You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston: Alisher Qodirovning ona tili haqidagi gaplari totalitarizmga qadammi? Solovyov gapiga munosabat, Payg‘ambar Muhammad (S.A.V) haqida haqoratli so‘zlar qo‘llagan shaxs jazolandi (video)
- Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 8 daq
"Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirovning ona tili haqida aytgan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda bahslarni keltirib chiqardi.
O‘zbekistonda bola bog‘chada va boshlang‘ich ta’limda o‘z ona tilida tarbiya ko‘rishi kerak, deb aytgan Alisher Qodirov Qonunchilik palatasidagi bolalar manfaatlarini himoya qilishga bag‘ishlangan qonun muhokamasi payti.
"Bola bog‘chada va boshlang‘ich ta’limda o‘z ona tilida tarbiya ko‘rishi kerak va ilm olishning poydevorini boshlashi kerak. Biz bugun afsuski bolalarni begona tilda tarbiya ko‘rishga, boshlang‘ich ta’lim olishga majbur qilyapmiz va buning oqibatida bolalardan maktabda kutgan bilimni, bog‘chada kutgan tarbiyani ololmayapmiz... Negadir odamlar bu xatoni tan olishni xohlamayapti. Afsuski, bu pedagogikada isbotini topgan muammo. Va qonunda buning aks etishi judayam ma’qul, buni qo‘llab-quvvatlaymiz. Faqat bitta taklif. «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunda ta’lim tilini tanlash erkinligi belgilab qo‘yilgan. Buni maktabgacha ta’lim va boshlang‘ich ta’limda har bir bolaning ustun manfaati sifatida o‘z ona tilida tarbiya ko‘rishi va boshlang‘ich ta’lim olish majburiyatini ta’kidlab qo‘yishimiz kerak. Bugun bola begona tilda tarbiya olishga majburlanyapti va tarbiya olmayapti. Begona tilda boshlang‘ich ta’lim olishga majburlanyapti va boshlang‘ich ta’lim olmayapti. Oqibatda bola tarbiyasiz va ta’limsiz bo‘lib qolyapti", deya Alisher Qodirovdan iqtibos keltirdi kun.uz veb nashri.
Alisher Qodirov so‘zlariga munosabat bildirgan ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov, gap rus bog‘chalariga qo‘yilayotgan o‘zbek bolalari haqida borayotgani haqid yozdi o‘zining Telegramdagi Jalilov.Qaydlar kanalida.
"Lekin deputatning taklifi qabul qilinsa, bola maktabgacha va boshlang‘ich ta’limni faqat ona tilida olishi kerakligi haqidagi norma faqat o‘zbeklarga tegishli bo‘lmaydi. Masalan, O‘zbekistonda yashovchi tojiklar bolasini tojikcha bog‘chaga va tojikcha boshlang‘ich maktabga berishi kerak bo‘ladi. Samarqand yoki Buxoroda-ku, balki tojikcha bog‘cha topilar, lekin, deylik, Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida yashovchi tojiklar uchun davlat tojikcha maktab yoki bog‘cha topib bera oladimi? Yoki, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yashaydigan 130dan ortiq etnik guruhlarning (misol uchun, tatarlar, koreyslar, armanlar va hokazo) har biri uchun Qodirovning partiyasi ularning o‘z ona tilida bog‘cha va boshlang‘ich maktab tashkil qilib bera oladimi? Boshlang‘ich ta’limni o‘z ona tilida olganidan keyin bu bolalarning ta’lim o‘zbek yoki rus tilida olib boriladigan o‘rta maktabga adaptatsiyasini ta’minlab bera oladimi?", deb yozdi Komil Jalilov.
"... qaysi tilda ta’lim olish, kitob o‘qish, yozish, fikrlash - bu shaxsiy hudud. Davlat bu shaxsiy hududga aralashishi, sen o‘zbek (rus, qozoq, tojik va hokazo) bo‘lib tug‘ilgansan, demak, shu tilda o‘qishing, yozishing, fikrlashing kerak, degan talab qo‘yilishi - totalitar davlat sari birinchi qadam emasmi?", deb savol qo‘ydi tahlilchi.
