Pitstsa, burger, kola, kolbasa – eng dahshatli kasalliklar sababchisimi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Filippa Roksbi
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 4 daq
Xalqaro ekspertlar tayyorlagan global sharh tadqiqotga ko‘ra, o‘ta qayta ishlangan oziq-ovqatlar inson sog‘lig‘iga tahdid solayotgani sababli, ularni iste’mol qilishni kamaytirish choralarini hoziroq ko‘rish zarur.
Sharh mualliflari ta’kidlashicha, oziq-ovqat ratsionimiz o‘zgarmoqda – yangi, to‘liq oziq-ovqatlardan arzon, yuqori darajada qayta ishlangan taomlarni iste’mol qilishga o‘tilmoqda, bu esa semizlik va depressiya kabi bir qator surunkali kasalliklar xavfini oshirmoqda.
The Lancet jurnalida nashr etilgan maqolada tadqiqotchilar hukumatlarga "faolroq bo‘lish" va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlariga ogohlantiruvchi yozuvlar hamda yuqori soliqlar joriy etishni taklif qilmoqda. Ularga ko‘ra, bu choralar odamlarni to‘yimliroq oziq-ovqatlarga o‘tishga moliyaviy yordam berishi mumkin.
Biroq, ayrim olimlar bu sharh tadqiqot o‘ta qayta ishlangan ovqatlar bevosita sog‘liqqa zarar yetkazishini isbotlay olmasligi, buning uchun qo‘shimcha tadqiqot hamda sinovlar o‘tkazish zarurligini ta’kidlamoqda.
Menimcha, ayrim o‘ta qayta ishlangan mahsulotlar ba’zi surunkali kasalliklar xavfini oshirishi mumkin. Ammo bu barcha shunday taomlar kasallik xavfini oshiradi, degani emas.
O‘ta qayta ishlangan oziq-ovqatlar tarkibida emulgatorlar, konservantlar, bo‘yoqlar va shirinlashtirgichlar kabi odatiy oshxonada bo‘lmaydigan beshdan ortiq ingredient bor.
Kolbasalar, chipslar, pishiriqlar, pechenьe, tez tayyorlanadigan lapshalar, gazlangan ichimliklar, muzqaymoq va supermarket nonlari qayta ishlangan oziq-ovqatlar sanaladi.
So‘rovlar ko‘rsatishicha, sanoat miqyosida ishlab chiqariladigan bu oziq-ovqatlar butun dunyo bo‘ylab odamlar ratsionida tobora ko‘proq o‘rin egallamoqda. Ortiqcha shakar va nosog‘lom yog‘lar iste’mol qilayotgan ovqatimiz sifatini yomonlashtirmoqda, tola va oqsil tanqisligiga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur sharh tadqiqotda 43 nafar ekspert ayni shu mavzu yuzasidan o‘tkazilgan 104 ta uzoq muddatli tadqiqotlarni o‘rganib chiqdi. Ana shu o‘rganishlar xulosasi o‘laroq o‘ta qayta ishlangan oziq-ovqatlar sog‘lig‘imiz uchun 12 ta yuqori xavf bilan bog‘liqligi aniqlandi.
Bular orasida 2-tur qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari, buyrak kasalliklari, depressiya va har qanday sababdan erta o‘lim bor.
Oziq-ovqat mahsulotlarini tasniflash uchun Nova tizimini yaratgan Braziliyaning San-Paulu universiteti professori Karlos Monteyroning ta’kidlashicha, mazkur turdagi oziq-ovqatlarni iste’mol qilish o‘sishi "butun dunyo bo‘ylab ovqatlanish tarzini o‘zgartirmoqda, yangi va minimal qayta ishlangan oziq-ovqatlar hamda taomlarni siqib chiqarmoqda".
"Qudratli global korporatsiyalar odamlarning taomnomasidagi bu o‘zgarishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular o‘ta qayta ishlangan mahsulotlarni targ‘ib qilmoqda, keng ko‘lamli marketing va siyosiy lobbilar orqali sog‘lom ovqatlanishni rag‘batlantiruvchi siyosatlarni to‘xtatib, katta foyda olmoqda," deya qo‘shimcha qiladi u.
Sidney universitetidan tadqiqot hammuallifi doktor Filipp Beykerning ta’kidlashicha, "tamaki sanoatiga qarshi kurashish uchun qilingan muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlarga o‘xshash global harakatlar bo‘lishi lozim".
