Ukraina urushiga 'bir kun'da chek qo‘yolmadi, G‘azoda nima bo‘ldi, O‘zbekiston va Qozog‘istonga e’tiborini kuchaytirdi – Tramp bir yilda nimalar qildi?

O'qilish vaqti: 4 daq

Bugun, 20 yanvar kuni Donald Tramp AQSh prezidentligiga qaytganiga roppa-rosa bir yil bo‘ldi. Tramp shu vaqt ichida nimalarga ulgurdi - prezidentligining ilk yili raqamlarda...

Qaror va farmonlari

Prezidentning Kongress ishtirokisiz birdaniga kuchga kirgan qarorlari:

Donald Tramp 2025 yilning o‘zida 225 ta farmonni imzolagan.

Baydenniki esa, xuddi shu vaqt oralig‘ida bor-yo‘g‘i 77 tani tashkil etgan.

Ikkinchi prezidentlik vakolatining birinchi kunining o‘zidayoq Tramp 26 ta farmonni imzolashga ulgurgan.

Bu prezident bir kunda imzolagan eng ko‘p hujjatdir.

Tramp yana o‘tgan bir yil ichida avflar ham qo‘lladi.

2021 yilning 6 yanvar kuni Vashington g‘alayonlarga sahna bo‘ldi.

Tramp Oq uyga qaytishi bilanoq ularda ayblangan deyarli barcha – 1500 dan odamni avf etdi.

Politsiyaga hujum qilganlik va Kongress faoliyatiga xalaqit berganlik ayblari bilan qamoq jazosini o‘tayotganlar ham prezident avfiga tushdi.

O‘tgan bir yil davomida Tramp yana muayyan shaxslarni avf etish bo‘yicha 75 ta farmonni imzoladi.

2020 yilgi prezident saylovi natijalarini savol ostiga olishga uringan odamlarni ham ommaviy avf etdi.

Agar, qiyosan oladigan bo‘lsak, Demokratchi prezident Jo Bayden o‘z vakolatining birinchi yilida biror bir kishiga amnistiya qo‘llamagan.

To‘rt yillik prezidentlik muhlati davomida esa, Bayden bor-yo‘g‘i 80 ta avf to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

Shundoq prezidentlikdan ketishi chog‘ida o‘g‘li Hanter va oldindan yana bir qancha oila a’zolarini avf etgan.

O‘shanda o‘zining bu kabi qarori bilan mintaqada ham "gap" bo‘lgan.

Trampning xorijiy safarlari

Donald Tramp o‘tgan bir yil ichida dunyoning 13 davlatiga safar qilgan.

Vatikanga borib, Rim Papasi Frantsiskning dafn marosimida ishtirok etgan.

Buyuk Britaniyaga kelib, yangi savdo shartnomasini kelishib ketgan.

Yana Isroilga borib, parlamentiga ham murojaat qilgan.

Misrga safari davomida esa, Tramp G‘azoda otashkesim bo‘yicha kelishuvni e’lon qilgan.

Tramp yana mamlakat ichkarisida ham ko‘p safar qilgan.

17 shtatda bo‘lgan, eng ko‘p – 34 marta Virjiniyaga borgan.

U yerda Trampning ko‘chmas mulki, yana golf klubi ham bor.

Keyin eng ko‘p Florida shtatiga borgan, u yerga 19 martacha safar qilgan.

Trampning Mar-a-Lagoda ham uyi bor.

Ukraina urushiga chek qo‘yish masalasini esa, Tramp Putin bilan Alyaskada muhokama qilgan.

Ammo o‘zining tinchlik rejasi bilan chiqib, ikkinchi prezidentligiga yil to‘lsa-da, bu urushga barham berishning uddasidan halicha chiqmagan.

O‘zbekiston prezidenti o‘tgan yil Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini aynan Tramp to‘xtata olishiga umid bildirdi.

Tramp halicha biror bir Markaziy Osiyo davlatiga kelmagan.

Matbuot bilan munosabati

Tramp deyarli har kuni mediaga gapiradi, intervyularini kanda qilmaydi.

Ikkinchi prezidentlik vakolatining ilk 100 kunida Tramp 26 ta intervyu bergan.

Bu Jo Bayden prezidentligining birinchi yilida bergan suhbatlaridan 4 taga ko‘pdir.

Donald Tramp yana ijtimoiy tarmoqlar – Truth Social da ham faol.

Tramp Truth Social da o‘zining shaxsiy akauntiga ega va undan juda faol foydalanadi.

U bu yerda rasmiy bayonotlardan tortib, turli memlargacha chop etib keladi.

