Mossad: Isroil josuslik agentligi nimalarga erishib, nimalarni boy bergan?

Isroil bayrog‘i ustidagi o‘q ilma-teshik qilib tashlagan avtomobil, vayron etilgan bino va portlagan peyjer

Surat manbasi, EPA, Getty, Maxar, BBC

    • Author, Bi-bi-si Arab xizmati
  • O'qilish vaqti: 9 daq

So‘nggi kunlardagi ketma-ket zarbalar davomida Isroil Eronning asosan g‘arbiy hududlarida hamda poytaxt Tehron atrofidagi yadro inshootlari, harbiy ob’ektlari va xususiy uylarni nishonga oldi.

Zarbalar havodan amalga oshirilganiga qaramay, Isroil razvedkasi – Mossad nishonlarni aniqlash va amaliyotlarni yerda boshqarishda muhim rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin, deb gumon qilinadi.

Xususan, Mossad agentlari Eron hududiga yashirincha olib kirilgan dronlar orqali havo mudofaa tizimlarini nishonga olgani aytilmoqda. Eron rasmiylari esa bundan avval Isroil razvedkasi mamlakat xavfsizlik tizimiga kirib olgan bo‘lishi mumkinligini tan olgan edilar.

13 iyundan boshlab Isroil uyushtirgan hujumlar natijasida bir qator muhim harbiy shaxslar va yadro olimlari nishonga olinib o‘ldirildilar.

Bu esa Isroil ularning joylashuvi haqida aniq razvedka ma’lumotlariga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

Mossadning bu jarayondagi roli to‘liq ochiqlanmagan – Isroil odatda razvedka faoliyatlariga izoh bermaydi, bundan tashqari, mamlakatda razvedkaning boshqa tarmoqlari ham mavjud.

Biroq agentlikning ilgari amalga oshirgan yirik operatsiyalari haqida ayrim ma’lumotlar bor.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Mossadning muvaffaqiyatlari
Hamas siyosiy byurosi raisi Ismoil Haniya(chapda) Eron Inqilob qo‘riqchilari qo‘mondoni Husayn Salomiy (o‘ngda)

Surat manbasi, Anadolu via Getty

Surat tagso‘zi, Tehronga tashrifi payti Hamas siyosiy byurosi raisi Ismoil Haniya(chapda) Eron Inqilob qo‘riqchilari qo‘mondoni Husayn Salomiy (o‘ngda) bilan ko‘rishgan edi. Ikkisi ham Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘ldilar

Hamas yetakchisi Ismoil Haniyaga suiqasd

2024 yil 31 iyul kuni Hamas siyosiy rahbari Ismoil Haniya Tehronda, mehmon uyida bo‘lgan paytda o‘ldirildi.

Dastlab Isroil bu suiqasdga aloqadorligini tan olmadi.

Biroq oradan bir necha oy o‘tib, Mudofaa vaziri Isroil Kats Haniyaning o‘ldirilishida aynan Isroil ishtirok etganini e’tirof etdi.

Haniyaning o‘limi tafsilotlari hanuz aniq emas.

Hamasning yuqori martabali rasmiysi Xalil al-Hayya matbuot anjumanida guvohlarga tayangan holda, raketa uni "to‘g‘ridan-to‘g‘ri" urganini aytdi.

Biroq The New York Times gazetasi yetti rasmiyga tayangan holda xabar berishicha, Haniya aslida ikki oy oldin mehmon uyi binosiga yashirincha o‘rnatilgan bomba portlashi oqibatida halok bo‘lgan.

BBC bu ikki versiyani mustaqil tarzda tasdiqlay olmagan.

Haniya 2023 yil 7-oktabr kuni Hamasning Isroil janubiga qilgan hujumidan so‘ng Isroil tomonidan nishonga olingan ko‘plab HAMAS rahbarlaridan biri bo‘ldi.

Ular qatorida Hamasning G‘azodagi rahbari Yahyo Sinvar, uning ukasi Muhammad, harbiy qanot rahbari Muhammad Doyf va uning o‘rinbosari Marvon Iso ham bor.

"Hizbulloh" qurilmalari portlashi

Peyjeri portlashi oqibatida halok bo‘lgan "Hizbulloh" jangchisining dafn marosimi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Peyjeri portlashi oqibatida halok bo‘lgan "Hizbulloh" jangchisining dafn marosimi

2024 yil 17-sentabr kuni Livanning turli hududlarida – ayniqsa "Hizbulloh" kuchli ta’sirga ega joylarida minglab peyjerlar bir vaqtda portladi.

