Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondan islohotlar talab qiladimi, taftish.uz jurnalistlari nega IIBga olib ketildi?

Mirziyoyev, Yevropa rahbarlari va gul

Surat manbasi, president.uz

    • Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Numan Rights Watch Yevropa Ittifoqini O‘zbekistondan inson huquqlari borasida islohotlar talab qilishga chaqirdi. Prezident Mirziyoyevning Yevropaga tashrifi arafasida Toshkentdagi mustaqil jurnalistlar ichki ishlar xodimlarining bosimlariga duch kelganini aytib chiqishdi. IIV rad qilmoqda.

"Islohot talab qiling"

Bryussel O‘zbekiston bilan hamkorlikni chuqurlashtirish bilan birga islohotlar talab qilishi lozim, demoqda Human Rights Watch (HRW).

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 24 oktyabr kuni Bryusselga yuqori darajadagi tashrif bilan keldi. U yerda Yevropa Ittifoqi bilan yangi hamkorlik kelishuvini imzolandi. Tashrif va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tarixiy deyilmoqda va ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichini belgilab berilishi ta’kidlanmoqda.

HRWning aytishicha, "O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida"gi bitimda demokratiya tamoyillari, inson huquqlari va asosiy erkinliklarga hurmat "asosiy element" sifatida belgilangan bo‘lsa-da, so‘nggi olti yil davomida, ya’ni muzokaralar boshlanganidan buyon mamlakatdagi inson huquqlari holati ko‘plab sohalarda yomonlashgan.

president.uz
Hukumat faollar, blogerlar va boshqa mustaqil shaxslarga nisbatan "internetda prezidentni haqorat qilish" kabi asossiz jinoyat ayblovlarini qo‘llab kelmoqda.
Human Rights Watch tashkiloti
Batafsil: bbc.com/uzbek

Tashkilotning aytishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati mustaqil fuqarolik faoliyati va so‘z erkinligiga nisbatan cheklovlarni kuchaytirdi. Hukumat faollar, blogerlar va boshqa mustaqil shaxslarga nisbatan "internetda prezidentni haqorat qilish" kabi asossiz jinoyat ayblovlarini qo‘llab kelmoqda.

"Kamida ikki bloger o‘z erkinligi, xavfsizligi va sog‘lig‘i huquqlarini buzgan holda majburiy ravishda ruhiy shifoxonaga joylashtirilgan. Nodavlat tashkilotlar uchun ortiqcha va og‘ir ro‘yxatdan o‘tish talablari saqlanib qolgan, mustaqil guruhlar esa hali ham rasman ro‘yxatdan o‘ta olmayapti", deyiladi tashkilot bayonotida.

HRWning ta’kidlashicha, O‘zbekiston paxta sohasida davlat tomonidan majburiy mehnatni tugatgan bo‘lsa-da, fermerlar va qishloq xo‘jaligi ishchilari uchun erkin uyushmalar tuzish huquqiga cheklovlar hamon mavjud.

Inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, huquqiy kafolatlar va qonun ustuvorligi barqaror savdo va xavfsizlik hamkorligini ta’minlash uchun muhim.

"YeI parlamenti va kelishuvni ratifikatsiya qilishi kerak bo‘lgan a’zo davlatlar fuqarolik faoliyatiga bosimlar, so‘z va yig‘ilish erkinligiga cheklovlar yoki majburiy mehnat xavfi ikki tomonlama munosabatlarni xavf ostiga qo‘yishini ochiq aytishi kerak", deyiladi bayonotda.

Jurnalistlar nega IIBga olib ketildi?

Shohrux G‘iyosov chop qilgan xabarga ilova qilingan rasmda jurnalist Marjona Eshquvvatova organ xodimi bilan aks etgan

Surat manbasi, IIV

Surat tagso‘zi, Shohrux G‘iyosov chop qilgan xabarga ilova qilingan rasmda jurnalist Marjona Eshquvvatova organ xodimi bilan aks etgan

Prezident Shavkat Mirziyoyevning samolyoti Yevropaga tashrif uchun Toshkentdan ko‘tarilish arafasida O‘zbekistondagi taftish.uz nashri tasvirchi va jurnalistlari o‘z kasbiy faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vaqti Yunusobod tuman ichki ishlar organi xodimlari qarshiligiga duch kelgani va asossiz ravishda ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilgani haqida xabar berdi.

"Tekshiruv jarayonida nashrga tegishli video va foto texnika vositalarining bir qismi sindirib tashlangan, shuningdek, jurnalistlarning qo‘l telefonlari noqonuniy ravishda olib qo‘yilgan", deyiladi nashr bayonotida.

Nashr "bu voqea — fuqarolarning shikoyatlarida tilga olingan ayrim mansabdor shaxslar yoki davlat idoralari vakillarining bosimi natijasi bo‘lishi mumkin", deya da’vo qilgan.

Keyinchalik IIB binosi oldidan chiqish qilgan jurnalistlarning advokati himoyasidagi shaxslarning oldiga kirolmayotganidan shikoyat qilgan.

