Odamzod tabiatan bir juftga qanoatlimi yoki ko‘p juft istaydi?

Kelin va kuyovlar bilan bezatilgan tort

Surat manbasi, gettyimages

Surat tagso‘zi, Insonlar ham dastlab ko‘p erkakli va ko‘p ayolli juftlik guruhlarida yashagan bo‘lishi mumkin. Biroq taxminan ikki million yil oldin bu tizim o‘zgargan.
O'qilish vaqti: 5 daq

Tanishuv ilovalari cheksiz imkoniyatlar taklif etayotgan, munosabatlar haqidagi qarashlar esa tobora o‘zgarib borayotgan bugungi dunyoda, insonlar chindan ham tabiatan bir juftga sodiqmi, ya’ni monogammi, degan savol har qachongidan ham dolzarb tus olmoqda.

Ko‘p juftli munosabatlarni (barcha ishtirokchilarning xabardorligi va roziligi bilan bir necha samimiy aloqalarni saqlashni) boshidan o‘tkazgach, Londonda yashovchi ruminiyalik Alina ham bu haqda o‘ylab qoldi.

«Yaqinda doim ko‘p juftlikka ishongan bir odam bilan tanishdim, – deydi u. – Men shunchaki jamiyat sifatida nega bir juftlikni tanlaganimiz sababini bilishni istardim»

Bu savolga javob topish uchun insonga yaqin turdagi maymunlarning ko‘payish strategiyalarini o‘rganish foydali bo‘lishi mumkin.

«Gorillalarda poligamiya bor – bitta erkak bir nechta urg‘ochi bilan juftlashadi», deydi Buyuk Britaniyadagi Bristol universiteti evolyutsion biologi doktor Kit Opi. «Natijada guruhdagi bolalarning barchasi bir otaning farzandi, ammo turli onalardan tug‘ilgan».

Biroq bu samarali ko‘payish modeli emas, deydi doktor Opi, chunki u bolalarni o‘ldirish holatlarini ko‘paytirishi mumkin.

«Gorilla hayotidagi eng dahshatli holatlardan biri – chaqaloqlarni o‘ldirishdir, – deydi u. – Ya’ni, erkak gorilla o‘ziga tegishli bo‘lmagan bolalarni o‘ldiradi, shunda onalar tezroq ovulyatsiya holatiga qaytadi va u ular bilan juftlasha oladi. Bu biz istamaydigan evolyutsion strategiya».

Insonga yaqin boshqa maymun turlari – masalan, shimpanze va bonobolarda esa ayollar boshqacha yo‘l tutadi. Ular bir nechta erkak bilan juftlashish orqali otalikni noaniqlashtiradi va shu tariqa bolalarni himoya qiladi.

Insonlar ham dastlab ko‘p erkakli va ko‘p ayolli juftlik guruhlarida yashagan bo‘lishi mumkin. Biroq taxminan ikki million yil oldin bu tizim o‘zgargan.

«Buning asosiy sababi iqlim o‘zgarishi bo‘lgan», deydi doktor Opi.

«Qora Afrikada, ajdodlarimiz yashagan hududlarda iqlim qurib, keng maydonlar savannaga aylangan. Ilk insonlar yirtqichlardan himoyalanish uchun katta guruhlarda yashashga majbur bo‘lgan. Katta, murakkab guruhlarda yashash miyaning ham rivojlanishini talab qilgan va natijada bolalarni emizish davri uzaya boshlagan».

Shunday katta guruhlarda ko‘p erkak bo‘lsa, otalikni noaniqlashtirish ancha mushkul bo‘lgan.

«Bundan tashqari, bolalarni katta qilish uchun ayollar aynan shu guruhdagi erkaklardan birining yordamiga muhtoj edi. Shu sababli monogamiyaga o‘tish zaruratga aylangan».

Bir juftlik eng yaxshimi?

Gibbonlar

Surat manbasi, gettyimages

Surat tagso‘zi, «Insonga eng yaqin bo‘lgan sodoqatli tur – gibbonlar. Ular boshqa juftlardan uzoqroq yashaydi, shuning uchun ham erkak va ayol gibbonlar o‘z hududlariga kim kirib-chiqayotganini osonroq nazorat qiladi».

Doktor Opi ta’kidlashicha, bu o‘zgarishning sababi bir juftlik eng yaxshi usul bo‘lgani emas, balki u vaqtda amalga oshishi mumkin bo‘lgan yagona strategiya bo‘lganidir.

Inson bolalari katta miyali va sekin o‘sadigan bo‘lgani sababli, ularni katta qilish ulkan ota-ona mehnati va doimiy g‘amxo‘rlikni talab qilgan – buni ayol kishi yolg‘iz uddalay olmasdi.

Biroq insonlar bir juftlikni tanlashga har qancha moyil bo‘lmasin, ko‘plari bir juftga sodiq qolishda qiynaladi.

«Butun umri davomida bir juftlikka sodiq qoladigan va xiyonat qilmaydigan turlar bor, lekin ular juda kam uchraydi», deydi doktor Opi.

«Insonga eng yaqin bo‘lgan sodoqatli tur – gibbonlar. Ular boshqa juftlardan uzoqroq yashaydi, shuning uchun ham erkak va ayol gibbonlar o‘z hududlariga kim kirib-chiqayotganini osonroq nazorat qiladi».

«Ammo insonlar kabi ko‘p erkakli va ko‘p ayolli guruhlarda yashashda, bunday nazorat juda qiyin. Juftingiz xiyonat qilyaptimi-yo‘qmi – buni bilish oson emas».

Demak, bir juftlik – tabiiy holat emas, balki evolyutsion zaruratdan kelib chiqqan omon qolish strategiyasi bo‘lgan. Albatta, bu strategiya ham o‘ziga xos kamchiliklar bilan kelgan.

