YeI Rossiyaning muzlatilgan mulklarini Ukrainaga berish bo‘yicha bir qarorga kelolmadi

Zelenskiy qo‘lini ko‘tarib turibdi

Surat manbasi, EPA

    • Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Yevropa Ittifoqi rahbarlari Belgiyaning qarshiligi sababli muzlatilgan Rossiya mulklarini Ukrainaga berish bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi, qaror ikki oyga kechiktirildi.

Bryusselda o‘tgan sammitda YeI rahbarlari Ukraina ehtiyojlarini yana ikki yil — 2027 yilgacha moliyalashtirishga tayyor ekanini tasdiqladilar. Ammo muzlatilgan Rossiya mulklarini Kievga berish masalasi Belgiya pozitsiyasi sababli yana ikki oyga qoldirildi.

Reuters agentligining xabar berishicha, 23 oktyabr, payshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammit yakunlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi rahbarlari Ukraina ehtiyojlarini keyingi ikki yil davomida qoplab borishga kelishib olgan.

Reuters qo‘liga tushgan sammitning yakuniy xulosasida YeI "Ukrainaning 2026–2027 yillardagi dolzarb moliyaviy ehtiyojlarini, shu jumladan harbiy va mudofaa vazifalariga oid ehtiyojlarni ham qoplashni va’da beradi", deyilgan.

Biroq sammitning asosiy mavzularidan biri — Yevropada muzlatilgan Rossiya Markaziy banki aktivlarini Kievga o‘tkazish masalasi — Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ikki oyga kechiktirildi. Keyingi sammit 19 dekabrga belgilangan.

Reutersning yozishicha, ko‘plab yevropalik diplomatlar sammitda YeI rahbarlari Yevrokomissiyaga Ukrainaga "reparatsiya qarzi" berish imkonini yaratish uchun rasmiy huquqiy taklif ishlab chiqishni topshirishlariga umid qilgan. Bu muzlatilgan Rossiya aktivlari bilan bog‘liq mablag‘larni Yevropa va xalqaro huquq normalari asosida foydalanishni ko‘zda tutardi. Gap Belgiyadagi Euroclear depozit hisobida saqlanayotgan 140 milliard yevro miqdoridagi Rossiya mulklari haqida ketmoqda.

Biroq Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, yakuniy bayonotda faqat shunday deyilgan: "Yevropa qonunlariga muvofiq, Rossiya aktivlari Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushni to‘xtatmaguncha va keltirilgan zararni qoplamaguncha muzlatilgan holda qolishi kerak."

YeI bir necha oydan beri ish olib borgan bu qarorning kechiktirilishiga asosiy sabab — Belgiyaning pozitsiyasi bo‘ldi. U boshqa Yevropa davlatlaridan Rossiya aktivlarini ishlatish bilan bog‘liq barcha xavflarni faqat o‘ziga yuklatmaslikka oid kafolat talab qilmoqda.

Bu bahsli qadam Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar qatoriga qo‘shimcha bo‘lishi kerak edi — ularning so‘nggisi Kremlning neftь daromadlarini nishonga olgan.

Bryusseldagi uchrashuv juma kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan sammit arafasida o‘tkazildi. Unda Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Yevropa rahbarlarini Kievga uzoq masofali raketa zaxiralarini ko‘paytirishga chaqirishi kutilmoqda.

22 oktyabr: Ukraina Rossiyadagi kimyo zavodiga Storm Shadow raketalari bilan zarba berdi

Storm Shadow raketasi surati

Surat manbasi, NurPhoto via Getty Images

Ukraina harbiylari seshanba kuni Rossiyaning kimyo zavodiga Storm Shadow raketalari bilan zarba berganini ma’lum qildi. Bu raketalar uzoq masofaga mo‘ljallangan bo‘lib, Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan.

Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi bu hujumni "muvaffaqiyatli zarba" deb atadi va Rossiyaning havo mudofaasini yorib o‘tganini bildirdi. Hujum natijalari hali baholanmoqda, ammo bu "keng ko‘lamli" zarba bo‘lgan.

Hujumdan bir necha soat o‘tib, Rossiya Ukrainaning bir necha hududlariga dronlar va raketalar bilan kuchli hujum uyushtirdi. Prezident Volodimir Zelenskiyga ko‘ra, bu hujumlar natijasida 6 kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida ikki nafar bola bor.

Kiev shahri, shuningdek Kiev va Dnipropetrovsk viloyatlarida favqulodda elektr uzilishlari kuzatildi. Rossiya issiqlik elektr stantsiyalarini nishonga olgani haqida xabarlar bor.

Ayni paytda Rossiya rasmiylari Bryanskdagi kimyo zavodiga qilingan hujum haqida izoh bermagan. Biroq, oldinroq G‘arb davlatlarini Ukrainaga uzoq masofali raketalarni bermaslik haqida ogohlantirgan.

Ukraina harbiylari Bryansk kimyo zavodi Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksida muhim rol o‘ynashini ta’kidlab, uni nishonga olish zarur ekanini bildirdi. "Bu zavod Ukraina hududiga zarba berishda ishlatiladigan o‘q-dorilar, portlovchi moddalar va raketa yoqilg‘isi komponentlarini ishlab chiqaradi", — deyiladi X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotda.

Tasvirli grafikada Storm Shadow raketasining ishlash prinsipi tushintirilgan

Bu hujum Buyuk Britaniya Bosh vaziri Ser Keir Starmer va boshqa Yevropa yetakchilari Rossiya iqtisodiyoti va mudofaa sanoatiga bosimni kuchaytirishga va’da bergan kuni sodir bo‘ldi. Ular Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tinchlikka tayyor bo‘lguncha bosim davom etishini aytishdi.

Ukraina, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Polsha, Daniya, Finlyandiya, Yevropa Ittifoqi va Norvegiya yetakchilari imzo chekkan qo‘shma bayonotda "Ukraina har qanday sulh oldidan, sulh davomida va sulhdan keyin eng kuchli pozitsiyada bo‘lishi kerak", deyiladi.

Shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko poytaxtda ikki kishi halok bo‘lganini tasdiqladi.

Reuters axborot agentligiga ko‘ra, guvohlar havo mudofaasi tizimlari ishga tushganini bildiruvchi portlashlarni eshitgan.

Video tagso‘zi, "Men behuda uchrashuv istamayman", — dedi Tramp Putin bilan muzokaralar haqida.

So‘nggi hujumlar o‘tgan hafta Oq Uyda Donald Trump va Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin sodir bo‘ldi. Uchrashuvda AQSh prezidenti Kievga Tomahawk raketalarini yetkazib berishga tayyor emasligini bildirgan.

Trump dastlab Putin bilan Budapeshtda urush bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga rozi bo‘lgan edi. Ammo seshanba kuni bu rejani bekor qildi va "behuda uchrashuv bo‘lishini istamayman", dedi.

Oq Uyda bergan bayonotida AQSh prezidenti asosiy muammo sifatida Moskvaning hozirgi front chizig‘i bo‘ylab janglarni to‘xtatishni rad etishini ko‘rsatdi.

O‘tgan oy Trump urushni tugatish borasida pozitsiyasini o‘zgartirib, "Ukraina o‘zining hududiy chegaralarini to‘liq qaytarib olishi mumkin", degan edi.

Rossiya 2022 yil fevral oyida Ukrainaga to‘liq miqyosdagi bosqinni boshlagan edi. Hozirda Ukraina hududining taxminan 20 foizi, jumladan 2014 yilda anneksiya qilingan Qrim yarimoroli Rossiya nazorati ostida.