Ammo o‘sha kunning o‘zida, Toshkent vaqti bilan tungi 11:12 da nashrning IIBga olib ketilgan jurnalistlari Marjona Eshquvvatova va Azizbek Yo‘ldoshevlarning videosini joylab hammasi joyida ekanligi va ularning faoliyati davom etishini bildirdi.

Video murojaatda Marjona Eshquvvatova "bizga kuch ishlatganlarga nisbatan choralar ko‘rilishi to‘g‘risida bizga u yerda va’dalar berildi", deb aytdi.

Nashrga tegishli video va foto texnika vositalarining bir qismi sindirib tashlanganini da’vo qilgan Taftish.uz ularning holati aks etgan biror tasvir ilova qilmagan.

"Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi"

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov "Taftish.uz" kanali ikki muxbiriga nisbatan tarqalayotgan axborot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi", deb chiqdi.

Jurnalistlar idorada ushlab turilgan vaqti chiqarilgan G‘iyosovning bayonotida aytilishicha, voqea 23 oktyabr kuni Toshkent shahri Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilayotgan sayyor qabul jarayonida bo‘lib o‘tgan.

Shohrux G‘iyosovning aytishicha, "internet nashri vakillari va sayyor qabulga kelgan boshqa fuqarolar o‘rtasida janjal kelib chiqqan".

"Holat yuzasidan fuqarolar tomonidan 102 qisqa raqamiga yo‘llangan murojaat bo‘yicha voqea joyiga yetib borgan IIO xodimlari vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida, janjal ishtirokchilarining barchasini IIBga olib kelib, suhbat o‘tkazganlar" deyiladi bayonotda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

G‘iyosov Ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlarini jamiyatda ikki sub’ekt o‘rtasida kelib chiqqan nizoli vaziyatga nisbatan amalga oshiriladigan huquqiy jarayon, deb hisoblagan.

"OAVlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik kabi vajlarga umuman aloqasi yo‘q".

Shohrux G‘iyosov taftish.uz kanali kanali ma’murlarining "jurnalistlarga suiqasd", "zo‘ravonlik ishlatilgan", "asossiz ravishda olib ketilgan", "texnikasini bir qismi sindirilgan" kabi so‘zlarini jamoatchilikni chalg‘ituvchi ma’lumotlar sifatida baholagan va uni tarqatmaslikni so‘ragan.

Prezident himoyasida

Kuzatuvchilar Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda davlat rahbari bo‘lib kelganidan so‘ng so‘z erkinligi borasida ham O‘zbekistonda o‘zgarishlar boshlangani e’tirof etishadi.

Shavkat Mirziyoyev qonuniy faoliyat yuritayotgan barcha jurnalist va blogerlar qonun va prezident himoyasida bo‘lishini qayta-qayta aytib keladi.

Biroq faollar so‘z erkinligi borasida O‘zbekiston vaziyat yaxshilanmayotganidan shikoyat qilishadi.

2023 yilning mart oyida O‘zbekistondagi va xorijda bo‘lib turgan o‘nlab faol va jurnalistlar prezidentga ochiq murojaat bilan chiqishdi.

Unda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmayotgani aytilgan.

"Matbuot o‘zi istagan mavzuni ko‘tara olmayapti. Jurnalistlar o‘zlari istagan ohangda vaziyatni ko‘rsata olmayapti. Davlatning axborotni nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan muassasasi tahririyat va blogerlarga muttasil ravishda bosim qilib, axborot ohangi, shakli, mohiyatini o‘zgartirish yoki bu axborotning to‘liq chiqmasligini talab qilishda davom etmoqda", deyilgandi unda.

Murojaatda Prezident Mirziyoyevdan O‘zbekistonda so‘z va fikr erkinligini kuchliroq himoya qilishni, bu borada konstitutsiya va amaldagi qonun normalari to‘liq ishlashini, ma’lum davlat muassasalarining jurnalistlarga, matbuotga, blogerlarga bosimlarini to‘xtatishda yordam berish so‘ralgan.

O‘zbekistonda so‘z erkinligini himoya qilish va jurnalistlarga bosimni to‘xtatish chaqirig‘iga Prezident o‘rniga Jurnalistlar uyushmasi javob bergan.

"Xolislik va adolat bosh mezon bo‘lsin" sarlavhasi ostida yozilgan matn uyushmaning veb sahifasiga joylangan va unda murojaatdagi fikrlar rad qilingan.

Munosabatda O‘zbekistonda ochiqlik siyosati va so‘z erkinligi ustuvor ekanligi ta’kidlangan.

"Ochig‘i, ushbu murojaat bundan 7-8 yil avval e’lon qilinganda edi, ehtimol biror fikr bildirishga hojat bo‘lmas edi. Negaki, bugun yurtimizda ochiqlik siyosati, so‘z va matbuot erkinligi ustuvordir", degan Karimov davriga shama qilgani aytilayotgan tashkilot.

Uyushma biror tahririyat va mustaqil jurnalistlarga bosim bo‘layotganiga guvoh bo‘lmaganini yozgan.