Tramp BBC dan 5 milliard dollar talab qilib sudga ariza yozdi

Surat manbasi, Reuters / AFP via Getty Images
- Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 8 daq
AQSh Prezidenti Donald Tramp "Panorama" hujjatli filmidagi nutqining tahriri tufayli BBC ga qarshi 5 milliard dollar miqdorida sudga da’vo arizasini kiritdi.
Florida shtatida taqdim etilgan sud hujjatlariga ko‘ra, Tramp teleradiokompaniyani tuhmat va savdo amaliyoti qonunini buzganlikda aybladi.
BBC 2021 yil 6 yanvardagi nutq namoyish qilingan ko‘rsatuv uchun o‘tgan oy Trampdan uzr so‘radi, ammo uning kompensatsiya talablarini va "tuhmat da’vosi uchun asos" borligini rad etdi.
Trampning yuridik jamoasi BBC ni "uning nutqini qasddan, yomon niyat bilan va aldamchi tarzda buzib ko‘rsatish" orqali unga tuhmat qilganlikda aybladi. BBC hali sud arizasiga javob bermadi.
Tramp o‘tgan oy 2024 yilgi AQSh saylovlari oldidan Buyuk Britaniyada namoyish etilgan ushbu hujjatli film uchun BBC ni sudga berishni rejalashtirayotganini aytgandi.
"Menimcha, men buni qilishim kerak", degandi Tramp jurnalistlarga o‘z rejalari haqida. "Ular aldashdi. Ular mening og‘zimdan chiqayotgan so‘zlarni o‘zgartirishdi."
2021 yil 6 yanvarda AQSh Kapitoliysida bo‘lib o‘tgan tartibsizlikdan oldin qilgan nutqida Tramp olomon oldida: "Biz Kapitoliyga boramiz va jasur senatorlarimiz, kongressmenlarimiz va ayollarimizni olqishlaymiz", degan.
Nutqdan 50 daqiqadan ko‘proq vaqt o‘tgach, u: "Va biz kurashamiz. Biz jahannamdagi kabi kurashamiz", degan.
Panorama dasturida uning: "Biz Kapitoliyga boramiz... va men siz bilan birga bo‘laman. Va biz kurashamiz. Biz jahannamdagi kabi kurashamiz", degan so‘zlari ko‘rsatilgan edi.
BBC ushbu tahrir "u zo‘ravonlik harakatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chaqiriq qilgani" haqida "noto‘g‘ri taassurot" berganini tan oldi, ammo tuhmat da’vosi uchun asos borligini rad etdi.
Noyabr oyida sizib chiqqan BBC ning ichki hujjatlarida nutq qanday tahrirlangani tanqid qilingan. Buning ortidan BBC bosh direktori Tim Deyvi va uning yangiliklar bo‘limi boshlig‘i Debora Turness iste’foga chiqdilar.
Tramp sudga murojaat qilishidan oldin, BBC advokatlari prezidentning da’volariga batafsil javob berishgan edi.
Ularning aytishicha, tahrirda hech qanday yomon niyat yo‘q va Tramp dastur efirga uzatilganidan ko‘p o‘tmay qayta saylangani uchun unga zarar yetkazilmagan.
Shuningdek, ular BBC ning o‘z "Panorama" dasturini AQSh kanallarida tarqatish huquqiga ega emasligini va bunday qilmaganini aytishdi. Hujjatli film BBC ning iPlayer platformasida mavjud bo‘lsa-da, u faqat Buyuk Britaniyadagi tomoshabinlar uchun mo‘ljallangan edi.
O‘zining sud da’vosida Tramp BBC ning boshqa distribyutorlar bilan kontentni namoyish etish bo‘yicha tuzgan shartnomalarini, xususan, Buyuk Britaniyadan tashqarida go‘yoki hujjatli filmni litsenziyalash huquqiga ega bo‘lgan uchinchi media korporatsiyasi bilan tuzgan shartnomasini keltiradi.
BBC bu da’volarga hali javob bermadi. Tarqatish shartnomasiga ega bo‘lgani aytilgan kompaniyadan ham hozircha javob yo‘q.
Da’voda shuningdek, Florida shtatidagi odamlar dasturga VPN yoki BritBox striming xizmatidan foydalangan holda kirgan bo‘lishi mumkinligi da’vo qilinadi.
"Panorama hujjatli filmining ommalashishi, debyutidan beri Floridada VPNdan foydalanishning sezilarli darajada oshishi Florida fuqarolari hujjatli filmni BBC olib tashlashidan oldin ko‘rganliklarining katta ehtimolini tasdiqlaydi", deyiladi sud da’vosida.
