universiteti Isroil harbiy kuchlari tomonidan portlatildi. Hozirda bu joy Netzarim yo‘lagining bir qismi bo‘lib, urush davomida Isroil mudofaa kuchlari tashkil etgan bir nechta harbiy zonalardan biri hisoblanadi.
Xuddi shunday taqdir undan 2 kilometrdan kamroq masofada joylashgan Isro universiteti boshiga ham tushdi. Bu universitet bir necha hafta davomida Isroil mudofaa kuchlarining vaqtinchalik harbiy bazasiga aylantirildi, so‘ng vayron qilindi.