"Alisher Qodirov o‘zbeklar orasida rus tilidagi ta’limga bo‘lgan talabning ortib borayotganidan xavotirda ekan, buning sabablarini o‘rganishi kerak", deb yozdi Komil Jalilov.
"Agar Qodirov va uning partiyasi maqsadi - o‘zbek tilidagi ta’lim jozibadorligini oshirish bo‘lsa, buni majburlash yoki ta’qiq bilan emas, ta’lim sifatini oshirish bilan amalga oshirish kerak", deb yozdi ekspert.
Telegramdagi Vaib.uz kanali ham yozishicha, O‘zbekistonda tilidan qat’i nazar, ta’lim sifatini oshirish "ancha samarali va ratsional qadam" bo‘lgan bo‘lur edi.
"Hozircha deputat nima demoqchi ekani va taklif qilinayotgan o‘zgartirishlar amalda qanday joriy etilishi noma’lumligicha qolmoqda. Agar gap ota‑onalarning farzandlari uchun ta’lim tilini tanlash huquqini cheklash haqida borayotgan bo‘lsa, bu insonning asosiy huquq va erkinliklarini to‘g‘ridan‑to‘g‘ri buzish bo‘ladi. Agar masala faqat tavsiyalar haqida bo‘lsa, unda ularni qonunga nega kiritish kerak, degan tabiiy savol tug‘iladi", deya munosabat bildiradi Vaib.uz.
"Bundan‑da samarali va mantiqiy yo‘l – ta’lim tilidan qat’iy nazar, barcha maktab va bog‘chalarda ta’lim sifatini oshirish bo‘lar edi, ota‑onalar va bolalar uchun yangi to‘siqlar yaratish emas. Bundan tashqari, tarbiya va ta’lim boshqa tilda gӯyoki «hech narsa bermaydi» degan fikr kamida bahsli tuyuladi va ko‘p tilli ta’lim ular uchun muammo emas, aksincha afzallikka aylangan minglab oilalarning real tajribasini inobatga olmaydi", deb yozadi Vaib.uz.
Solovyov gaplari O‘zbekistonda tanqidlarga uchradi
Rossiyalik taniqli teleboshlovchi va targ‘ibotchi Vladimir Solovyov yana O‘zbekiston jamoatchiligini g‘azblantirgan yangi bayonot qildi.
Uning aytishicha, Rossiya xuddi Ukrainaga uyushtirilgani kabi postsovet hududidagi boshqa mamlakatlarga ham "maxsus harbiy amaliyot" boshlashi kerak.
U ushbu bayonotni o‘zining «Solovьyov LIVE» mualliflik dasturi efirida aytdi.
Solovyov, Moskva uchun ustuvor vazifa Suriya yoki Venesueladagi voqealar emas, balki Armaniston va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘lishi kerak, dedi.
Vladimir Solovyov gapining boshida AQSh Prezidenti Donald Trampning Grenlandiya va Venesuelaga yondashuvi haqida gapirdi.
"Menga Grenlandiya kerak — uni olaman, barcha kelishuvlarga tupuraman. Menga Venesuela kerak — uni olaman", dedi rossiyalik teleboshlovchi Trampning pozitsiyasini takrorlarkan.
"Armanistonning yo‘qotilishi — mana bu ulkan muammo. Bizning Osiyodagi… Markaziy Osiyodagi muammolar — mana shu biz uchun ulkan muammo bo‘lishi mumkin. Va biz o‘z maqsad va vazifalarimizni juda aniq shakllantirib olishimiz shart", dedi Solovyov.
"Xalqaro huquqqa ham, xalqaro tartibga ham tupurdik. Agar milliy xavfsizligimizni ta’minlash uchun Ukraina hududida maxsus harbiy operatsiya boshlashimiz zarur bo‘lgan ekan, nega endi aynan shu mantiqdan kelib chiqib, ta’sir doiramizdagi boshqa nuqtalarda ham bunday operatsiyalarni boshlay olmaymiz?" — dedi rossiyalik teleboshlovchi.