Portlashlar qurilmalardan foydalangan va ularning yonida bo‘lgan odamlarni o‘ldirdi yoki og‘ir yaraladi, aholida orasida vahima va sarosima yuzaga keltirdi.

Oradan bir kun o‘tib, yana shunday tarzda ratsiya qurilmalari ham portladi.

Bu hujumlar natijasida yana yuzlab odam halok bo‘ldi yoki tan jarohati oldi.

Bu paytda Isroil va "Hizbulloh" o‘rtasidagi to‘qnashuv kuchayib borayotgan edi – Hamas hujumidan bir kun o‘tib "Hizbulloh" Isroil pozitsiyalariga o‘t ochgan edi.

Oradan ikki oy o‘tgach, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bu hujumlar uchun Isroil mas’ul ekanini tan oldi, deb xabar berdi Isroil OAVlari.

Bi-bi-sining AQShdagi hamkori CBS telekanaliga intervyu bergan ikki sobiq Mossad agenti aytishicha, portlovchi qurilmalar ratsiya qurilmalari ishlatadigan batareyalarga yashirincha o‘rnatilgan bo‘lgan.

Ular odatda foydalanuvchi ko‘kragiga yaqin joyda, jilet ichida taqilgan bo‘ladi.

Ularning aytishicha, "Hizbulloh" bu ratsiya qurilmalarini 10 yil avval "yaxshi narxda" soxta kompaniyadan sotib olgan edi. Keyinchalik ular 5 000 dona peyjer ham sotib olgan, deb yozadi CBS.

Portlashlar butun Livanda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi – ayniqsa, odamlar bu qurilmalarni supermarketlarda va boshqa jamoat joylarida olib yurgan paytda sodir bo‘lgan portlashlar keng tarqaldi.

Shifoxonalar jarohatlangan odamlarga to‘lib ketdi.

Jabrlanganlarning ko‘pchiligi jiddiy nogiron bo‘lib qoldi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk bu voqeani "urush jinoyati" deb atadi.

Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishi

Avtomobil oynasini ilma-teshik qilib tashlagan o‘q izlari

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Eronning yetakchi yadro olimi Muhsin Faxrizodaning o‘limi ortida Mossad turgan deb ko‘riladi

2020 yil noyabrida Eronning eng mashhur yadro olimlaridan biri Muhsin Faxrizodani olib ketayotgan kortej Tehron sharqidagi Absard shaharchasida hujumga uchradi.

Faxrizoda sun’iy intellekt bilan boshqariladigan masofaviy avtomat qurol yordamida o‘ldirilgan.

«Harakatlanayotgan nishonni bunday aniqlikda, tinch aholiga zarar yetkazmasdan yo‘q qilish – bu yerda mavjud bo‘lgan real vaqtdagi razvedka ma’lumotlari natijasi», deb yozgan edi o‘sha vaqtda Bi-bi-si Fors xizmati muxbiri Jiyor Gul.

2018 yil aprel oyida Bosh vazir Benyamin Netanyahu maxsus matbuot anjumanida Eronning yadro dasturiga oid bo‘lgan o‘nlab papkalarni namoyish qilgan edi.

Bu hujjatlar Mossad tomonidan Tehrondan atigi 30 km uzoqlikdagi omborxonadan olib chiqib ketilgan bo‘lib, keyinchalik Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bu voqeani tasdiqlagan edi.

O‘sha anjumanda Netanyahu aynan Muhsin Fahrizodaning Eronning yashirin yadroviy qurol dasturidagi o‘rnini alohida ta’kidlab, «Doktor Muhsin Faxrizoda bu ismni yodda saqlang», degan edi.

Eron avvalroq 2010–2012 yillar oralig‘ida yana to‘rt nafar yadro olimi Isroil tomonidan o‘ldirilganini da’vo qilgan edi.

Mahmud al-Mabhuh bo‘g‘ib o‘ldirildi

Mahmoud al-Mabhouh's images on a poster

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Mahmoud al-Mabhouh was given an electric shock and then strangled

2010 yilda HAMASning yuqori lavozimli harbiy rahbari Mahmud al-Mabhuh Dubaydagi mehmonxonada o‘ldirildi.

