Ukrainadagi jabhada najot endi robotlardanmi?

Ukraina jabhasidagi quruqlik dronlari.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Ukrainadagi jabhalarga ta’minot yetkazishda robotlar tobora ko‘proq o‘rin tutmoqda.
    • Author, Abdujalil Abdurasulov
    • Role, VVS, Ukraina sharqi
  • O'qilish vaqti: 4 daq

"O‘yinchoq yetkazildi", deb radioga shivirlaydi ukrainalik askar.

Tun qorong‘isida u va hamrohi yuklarini furgondan tushirish uchun shoshiladi. Tezlik juda muhim, chunki ular rus dronlari nishoniga aylanishi hech gap emas.

5-brigadaning yangi "o‘yinchog‘i" – haydovchisiz mashina bo‘lib, u Ukraina sharqidagi Pokrovsk va Mirnograd shaharlariga yaqin jabhadagi Ukraina askarlari uchun hayotiy ahamiyatga ega.

Rossiya kuchlari bu hududda Ukraina ta’minot yo‘llarini kesib tashlashga muttasil urinmoqda.

Oziq-ovqat va o‘q-dori ta’minotisiz Ukraina frontidagi askarlar yo taslim bo‘lish, yo qimmatga tushadigan chekinishni tanlashi kerak bo‘ladi.

Kiev Pokrovsk va uning atrofidagi qo‘shinlarini qo‘llash uchun maxsus kuchlar, saralangan hujum bo‘linmalari va dron guruhlarini yubordi, ammo Rossiya shaharga kirish yo‘llarini nazorat qilayotgani tufayli zirhli texnika bilan kirish deyarli aniq o‘limdir.

Og‘ir yuklarni piyoda tashish ham xuddi shunday xavfli.

EPA
Robotlar askarlar hayotini saqlab qolmoqda va Ukraina qurolli kuchlari kelajagidir.
Igor
Ukraina armiyasi bo‘lim boshlig‘i (batafsil:bbc.com/uzbek)

Mana shu yerda robot, ya’ni quruqlikdagi dron, an’anaviy usullar o‘rnini egallaydi.

Pokrovsk jangi tarixda ta’minot yetkazib berish va yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun haydovchisiz transport vositalaridan keng foydalanilgan birinchi jang sifatida qolishi mumkin.

Robot velosiped yo‘lagiga sig‘adigan darajada kichik va mini tankka o‘xshaydi.

Bu robotlarni aniqlash qiyin, ularni havo dronlariga qaraganda to‘xtatish mushkulroq va, eng muhimi, askarlar ularni xavfsiz joy, masofadan turib boshqara oladi.

Ukraina armiyasi 7-korpusi insonsiz tizimlar rahbari Igorning aytishicha, ular askarlar hayotini saqlab qoladi va armiya kelajagidir.

Uning ta’kidlashicha, Pokrovsk front chizig‘i uchun barcha ta’minotning 90 foizga yaqini endi haydovchisiz transportlar orqali yetkazib berilmoqda.

Donetsk jabhasidagi ukrainalik askarlar.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Donetsk jabhasidagi ukrainalik askarlarga quruqlikdagi dronlar yordam bermoqda.

Shu bilan birga, Rossiya kuchlari ta’minot zanjirlarini bo‘g‘ish va "o‘lim zonasi" deb atalgan hududda harakatlanayotgan har qanday narsani nishonga olish uchun masofadan boshqariladigan dronlarni tinmay uchirish orqali shaharni egallashga urinmoqda.

Front chizig‘i bo‘ylab 30 km kenglikdagi bu hudud har ikki tomon dronlari uchun yetib borish mumkin bo‘lgan masofa hisoblanadi.

Doimiy havo razvedkasi o‘lim zonasidagi har qanday harakatni tezda aniqlashi, unga dronlar, shuningdek artilleriya, minomyot o‘qlari va havo bombalari kabi an’anaviy qurollar bilan hujum qilinishi mumkin.

Bu vaziyatni harbiy shifokor Vitsik va uning quruqlikdagi dron operatori Auditor juda yaxshi biladi. Bu ularning chaqiruv otlari, haqiqiy ismlari emas.

O‘tgan oy ular Pokrovskdan yaralangan ukrainalik askarlarni evakuatsiya qilmoqchi bo‘lganida, dushman sezib qoldi va rus dronlaridan qochish uchun bir necha soniya ichida yaqin atrofdagi uyga yugurishdi.

"Bizga dronlar ketma-ket hujum qildi, – deb eslaydi Vitsik. – Dron yerga tushib portlashi bilanoq, darhol keyingisi paydo bo‘lardi. Ular bizni o‘ldirish uchun to‘plardan va minomyotlardan o‘t ochishdi."

Vitsik bilan Auditor yashiringan devorlar har portlash kuchidan larzaga kelardi. Otishma 59 daqiqa davom etdi va oxir-oqibat ular qo‘shni binoga qochib qutulishdi.