Liberal Demokratlar partiyasi rahbari Ser Ed Deyvi bosh vazirni Trampga BBC ni sudga berish qarori "qabul qilib bo‘lmaydigan" qaror ekanligini aytishga chaqirdi.
14 noyabrь
AQSh Prezidenti Donald Tramp Britaniyaning yetakchi teleradioeshittirish korporatsiyasidan "Panorama" ko‘rsatuvida ketgan va o‘zining nutqi tahrir qilingan hujjatli film uchun uzr so‘rash, efirda aytilgan gaplarni inkor qilish va tovon puli to‘lashni talab qilgan.
Uning advokatlari, aks holda, BBC ni sudga berib, undan $1 milliard dollar undirish bilan tahdid qilishgandi.
BBC uzr so‘rarkan, tovon puli to‘lashdan bosh tortish barobarida hujjatli filmni qayta namoyish etmasligini ham bayon qildi.
Korporatsiyaning ta’kidlashicha, montaj "Prezident Tramp to‘g‘ridan-to‘g‘ri zo‘ravonlikka chaqirgan degan yanglish taassurot qoldirgan" va 2024 yilgi dastur boshqa efirga uzatilmaydi.
BBC ning yuristlari yakshanba kuni olingan nomaga javoban prezident Trampning yuridik guruhiga maktub yo‘llashgan.
Ularga ko‘ra, "BBC Boshqaruv kengashi raisi Samir Shoh ham Oq uyga shaxsan xat yuborgan. Donald Trampga o‘zi va korporatsiya prezidentning 2021 yil 6 yanvardagi dasturda ko‘rsatilgan nutqi tahrir qilinganidan afsusda ekanligini bildirgan".
Ammo ular, "BBC video parcha qanday montaj qilinganidan chin dildan afsusda bo‘lsa-da, biz tuhmatga oid da’vo uchun asos borligi bilan qat’iyan kelishmaymiz", - deya qo‘shimcha ham qilishgan.
Britaniya teleradioeshittirish korporatsiyasi "Tramp: ikkinchi imkoniyat?" filmini o‘zining platformalarida qayta namoyish etmoqchi emas.
Britaniya Madaniyat vaziri BBC Breakfast da korporatsiya ushbu masalaga lozim darajada jiddiylik bilan yondashayotganiga ishonchi komilligini aytgan.
U o‘zining vazifasi "eng yuqori me’yorlarga rioya etilishini" ta’minlash ekanligini ham qo‘shimcha qilgan.
Mojaro Telegraph gazetasi BBC tahririy me’zonlari qo‘mitasining sobiq mustaqil maslahatchisi Maykl Preskottning eslatmasini chop etganidan so‘ng boshlanib ketgan.
Unda Preskott BBC rahbariyati e’tiborini korporatsiyaning eng muhim ko‘rsatuvlaridan biri – "Panorama"da Donald Trampning nutqi so‘zlarining ma’nosi o‘zgarib ketgan shaklda montaj qilinganiga qaratgan.
BBC ning so‘nggi mavqeiga AQSh prezidenti va yuridik guruhining munosabati hozircha ma’lum emas.

Surat manbasi, Reuters
BBC Bosh direktori Tim Deyvi va korporatsiyaning yangiliklar bo‘linmasi rahbari Debora Tyorness iste’foga chiqdilar.
Korporatsiya o‘zining "Panorama" ko‘rsatuvida namoyish etilgan Donald Tramp haqidagi hujjatli filmni noto‘g‘ri montaj qilishda, Trampning nutqini u odamlarni Kapitoliyga hujum qilishga da’vat etgandek taassurot qoldiradigan qilib o‘zgartirganlikda ayblandi.
Korporatsiya xodimlariga yo‘llagan elektron maktublarida ham Tim Deyvi va ham Debora Tyorness xatoga yo‘l qo‘yilganini aytdilar.
Tim Deyvi va Debora Tyorness kim?
Tim Deyvi 2020 yil sentyabrida BBC Bosh direktori lavozimiga tayinlangan. U korporatsiya xizmatlarini nazorat qilish, shuningdek, tahririy, amaliy va ijodiy rahbar sifatida mas’ul hisoblangan.
U BBC uchun yangi shaxs emas bo‘lmagan — Bosh direktor bo‘lishidan oldin yetti yil davomida BBC Studios kompaniyasining bosh direktori sifatida faoliyat yuritgan.
Korporatsiyaga qo‘shilishidan oldin Tim Deyvi Procter & Gamble va PepsiCo shirkatlarida ishlagan.
Debora Tyorness 2022 yildan beri BBC News bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi, u BBC ining yangiliklar va joriy voqealar dasturlari rahbari bo‘lgan.
Ushbu vazifada u dunyo bo‘ylab 40 dan ortiq tilda yarim milliardga yaqin auditoriyaga efirga uzatiladigan, taxminan 6000 nafar xodimdan iborat jamoa uchun mas’ul hisoblangan.