Dastlab bu tabiiy o‘limdek tuyulgan edi, biroq Dubay politsiyasi kuzatuv kameralarini sinchiklab tahlil qilgach, bu suiqasd ekani aniqlanib, hujum guruhi a’zolari fosh etildi.

Politsiyaning keyinchalik bergan bayonotiga ko‘ra, al-Mabhuh dastlab elektr toki bilan shokka tushirilgan, so‘ng bo‘g‘ib o‘ldirilgan.

Mazkur operatsiya ortida Mossad turgani taxmin qilinib, bu Birlashgan Arab Amirliklarining keskin diplomatik noroziligiga sabab bo‘ldi.

Biroq Isroil diplomatlari Mossadning ushbu suiqasdda ishtiroki borligini tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘qligini aytishdi.

Yahyo Ayyosh va portlovchi telefon

Yahyo Ayyosh suratlari Falastin ramziga aylangan

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Yahyo Ayyosh suratlari Falastin ramziga aylangan

1996 yilda Hamasning asosiy bomba yasovchisi Yahyo Ayyosh portlovchi modda joylashtirilgan Motorola Alpha mobil telefoni orqali o‘ldirildi.

Qurilma ichiga 50 gramm portlovchi modda yashirin tarzda joylashtirilgan edi.

Ayyosh Hamasning harbiy qanotidagi muhim shaxs bo‘lib, u bomba tayyorlashdagi mahorati hamda Isroilga qarshi murakkab hujumlarni uyushtirishdagi roli bilan tanilgan edi.

2019 yil oxirida Isroil bu suiqasdga oid ayrim tafsilotlarga nisbatan senzura cheklovlarini olib tashladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatning "13-kanali" telekanali Ayyoshning otasi bilan qilgan so‘nggi telefon suhbati yozuvini efirga uzatdi.

"Birodarlar" operatsiyasi

Mossad josusi Sudandan yashirin olib chiqilgan Efiopiya yahudiylari o‘tirgan avtomobil oldida

Surat manbasi, Raffi Berg

Surat tagso‘zi, Mossad josusi Sudandan yashirin olib chiqilgan Efiopiya yahudiylari o‘tirgan avtomobil oldida

1980-yillar boshlarida Bosh vazir Menaxem Beginning buyrug‘i bilan Mossad Sudanning Qizil dengiz bo‘yidagi sohilida soxta sho‘ng‘ish kurortini tashkil etdi va shu yo‘l bilan 7 000 dan ortiq efiopiyalik yahudiylarni yashirin tarzda Isroilga olib chiqdi.

Sudan Arab Ligasi a’zosi va Isroilga dushman davlat bo‘lgani bois, operatsiya mutlaqo maxfiy olib borilgan.

Mossad agentlari kurortni tashqi ko‘rinishda oddiy turistik maskan sifatida ochganlaar, kunduzlari o‘zlarini mehmonxona xodimlaridek tutganlar, kechasi esa Efiopiyadan yashirincha yetib kelgan yahudiylarni havo va dengiz yo‘li orqali olib chiqishgan.

Bu operatsiya kamida besh yil davom etgan.

Fosh etilgan vaqtga kelib, Mossad agentlari allaqachon mamlakatni tark etishga ulgurgan edi.

Myunxen suiqasdiga javob

Isroil sportchilari Myunxen olimpiadasi stadionida falastinlik jangarilar o‘ldirgan vatandoshlarini xotirlash marosimida qatnashdilar. 1972 yil 6 sentyabri

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Isroil sportchilari Myunxen olimpiadasi stadionida falastinlik jangarilar o‘ldirgan vatandoshlarini xotirlash marosimida qatnashdilar

1972 yilda "Qora sentyabr" nomli falastinlik jangarilar Myunxen Olimpiadasida Isroil terma jamoasining ikki a’zosini o‘ldirib, yana to‘qqiz sportchini garovga olishdi.

G‘arbiy Germaniya politsiyasi tomonidan o‘tkazilgan qutqaruv operatsiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlandi va garovdagi barcha sportchilar halok bo‘ldi.

