Eron AQShdan dengiz blokadasini ochishni talab qildi, aks holda yangi tahdid bilan chiqdi

Neft tankeri

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 2 daq

Eron AQShdan o‘z portlariga nisbatan qo‘yilgan to‘siqlarni olib tashlashni talab qildi. Aks holda bu otashkesimni buzishga ilk qadam bo‘lishi va Eron yanada kattaroq hududda kemalarning bemalol yurishiga to‘sqinlik qilishi bilan ogohlantirdi. Tramp urush tugasa, benzin narxlari keskin tushishini aytgan.

Eron Qurolli kuchlarining eng yuqori operativ qo‘mondonligi hisoblangan "Xotam al-Anbiyo" markaziy shtabi rahbari Ali Abdullohiyning ma’lum qilishicha, agar AQSh blokadasini davom ettirib, "Eronning tijorat kemalari va neft tankerlari uchun xavfsizlikni izdan chiqarsa", bu "o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzishga olib keluvchi qadam" bo‘ladi.

Abdullohiyning qo‘shimcha qilishicha, bu holatda Eron qurolli kuchlari Fors ko‘rfazi, Ummon dengizi va Qizil dengizda "hech qanday eksport va importga yo‘l qo‘ymaydi".

U qaysi davlatlarning savdosi bundan ta’sirlanishini aniq aytmagan, ammo tilga olingan suv hududlari juda keng ekani ta’kidlanmoqda.

Reuters
Agar AQSh blokadasini davom ettirib, Eronning tijorat kemalari va neft tankerlari uchun xavfsizlikni izdan chiqarsa, bu otashkesim kelishuvini buzishga olib keluvchi qadam bo‘ladi.
Ali Abdullohiy
"Xotam al-Anbiyo" markaziy shtabi rahbari (Batafsil: bbc.com/uzbek)

AQShning Eron portlariga nisbatan blokadasi dushanba kuni boshlangan. Chorshanba kuni AQSh harbiylari dastlabki 24 soat ichida "hech bir kema blokadadan o‘ta olmaganini" bildirgan, Ummon ko‘rfazida oltita tijorat kemasi orqaga qaytishga majbur bo‘lgan.

Tramp: urush tugasa, benzin narxlari keskin tushadi

Tramp

Surat manbasi, AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp Fox Business telekanalida Mariya Bartiramoga bergan intervyusida, agar Eron yadroviy qurolga ega bo‘lsa, "butun dunyo portlaydi", deya bayonot berdi.

Uning aytishicha, Eron bilan urush yakunlansa, benzin narxlari "keskin darajada tushadi", elektr energiyasi narxlari ham arzonlashadi.

Tramp 2015 yilda imzolangan Eron yadroviy kelishuvini "eng yomon kelishuv" deb atab, u mamlakatga yadroviy qurolga erishish uchun "qisqa yo‘l" taqdim qilganini aytdi.

U yana shuni qo‘shimcha qildi: agar AQSh o‘tgan yili Eron yadroviy ob’ektlarini bombardimon qilmaganida, Tehron Isroil, Yaqin Sharqdagi qo‘shni davlatlar va hatto AQShga qarshi yadroviy qurol ishlatgan bo‘lar edi.

Eron esa doim o‘z yadroviy dasturi faqat tinch maqsadlarga qaratilganini va hech qachon yadroviy qurol yaratishga intilmaganini ta’kidlab keladi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Xitoy Eronga qurol yetkazayotgani haqida xabarlardan so‘ng prezident Si Szinpinga maktub yo‘llagan. Si javob xatida Xitoy bunday ish qilayotganini rad etgan.

Eron yangi muzokaralar haqida "hech qanday ma’lumot yo‘q"ligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin ikki kun ichida Islomobodda "nimadir bo‘lishi mumkin" deb, yangi muzokaralar ehtimolini bildirgan edi.

Biroq bundan bir necha soat oldin diplomatik manba Eron davlat axborot agentligi IRNAga hozircha qo‘shimcha muzokaralar haqida "hech qanday ma’lumot yo‘q"ligini aytgan.

IRNA xabariga ko‘ra, Tehron va vositachi sifatida ishtirok etayotgan Pokiston o‘rtasida ma’lum xabarlar almashilgan, ammo hech qanday kelishuv tasdiqlanmagan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Manba Pokiston avvalgi Islomobod muzokaralari natijasiz yakunlanganiga qaramay, "vositachilik harakatlarini davom ettirishga sodiq" ekanini bildirgan.

Eron Trampning so‘nggi bayonotlariga hozircha rasman munosabat bildirmagan.

8 aprel kuni e’lon qilingan ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi 22 aprel, chorshanba kuni yakunlanishi kutilmoqda.