Debora Tyorness bundan oldin ITN kompaniyasi bosh direktori va 2013 yildan boshlab NBC News prezidenti bo‘lgan.
Ular nega iste’fo berdilar?
Ularning iste’folari "Tramp: ikkinchi imkoniyat?" nomli "Panorama" hujjatli filmi atrofidagi bahslardan so‘ng yuz berdi. Bu film AQShdagi prezidentlik saylovidan bir hafta oldin efirga uzatilgan edi.
Debor Tyorness o‘z bayonotida shunday dedi:
"Prezident Tramp haqidagi "Panorama" dasturi atrofidagi bahslar BBC ga — men sevgan tashkilotga — shikast yetkazadigan darajaga yetdi.
BBC News va joriy voqealar bo‘yicha bosh direktor sifatida barcha mas’uliyat menga yuklanadi — va kecha men Bosh direktorga iste’fo berish qarorimni ma’lum qildim."
U qo‘shimcha qildi:
"Xatolarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa-da, BBC News tizimli tarzda bir tomonlama yondashadi, degan so‘nggi ayblovlar mutlaqo noto‘g‘ri ekanini aniq aytishni istayman."
Tim Deyvi o‘z bayonotida "Panorama" hujjatli filmini tilga olmadi, ammo shunday yozdi:
"Bu yagona sabab bo‘lmasa-da, BBC News atrofidagi hozirgi bahslar mening qarorimga ta’sir qilgani tabiiy."
U yana qo‘shimcha qildi:
"Umuman olganda BBC yaxshi ishlayapti, ammo ayrim xatolarga yo‘l qo‘yildi va Bosh direktor sifatida men bosh mas’uliyatni o‘z zimmamga olishim kerak."

Surat manbasi, Getty Images
Tramp hujjatli filmiga nisbatan qanday iddaolar ilgari surildi?
O‘tgan hafta Londonda nashr etiladigan Telegraph gazetasi nashri eksklyuziv maqola e’lon qildi, gazeta BBC ning sizib chiqqan ichki hujjatini ko‘rganini ma’lum qildi.
Ushbu hujjat BBCning tahririy me’zonlar qo‘mitasida mustaqil tashqi maslahatchi bo‘lib ishlagan Maykl Preskott tomonidan yozilgan. U bu lavozimni iyun oyida tark etgan edi.
Hujjatda aytilishicha, "Panorama"ning bir soatlik hujjatli filmida Donald Trampning nutqidan ayrim qismlar tahrirlanib birlashtirilgan, natijada u 2021 yil yanvardagi Kapitoliydagi tartibsizliklarga ochiqcha da’vat qilganday ko‘ringan.
2021 yil 6 yanvar kuni Vashingtondagi nutqida Tramp shunday degan:
"Biz Kapitoliyga yuramiz va jasur senatorlar hamda kongress a’zolarini ruhlantiramiz."
Biroq "Panorama" tahririda u shunday deydi:
"Biz Kapitoliyga yuramiz... va men sizlar bilan birga bo‘laman. Va biz kurashamiz. Biz jahannamdek kurashamiz."
Tahrirda birlashtirilgan nutqning ikki qismi bir-biridan 50 daqiqadan ortiq vaqt farqida aytilgan.
"Jahannamdek kurashamiz" degan ibora Tramp AQSh saylovlarini "korruptsiyalashgan" deb ta’riflagan qismdan olingan. U umumiy hisobda o‘sha nutqida "kurash" yoki "kurashish" so‘zlarini 20 marta ishlatgan.
"fight like hell" ingliz tilida kuchli va ehtirosli kurashishni, qattiq qarshilik ko‘rsatishni anglatadi. Bu so‘zlar odatda, juda qattiq harakat qilish, hech narsadan qaytmaslik, o‘z pozitsiyani yoki huquqini qattiq himoya qilish kabi ma’nolarda ishlatiladi.
Kontekstga qarab, u jismoniy yoki ma’naviy kurashni anglatishi mumkin.
Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, ichki hujjatda shunday deyilgan:
"Panorama" tomonidan voqealarning tahrirlanishi tomoshabinlarda savol tug‘diradi: "Nega BBCga ishonish kerak va buning oxiri qayerga olib boradi?'"
Masala rahbarlarga yetkazilganida, hujjatda aytilishicha, ular "standartlar buzilganini tan olishdan bosh tortganlar."
So‘nggi haftalarda BBC boshqa qator masalalar yuzasidan ham tanqid ostida qoldi.
Telegraph ro‘znomasi yozishicha, Preskott BBCning Arab xizmati - BBC Arabic tomonidan G‘azo urushi yoritilishidagi Isroilga nisbatan tizimli salbiy yondashuv bo‘yicha chora ko‘rilmaganidan xavotir bildirgan.