Falastinlik qurollilar 1972 yili Isroil olimpiya jamoasi qarorgohiga bostirib kirdilar, isroillik 11 sportchi o‘ldirildi. They are (top left to right): Yosef Gutfreund, 40; Moshe Weinberg, 33: Yoseph Romano, 32; David Berger, 28; Mark Slavin, 18; Yaacov Springer, 52; (bottom left to right): Ze'ev Friedman, 28; Amitsur Shapira, 40; Eliezer Halfin, 24; Kehat Schorr, 53; Andre Spitzer, 27

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Falastinlik qurollilar 1972 yili Isroil olimpiya jamoasi qarorgohiga bostirib kirdilar, isroillik 11 sportchi o‘ldirildi

Keyingi yillarda Mossad ushbu hujumda ishtirok etganlikda gumon qilingan shaxslarni nishonga ola boshladi.

Ulardan biri – Mahmud Hamshari Parijdagi kvartirasidagi telefon apparatiga o‘rnatilgan portlovchi qurilma portlashi natijasida og‘ir jarohat oldi va keyinchalik vafot etdi.

Entebbe operatsiyasi

Entebbe uchog‘ida garovga olinganlar bir haftadan keyin ozod etilgan edilar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Entebbe uchog‘ida garovga olinganlar bir haftadan keyin ozod etilgan edilar

1976 yilda Ugandada o‘tkazilgan "Entebbe operatsiyasi" Isroil tarixidagi eng yirik va muvaffaqiyatli harbiy amaliyotlardan biri sifatida tan olinadi.

Mossad zarur razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan, harbiy harakatlarni esa Isroil maxsus kuchlari amalga oshirgan.

"Falastin ozodligi uchun xalq fronti" guruhining ikki a’zosi va ularning ikki nafar nemis sherigi Parijdan uchayotgan samolyotni qo‘lga kiritib, Ugandadagi Entebbe aeroportiga yo‘naltirgan.

Ular samolyotdagi yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarini garovga olishgan edi.

Isroil komandosi aeroportga bostirib kirib, 100 ga yaqin isroillik va yahudiy garovdagilarni ozod qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Operatsiya chog‘ida uch nafar garovdagi, to‘rt nafar terrorchi, bir necha ugandalik askar va operatsiyaga boshchilik qilgan komandir – Benyamin Netanyahuning akasi Yonatan Netanyahu halok bo‘ldi.

Natsist zobit Adolf Eyxmannning qo‘lga olinishi

Adolf Eyxman Isroildagi sud payti

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Adolf Eyxman Isroildagi sud payti

1960 yilda Mossad agentlari tomonidan Argentinadan yashirincha olib chiqilgan sobiq natsist ofitser Adolf Eyxmannni qo‘lga olish operatsiyasi agentlik tarixidagi eng mashhur razvedka muvaffaqiyatlaridan biri hisoblanadi.

Eyxmann Ikkinchi Jahon urushi paytida natsistlar amalga oshirgan yahudiylar qatliomi – Holokostning asosiy tashkilotchilaridan biri edi.

U 6 million yahudiyning o‘limiga sabab bo‘lgan bu genotsid markazida turgan shaxslardan bo‘lgan.

Yillar davomida turli davlatlarda yashirinib yurgan Eyxmann oxir-oqibat Argentinada qo‘nim topgan.

Mossadning 14 kishilik guruhi uni izlab topgan, maxfiy operatsiya orqali olib qochgan va Isroilga olib kelgan.

U Isroilda sud qilinib, o‘lim jazosiga hukm qilindi va qatl etildi.

Muhim muvaffaqiyatsizliklar

Qator muvaffaqiyatlariga qaramasdan, Mossadning hamma rejalari ham o‘ylanganidek yakunlanmagan.

2023 yil 7-oktabr hujumlari

Isroil janubiga 2023 yil 7 oktyabridagi Hamas hujumlari oqibatida 1200 ga yaqin odam halok bo‘ldi

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Isroil janubiga 2023 yil 7 oktyabridagi Hamas hujumlari oqibatida 1200 ga yaqin odam halok bo‘ldi

2023 yil 7-oktabr kuni Hamas G‘azo chegarasiga yaqin hududlardagi Isroil aholi punktlariga kutilmaganda hujum qildi.

Tahlilchilar bu hujumni oldindan aniqlay olmagani uchun Mossadni keskin tanqid qilishdi – bu holat Isroilning Hamasga nisbatan qo‘rqitish strategiyasidagi jiddiy zaiflikni va razvedka tizimining ishdan chiqqanini ko‘rsatadi, deyishadi.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, ushbu hujumda 1 200 ga yaqin kishi, asosan tinch aholi vakillari, halok bo‘lgan.

Yana 251 nafar fuqaro garovga olinib, G‘azoga olib ketilgan.

