You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston: Andijonda 13 o‘smir qo‘lga olindi; mehnat migratsiyasi xaritasi o‘zgaryapti – prezident nimalar dedi? O‘zbekistonda model qiz nega jarimaga tortildi? (Video)
Andijonda 16–19 yoshli 13 nafar o‘smirning ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan radikal kontent ta’siriga tushgani haqida ma’lum qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ular Suriyaga chiqib ketishni rejalashtirgan, ammo bu harakat amalga oshmasdan to‘xtatilgan.
Ichki ishlar idoralari bildirishicha, o‘smirlar virtual guruhlarda "jihod" va "hijrat" mavzulari atrofida suhbatlashib kelgan. Tergov ishlari davom etmoqda.
O‘tgan oy Toshkentda radikal targ‘ibot ta’sirida qo‘poruvchilikka tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblangan 20 yoshli yigit ozodlikdan mahrum qilingandi. Sud hujjatlarida uning taqiqlangan ekstremistik materiallarni saqlagani va tarqatgani keltirilgan.
Yaqinda onlayn muhit bilan bog‘liq rasmiy ma’lumotlar ham yangilangandi. Oliy sud ekstremistik va terroristik g‘oyalar bilan bog‘liq qariyb 1600 ta onlayn manbani taqiqlanganlar ro‘yxatiga kiritgani haqida axborot berildi. Ular orasida Telegram, Instagram, Facebook va YouTube platformalaridagi kanallar va akkauntlar ham bor.
BMT hujjatlarida ham radikallashuv jarayonlarining bir qismi internet muhiti bilan bog‘liq ekaniga e’tibor qaratilgan. Xalqaro tashkilotlar bu kabi holatlarga javob faqat cheklov choralari bilan cheklanmasligi, ta’lim va media savodxonlik ham muhim o‘rin tutishi kerakligini ta’kidlaydi.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Andijondagi holat onlayn muhitda yoshlar bilan ishlash masalasiga yana bir bor e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatgan. Bu esa xavfsizlik choralari bilan bir qatorda profilaktik yondashuv va yoshlar bilan muloqot qanchalik muhim ekanini urg‘ulaydi.
Mehnat migratsiyasi xaritasi o‘zgaryapti – prezident nima dedi?
"Xorijda noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolarimiz borligi bizni tashvishga soladi", dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasi kengayib borayotgan bir paytda, davlat rahbari xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar bilan ishlash masalasiga to‘xtaldi. U mehnat migratsiyasidagi o‘zgarishlar diplomatik xizmatdan faolroq ishlashni talab qilayotganini ta’kidladi.
Prezident ilgari o‘zbekistonliklar asosan ikki yoki uchta davlatda mehnat qilishgan bo‘lsa, hozir tashkiliy mehnat migratsiyasi dasturlari orqali o‘nlab mamlakatlarda faoliyat qilishayotganini aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda ayrim davlatlarda ishchi kuchiga talab yuqori ekani ham tilga olindi. Xususan, Norvegiyada ish beruvchilar fuqarolarni o‘qitish va keyin ishga qabul qilishga tayyor ekani bildirildi.
"Norvegiyalik ish beruvchilar bu yilning o‘zida o‘zlari o‘qitib, ularga Yevropa standartlari asosida sertifikat berib, kamida 2,5–3 ming yevrolik ish berishga tayyor, deyapti", dedi davlat rahbari.
Prezident shu bilan birga Nordik davlatlar mehnat migratsiyasi uchun yangi yo‘nalish sifatida ko‘rilayotganini ham qayd etdi.
"Umuman, Nordik davlatlar, ya’ni Shvetsiya, Norvegiya, Daniya, Finlyandiya va Islandiya tashqi mehnat migratsiyasida biz uchun yangi yo‘nalish va kamida 500 million yevrolik mehnat bozori bo‘ladi", dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek 2030 yilgacha Nordik davlatlariga 50 ming nafar fuqaroni ishga yuborish bo‘yicha tashkiliy dastur ishlab chiqishga ko‘rsatma berdi.
Davlat rahbari, shuningdek, xorijda tahsil olayotgan yoshlar va talabalarning turli oqimlarga qo‘shilib qolayotgani holatlari barchani jiddiy tashvishga solishi lozimligini ta’kidladi.
"Endi bundan buyon elchilar kabinet diplomatiyasidan voz kechib, xorijdagi vatandoshlarimiz ishlayotgan qurilish maydonlariga, yotoqxonalarga, talabalar auditoriyalariga borib, ularning muammolarini o‘rganib, yechimi bo‘yicha ishlashlari zarur", dedi prezident.
Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining katta qismi hali ham Rossiyada ishlayotgan bir paytda, u yerdagi mehnat bozoridagi o‘zgarishlar davlatni yangi yo‘nalishlar haqida o‘ylashga undamoqda. Shu manzarada tashkiliy mehnat migratsiyasi dasturlarining kengayishi mavjud xavflarga javob sifatida ham qaralishi mumkin.
Modelning jarimaga tortilishi bahslarni uyg‘otdi
"Yer go‘zali – 2025" tanlovida davlat ramzlari aks etgan libosda qatnashgan 21 yoshli model Shahrizoda Madaminovaga nisbatan sud qarori bilan jarima belgilangan.
Sud materiallariga ko‘ra, u 2025 yil oktyabrida Manilada bo‘lib o‘tgan tanlovda O‘zbekiston davlat bayrog‘i ranglari va gerb elementlari aks etgan libosda sahnaga chiqqan. Ushbu libosda tushgan suratlar keyinchalik uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ham joylashtirilgan.
Ish sudga fuqaro N. Joniqulovning murojaati asosida kiritilgan. U arizasida davlat ramzlaridan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartibga zid amalga oshirilganini ko‘rsatib, suddan huquqiy baho berishni so‘ragan.
Sud jarayonida Shahrizoda Madaminova o‘z pozitsiyasini bayon qilib, libosda davlat bayrog‘i ranglari mavjud bo‘lganini inkor etmagan. Biroq u rasmiy ramzlarning majburiy elementlari: yarim oy va 12 yulduz aks etmaganini aytgan hamda bu holatni yengillashtiruvchi omil sifatida inobatga olishni so‘ragan.
Sud nihoyada qonun talablari buzilgan, degan xulosaga kelgan va modelga nisbatan 824 ming so‘m miqdorida jarima tayinlagan.
Bu qaror ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ayrim faollar mazkur ishni boshqa o‘xshash holatlar bilan taqqoslashgan. Xususan, ular Xushnudbek Xudoyberdievning 2025 yil 10 dekabr kuni Instagram sahifasida joylangan postiga ishora qilishgan. O‘sha suratda u O‘zbekiston davlat bayrog‘i bel qismiga o‘ralgan holda ko‘ringandi. Muhokamalarda sud amaliyotida bunday holatlarga yondashuv barcha uchun bir xil qo‘llaniladimi, degan savol ham ko‘tarilgan.
O‘zbekiston qonunchiligida davlat ramzlaridan foydalanish tartibi alohida normalar bilan belgilangan bo‘lib, ulardan kiyim-boshda yoki ommaviy chiqishlarda foydalanish cheklangan holatlarda ruxsat etiladi.