Singapur nega daraxt va soyaga bu qadar o‘ch?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 6 daq
O‘zbekistonning katta shaharlaridagi havo ifloslanishda davom etmoqda. Toshkent havo sifati eng yomon shaharlarning global reytingida qayta-qayta yuqori o‘rinlarni egallayapti. 2024 yilda ScienceDirect saytida chop qilingan tadqiqotda aytilishicha, poytaxtda tez suratlarda yuz berayotgan urbanizatsiya tufayli 1990 va 2019 yillar o‘rtasida yashil hududlar 60 foizga qisqargan. Unga ko‘ra, 2024 yilga kelib shaharning atigi 5,56% foizini yashil hududlar tashkil qiladi.
Jazirama orol davlati hisoblangan Singapur uzoq vaqtdan beri har bir burchagiga yashillik va soya qo‘shishga ustuvor ahamiyat berib keladi. Boshqa shaharlar ham shunday qila oladimi?
Issiqlik insoniyat uchun iqlimning eng xavfli tahdidi bo‘lib, har yili suv toshqinlari, to‘fonlar va o‘rmon yong‘inlarini qo‘shganda ham, ko‘proq odam hayotiga zomin bo‘lmoqda. Eng katta xavf esa sayyoramizning qolgan qismiga qaraganda ikki baravar tezroq isib borayotgan shaharlarda kuzatilmoqda.
Xavfli haroratlar tobora ko‘payib borar ekan, Parijdan Finiksgacha bo‘lgan dunyo shaharlari rahbarlari strategik jihatdan ko‘proq soya-salqin joylar yaratishni rejalashtirmoqda.
Biroq, ehtimol Yer yuzidagi eng yaxshi soya infratuzilmasiga ega mamlakat – Singapur. Bu yerda odamlar azaldan sharros yomg‘ir va issiqqa qarshi kurash usullarini bilgan.
Ular orasida eng asosiysi usti yopiq piyoda yo‘lkalari bo‘lishi mumkin. Ushbu ommaviy soyali yo‘lkalarning kelib chiqishi aniq emas. Arkali do‘konlar va uylarning birinchi qavatlaridan o‘tadigan bu "besh futlik yo‘llar" Bolonьya portiklariga o‘xshasa-da, ular Janubi-Sharqiy Osiyo uchun ham xos bo‘lishi mumkin. 19-asr boshlarida Singapurga asos solgani aytiladigan Britaniya mustamlakachi amaldori Stemford Raffles ularni 1822 yilda birinchi shahar rejasiga kiritgan edi.
Raffles noqulay ob-havoda yurishni qulaylashtirish uchun har bir ko‘chaning ikki tomonida uzluksiz va yopiq yo‘lkalarni qurishni talab qilgan. Vaqt o‘tishi bilan uning "ayvon yo‘llari" ahamiyatini yo‘qotdi. 1960-yillarda Singapurni mustaqillikka olib chiqqan qudratli bosh vazir Li Kuan Yu ularni zamonaviy shaklda qayta tikladi.
Li o‘ziga xos mikromenejer bo‘lib, iqlim va qulaylikka alohida e’tibor qaratardi. Uning fikricha, namlik mamlakatning iqtisodiy unumdorligini pasaytirmoqda edi. Ichkarida u Singapurni, jurnalist Cherian Jorj "konditsionerli davlat" deb atagan, mamlakatga aylantirdi. Ochiq havoda esa u soyalarga ishqiboz edi. Li qo‘l ostidagilarga piyodalar yo‘lkalari va sayrgohlar yomon loyihalashtirilgani haqida tanbeh berardi.

Surat manbasi, Getty Images
1960-1970 yillarda Lining avtoritar hukumati osmono‘par jamoat uy-joylarini qurganida, me’morlar har bir binoning birinchi qavatini ochiq saqlab, bu joylarni aholi yig‘ilishi mumkin bo‘lgan, umumiy shabadali "bo‘sh maydonchalar" sifatida qoldirdi. 1980-yillar oxiri va 1990-yillarda Singapurning uy-joy va transport idoralari piyodalar eng yaqin avtobus yoki poezd bekatiga yetib olishi uchun trotuarlar ustida alohida metall soyabonlar qurishni buyurdi.