Bundan oldin ham rossiyalik siyosatchi, jurnalist yoki faollar sobiq SSSR respublikalarini Rossiya bosib olishi kerak, degan gaplarni aytganlar, bundy imperiyaparast kayfiyatlar va bayonotlar Rossiya Ukrainaga 2022 yil fevralida to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyin kuchaydi.
Solovyov chiqishini qoralayotgan faollar O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan bunga munosabat kutayotganlari haqida yozdilar.
Payg‘ambar Muhammad (S.A.V) haqida haqoratli so‘zlar qo‘llagan shaxs jazolandi
Payg‘ambar Muhammad (S.A.V)ga nisbatan haqoratli so‘zlar qo‘llagan samarqandlik 22 yoshli yigit Sh. A. 9 yanvar kuni 12 sutkaga qamaldi, deb xabar berdi gazeta.uz veb nashri.
Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida yashaydigan, tumandagi maktablardan birida tarix o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan shaxs Telegram guruhlarining biridagi bahsda payg‘ambar haqida haqoratli so‘zlar ishlatgani aks etgan skrinshotlar Internetda tarqalgan.
Internet foydalanuvchilari ushbu fuqaroga nisbatan chora ko‘rilishini so‘rab, huquq-tartibot organlariga murojaat ham qilganlar.
Paxtachi tumani IIB xodimlari Sh. A.ning qo‘l telefonini ko‘zdan kechirgan va u chindan diniy adovatni qo‘zg‘ovchi ma’lumotlarni tarqatgani aniqlangan.
Buning ortidan militsiya xodimlari O‘zbekiston Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 184−3-bandi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish)ga asosan, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirganlar.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tumani sudida o‘tgan sud majlisida huquqbuzar aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi. Unga yuqoridagi modda bilan 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Sud ashyoviy dalil sifatida qo‘l telefonini yo‘q qilishni buyurdi, shuningdek, yigitning Telegram`dagi profilidan foydalanishi ham cheklandi, deb xabar berdi gazeta.uz
7 yanvar. Mubashshir Ahmad salomatligi, mix yutgan samarqandlik va vodiyda yana yopilgan metan shoxobchalari
Navoiy viloyatidagi turmada jazosini o‘tayotgan diniy ulamo Mubashshir Ahmadning sog‘lig‘i yomonlashgan va unga tibbiy yordam ko‘rsatilmayapti. Bu haqida uning advokati Abdulloh Sodiq O‘zbekistondagi nashrlarga gapirgan.
Asl ismi Alisher Tursunov bo‘lgan diniy olim o‘tgan yil oktyabrida Jinoyat kodeksining uchta moddasi - milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish, jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, hamda diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish ayblarida aybdor topilib 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Uning himoyachisi ma’lum qilishicha, Tursunovga «Qandli diabet II tip, insulinga muhtoj turi» va «Chap oyoq artrozi» tashxislari qo‘yilgan.
Unga ko‘ra, diniy olimning oyoqlari shishib ketib, tanasida har-xil yaralar paydo bo‘layotganiga qaramay davolanishiga ruxsat berilmayapti.
Advokatning aniqlik kiritishicha, Tursunov ko‘p yillardan beri qandli diabet kasalligi bilan og‘rib keladi.
«Qolaversa, jazoni o‘tash davomida Alisher Tursunov Qiziltepa tumanida joylashgan g‘isht zavodlarining birida majburiy tarzda ishlashga chiqarilmoqda. Alisher Tursunov sog‘ligining shunday bir yomon holatida 16 soatlab tik oyoqda ishlashga va yurishga majburlanmoqda. Alisher Tursunovning sog‘ligi yaxshi emasligi, qandli diabet kasalligi qiynayotganligi, oyoqlari shishib ketib, buyragi yaxshi holatda emasligi, tanasida har-xil yaralar paydo bo‘layotganligini ko‘ra-bila turib, uni og‘ir va sovuq ob-havoda mehnat qilishga jalb etishdan maqsad nima?», deydi advokat Abdulloh Sodiq Kun.uz bilan suhbatida.