Sharhda o‘ta qayta ishlangan mahsulotlar sog‘liqqa qanday zarar yetkazishini aniq ko‘rsatadigan klinik sinovlar yo‘qligi tan olinadi. Biroq, bu tadqiqot butun dunyo bo‘ylab odamlar sog‘lig‘iga potentsial zarar oldini olish uchun harakatlarni kechiktirmaslik kerakligini anglatadi.
Ba’zi olimlar ta’kidlashicha, odamlarning ratsionidagi o‘ta qayta ishlangan mahsulotlar ta’sirini ularning turmush tarzi, xulq-atvori va moddiy ahvoli kabi boshqa hayotiy omillardan ajratish qiyin.
Nova tasniflash tizimi tanqidchilari bu tizim oziq-ovqatning to‘yimliligiga emas, balki qayta ishlanganlik darajasiga ortiqcha e’tibor qaratishini ta’kidlashmoqda. Masalan, donli non, nonushta uchun yormalar, kam yog‘li yogurtlar, bolalar uchun sun’iy sut – bularning barchasi o‘ta qayta ishlangan taom hisoblanadi, ammo ko‘plab foydali xususiyatlarga ham ega.
Ochiq universitetning amaliy statistika bo‘yicha faxriy professori Kevin Makkonvey shunday deydi: "Bunday tadqiqot [o‘ta qayta ishlangan mahsulot va sog‘liq muammosi o‘rtasidagi] bog‘liqlikni aniqlashi mumkin, ammo sabab va oqibat haqida aniq xulosa bermaydi".
Uning aytishicha, bunday bog‘liqlik borligiga "hali ham shubha qilish va keyingi tadqiqotlar orqali aniqlik kiritish uchun imkoniyat mavjud".
"Menimcha, ayrim o‘ta qayta ishlangan mahsulotlar ba’zi surunkali kasalliklar xavfini oshirishi mumkin. Ammo bu barcha shunday taomlar kasallik xavfini oshiradi, degani emas, albatta".
O‘ta qayta ishlangan oziq-ovqatlarning qaysi jihatlari kasalliklarni keltirib chiqarishi yoki ularga hissa qo‘shishi mumkinligi hali ham aniq emas.
Aberdin universiteti professori Jyul Griffin oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashning ba’zi ijobiy tomonlari borligini, uning sog‘lig‘imizga ta’sirini tushunish uchun ko‘proq tadqiqotlar "juda zarur" ekanligini ta’kidladi.
O‘ta qayta ishlangan oziq-ovqat sanoatining Oziq-ovqat va ichimliklar federatsiyasi ta’kidlashicha, bu taomlar muzlatilgan no‘xat va jaydari un noni kabi muvozanatli ratsionning bir qismi bo‘lishi mumkin.
"Kompaniyalar ko‘p yillar davomida barchamiz sotib oladigan oziq-ovqat va ichimliklarni hukumat ko‘rsatmalariga muvofiq sog‘lomroq qilish uchun bir qator o‘zgarishlar qilgan," deydi Oziq-ovqat va ichimliklar federatsiyasi bosh ilmiy xodimi Keyt Hallivell.
Uning qo‘shimcha qilishicha, do‘konlar va supermarketlarda sotiladigan mahsulotlar tarkibidagi shakar va tuz miqdori 2015 yildan beri uchdan bir qismga kamaygan.
Buyuk Britaniyaning Oziqlanish bo‘yicha ilmiy-maslahat qo‘mitasi joriy yil boshida o‘ta qayta ishlangan oziq-ovqatlarni ko‘p iste’mol qilish va sog‘liq muammolari o‘rtasidagi bog‘liqlikdan "tashvish" bildirdi.
Biroq, qo‘mitaga ko‘ra, bu oziq-ovqatlar qayta ishlash natijasida zararli bo‘lib qolganmi yoki ularning ko‘pchiligi yuqori kaloriyaliligi, to‘yingan yog‘lar, tuz va shakarga boyligi bunga sababmi – "aniq emas".
Buyuk Britaniya hukumatining hozirgi ovqatlanish bo‘yicha tavsiyasiga ko‘ra, ko‘proq meva, sabzavot va tola iste’mol qilish hamda shakar, yog‘ va tuzni kamaytirish zarur.