Birgina dekabrning o‘zida Trampning Truth Social dagi postlarining soni 615 taga yetgan.

Uning besh soatning o‘zida 161 ta post qo‘ygani ham ko‘rilgan.

Tramp va Milliy Gvardiya

Tramp tartib-qonunni ta’minlash izohi bilan o‘tgan bir yil ichida Amerika Qo‘shma Shtatlarining jami oltita shahriga Milliy Gvardiyani safarbar qilgan.

Ammo uning bu qarori mahalliy aholi tomonidan bir xilda qarshi olinmagan.

Milliy Gvardiya qo‘shinlari Los-Anjeles, Vashington, Memfis va Yangi Orlean ko‘chalarini egallagan.

Chikago va Portlandda esa, sud bu ishni taqiqlagan.

Tramp tarafdorlari va tanqidchilari yaxshi boxabar bo‘lgan yana bir fakt esa:

U prezident vakolati muhlatiga muvofiq, Amerika Qo‘shma Shtatlarini yana 3 yil boshqaradi.

Tramp va O‘zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan bir yil ichida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi tegrasida Tramp bilan uchrashdi, yuzma-yuz muloqot qildi.

Yana "Markaziy Osiyo+" formatining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun Vashingtonga bordi, sammit shaxsan Trampning raisligi ostida o‘tkazildi.

O‘zbekiston tomoni Tramp boshqaruvi ostidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan umumiy qiymati 100 milliard AQSh dollaridan ortuvchi savdo-iqtisodiy kelishuvlarga bordi.

Toshkent rasmiy Vashington bilan aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqqanini aytdi.

Saida Mirziyoyeva hamraisligida AQSh-O‘zbekiston Investitsiya Kengashi ta’sis etildi.

Komil Allamjonov prezident administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimiga tayinlandi.

O‘zbekiston AQSh fuqarolariga viza erkinliklari berdi.

Tramp O‘zbekiston prezidentini ham yirik yigirmalik davlatlarining shu yil Mayamida bo‘lishi kutilayotgan sammitiga taklif qilish niyatida ekanini bildirdi.

U Mirziyoyevga ham G‘azo bo‘yicha "Tinchlik kengashi"ga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishni taklif qildi.

O‘zbekiston o‘zining tashqi mehnat bozorlarini yanada turfalashtirish, ularning qatoriga endi Amerika Qo‘shma Shtatlarini ham qo‘shish rejasida ekani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston prezidenti shu kunlarda Nyu-York va Vashingtonda o‘zbekistonliklar uchun "mahalla guzari" tashkil etishni topshirdi.

U yerda O‘zbekiston bayrog‘i o‘rnatilib, milliy choyxonalar ochish rejalashtirilgani aytildi.

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi prezident Mirziyoyevga vatandoshlarning Xalqaro O‘zbeklar kunini ta’sir etish va butun dunyo bo‘ylab bayram qilish taklifini ham yetkazdi.

Shavkat Mirziyoyev "to‘g‘ri taklif" ekanini ta’kidlab, "buni ham qilishlari kerak"ligini aytdi.

Mirziyoyev Donald Trampni bir necha bor O‘zbekistonga ham taklif qilgan.

O‘zbekiston aynan Mirziyoyev va Trampning ilk boshqaruvi davrida AQSh bilan strategik sheriklikning yangi davrini boshlagan.

O‘tgan bir yil ichida esa, Vashington bilan ana shu strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalasini muhokama etgani ham xabar berilgan.

Bunaqasi esa ikki davlat aloqalarida kuzatilmagan.

Boshqa tomondan, Tramp ma’muriyatining bojlar siyosati, immigratsion vizalar berishni to‘xtatish qarori O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi.

Tramp orada yana o‘zbekistonliklar eng ko‘p o‘ynovchi Grin-karta lotereya dasturini ham to‘xtatib qo‘ydi.

O‘zbekiston esa, shu kunlarda viza olishni yengillashtirish, AQShda yana uchta konsullik ochish va yangi aviareyslarni yo‘lga qo‘yish rejasida ekanini aytdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning o‘zbekistonliklar eng ko‘p sanoqli davlatlari sirasiga kiradi.

Har yili yuz minglab o‘zbekistonlik borish ilinjida bo‘lgan mamlakat.

Shtatlarda o‘n minglab o‘zbekistonlik, yuz minglab o‘zbek yashashi aytilsa, ulardan aksariyatini ham aynan Grin-karta yordamida Amerikada yashash huquqini qo‘lga kiritganlari tashkil etishadi.