Muhabbat kimyosi

Sevishganlar.

Surat manbasi, gettyimages

Surat tagso‘zi, Insonlarda ham oksitotsin degan moddaga asoslangan tizim bor – u yaqinlikni miyada mukofot kabi qabul qilishga yordam beradi. Bu shundan dalolat beradiki, miyamiz yaqin aloqalarni qadrlaydi

Xo‘sh, inson miyasida muhabbat tuyg‘ulari paydo bo‘lganda yoki juftga sodiq qolishda qiynalganda nima ro‘y beradi?

AQShdagi Emori universiteti doktoranti Sara Blumental dasht sichqonlarini o‘rganadi – ular insonlar singari uzoq muddatli monogam munosabatlarda yashaydi.

Juftga sodiq bo‘lmaydigan qarindoshlaridan farqli o‘laroq, bu sichqonlarda miyaning mukofot markazlarida oksitotsin retseptorlari yaxshi rivojlangan.

Oksitotsin – ko‘pincha «erkalash gormoni» deb yuritiladi – bu jismoniy yaqinlik va hissiy bog‘lanish paytida miyada ajraladigan kimyoviy modda.

«Agar biz bu sichqonlarda oksitotsin ishlash jarayonini buzsak, ular juftlari bilan mustahkam bog‘lanolmaydi, birga vaqt o‘tkazishga kamroq mayl qiladi», deydi Blumental.

Insonlarda ham oksitotsin degan moddaga asoslangan tizim bor – u yaqinlikni miyada mukofot kabi qabul qilishga yordam beradi. Bu shundan dalolat beradiki, miyamiz yaqin aloqalarni qadrlaydi. Biroq boshqa bir muhim modda – dopamin yangilikka chanqoqlik va sadoqat o‘rtasidagi qarama-qarshilikda rol o‘ynaydi. Yaqinlikning boshlang‘ich bosqichida dopamin miyani to‘ldirib, kuchli intilish va ochiqlik hissini uyg‘otadi. Ammo aloqa mustahkamlanganidan keyin dopamin darajasida o‘zgarishlar yuz beradi.

Ko‘perli ayollar

Ҳайвонлар
gettyimages
Butun umri davomida bir juftlikka sodiq qoladigan va xiyonat qilmaydigan turlar bor, lekin ular juda kam uchraydi.
Doktor Kit Opi
Bristol universiteti evolyutsion biologi (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Evolyutsion nuqtai nazardan yakka nikoh (monogamiya) foydali, deb qaralsa-da, tarixda inson jamiyatlarida turli xil munosabat shakllari bo‘lgan.

Chikagodagi Illinoys universiteti antropologiya professori doktor Keti Starkvezer dunyo bo‘ylab ayollar bir nechta erli bo‘lgan 50 dan ortiq holatni hujjatlashtirgan. Bunga Nepal, Tibet, Afrika va Amerikadagi ayrim joylarda duch kelish mumkin.

Garchi ayollar ko‘perli bo‘ladigan munosabatlar – poliandriya ko‘pxotinlikka nisbatan kamroq uchrasa-da, Starkvezer bunday munosabatlarni ehtimoldan uzoq deb hisoblamaslik kerakligini aytadi.

"Ayollar ko‘perli bo‘lish orqali iqtisodiy jihatdan yutishi mumkin. Agar asosiy eri halok bo‘lsa yoki uzoq vaqt yo‘q bo‘lib qolsa – masalan, Shimoliy Amerikadagi ayrim mahalliy guruhlarda bo‘lganidek – zaxirangiz borligi qo‘l keladi", deydi u.

Ba’zi hollarda esa bunday munosabatlar genetik jihatdan ham foyda keltirgan. "Agar odamlar ko‘p kasallanadigan va o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan muhitda yashasa, turli genetik tarkibga ega farzandlarga ega bo‘lish katta ustunlik berishi mumkin, – deydi u. – Bunday bolalar mavjud muhitga yaxshiroq moslashadi".

Biroq bir nechta juftlik bilan munosabatda bo‘lish ham oson emas. Bu katta vaqt, hissiy kuch va kelishuv talab etadi. "Bir nechta juftni bir vaqtda qo‘llab-quvvatlash – erkak bo‘lasizmi yo ayol – juda qiyin. Bu ham

iqtisodiy, ham hissiy jihatdan og‘ir. Shuning uchun, statistikaga qarasak, yakka nikoh hali ham eng keng tarqalgan shakl bo‘lib qolmoqda", deydi Starkvezer.

Poliamoriya

Alina uchun monogamiya oldingi munosabatida ish bermagan. Endi u bir vaqtning o‘zida bir nechta inson bilan munosabatda bo‘lgan holda — poliamoriyani tanlagan va bu jarayonda turli his-tuyg‘ularni boshdan kechirmoqda.

"Rashk juda og‘ir va kuchli bo‘lishi mumkin, – deydi u. – Lekin ko‘p hollarda, fikrimcha, bu rostgo‘ylik yetishmasligidan kelib chiqadi. Agar rost aytilganini bilsam, bu hisni yengishim oson bo‘ladi".

Uning jufti ham shunga o‘xshash fikrda: "Menimcha, asosiy muammo rashk emas. Eng katta qiyinchilik – bir nechta sog‘lom munosabatni bir vaqtda saqlash uchun zarur bo‘lgan vaqt va mehnat".

Shu bilan birga, ikkisi ham bu munosabatlarga arziydi, deb hisoblashadi. "Hech qanday qat’iy qoidalar yo‘q, – deydi Alina. – Bunday munosabatlar siz odatda suhbatlashmaydigan mavzularni muhokama qilishni talab etadi va aynan shu jihat munosabatimizni yanada mustahkamladi".