Hamas hujumiga javoban Isroil G‘azo sektoriga keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshladi.

Hamas boshqaruvidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu urush hozirgacha 55 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan, ularning aksariyati tinch aholi hisoblanadi.

Yom Kippur urushi

Two Israeli troops look across across the Suez Canal

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 1973 yildagi Arab-Isroil urushida Isroil qo‘shinlari Suez kanalini kesib o‘tdilar

Yarim asr avval, 1973 yil 6-oktabrda ham Isroil shunga o‘xshash kutilmagan hujumga uchragan edi.

O‘sha kuni Misr va Suriya birdan Isroilga qarshi urush boshlab, Sinay yarimoroli va Jo‘lon tepaliklarini qaytarib olishni ko‘zlashgan.

Hujum yahudiylar uchun eng muqaddas kun – Yom Kippur (Tavba kuni)da boshlangan bo‘lib, bu Isroil qurolli kuchlarini ilk bosqichlarda og‘ir ahvolga solib qo‘ygandi.

Misr armiyasi Suvaysh kanalidan o‘tib katta yo‘qotishsiz yurish qildi, suriyaliklar esa Jo‘lon tepaliklaridagi pozitsiyalarga yorib kirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Sovet Ittifoqi Misr va Suriyani qurollantirdi, AQSh esa Isroilga favqulodda harbiy yordam yo‘lladi.

Isroil oxir-oqibat qarshi hujumga o‘tib, dushman harakatlarini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi.

Urush 25-oktyabrda, BMTning otashkesim haqidagi rezolyutsiyasidan to‘rt kun o‘tib yakunlandi.

Mahmud az-Zaharning nishonga olinishi

Mahmoud al-Zahar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Mahmud az-Zahar Mossadning eng qidirilayotgan Hamas rahbari bo‘lgan

2003 yilda Isroil Hamas yetakchilaridan biri – Mahmud az-Zaharning G‘azodagi uyiga aviahujum uyushtirdi.

Zahar hujumdan omon qolgan bo‘lsa-da, uning rafiqasi va o‘g‘li – Xolid, shuningdek bir nechta boshqa insonlar halok bo‘ldi.

Portlash natijasida butun uy vayronaga aylandi.

Bu esa zich aholi yashaydigan hududlarda amalga oshirilgan harbiy hujumlarning fojiali oqibatlarini yana bir bor ko‘rsatdi.

Barbod bo‘lgan Xolid Mash’alga suiqasd

Xolid Mash’al

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Xolid Mash’al 1996 yildan 2017 yilgachaa Hamas siyosiy rahbari bo‘lgan

1997 yilda Isroil HAMAS siyosiy rahbari Xolid Mash’alni Iordaniyada zaharlashga urindi. Ushbu operatsiya yirik diplomatik inqirozga sabab bo‘ldi.

Suiqasd muvaffaqiyatsiz tugadi – isroillik agentlar qo‘lga olindi, Isroil esa ularning hayotini saqlab qolish evaziga Mash’alga qarshi ishlatilgan zaharga antizahar yetkazib berishga majbur bo‘ldi.

O‘sha paytda Mossad rahbari bo‘lgan Dani Yatom shaxsan Iordaniyaga borib, davolash jarayonida ishtirok etdi.

Bu hodisa ikki davlat o‘rtasida yaqinda imzolangan tinchlik shartnomasiga qaramay, munosabatlarning keskin sovushiga olib keldi.

Lavon mojarosi

Egyptian President Gamal Abdel Nasser satnding and waving to a crowd

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Misr Prezidenti Jamol Abdul Nosir Suez kanali Misr tasarrufiga o‘tganini e’lon qildi

1954 yilda Misr hukumati "Suzanna operatsiyasi" nomi bilan tanilgan Isroilning maxfiy josuslik rejalarini fosh qildi.

Rejaga ko‘ra, Isroil agentlari AQSh va Britaniyaga tegishli ob’ektlarga bomba joylashtirib, Britaniyani Misrdan – xususan, Suvaysh kanalidan harbiy kuchlarini olib chiqmaslikka majburlamoqchi bo‘lgan.

Operatsiya fosh bo‘ldi va muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Bu voqea tarixda "Lavon mojarosi" nomi bilan tanildi, chunki o‘sha vaqtdagi Isroil mudofaa vaziri Pinxas Lavon bu rejalarning ishlab chiqilishida ishtirok etganlikda ayblangan.