Hisobotda Preskott BBCning transgender mavzularni yoritishi bo‘yicha ham xavotir bildirgani aytilgan.
Shuningdek, 6 noyabr kuni BBC tele-boshlovchi Martin Kroksol tomonidan Yangiliklar kanalida jonli efirda matnni o‘zgartirgani va "homilador odamlar" deb o‘qigani ustidan tushgaan 20 ta noxolislik shikoyatini asosli deb topdi.
Nega Tim Deyvi hozir iste’fo berdi?
Tim Deyvi Bi-bi-si rahbari sifatidagi besh yillik faoliyati davomida mashhur sport sharhlovchisi Gari Lineker mojarosi, Glastonberidagi Bob Vaylan, "G‘azo: Urush hududida qanday omon qolish mumkin?" hujjatli filmi va qator mashhur boshlovchilarning qoidabuzarliklari kabi ko‘plab mojarolar va inqirozlarni boshidan kechirdi.
Britaniya ommaviy axborot vositalaridaa ba’zilar uni "Teflon Tim" deb ham atadilar — chunki u tanqidlardan omon qolishni uddadi.
U so‘nggi mojaroni ham yengib o‘tishga harakat qildi, ammo vaziyat kuchayib bordi va BBC "Panorama" hujjatli filmi bo‘yicha 10 noyabr kuni BBC rahbariyati rasmiy uzr so‘radi. BBC Boshqaruv kengashi raisi Samir Shoh "muhokama xatosi" yuz berganini tan oldi.
Ushbu voqea BBC uchun nozik davrda yuz bermoqda, chunki hukumat korporatsiyaning Qirollik Xartiyasini qayta ko‘rib chiqish arafasida — bu hujjat BBC ga rasman mavjud bo‘lish huquqini beradi. Mazkur xartiyaning amaldagi muddati 2027 yilda tugaydi.
O‘z bayonotida Tim Deyvi shunday dedi:
"Nega aynan hozir? Nega aynan shu payt?"
U o‘zini "BBCning yuragigacha sodiq" deb atadi va korporatsiyaga chuqur qayg‘urishini, uning muvaffaqiyatga erishishini istashini ta’kidladi.
"Shu sababli men yangi Bosh direktor kelib, Qirollik Xartiyasining navbatdagi bosqichini ijobiy shakllantirishi uchun eng yaxshi sharoit va imkoniyat yaratishni istayman. Umid qilamanki, biz olg‘a siljir ekanmiz, BBC ning kelgusi bosqichi haqida keng jamoatchilik xotirjam va mantiqiy muhokama qiladi."
U yana qo‘shimcha qildi:
"Ushbu vaqt yangi Bosh direktorga xartiyani shakllantirishda yordam berish imkonini beradi. Men ishonaman, biz o‘sishni ta’minlash uchun kuchli pozitsiyadamiz."
Tim Deyvi o‘rniga yangi rahbarni BBC qanday tanlaydi?

Surat manbasi, .
Bosh direktor BBCning Boshqaruv kengashi tomonidan tayinlanadi. U korporatsiyaning vazifalari va jamoat manfaatlariga xizmat qilishini ta’minlash uchun mas’ul hisoblanadi.
Hozir Boshqaruv kengashining raisi Samir Shoh. U to‘qqiz nafar norasmiy (ijro etuvchi bo‘lmagan) a’zo va 4 nafar rasmiy (ijro etuvchi) a’zodan biri bo‘lib, ular orasida bosh direktor ham bor.
Tim Deyvi 2020 yilda tayinlanganida, lavozimga kim tanlanishini belgilash jarayoni Boshqaruv kengashining nominatsiya qo‘mitasi tomonidan olib borilgan.
Bosh direktor tayinlovi BBCning Xartiyasi shartlari asosida amalga oshiriladi.
Tim Deyvi o‘rnini egallaydigan shaxs BBCning 103 yillik tarixidagi 18-bosh direktor bo‘ladi.
Bu lavozimga nomzod sifatida tilga olinganlar orasida yaqinda lavozimini tark etgan Sharlott Mur bor. U BBCning kontent bo‘yicha Bosh direktori, yangiliklardan tashqari barcha dasturlar uchun mas’ul bo‘lgan, The Traitors, The Wheel va Happy Valley kabi mashhur loyihalarni nazorat qilgan.
Shuningdek, Britaniya televideniesidagi eng tajribali rahbarlardan biri Jey Xant va 2013–2018 yillari BBCning yangiliklar bo‘limiga rahbarlik qilgan Jeyms Xarding ham nomzodlar sifatida ko‘rilmoqda.