Bugungi kunda rasmiylar 200 km atrofida yopiq yo‘lkalar qurilganini ta’kidlashmoqda. Tasavvur qiling: Nyu-Yorkdagi hamma joyda uchraydigan qurilish havozalari doimiy trotuarlarga aylansa, manzara juda chiroyli bo‘lmasa-da, funktsional jihatdan qanchalik foydali bo‘lishini ko‘z oldingizga keltiravering.
AQShda ko‘chmas mulk quruvchilari ko‘proq yorug‘lik tushishi uchun o‘z binolarini ko‘chadan orqaga surishi kerak, Singapurda esa ular o‘z binolarining birinchi qavatidan 2,4-3,7 metr o‘yib, piyodalar uchun soyali yo‘lkaga hissa qo‘shishi shart. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, soyabonlar toza va yaxshi loyihalangan avtobus bekati kabi ta’sirga ega. Bekat yaxshi bo‘lsa, avtobusni kutish vaqti qisqargandek tuyuladi, singapurliklar ham yo‘lkalar ostida sayr qilish quyosh ostida sayr qilishdan 14 foizga qisqaroq tuyulishini aytishadi.

Surat manbasi, Alamy
"Doim juda issiq va juda nam bo‘lgan tropik mintaqadasiz," deydi Singapur Milliy universiteti professori, landshaft arxitektori Yun Xe Xvan. Yil davomida kunlik yuqori harorat 31-33°C atrofida bo‘lgani sababli, "bizga doim soya kerak," deya qo‘shimcha qiladi u.
Soya haqida gap ketganda, deyarli hamma qo‘pol alyuminiy tomdan ko‘ra yashil daraxt barglarini afzal ko‘radi, ammo daraxtlar doim ham yechim bo‘la olmaydi, deydi hukumatga qarashli Cooling Singapore shahar issiqlik tashabbusi sobiq tadqiqotchisi Lea Ryufenaxt. Ammo uning ta’kidlashicha, daraxtlar soya va havoga suv bug‘latish orqali salqinlik yaratadi: nam Singapurda esa namlik yana ko‘payishi noqulaylikni oshirishi mumkin.
Qulaylik uchun Ryufenaxt ham yashil, ham kulrang soyalar muvozanatini tavsiya qiladi. Singapurda eng zich kulrang soya shahar markazidagi osmono‘par binolar ostida joylashgan. Ko‘chmas mulk quruvchilari ochiq maydonlarda soat 9:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘tirish joylarining kamida 50 foizini sovutadigan, hokimiyat organlari "etarli" deb hisoblagan darajada soyani ta’minlashi shart. Soya istalgan manbadan – daraxtlar, soyabonlar, chodirlardan kelishi mumkin.
Ushbu yondashuvni Nyu-York shahridagi yondashuv bilan taqqoslash mumkin. U yerda ochiq joylarda soyalar yaratish tavsiya etilmaydi. Ushbu salqin iqlim sharoitida quruvchilarga qishda issiqlik bo‘lishi uchun o‘z maydonlarini quyoshga qaragan janubiy tomonlarga joylashtirish buyurilgan. (Aslida, maydonlar shimolga qarashi mumkin ham emas.)

Surat manbasi, Alamy
Singapur uchun boshqa narsa muhim. Eng ma’quli, quruvchilar maydonlarni binolarning sharq tomoniga joylashtiradi, shunda ularga tushdan keyin soya tushadi. Bu yurt shahar soyalari jamoat manfaati sifatida rag‘batlantiriladigan noyob joy hisoblanadi.
"Dunyoning tropik mintaqalaridagi bir muammo shuki, aholi punktlari uchun qurilish me’yorlari mo‘’tadil hududlardan olingan, bu me’yorlarni qayta ko‘rib chiqish hamda «bu o‘zi bizga to‘g‘ri keladimi?» deb so‘rash imkoniyatiga ega emas ular, – deydi Singapur Shaharni qayta qurish boshqarmasining tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha direktori Kelvin Ang. – Singapurda esa quyosh jaziramasi sababli qurilish va rejalashtirish me’yorlarida soyaga urg‘u berilishi kerakligi haqida boy tushuncha bor."