Pokrovsk ichida yuqoridan dron tahdidi doim mavjud.

"Biz bir butadan boshqasiga, bir uydan boshqasiga, bir ko‘chadan boshqasiga yuguramiz," deydi Vitsik.

Yosh ukrain askari

Surat manbasi, Vitsik via BBC

Surat tagso‘zi, Vitsik yashiringan binoga hujum deyarli 1 soat davom etdi va oxir-oqibat ular qo‘shni binoga qochib qutulishdi.

"Birinchi shaxs nigohi" dronlari yordami bilan Rossiya qo‘shinlari Pokrovskka olib boradigan barcha yo‘llarni kesib qo‘yishga yaqin turibdi.

Ular butun hududni o‘rab olganini da’vo qilmoqda, ammo Kiev buni bir necha bor inkor etdi.

Ukrainaning GUR razvedka bosh boshqarmasi rahbari Kirilo Budanov mahalliy OAVga Pokrovskdagi vaziyat "o‘ta og‘ir" ekanini, biroq Ukraina "hali ham u yerda turibdi" deb aytdi.

Shunday bo‘lsa-da, qo‘shinlarni shaharga olib kirish va uning atrofida harakatlantirish juda xavfli va Ukraina kuchlari yuqori xavf tufayli odamlarni almashtirish va evakuatsiya qilishni cheklashga majbur.

Natijada askarlar haftalab, ba’zan oylab front chizig‘ida qolib ketmoqda.

Bu ta’minot yetkazib berishni yanada dolzarb vazifaga aylantirdi, bu esa haydovchisiz transport vositalariga bo‘lgan talab ortib borayotganini anglatadi.

5-brigadaning bitta bo‘linmasi bir kunda shunday transportlar bilan bir nechta logistik vazifalarni bajarishi mumkin.

Har bir topshiriq eski, xaroba garajda boshlanadi. Men dron operatorlariga suv, o‘q-dori va yoqilg‘i yetkazib berilishini kuzatdim.

Pokrovskdagi jabha

Surat manbasi, Vitsikkk via BBC

Surat tagso‘zi, Pokrovsk deyarli huvullab qolgan lekin muhim ta’minot yo‘lida bo‘lgani uchun uni ushlab turish muhim.

Anjomlar taxminan 200 kg yuk ko‘tara oladigan Termit nomli quruqlik droniga yuklanadi. Operator uni masofadan boshqarib furgonning orqa qismiga joylaydi. Furgon batareyani tejash uchun uni frontgacha yetkazib beradi.

Qorong‘i tushgach, ikki askar furgondan tushadi va haydovchisiz transportni ishga tushiradi.

Ulardan biri radio orqali boshqaruv xonasiga quruqlikdagi dron yerga qo‘yilganini ma’lum qiladi.

Bir necha soniya ichida bir necha kilometr narida turgan operator mashinaga ulanganini tasdiqlaydi va Termit manzilga yo‘l oladi.

Termit kabi mashinalar o‘tgan yildan beri ba’zi Ukraina brigadalari tomonidan ishlatilgan, ammo so‘nggi oylarda ular tobora ommalashib bormoqda.

79-brigada ustaxonasida ilgari faqat masofadan boshqariladigan uchar dronlarni yasagan muhandislar hozir jabhada qo‘llash uchun yer usti dron transport vositalarini takomillashtirmoqda.

Ular kamuflyaj qo‘llayapti, yangi platformalarni payvandlayapti, qo‘shimcha aloqa uchun uskunalar o‘rnatmoqda. Biroq, shunga qaramay, bu transportlar hamon dron hujumlariga qarshi nisbatan himoyasiz.

Aloqador mavzular:
Ustaxonadagi muhandis
Surat tagso‘zi, Muhandislar hozir jabhada qo‘llash uchun yer usti dron transport vositalarini takomillashtirmoqda.

"Qanchalik yaxshi yashirilmasin, qanday aloqa turidan foydalanilmasin va qanchalik tez harakatlanmasin, – deydi "Huquqshunos" laqabli operator, – mashina baribir aniqlanishi va yo‘q qilinishi mumkin".

Pokrovskdan yarador askarni evakuatsiya qilish vazifasini bajarayotganda uning haydovchisiz mashinasi minaga urilib, g‘ildiraklari shikastlangan.

Boshqa bo‘linmadan yuborilgan yana bir quruqlik droni qutqaruv vazifasini bajarmoqchi bo‘lgan, ammo u ham yo‘q qilingan. "Huquqshunos" yarador askarning tirik qolgan-qolmaganini hali ham bilmaydi.

7-korpusning dronlar bo‘limidan Igorning aytishicha, o‘rtacha uchta shunday transportdan faqat bittasi shaharga yetib bora oladi.

Kichik robotlarning hammasi ham muvaffaqiyatga erisha olmasa-da, front chizig‘idagi qo‘shinlar ana shu robotlarga suyanmoqda.