Markaziy Osiyodan birinchi, sobiq Ittifoqdan uchinchi - O‘zbekiston futbolchilari tarix yaratdi. Video

oyin

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 3 daq

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi BAA bilan durang kechgan o‘yindan so‘ng guruhda ikkinchi jamoa bo‘lib Jahon Chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi nufuzli nashrlarning e’tiborini tortdi.

BBC Sport o‘yin tugashi bilan "O‘zbekiston va Iordaniya ilk marotaba Jahon chempionatiga yo‘llanma" sarlavhasi ostida maqola chop qildi.

O‘zbekiston va Iordaniya o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Shuningdek, Janubiy Koreya ham musobaqada ishtirok etishi aniq bo‘lgan jamoalar qatoriga qo‘shildi, deyiladi unda.

Ular 2026 yili AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan kengaytirilgan — 48 jamoali — Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan 8-, 9- va 10-jamoalar bo‘ldi.

O‘zbekiston jahon chempionatida - hammasi endi boshlanadimi? Umidlar va xavotirlar nimada? Ushbu videomizni ko‘ring.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Ushbu chempionat mezbonlari — AQSh, Kanada va Meksika — avtomatik ravishda yo‘llanma olgan. Ularga qo‘shimcha ravishda Yaponiya, Yangi Zelandiya, Eron va Argentina ham saralash bosqichidan o‘tib bo‘lgan.

O‘zbekiston BAA bilan 0-0 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, keyinroq Janubiy Koreya Iroqni 2-0 hisobida mag‘lub etib, o‘zining ketma-ket 11-jahon chempionatiga yo‘l oldi. Bu natija Iordaniyaning Ummon ustidan qozongan 3-0 hisobidagi g‘alabasini tarixiy yo‘llanmaga aylantirdi.

Jahon reytingida 57-o‘rinda turgan va 36 million aholiga ega O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida ilk rasmiy o‘yinini 1992 yil iyun oyida o‘tkazgan. Ikki yil o‘tib, FIFA uni rasman tan olgan.

bayram

Surat manbasi, Getty Images

O‘zbekiston avvalgi eng yaqin imkoniyatni 2006 yilgi saralashda boy bergan. O‘shanda ular Bahraynga qarshi ikki uchrashuvdan iborat pley-off o‘yinida Osiyodan Konkakaf (Shimoliy va Markaziy Amerika) mintaqasi g‘olibi — Trinidad va Tobagoga qarshi o‘ynash huquqi uchun kurashgan.

O‘zbekiston birinchi o‘yinni 1-0 hisobida yutgan, ammo hakam xatosi tufayli FIFA o‘yinni qayta o‘tkazishga qaror qilgan va oqibatda o‘zbeklar safar gollari hisobi bo‘yicha mag‘lub bo‘lgan.

Shunga qaramay, O‘zbekiston 1996 yildan buyon har bir Osiyo Kubogiga yo‘l olgan va 2004 yildan beri har gal pley-off bosqichigacha yetib borgan. Jumladan, 2011 yilda yarim finalga, o‘tgan yili esa chorak finalgacha chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

BBC Sport xabari ostida Bob Kay:

"O‘zbekiston — ularni hali safdan chiqarmang! Ular ilk bor Jahon chempionatiga yo‘l olib tarix yaratdi. Balki guruh bosqichida bizni kutilmagan syurpriz bilan hayratga solishlari ham mumkin", deya izoh yozdi.

Amerikaning New York Times nashri ham O‘zbekistonning ilk marotaba Jahon chempionatiga yo‘llanma olganini sarlavhaga chiqardi.

"O‘zbekiston terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Xusanov 2024 yil yanvar oyida "Manchester Siti" jamoasiga qo‘shildi, terma jamoa sardori va hujumchisi Eldor Shomurodov esa Italiyaning "Roma" klubida to‘p surmoqda", deb yozadi nashr.

Nashr O‘zbekistonning sobiq Sovet ittifoqi davlatlari ichida uchinchi bo‘lib JChga yo‘llanma olganiga e’tibor qaratgan.

"Markaziy Osiyoda joylashgan O‘zbekiston 1991 yili Sovet Ittifoqidan mustaqillikka erishgan va shu tariqa Jahon chempionatiga yo‘l olgan uchinchi sobiq Sovet respublikasiga aylandi. Undan oldin Rossiya va Ukraina terma jamoalari final bosqichida ishtirok etgan".

O‘yindan so‘ng o‘yinchilarga telefon qilib shaxsan tabriklagan prezident Shavkat Mirziyoyev o‘yinni butun xalq tik oyoda turib ko‘rganini aytdi.

O‘zining murojaatida MirziyoyevMarkaziy Osiyoning yagona vakili bo‘lishdek yuksak sharafni xis qilib o‘ynashga chaqirgan.

"Sizlar futbol maydonlaridagi mana shunday shonli yutuqdan yangi kuch va ruh olib, kelgusi yili AQSh, Meksika va Kanada davlatlarida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining birinchi va yagona vakili bo‘lishdek yuksak sharafni chuqur his etgan holda, yanada katta jonbozlik ko‘rsatasizlar, deb ishonaman", degan Mirziyoyev.

O‘yin tugashi bilan FIFA prezidenti Janni Infantino O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatovga telefon qilib, jamoni va O‘zbekiston xalqini azaliy orzu amalga oshgani bilan tabriklagan.