Rejalashtiruvchilar, agar jamoat joyida soya bo‘lmasa, unga hech kim kelmaydi, deb hisoblaydi. Namlikka ta’siri bo‘lishi mumkinligiga qaramay, Bosh vazir Li "toza va yashil" Singapur xorijiy sarmoyadorlar uchun jozibador bo‘lishiga ishongan va hamma joyda daraxtlar bo‘lishini talab qilgan. Uning buyrug‘i bilan yangi tashkil etilgan Bog‘lar va daraxtlar bo‘limi asosiy xiyobonlarni Angsanas, yomg‘ir daraxtlari, mahagon va akatsiyalar bilan ko‘kalamzorlashtirdi. "Gullar yaxshi, – dedi Li bo‘lim boshlig‘iga, – lekin avval menga soya bering".
1970-yillarda, singapurliklarni shaxsiy avtomobillardan jamoat transportiga o‘tkazish maqsadida tirbandlik uchun to‘lov belgilash va boshqa choralarni amalga oshirganida, Li e’tiborini trotuarlar, piyodalar o‘tish joylari va avtobus bekatlariga qaratdi, chunki bu joylardagi quyosh jazirasi potentsial yangi yo‘lovchilarni cho‘chitishi mumkin edi.
Los-Anjelesda ko‘chalarni loyihalashda daraxtlarga oxirgi o‘rinda e’tibor beriladi. Barcha trotuarlar, yo‘laklar, avtoturargohlar va yer osti ishlari tugallangach, daraxtlar mayda beton chuqurchalarga suqib joylashtiriladi.

Surat manbasi, Alamy
Singapurda esa Li rejalashtiruvchilarga daraxtlarni boshidanoq hisobga olishni buyurdi. Los-Anjeles trotuarlarini xunuklashtiruvchi va daraxtlarni kichik va butaga aylantiruvchi osma elektr uzatish liniyalari bu yerda kam uchraydi. Ko‘pchilik kommunikatsiyalar ko‘cha daraxtlari va ularning ildizlari yonidan o‘tadigan yer osti quvurlariga joylashtirilgan. Yashil infratuzilmani shaharsozlar rejalashtiradi, jamoat ishlari idoralari uni quradi va uni o‘z vaqtida Li byudjetini o‘n baravar oshirib qo‘ygan parklar kengashi boshqaradi.
Moliyalashtirish va muvofiqlashtirish darajasiga qarab gullab-yashnayotgan shahar o‘rmoni va nochor shahar daraxtlari o‘rtasidagi farqni aniqlash mumkin. Shaharsozlar deyarli yo‘q bo‘lib ketgan tabiiy tropik o‘rmonlar o‘rnini qoplash uchun yangi bog‘-shaharni qayta tiklash maqsadida xususiy qurilishlarda ham yashillikni ta’minlashni talab qiladi.
Singapur hukumati katta ta’sir kuchiga ega edi. Hukumat yerning 90 foiziga egalik qilardi va qurilish nozirlari daraxtlarni ko‘rmaguncha binodan foydalanishga ruxsat bermasdi. Singapurning keng ko‘lamli davlat uy-joy komplekslarida ham maysazorlar, daraxtli hovlilar va parklar, qo‘riqxonalarga tutash yashil yo‘lkalar qurilgan edi. Shuning oqibatida Singapurning deyarli hamma joyida, boy va kambag‘al mahallalarda birdek daraxtlar bor.
"Biz o‘rta sinf va ishchi sinfi hududlarini ajratmadik," deb yozadi Li o‘z xotiralarida, bu "Xalq harakati" partiyasi uchun "siyosiy halokat" bo‘lardi, deb ta’kidlaydi u. Ana shu jihat Singapurni Amerika shaharlaridan farqlaydi, u yerda soya iqtisodiy tengsizlik ko‘rsatkichidir.
