Bu qiziq: Nega shved ayollari ishni tashlab, uyda o‘tirishini istamoqda?

vilma

Surat manbasi, Vilma Larsson

Surat tagso‘zi, Vilma Larsson uyda o‘tirishni boshlagandan beri yashash xarajatlari uchun pulni yigitidan oladi.
    • Author, Meddi Savaje
    • Role, Biznes reportyor
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Shvetsiya gender tengligini himoya qilish bo‘yicha global obro‘ga ega, shunday ekan, nima uchun yosh ayollar o‘rtasida ishdan ketish ijtimoiy tarmoqda olqishlar bilan kutib olinadigan trendga aylanmoqda?

25 yoshli Vilma Larsson ilgari oziq-ovqat do‘konida, qariyalar uyida va fabrikada ishlagan. Ammo u bir yil oldin uyda o‘tiradigan qiz do‘st bo‘lish uchun ishdan ketgan va hech qachon bunday baxtli bo‘lmaganini aytadi.

"Mening hayotim yengillashdi. Kurashayotganim yo‘q. Uncha stressda emasman."

Uning yigiti moliya sohasida masofadan ishlaydi va kunini asosan noutbukda o‘tkazsa, Vilma sport zalida, qahvaxonada yoki ovqat pishirish bilan mashg‘ul. Juftlik Shvetsiyaning markaziy qismidagi shaharchalarda o‘sgan, ammo hozir ko‘p sayohat qiladi va qishni Kiprda o‘tkazmoqda.

"U har oyda o‘zi topgan pulidan menga maosh beradi. Agar menga ko‘proq kerak bo‘lsa, undan so‘rayman. Yoki kamroq kerak bo‘lsa, so‘ramayman – qolganini saqlab qo‘yaman," deb tushuntiradi Larsson xonim.

U o‘zining hayot tarzini Instagram, YouTube va TikTok'da boshqalarga ko‘rsatadi, u yerda 11 000 kuzatuvchisi bor. Uning ba’zi postlariga deyarli 400 000 ta layk qo‘yilgan, ammo u o‘z kontentidan daromad olmayotganini aytadi.

U "hemmaflickvän" va "hemmafru" (shved tilida uyda yashovchi qiz do‘st va uy bekasi) heshteglaridan foydalanadi va o‘zini "muloyim qiz" deb ta’riflaydi – bu karьeraga e’tibor qaratishdan ko‘ra yengilroq, ayollarga xos hayot tarzini qabul qiluvchi shaxs deganidir.

Muloyim qizlarning turmush tarzi 2010 yillarning oxiridan beri dunyoning turli qismlarida ijtimoiy tarmoqlarda mikrotrendga aylangan. Ammo Shvetsiyada – ayol va erkakning pul topishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ellik yillik siyosatdan keyin – bu trendning so‘nggi paytlardagi ommaviyligi kutilmagan bo‘ldi.

Ungdomsbarometern – Shvetsiyaning yoshlar o‘rtasidagi eng yirik yillik so‘rovi – bir yil oldin 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan 2024 yil uchun trendlarni bashorat qilish so‘ralganda, muloyim qizlar trendi birinchi marta shvedlarga e’tiborni qaratdi.

Bu yil avgustda Ungdomsbarometern tomonidan e’lon qilingan yana bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bu trendga hatto kichik maktab qizlari ham qiziqmoqda, yetti yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 14 foizi o‘zlarini muloyim qizlar deb hisoblaydi.

vilma

Surat manbasi, Vilma Larsson

Surat tagso‘zi, Vilma onasi ham, singlisi va buvisi ham ishlashga majburlikdan qattiq stress ostida yashayotganini sezgani haqida gapiradi.

"Bu biz ko‘p yillar davomida ko‘rgan, hayotning har bir sohasida muvaffaqiyatga erishish uchun juda yuqori talablar qo‘yilgan "qiz xo‘jayin» idealidan uzoqlashish haqida," deb tushuntiradi Ungdomsbarometern tadqiqotchisi Yohanna Gyoransson.

Ishdan butunlay voz kechib, Larsson xonim kabi yigiti bilan yashayotgan qizlar haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q va Gyoransson xonimning ta’kidlashicha, ular ko‘p bo‘lmasligi mumkin.

Shunga qaramay, bu Shvetsiyada yirik gazetalardagi maqolalardan tortib, har yili o‘tkaziladigan yirik siyosiy tadbir – Almedalendagi muhokamalargacha va Shvetsiya davlat televideniesida asosiy suhbat mavzusiga aylandi.

Shvetsiyaning Feminist tashabbus partiyasining hammuassisi va sobiq rahbari Gudrun Shiman so‘nggi munozaralarda ishtirok etganini aytadi. Uning fikricha, ayollarning turmush o‘rtog‘i boyligi hisobiga yashashi "juda xavfli" va gender tengligi uchun "orqaga tashlangan qadam" hisoblanadi.

Shiman xonimning ta’kidlashicha, yosh shvedlar Shvetsiya Demokratlar partiyasi bilan hamkorlik qiluvchi mamlakatning o‘ng koalitsiya hukumati, shuningdek, Yevropa va Qo‘shma Shtatlardagi populizmning "kengroq rivojlanishi" ta’siriga tushmoqda.

Shuningdek, uning fikricha, Shvetsiyada gender tengligi ta’minlanishidan, masalan, bolalar parvarishi uchun katta subsidiyalar va umumiy ota-ona ta’tili belgilanishidan oldin hayot qanday bo‘lgani borasida xabardorlik yetishmaydi, "Bugungi kunda yosh ayollar o‘z huquqlari – ishlash huquqi, maosh olish huquqi va iqtisodiy mustaqillik huquqi uchun qanday kurashganlari tarixini his qilmaydilar."