Advokatning qo‘shimcha qilishicha, mijozining buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tegishli idoralar: IIV, Bosh prokuratura va boshqa tashkilotlarga ariza kiritilgan.
O‘zbekiston jazo o‘tish muassasalari Ichki ishlar vazirligi nazorati ostida. BBC Tursunov sog‘ligi yomonlashgani va unga tibbiy muolaja ko‘rsatilmayotgani haqidagi da’volarga munosabat so‘rab IIV matbuot kotibi Shuhrat G‘iyosovga Telegramdan murojaat qildi.
Mix yutgan samarqandlik
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filiali ma’lum qilishicha, filialda 29 yoshli fuqaroning qorin bo‘shlig‘idan yot jismlar olib tashlandi.
Markaz Telegram kanalida fuqaroning ismi A.Ye deb ko‘rsatildi.
Ma’lumotga ko‘ra, fuqaro shoshilinch qabul bo‘limiga qornidagi kuchli og‘riqdan arz qilib kelgan. Unda tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilganida, me’da ichak tizimida «katta miqdorda yot jismlar (mix va samorez) borligi aniqlangan».
Shoshilinch ravishda o‘tkazilgan jarrohli amaliyotida bemorning qorin bo‘shlig‘idan metal jismlar olib tashlangan va hozirda uning ahvoli qoniqarli.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Tibbiy markaz ma’lumotida bemorning nega metal jismlarni yutishi sabablari ko‘rsatilmagan, ammo O‘zbekistondagi ba’zi nashrlarga ko‘ra, erkak qattiq stress ostida o‘z harakatlarini nazorat qila olmay, mix va samorezlarni yutgan.
Tibbiyotda metal (mix, tanga, sim), tuproq, muz, qog‘oz, sovun, bo‘r kabi oziq-ovqat bo‘lmagan jihozlarni yeyish kasalligi «pika» deb nomlanadi. Bu kasallikka odatda organizmda temir va rux moddalarining yetishmasligi, hamda qattiq stress yoki autizm kabi ruhiy sharoitlar hamrohlik qiladi.
Vodiyda yana metan tanqisligi
Iqtisodchi bloger Otabek Bakirovning yozishicha, seshanba kuni Farg‘ona vodiysida metan zapravkalar yana kech bo‘lmay yopildi.
«Bugun tushdan keyin vodiy tumanlari bo‘ylab metan zapravkalari yopila boshlagan bo‘lsa, kech 18:00ga borib, faoliyat ko‘rsatayotgan metan zapravkalar (davlat organlari va ijtimoiy sohaga xizmat ko‘rsatuvchilardan bo‘lak) qolgani yo‘q.
Energetika vazirligi holat bo‘yicha biron bir izoh bergani yo‘q, deydi bloger o‘zining Telegramdagi sahifasida.
«Sutkalik harorat nolga yaqinlashganda metan zapravkalar faoliyati cheklanishi qoidasi yana bir bor ishladi. Shu bilan vodiyliklar yana bobo quyosh o‘rtacha haroratni 5-10 darajaga ko‘tarishini kutishlariga to‘g‘ri keladi», - deb yozadi u.
O‘zgidromet bashoratlariga ko‘ra, bu haftaning qolgan qismida respublika bo‘ylab harorat ko‘tarilishi kutilmoqda.
Bakirov, shuningdek, metan quyish shoxobchalariga gaz yetkazib berishi kutilgan konteynerlar yo‘qligiga e’tiborni qaratdi.
Noyabrь oyida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Vodiy viloyatlaridagi metan zapravkalarga ko‘chma konteynerlar orqali tabiiy gaz yetkazib berish tizimi ishga tushirilishini ma’lum qilgandi. Vazirlik xabarida jami 150 dona ko‘chma konteynerlar olib kelinishi, noyabrga kelib ularning 92 tasi O‘zbekistonga import qilingani aytilgandi.
Ammo, blogerning yozishicha, «Bir necha o‘n million dollar sovurilgan piar konteynerlardan mana ikkinchi oydirki, qish yarmiga keldiki, darak yo‘q.»