Lining oqilona rejalashtirish siyosati, jumladan, minglab gektar mahalliy bog‘larni rivojlantirish va juda katta melioratsiya ishlari tufayli Singapur ajoyib natijaga erishdi: u bir vaqtda ham zichroq, ham yashilroq bo‘ldi. Rasmiylar ta’kidlashicha, shahar o‘rmoni 1974 yildagi 158,6 ming daraxtdan 2014 yilda 1,4 milliongacha yetgan, vaholanki shahar aholisi yana uch million kishiga ko‘paygan, xolos. Bugungi kunda orolning deyarli yarmi o‘t-o‘lanlar, butalar va qalin shoxli daraxtlar bilan qoplangan bo‘lib, bu holat shahar o‘sar ekan, tabiatga joy qolmaydi, degan fikrni rad etadi.
Biz o‘rta sinf va ishchi sinfi hududlarini ajratmadik. Bu "Xalq harakati" partiyasi uchun "siyosiy halokat" bo‘lardi.
"Aynan biofizik muhit farqlovchi omil hisoblanadi," deydi parklar kengashining sobiq tadqiqotchisi Deniel Berchem, undan Singapurning muvaffaqiyatini tushuntirib berishini so‘raganimda. "Har kuni yoz bo‘lsa va har yili 2 metrdan ortiq yomg‘ir yog‘sa, daraxtlarni o‘stirish oson."
Ammo, u qo‘shimcha qilishicha, siyosiy iroda bo‘lmaganda, bu daraxtlarning o‘sishi uchun joy ajratilmagan bo‘lardi. "Bu ular [Li hukumati] erishmoqchi bo‘lgan maqsad edi va bu ular birgalikda amalga oshirishga intilgan g‘oya edi."
Berchem hozirda siyosiy rahbarlar o‘n yillar emas, balki bir necha yil xizmat qiladigan yarim qurg‘oqchil shahar Fort-Kollinzdagi Kolorado shtat universitetida daraxtchilik fanidan dars beradi. "Ba’zilar Li Kuan Yuni kuchli yetakchi yoki yarim avtoritar shaxs sifatida ta’riflaydi va ma’lum ma’noda bu to‘g‘ri, – deydi Berchem. – Lekin bu o‘sha tizimdan kelib chiqqan ijobiy natija. U o‘z oldiga shu maqsadni qo‘ydi va unga erishish uchun odamlarni moddiy resurs bilan ta’minladi, siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatladi."
Ammo bu ma’muriyatlar siyosatida izchillikni talab qiladi. Mayami yoki Honolulu kabi tropik shaharlardagi demokratik saylov yo‘li bilan tanlangan hokimiyatlar ham bunday loyihani davom ettirmasligi uchun hech qanday sabab yo‘q.
Xo‘sh, bu soya singapurliklarni himoya qiladimi? Kunning ikkinchi yarmida Singapurning osmono‘par binolar soyasiga cho‘mgan ishbilarmonlik tumani ko‘chalari shahardagi eng salqin go‘shalardir. Quyosh botgach, bu ta’sir tugaydi va binolar o‘zi yutgan quyosh radiatsiyasini chiqara boshlaydi. Kechasi aholi turar-joy hududi yashil maydonlari ko‘proq yengillik berishi mumkin, chunki u yerdagi havo gavjum tijoriy ko‘chalarda esayotgan shabadadan 1-2°C salqinroq bo‘ladi.
Havo harorati va issiqdan kasallanish o‘rtasidagi epidemiologik bog‘liqlik shuni ko‘rsatadiki, bu sersoya hududlar haqiqatan ham Singapurning issiqdan eng yaxshi himoyalangan joylaridir. Daraxtlar va binolar kabi soya infratuzilmasi iqlim o‘zgarishining barcha ta’sirlarini bartaraf etish uchun yetarli bo‘lmasa-da, sezilarli samara beradi.
Amerikaning mahalliy hokimiyatlari bu borada soyani shaxsan yaxshi ko‘rgan kuchli shaxs boshqargan avtokratik Singapur hukumatidek samarali bo‘lishi dargumon. Shuningdek, AQShning aksariyat shaharlari daraxt o‘stirish uchun Singapurdek ideal iqlimli emas.
Shunga qaramay, Singapur hukumatlar soyani maxsus rejalashtirish orqali nimaga erishish mumkinligini ko‘rsatadi. Hamma uchun salqinroq shahar yaratish imkoniyati mavjud. Keling, buni imkonsiz deb hisoblamaylik.