Siyosiy spektrning boshqa tomonida Shvetsiya Demokratlar partiyasi muloyim qizlar trendini ijobiy baholamoqda.

"Menimcha, odamlar o‘z hayotlarini o‘zlari hal qilishlari kerak," deydi partiyaning yoshlar qanoti so‘zchisi Denize Vesterberg. "Agar sizda buni amalga oshirish uchun iqtisodiy imkoniyat bo‘lsa, bu siz uchun yaxshi."

"Biz hali ham karьera qurish uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan mamlakatda yashayapmiz. Barcha huquqlarga egamiz, ammo an’anaviyroq hayot tarzini tanlash huquqiga ham egamiz."

G‘oyaviy bahslardan tashqari, munozaralar yana yosh ayollarni ishdan ketishga yoki yengilroq turmush tarziga intilishga undovchi ijtimoiy va madaniy omillarga ham qaratilgan.

yohanna

Surat manbasi, Maddy Savage

Surat tagso‘zi, Yohanna Gyoransson ba’zi shved ayollari ishda muvaffaqiyatli bo‘lishga bo‘lgan bosimdan bezib ketganini ta’kidlaydi.

Shvetsiya ish va shaxsiy hayot muvozanati bo‘yicha obro‘ga ega – ko‘pchilik xodimlar yiliga olti haftalik ta’til oladi va atigi 1% dan kamrog‘i haftasiga 50 soatdan ortiq ishlaydi.

Shunga qaramay, Ungdomsbaromatern tadqiqoti yoshlar orasida stress darajasi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda va Goransson xonim muloyim qizlar trendi xodimlarni o‘zlarini zo‘riqtirmaslikka undovchi "asta ishdan ketish" kabi so‘nggi global trendlarning davomi bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, Z avlod (1997 va 2012 yillar orasida tug‘ilganlar) ijtimoiy tarmoqlarda karьerani maqsad qilishdan ko‘ra bekorchilikni ulug‘lovchi kontent yaratmoqda va undan ta’sirlanmoqda.

"Agar bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardagi kontentga qarasangiz, unda ish haqida kam gap ketadi, ko‘proq jismoniy mashqlar va salomatlik haqida, – deb tushuntiradi Goransson xonim. – Agar yoshlarning normal hayot haqidagi tasavvuri shunday bo‘lsa, ehtimol, ular kuniga sakkiz soat ofisda o‘tirishdan unchalik zavqlanmaydi."

Ammo eng ko‘p muhokama qilinayotgan masala – bu trend Shvetsiyaning innovatsion gender tengligi siyosatiga javob emasmikan degan gumonlardir.

Sloveniya bilan bir qatorda Shvetsiyada Yevropada ishlaydigan onalarning ulushi eng yuqori, ammo davlat statistikasiga ko‘ra, geteroseksual juftliklardagi ayollar hamon erkaklarga nisbatan ko‘proq uy ishlari va bola parvarishi bilan shug‘ullanadilar.

Ular davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ota-ona ta’tilining 70 foizini olishadi va stress tufayli kasallik ta’tiliga chiqish ehtimoli yuqori. Shu bilan birga, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi daromad farqi Yevropa Ittifoqining o‘rtacha 12,7 foizidan past bo‘lsa-da, 2019 yildan beri taxminan 10 foiz atrofida to‘xtab qolgan.

Kelajakda farzand ko‘rishni xohlaydigan Larsson xonimning aytishicha, uning uy bekasi bo‘lish qarori qisman katta yoshdagi ayollarning karьera va oila hayotini muvozanatlashtirish uchun qanday kurashishini kuzatish bilan bog‘liq.

"Menimcha, ko‘p ayollar o‘z ishlaridan toliqqanini his qilishadi, – deydi u. – Onamni, uning onasini, buvimni, singlimni – hammasini o‘ylayman. Ular doim juda asabiy bo‘lishadi."

Shvetsiyaning davlat tomonidan moliyalashtiriladigan Gender tengligi agentligining siyosatni tahlil qilish va monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i Peter Vikstrom ham muloyim qizlar trendini yosh ayollar duch kelayotgan "talablar"ga "oqilona munosabat" sifatida ko‘rish mumkin deb hisoblaydi.

Shvetsiyaning eng yirik pensiya jamg‘armalaridan biri SPP iqtisodchisi Shoka Arman mamlakat iqtisodiyotiga ta’sir qiladigan darajada yetarlicha shved qizlari ishdan ketishiga ishonmaydi.

Biroq, u shved ayollarini ishchi kuchini tark etish (shuningdek, yarim stavkaga o‘tish) ularning shaxsiy moliyasiga, jamg‘armalari va pensiyalariga, hamda agar ular ishga qaytsalar, ish haqi darajasiga ta’sir qilishi mumkinligi haqida xabardor qilish ustida ishlayapti.

Arman xonim hozirgi muloyim qizlar bahslari ham siyosatchilar, ham tadbirkorlar uchun Shvetsiyada davom etayotgan tizimli tengsizliklarni bartaraf etish bo‘yicha hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida ogohlantiruvchi signal bo‘lishiga umid qiladi.

"Menimcha, bu trendning asosiy sababi – ruhiy salomatlik muammolari, holdan toyish va shunga o‘xshash holatlar ko‘proq tashvishlantirarli, chunki bu bugun uyda muloyim qiz bo‘lib qolishni xohlaydigan sanoqli yosh qizlarga emas, balki ko‘pchilikka ta’sir qiladi," deydi u.